Jamiyat
Prezident farmoni bilan bir guruh tibbiyot xodimlari mukofotlandi
Prezidentning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.
Farmon bilan, sog‘liqni saqlash tizimi va farmatsevtikani rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sohani tubdan isloh etishga qaratilgan dasturlar ijrosini muvaffaqiyatli ta’minlash borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, o‘zining bilim va salohiyati, professional mahorati bilan diagnostika va davolash amaliyotida zamonaviy, yuksak texnologik usullarni keng qo‘llash, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlandi:
«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan
Abdinazarova Karamat – Paxtakor tumanidagi «Mingchinor» oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori, Jizzax viloyati
Ergashev Baxtiyor Berdaliyevich – Respublika perinatal markazining chaqaloqlar neonatal xirurgiyasi bo‘limi mudiri
«Mehnat shuhrati» ordeni bilan
Ziyayev Maxammat Mamirovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshloq tumani bo‘limi haydovchisi, Farg‘ona viloyati
Irgashev Shuxrat Boisovich – Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi preventiv tibbiyot – valeologiya asoslari kafedrasi professori
Yaqubova Rano Abdullayevna – Tuproqqal’a tumanidagi «Shixlar» oilaviy shifokorlik punkti mudiri, Xorazm viloyati
I darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan
Gadayev Abdigaffar – Toshkent davlat tibbiyot universitetining oilaviy tibbiyotda ichki kasalliklar kafedrasi professori
Kabulov Mels – Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining xirurgik kasalliklar va transplantologiya kafedrasi professori
II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan
Abdusalamova Kimiyo Kushanovna – Ko‘kdala tumanidagi «Guliston» oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori, Qashqadaryo viloyati
Akbarov Murat Turgunovich – Namangan viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi mudiri
Aliyeva Marxaboxon Nosirovna – Oltiariq tumanidagi 89-oilaviy poliklinikasi mudiri, Farg‘ona viloyati
Gaffarov Isokul Sayitkulovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Payariq tumani bo‘limi «Chelak» punkti haydovchisi, Samarqand viloyati
Djabbarova Dodar Raximovna – Yashnobod tumanidagi «Lor mama» xususiy klinikasi bosh shifokori, Toshkent shahri
Yerimbetova Indira Oralbayevna – Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining onkogematologiya bo‘limi mudiri
Isaqova Barnoxon Anvarovna – Buloqboshi tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi pediatri, Andijon viloyati
Nurova Zamira Annakulovna – Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali tibbiy biologiya va gistologiya kafedrasi mudiri, Surxondaryo viloyati
Raximov Baxodir Baxranovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Xatirchi tumani bo‘limi haydovchisi, Navoiy viloyati
Suyarova Zebo Isroilovna – Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limi mudiri, Samarqand viloyati
I darajali «Salomatlik» ordeni bilan
Gulamova Risolat Sadikovna – Sayxunobod tumanidagi 21-oilaviy poliklinikasi patronaj doyasi, Sirdaryo viloyati
Nazarov Abdukayum Abduxalilovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Yangi Namangan tumani bo‘limi feldsheri, Namangan viloyati
II darajali «Salomatlik» ordeni bilan
Aliyeva Jamila Azadovna – Xiva shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi shifokor-onkoginekologi, Xorazm viloyati
Alimdjanov Nusratdjan Amildjanovich – Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining endokrin xirurgiya bo‘limi mudiri
Altibayev Uyg‘un Uchkunovich – Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limi mudiri
Axmadjonov Orifjon Ne’matjonovich – Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi mudiri
Baxadirxanov Muxamedzarif Muxamed Kabirovich – Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining operatsiya bo‘limi mudiri
Djumayeva Mexriniso Abdulxamidovna – Qumqo‘rg‘on tumanlararo perinatal markazining chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri, Surxondaryo viloyati
Djumaniyazov Djavoxir Azatbayevich – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining endoskopiya bo‘limi mudiri
Yesenbayev Puxarbay Qazakbayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Qonliko‘l tumani bo‘limi avtokorxonasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Imomberdiyeva Rajabbuvi Biyjanovna – Chirchiq shahridagi «Dilchehra» xususiy klinikasi rahbari, Toshkent viloyati
