Jamiyat
Prezident ishsizlik va aholi bandligi bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” a’zolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi bo‘lgan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yo‘nalishda manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning o‘zida hal etishga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Og‘ir toifadagi mahallalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida e’tibor qaratib, infratuzilma, elektr ta’minoti, internet tarmog‘i, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Joriy yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Buning uchun mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlik yo‘nalishidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Har bir kambag‘al oila bo‘yicha uning real imkoniyatlari va xohish-istaklarini inobatga olgan individual rejalarni ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.
Loyihaviy yondashuv doirasida “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Barqaror kelajak sari”, “20 ta mahalliy brend”, “Bir kontur – bir mahsulot”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Ijara yer va tomorqada suv ta’minotini yaxshilash”, “Eski bog‘larni yangilash”, “1 ming gektar mevali bog‘”, “Eksportchi kooperativlar” kabi dasturlar bilan 1 million nafar kambag‘al aholini qamrab olish rejalashtirilgan.
Kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirishda mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tunu kun ishlaydigan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, sohil va yo‘l bo‘yi infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.
Bandlik dasturining 2025-yildagi ijrosi va 2026-yilgi dasturni shakllantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, aholi ehtiyojlari asosida amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalarning yuksak mas’uliyat bilan ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport15 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat5 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport5 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
