Jamiyat
Prezident bir guruh tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlarini topshirdi
Yig‘ilishda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m (20 milliard dollar) yo‘naltirildi. Bu yilda 45 trillion so‘m, 2016 yilgidan esa 6 karra ko‘pdir.
Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.
Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.
«Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir», – dedi Prezidentimiz.
«Tibbiyotdagi o‘zgarishlarni qishloq va olis hududlarda yashayotgan millionlab odamlarimiz ham his qilyapti, xalqaro tashkilotlar, tahlil va reyting markazlari e’tirof etmoqda.
Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlarning orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi.
Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi», – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng Prezidentimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan insonlarga ana shu mukofotlarni topshirdi.
Ularning orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, yurtimizga qaytib kelib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor.
Davlatimiz rahbari aholi salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlarga alohida hurmat va ehtiromini izhor etdi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlariga tabrik yo‘lladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlariga tabrik yo‘lladi. Bugun 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni nishonlanmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi hamda ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh tashkil etildi, ko‘plab muassasalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, 125 ta tarixiy-madaniy meros ob’yektida ularni asrash va tiklash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.
O‘tgan yili tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qildik. Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlandi.
Joriy yilda esa Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining binosi, Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
O‘zbekistonlik san’atkorlarning Yevropadagi nufuzli madaniyat maskanlaridagi chiqishlar xorijlik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, Avstriyaning Zalsburg shahridagi Grosses Festspielhaus sahnasida O‘zbekiston Milliy baleti guruhi tomonidan «Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi» baleti namoyish etilganini ta’kidlash lozim.
Shu yil 9-aprelda yana bir yirik san’at maskani – Musikverein sahnasida Sohibqiron Amir Temurning 690 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlangan musiqali opera asarining taqdimoti o‘tkazildi.
Milliy kino san’atimizni rivojlantirish, xususan,«Tirik tarix» turkumida g‘oyaviy va badiiy yuksak asarlar yaratish borasidagi ishlar dastlabki natijalarni bermoqda. O‘tgan yili davlat buyurtmasi asosida 123 ta kinofilm tayyorlanib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
O‘tgan yilning o‘zida sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan 35 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlandi. Madaniyat muassasalari xodimlari ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirildi.
«Biz bundan buyon ham sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va texnik xodimlar mehnatini munosib qadrlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.Sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman», deyiladi prezident tabrigida.
Jamiyat
“Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir”
Toshkentda Malibu haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangani yetmagandek, uning ro‘parasidan – o‘z yo‘nalishida kelayotgan boshqa bir haydovchiga o‘dag‘ayladi.
Toshkent shahar YHXB reportajidan kadrlar
Internetda tarqalgan videoda ikki haydovchi o‘rtasida shunday suhbat kechganini ko‘rish mumkin:
Malibu haydovchisi: [Yo‘limni to‘sib] nimaga erishding?
Boshqa haydovchi: Oliftagarchilik qilishga.
Malibu haydovchisi: Bir joyingga tiqib qo‘yaman hozir!..
Boshqa haydovchi: Yo‘g‘-ye, aqling yetmaydi.
Malibu haydovchisi: “Spokoyno” yetadi! Okalaring ham yordam berolmaydi.
Boshqa haydovchi: Menga Alloh yordam beradi.
Malibu haydovchisi: O‘sha Alloh [huzuri]ga hozir [seni] yetkazib ham qo‘yolaman!
Poytaxt YHXB haydovchini topib, uni jarimaga tortdi. Huquqbuzar kamera qarshisida o‘z qilmishini farzandining kasalligi bilan izohladi:
“[Qarama-qarshi yurganimning] sababi oddiy: oilaviy sharoit. Endi, erkak kishimiz… Mashinada ikki farzandim bor edi, bittasi isitmalayotgan edi. Shunga, tez-tez uyga yetib olib, kerakli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun…
Sizlarni ovora qilganim uchun uzr so‘rayman. Ataydan qilingan narsa emas bu”.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning e’tibor qaratishicha, bu vaziyatda bolasining sog‘ligi uchun shoshayotgan haydovchi ko‘chada birov bilan gap talashib o‘tirishga vaqt topgan.
“Mana shunaqa qoidabuzar “avtoterroristlar” ko‘chada kar-kar qiladi-yu, qonun oldida javob berishga kelganda darrov farzandini, oilasini o‘rtaga qo‘shib, o‘zidan muloyim mushuk yasab oladi. Bolasiga shoshayotganmish-de, lekin ko‘chada birovlar bilan xotirjam gap talashib, so‘kishib o‘tirishga vaqti bemalol emish. E, o‘rgildim…
Ko‘chalarni befarosatlardan tozalashga hali ko‘p vaqtimiz va asabimiz ketadi, hammamizga sabr bersin”.
Jamiyat
Reklama qonunchiligini buzgan qurilish kompaniyalari jarimaga tortildi
O‘zbekistonda bir qator qurilish kompaniyalari reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortildi. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar davomida elektron ro‘yxatga kiritilmagan holda uy-joy majmualari reklama qilingani aniqlangan.
Xususan, «Humo Avenue», «Story Dom Siyob», «Aziya Makon City», «Aziza Credo Max», «Shoxsaroy Enter Group» va «Qorasuv Avenue» kompaniyalari tomonidan ushbu qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, mazkur kompaniyalar qurilish ob’yektlarini ijtimoiy tarmoqlarda faol targ‘ib qilgan, ammo ularning loyihalari maxsus elektron ro‘yxatga kiritilmagan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ulush kiritish asosida qurilish uchun mablag‘ jalb qiluvchi quruvchilar maxsus elektron ro‘yxatga kiritilishi shart. Bu talab PQ-4732-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilangan bo‘lib, unga amal qilmagan holda reklama berish taqiqlanadi.