Qurbonov Doniyor Oltinovich – Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limi mudiri, Buxoro viloyati
Qurbonov Hoshim Narzimuradovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Baxmal tumani bo‘limi haydovchisi, Jizzax viloyati
Mavlonova Extibor Shukrulloyevna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Zarafshon shahar bo‘limi shifokori, Navoiy viloyati
Madreymova Gulparshin Imamaddinovna – Taxtako‘pir tumanidagi «A.Adilov» oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Maxkamov Maxkamjon Kozimovich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qon tomir neyroxirurgiyasi bo‘limi mudiri
Ochilov Anvar Samarovich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax viloyati filiali anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi mudiri
Reshetnyak Marina Yurevna – Yakkasaroy tumanidagi 58-oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Toshkent shahri
Rustamov Baxt Yerashimovich – «Ezgu niyat» ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining yurak-qon tomir jarrohi, Toshkent shahri
Sattarova Gulnara Alobidinovna – Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining proktologiya bo‘limi jarrohi
Safarov Sunnatulla Satorovich – Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri, Samarqand viloyati
To‘lakov Ravshan Panjiyevich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo viloyati filiali direktori
Umurzakov Kosimjon Xolmirzayevich – Andijon shahridagi «Great Medical» mas’uliyati cheklangan jamiyati shifokori, Andijon viloyati
Hotamov Bahodir Ravshanovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining G‘ijduvon tumani bo‘limi «Og‘itma» punkti haydovchisi, Buxoro viloyati
«Do‘stlik» ordeni bilan
Abas-zada Nigina Jahangir qizi – UNFPA tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili
Avazov Komiljon Jurayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Shahrisabz tumani bo‘limi haydovchisi, Qashqadaryo viloyati
Atajanova Ra’no Shadibayevna – Mirzacho‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Jizzax viloyati
Varfolomeyeva Tatyana Aleksandrovna – U.Q.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy asab kasalxonasi bo‘lim mudiri
Jaybergenova Gulnara Muratbayevna – Qorao‘zak tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi neonatologi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Korneliya Beker – Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi sog‘liqni saqlash dasturi direktori
Obeyd Mustafa – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining kardioxirurgiya bo‘limi mudiri
Rexina Mariya Kastillo Rodriges – YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari
Sankavets Dmitriy – Belarus Respublikasi «Ona va bola» ilmiy-amaliy markazining bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi anesteziolog-reanimatologi
Suxova Lyudmila Vyacheslavovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Bo‘stonliq tumani bo‘limi katta feldsheri, Toshkent viloyati
Turdaliyeva Dilfuza Mamadaliyevna – Pop tumanidagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi katta hamshirasi, Namangan viloyati
Xalak-Dina Ashina – Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari
Yusupov Sulaymonqul Ibragimovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Sirdaryo viloyati filiali haydovchisi
«Sog‘lom turmush» medali bilan
Avazova Muqaddas Binoyevna – Angor tumanidagi «Q.Tulakov» oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Surxondaryo viloyati
Jumanov Zoir Yuldashovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Gurlan tumani bo‘limi haydovchisi, Xorazm viloyati
Jurayeva Sadoqat Uktamovna – Navoiy shahridagi «Logo Effect Sadoqat» imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan xususiy muassasasi rahbari, Navoiy viloyati
Kambarova Sanobar Kurbonboyevna – Sardoba tumanidagi 26-oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi, Sirdaryo viloyati
Kamolova Xulkarxon Sadriddinovna – Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 61-oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Namangan viloyati
Karimov Komil Olimjonovich – Parkent tumanidagi 44-oilaviy poliklinikasi mudiri, Toshkent viloyati
Kurbonova Radxa Raxmatullayevna – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati filiali chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri
Kuchkarova Munira Kaxramanovna – Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktorining o‘rinbosari
Mavlyanova Shaxnoza Zakirovna – Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ilmiy laboratoriyasi mudiri
Marimova Erkinoy Koziyevna – Beruniy tumani tibbiyot birlashmasining chaqaloqlar bo‘limi mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Mexmonaliyeva Nodira Tolibovna – Dang‘ara tumanidagi 31-oilaviy poliklinikasi mudiri, Farg‘ona viloyati
Polvanova Adolat Otaboyevna – Yangiariq tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limi katta hamshirasi, Xorazm viloyati
Rajabova Mamlakat Ikromovna – Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi, Buxoro viloyati
Tashbayev Nuriddin Sarayevich – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining strategik rejalashtirish, axborot-tahlil va ijro intizomi bo‘limi boshlig‘i
Umarov Baxrom Yaminovich – Andijon viloyati ftiziatriya klinik shifoxonasining davolash bo‘limi ftiziatri
Fozilbekov Ruzikul Anarkulovich – Toshkent shahridagi «Akfa medline» klinikasining ginekologiya bo‘limi mudiri
Yuldasheva Gulnora Djasurovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Jizzax viloyati filiali shifokori
Yusupov Saminjon Absattarovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Quyi Chirchiq tumani bo‘limi haydovchisi, Toshkent viloyati
Yaxshilikova Feruza Nuridinovna – Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi, Samarqand viloyati
«Kelajak bunyodkori» medali bilan
Axmadiyev Edvard Erikovich – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining akusher-ginekologi
Olimjonov Kamoliddin Alisher o‘g‘li – Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining transplantatsiya bo‘limi shifokor-gematologi
Rajabov Doniyorbek Baxtiyor o‘g‘li – Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazining lor shifokori
«Shuhrat» medali bilan
Ashirova Muxabbat Xolmatovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Yunusobod tumani bo‘limi shifokori, Toshkent shahri
Ashurov Abdug‘afor G‘ulomovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Chust tumani bo‘limi «Axcha» punkti haydovchisi, Namangan viloyati
Jabborova Dilshoda Rabimovna – Nurota tumanidagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi xo‘jalik bekasi, Navoiy viloyati
Ibragimov Nasridinbek Rasulovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Andijon viloyati filiali haydovchisi
Kazakov Ruzimurot Elomonovich – Koson tumanidagi «Andabozor» oilaviy shifokorlik punkti o‘rta tibbiyot xodimi, Qashqadaryo viloyati
Kurbanova Mavluda Razikovna – «Buxoro dori-darmon» mas’uliyati cheklangan jamiyatining 1-markaziy dorixonasi bo‘lim boshlig‘i, Buxoro viloyati
Maxmudov Abrorxon Saidmusayevich – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limi mudiri
Mirzaidov Umid Mirkomil o‘g‘li – «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisining guruh rahbari
Samadov Furkatjon Nosibjanovich – Bolalar milliy tibbiyot markazining nevrologiya bo‘limi shifokor-nevrologi
Safarov Ahror Zuvaydillo o‘g‘li – Milliy tibbiyot markazining transplantologiya va angioxirurgiya bo‘limi mudiri
Sultanov Alijon Tursunbayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshkent shahar filiali haydovchisi
Tashmamatov Sherzod Xolmamatovich – Guliston tibbiyot klasterining nefrologiya-gemodializ bo‘limi shifokori, Sirdaryo viloyati
Temirova Sevara Orifjon qizi – Qo‘shrabot tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi patronaj doyasi, Samarqand viloyati
Toshboyev Xusniddin Numonjonovich – Farg‘ona tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati
Turayev Bobur Batir o‘g‘li – Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi kardioxirurgiya bo‘limi kardiojarrohi
Tursunkulov Ilxomjon Kamalovich – Milliy tibbiyot markazining intervension aritmologiya bo‘limi mudiri
Xusanbayev Xasanjon Shavkatovich – Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining operatsiya bo‘limi oftalmologi
Elamanov Kenja Gulbayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Uzun tumani bo‘limi haydovchisi, Surxondaryo viloyati
Esonov Aziz Raximberdiyevich – Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limi mudiri
Yuldasheva Mufazzalxon Shokirovna – Xo‘jaobod tumanidagi «To‘raobod» oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi, Andijon viloyati.
Jamiyat
Oshadigan pensiya, yoshlarga yangi dastur va “kvartplata”dan qarzdorlarga “jazo”: 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2026 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib o‘tadi.
Prezident farmoni bilan, 2026 yil 1 iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 7 foizga oshiriladi.
Bunda:
· yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 983 000 so‘m;
· nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 083 000 so‘m;
· ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
– 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun – 386 000 so‘m;
– 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun – 295 000 so‘m;
– oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha – 177 000 so‘m;
– oilaning 3– va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 118 000 so‘m;
· ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 450 000 so‘m etib belgilandi.
2026 yil 1 iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 504 000 so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, farmonda 2026 yil 1 sentabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshirilishi nazarda tutilgan. 2026 yil 1 sentabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 360 000 so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – 440 000 so‘m bo‘ladi.
“Yettilik”ning “qo‘li uzaymoqda”
Davlat rahbarining 2026 yil 24 iyunda qabul qilingan farmoni bilan mahalla boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan mahallalar boshqaruvi tizimida qator yangiliklar joriy etiladi.
1 iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududiy dasturlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, mahallada birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan fuqarolarga nisbatan sud-tergov organlari yengillik qo‘llagan taqdirda, «mahalla yettiligi» ularni qayta tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va ta’limga yo‘naltirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Agar kafillikka olingan shaxs uch yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, uning ijobiy tarbiyasida faol ishtirok etgan «mahalla yettiligi» a’zolarini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Farmon bilan, shuningdek, mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga noqonuniy aralashuv yoki ularni xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari yuzasidan tuman (shahar) hokimlariga taqdimnoma kiritish vakolati ham berildi.
Yoshlar uchun yangi dastur
1 iyuldan davlat xizmatiga yoshlarni qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan qator yangiliklar kuchga kiradi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilishda tanlovning suhbat bosqichida beriladigan savollar davlat organining rasmiy veb-saytida kamida bir oy oldin e’lon qilinishi shart bo‘ladi. Bir oy oldin e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi.
Shuningdek, ichki tanlovlar o‘tkazilmaydigan hamda tanlovlarda nomzodlar uchun umumiy yoki maxsus ish staji talab etilmaydigan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ish staji talab qilinadigan lavozimlar uchun ham cheklov belgilanib, nomzodlardan ko‘pi bilan ikki yillik umumiy yoki maxsus ish staji talab qilinishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu yangi tartib yoshlar uchun davlat xizmatiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, tanlov jarayonlarini yanada shaffof va adolatli tashkil etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, qaror bilan 2030 yilga qadar 20 ming nafar yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishga mo‘ljallangan Yoshlar ishlari agentligining “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi.
Unga ko‘ra:
· mahalliy va xorijiy ekspertlar (konsultantlar) hamda xususiy sektor bilan shartnoma asosida hamkorlik qilinadi, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida o‘qitish uchun yoshlar saralab olinadi;
· dastur doirasida biznes loyihasini ishlab chiqish, sotuvga chiqish va bozorni kengaytirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi tadbirkorlik asoslari bo‘yicha bilimlar berib boriladi;
· loyiha yakunida yoshlarning bilimlari sinovdan o‘tkazilib, ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshlarga Yoshlar ishlari agentligining sertifikati beriladi;
sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarga BHMning 500 baravarigacha miqdorda Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratiladi.
Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan 1 iyuldan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga bir qator imtiyozlar berilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga milliy cholg‘u asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, 1 iyuldan boshlab ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi:
· har yili 1 ming nafargacha davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lmagan, biroq o‘z faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish;
· har yili 2 ming nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga sug‘urta mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari uchun xarajatlarning 50 foizini qoplab berish;
· har yili 100 nafargacha sohada kamida 10 yil ishlagan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanish.
Farmonda boshqa imtiyozlar ham nazarda tutilgan.
“Raqamli komplayens” ishga tushadi
2026 yil 1 iyuldan korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi.
Mazkur tizim korrupsiyaning oldini olish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini ta’minlaydi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari “Raqamli komplayens” bilan integratsiya qilinib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yaratiladi. Tizim tarkibidagi E-Komplaens modulini ishga tushirish orqali esa davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida 2030 yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi.
Bunda:
· ushbu tizim birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga ko‘ra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi;
· davlat organlari va tashkilotlarida Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafikka muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
· Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimining belgilangan muddatlarda joriy etilmagani davlat organi yoki tashkiloti rahbari va o‘rinbosarlariga tizim joriy etilgunga qadar bo‘lgan muddatda barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.
“Kvartplata”dan qarzdorlar “svet”ga pul to‘lolmaydi
2026 yil 1 iyuldan boshlab turar joy mulkdori ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning 5 fevraldagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qarorida belgilangan.
Ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar har oyda, birinchi navbatda, uyning elektr energiyasi to‘lovi uchun (pod’yezd, zinapoya, yo‘lakni yoritish, lift ishlashi, uy atrofidagi hududni yoritish, nasos va boshqa umumiy uy ehtiyojlari uchun) yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, mulkdor tomonidan majburiy to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lov summasidan penya (jarima) hisoblanadi. Bu yuridik shaxslar uchun 0,4 foizni, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz qilib belgilangan.
Bunda penya miqdori har bir oy uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak. Hisoblangan penya mablag‘lari teng ulushlarda ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga hamda «Mening uyim» tizimini saqlash xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Ta’kidlanishicha, majburiy to‘lovlar faqat bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.
Boshqa o‘zgarishlar
2026 yil 1 iyuldan boshlab:
· Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli o‘yinlar yo‘lga qo‘yiladi;
· Fransiyaga qisqa muddatli viza uchun hujjat topshirishga navbat olishning yangi tizimi joriy etiladi;
· Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarda xususiylashtiriladigan davlat ko‘chmas mulk obektlarini realizatsiya qilish shartlari mazkur obektlardan kelgusida foydalanish ixtisosligini belgilash maqsadida tegishli shaharlar hokimlari bilan kelishiladi;
· 2028 yil 1 yanvarga qadar o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga — xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlarni, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi;
· eskirgan bog‘larni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida sanoatlashgan bog‘lar barpo etish yoki haydaladigan yerlar turiga o‘tkazish to‘g‘risida xulosani qabul qilish vakolati Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi;
· obektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza — bir to‘lov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi;
· kameral soliq tekshiruvi talabnomasiga tushuntirishlar va (yoki) tuzatishlar taqdim etilganda soliq to‘lovchilarning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni faollashtirish jarayoni to‘liq avtomatlashtiriladi;
· 2030 yil 1 yanvarga qadar aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan sun’iy urug‘lantirish hamda embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish orqali olingan har bir bosh nasldor buzoq uchun Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan davlat budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;
· Sud boshqaruvchilari palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa ta’lim muassasalariga sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqi beriladi;
· Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” davlat muassasasi tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha ishchi organ sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan litsenziya berish hamda litsenziyalash bilan bog‘liq boshqa barcha funksiyalarni amalga oshiradi;
· nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi;
· vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi;
· “G‘amxo‘rlik” markazlariga joylashtirilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni tegishli hududdagi oilaviy poliklinikalarga biriktirish hamda ularga birlamchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida kafolatlangan paket doirasida ko‘rsatib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
· tajriba tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan “Madaniyat mehmonxonasi” madaniy klasteri investitsiya loyihasi amalga oshiriladi;
· “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi;
· 2028 yil 1 iyulga qadar huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor — bond ombori faoliyati tashkil etiladi;
· muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati xarajatlarini “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
· issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlashda issiqxonalardagi muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan hamda yonish jarayoni nazorat qilinmaydigan qozonlardan foydalanish amaliyoti bekor qilinadi;
· “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni bodi-kameralardan foydalangan holda amalga oshirish tartibi joriy etiladi;
· vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi;
· Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari bo‘lgan jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni belgilangan miqdor doirasida xarid qilishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir ish kunida qaytariladi. Bunda ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash talab etilmaydi;
· Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda avtomobil yo‘llari qurilish jarayonlari doirasida kosmik tasvirlar va dronlar yordamida qurilish hamda moliyalashtirish hajmlarini solishtirish asosida monitoring qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi;
· shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishda ularning qurilishda foydalaniladigan qurilish materiallari hajmining kamida 25 foizini ekologik toza, resurstejamkor va energosamarador qurilish materiallari tashkil etishiga oid talabni tekshirish amaliyoti joriy qilinadi;
· 31 dekabrga qadar Toshkent shahrida eksperiment tariqasida dafn etish ishlari qabriston mudiri (nazoratchisi) tomonidan vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish faqat elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi;
· Milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi;
· Ekologiya qo‘mitasi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida uning xodimlariga maxsus unvonlar uchun ustama to‘lanadi;
· Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarda umumiy yig‘ilish o‘tkazishni tashabbus qilish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlarni taqdim qilish, murojaatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish faqat «Mening uyim» ABTda amalga oshiriladi. 2027 yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova «Gazeta»ga ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan muhokamalar o‘tkazilgan. Hozirda qonun loyihasini ishlab chiqish va uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
«Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman», — deydi vazir.
E’zozxon Karimova bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirishning imkoni yo‘qligini, asosiy e’tibor uni to‘g‘ri va me’yoriy tarzda ishlatish madaniyatini shakllantirishga qaratilishi lozimligini ta’kidladi.
«Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz», — degan E’zozxon Karimova.
Jamiyat
Toshkentda «aqlli zebra» tizimi sinov tariqasida ishga tushirildi
Toshkent shahrida piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida yangi avlod RRFB (Rectangular Rapid Flashing Beacon) texnologiyasi sinov tariqasida joriy etildi. Yangi tizim haydovchilarni piyodalar o‘tish joyi haqida oldindan ogohlantirish orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Osiyo ko‘chasida RRFB — yuqori intensivlikdagi ogohlantiruvchi mayoqlar tizimini yangi turdagi faol yo‘l belgilari bilan uyg‘unlashtirgan holda sinov tariqasida ishga tushirdi.
Mazkur texnologiya haydovchilar piyodalar o‘tish joyini qaysi qator yoki qaysi yo‘nalishda harakatlanayotganidan qat’i nazar, uzoq masofadan aniq ko‘rishi uchun ishlab chiqilgan. Tizim asosan transport oqimi past va o‘rtacha bo‘lgan ko‘chalarda qo‘llashga mo‘ljallangan.
Loyiha doirasida ogohlantiruvchi signal chiroqlari yo‘lning ikki chetida, ajratuvchi qismida hamda qatnov qismi ustidagi baland konstruksiyaga o‘rnatilgan. Bu esa piyodalar o‘tish joyining haydovchilarga har qanday nuqtadan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
Shuningdek, yo‘lning ikki tomonida chaqiruv tugmalari bilan jihozlangan ustunlar o‘rnatilgan. Piyoda tugmani bosgan zahoti ustunlardagi yorqin sariq signal chiroqlari ishga tushib, haydovchilarni piyodalarning yo‘lni kesib o‘tish niyati haqida ogohlantiradi.
«Piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi ham yorug‘lik tarqatuvchi maxsus quti shaklida tayyorlangan bo‘lib, ayniqsa kechki va tungi vaqtda uning uzoqdan yaxshi ko‘rinishini ta’minlaydi.
AQSh Federal avtomobil yo‘llari boshqarmasi (FHWA) tadqiqotlariga ko‘ra, RRFB tizimi o‘rnatilgan piyodalar o‘tish joylarida haydovchilarning piyodalarga yo‘l berish darajasi o‘rtacha 18–30 foizdan 98 foizgacha oshishi mumkin. Shuningdek, yorqin chaqnama signallar haydovchilarga tezlikni oldindan pasaytirish imkonini berib, keskin tormoz berish holatlarini kamaytiradi.
Bu O‘zbekiston yo‘l infratuzilmasida RRFB texnologiyasini pilot tartibda joriy etish bo‘yicha ilk loyihalardan biri hisoblanadi. Sinov natijalari asosida tizimning piyodalar xavfsizligini ta’minlashdagi amaliy samaradorligi baholanadi.
Jamiyat
Talabalar turar joylari sotuvga qo‘yilmagan
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda talabalar turar joylari ommaviy savdoga qo‘yilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki yotoqxonalar tarkibidagi bo‘sh turgan yordamchi maydonlar chiqarilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalar turar joylari sotuvga qo‘yilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ommaviy savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi bo‘sh turgan yerto‘la, hovli qismi, oshxona, bufet hamda yotoq joy sifatida foydalanilmaydigan boshqa yordamchi maydonlarni ijaraga berish uchun obektlar qo‘yilgan.
Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Farg‘ona davlat texnika universiteti va Termiz davlat universitetidagi ayrim bo‘sh maydonlar ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun joylashtirilgan. Mazkur obektlar talabalar yashaydigan xonalar hisoblanmaydi va yotoqxonalardagi o‘rinlar soni qisqarishiga sabab bo‘lmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining talabalar turar joyi sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berildi. Qayd etilishicha, mazkur obekt 2025 yilgi xususiylashtirish dasturi doirasida ommaviy savdoga chiqarilgan bo‘lib, universitetning mavjud binolari faqat Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy kampus to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilganidan keyin bo‘shatilishi sharti bilan xususiylashtiriladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi kampusda zamonaviy o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilmoqda. Loyiha universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida rejalashtirilgan 8 ming o‘rin o‘rniga jami 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari tashkil etilgan. 2022–2025 yillar davomida esa respublika bo‘yicha 74,1 ming o‘rinli yangi yotoqxonalar yaratilgan.
Ayni paytda respublikada qo‘shimcha 38,5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan 30,7 ming o‘rinli obektlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 10 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish rejalashtirilgan.
Vazirlik 2026 yil davomida respublika bo‘yicha yana 12 110 o‘rinli yangi talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish rejalashtirilganini ham ma’lum qildi.
Jamiyat
Iyul oyida O‘zbekistonda kuchli issiqlar kutilmoqda
O‘zgidrometning dastlabki prognoziga ko‘ra, iyul oyida O‘zbekistonda havo harorati iqlim me’yoridan yuqori bo‘ladi. Ayrim kunlari respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarida harorat 45 darajagacha ko‘tarilishi, oy davomida esa asosan quruq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanishi kutilmoqda.
O‘zgidromet ma’lum qilishicha, iyul oyi O‘zbekistonda yilning eng issiq oyi hisoblanadi. Odatda ushbu oyda respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha maksimal havo harorati 35–37 darajani, janubiy va cho‘l hududlarida esa 38–40 darajani tashkil etadi.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, deyarli har yili iyul oyida havo harorati 40–42 darajagacha, ayrim shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 43–45 darajagacha ko‘tariladi. Eng issiq yillarda esa harorat 47–50 darajagacha yetgan holatlar ham kuzatilgan.
Bu yil iyul oyining dastlabki besh kunida havo nisbatan qulay bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 30–35 daraja, janubda 36–39 daraja atrofida bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib esa issiq kuchayib, kunduzgi harorat 37–40 darajaga, janubda 41–43 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Keyingi davrda oy oxirigacha harorat asosan 33–43 daraja oralig‘ida bo‘lib, respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarining ayrim joylarida 45 darajagacha yetishi ehtimol qilinmoqda.
Prognozga ko‘ra, iyul oyida o‘rtacha havo harorati iqlim me’yoridan 1,5–3 darajaga yuqori bo‘ladi. Eng katta musbat og‘ish shimoliy va cho‘l hududlarida kuzatilishi kutilmoqda.
O‘zgidromet so‘nggi yillarda 40 daraja va undan yuqori haroratli kunlar soni ortib borayotganini qayd etdi. Masalan, Toshkentda 2019 yil iyul oyida ketma-ket 14 kun davomida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lgan. 2025 yil iyul oyi ham shunga yaqin darajada issiq kechgan.
Iyul oyida respublika bo‘yicha asosan quruq ob-havo hukm suradi. Faqat ayrim kunlarda tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Oylik yog‘ingarchilik miqdori esa ko‘p yillik me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Sport4 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Jamiyat5 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
-
Iqtisodiyot5 days agoQurilish materiallari tarmog‘ida kreditini to‘lolmayotgan korxonalar uchun 50 mln dollar ajratiladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