Shuningdek, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, tegishli ruxsatnomalar va hujjatlarsiz mahsulot yoki xizmatlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan ushbu kompaniyalar qonunbuzar deb topildi. Ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Jamiyat
Toshkentda maktab o‘quvchilariga pulga 3D formatda qo‘rqinchli film namoyish qilindi
Film namoyishini “Xur-makon olami” MChJ tashkillashtirgan. Bu MChJni maktablarga Uchtepa tumani hokimi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyev tavsiya qilgan. Tomoshaga kirgan har bir o‘quvchidan 25 ming so‘mdan yig‘ib olingan. Eng qizig‘i hokim o‘rinbosari tavsiya qilgan MChJ tugatilgan va davlat reyestrida yo‘q.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi maktablarda o‘quvchilarga qo‘rqinchli film qo‘yib berildi. Bu haqda Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi.
Bolalar qo‘rquvdan baqirgan
Kun.uz’ning aniqlashicha, hududdagi maktablardan birida 12 aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni munosabati bilan “planetariy keladi”, deya o‘quvchilardan 25 ming so‘mdan yig‘ib olingan. Ammo “planetariy” o‘rniga bolalarga 3D formatda vahshiylikni targ‘ib qiluvchi qo‘rqinchli film namoyish qilingan.
Holat yuzasidan Kun.uz’ga taqdim qilingan videolavhalarda ekranda odam shaklidagi qo‘rqinchli maxluq tasviri namoyish qilingani, bolalar qo‘rquvdan baqirib yuborgani ko‘rinadi.
“Xonto‘rayeva buyruq berdi”
Kun.uz film namoyish qilingan maktablardan birining direktori (iltimosiga binoan tahririyat uning ismini ochiqlamaslikka qaror qildi) bilan suhbatlashdi. Uning ma’lum qilishicha, ushbu tomosha Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Nargiza Xonto‘rayevaning buyrug‘i bilan bo‘lgan.
“Xur-makon olami” MChJ tomonidan 3D formatda tomosha qilinadigan ko‘chma kinoteatr kelgandi. Biz aralashganimiz yo‘q: o‘zi pulini belgilab, o‘zi yig‘ib ketgan. Xat asosida kelgani uchun maktabga kirishga ruxsat berdim. Yuqori sinf o‘quvchilari hech narsani his qilmabdi. Ammo 1-sinf o‘quvchilarida qo‘rquv bo‘libdi. O‘zimning oldimga ham ota-onalar keldi”, dedi maktab direktori.
Uning qo‘shimcha qilishicha, film tomoshasiga asosan quyi sinf o‘quvchilari kirgan.
“O‘quvchilardan zo‘r ekanmi, deya so‘rasam, zo‘r, faqat qo‘rqdik, deb chiqishdi. Eshitishimcha, bu faqat maktablarda emas, bog‘chalarda ham qo‘yib berilyapti ekan”, dedi u.
“Zamhokim”ning xati
Maktablarda o‘quvchilar puli evaziga qo‘rqinchli filmlar namoyish qilish Uchtepa tumani hokimi o‘rinbosari Oybek Rahmonberdiyevning “tavsiya xati” asosida amalga oshirilgan. Ya’ni “zamhokim”ning ushbu xati tashkilotchi MChJga maktablar darvozasini lang ochib bergan.
Oybek Rahmonberdiyevning xati Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Nargiza Xonto‘rayevaga chiqarilgan. Unda “Xur-makon olami” MChJ tomonidan yangi innovatsion 3D formatdagi 360 gradusda tomosha tashkil etilgani aytiladi.
“Bunday filmlarni tomosha qilish jarayonida bolalar atrof-muhit haqida real voqea asosida tushunchalarga ega bo‘ladilar. Bu esa bolalarning bilim saviyasi va dunyoqarashini shakllantiradi. Yangi innovatsion g‘oyalarga bo‘lgan intilishini oshiradi”, deyilgan hokim o‘rinbosari xatida.
MChJ tugatilgan
Oybek Rahmonberdiyevning Nargiza Xonto‘rayevaga xati 2026 yil 30 mart kuni chiqarilgan. Ammo xatda nomi keltirilgan “Xur-makon olami” MChJ faoliyati allaqachon tugatilib ketgani aniqlandi.
Ochiq manbalarga ko‘ra, “Xur-makon olami” MChJ 2022 yil 19 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yagona ta’sischisi va rahbari Ravshan G‘ofurov bo‘lgan MChJ ayni paytda faoliyat ko‘rsatmayotgani qayd etilgan.
Kun.uz gaplashgan maktab direktori esa chipta pulini firma vakili olib ketganini, maktab ma’muriyati bu jarayonga aralashmaganini aytdi.
Jamiyat
Hisob palatasining SSVdagi vakili tayinlandi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli buyrug‘iga ko‘ra, Eralijon Muxtorovich Turdiyev Hisob palatasining Sog‘liqni saqlash vazirligidagi vakili sifatida bosh inspektor lavozimiga o‘tkazildi.
Eralijon Turdiyev 2012 yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat va 2014 yilda magistratura bosqichini tamomlagan, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega.
Mehnat faoliyati davomida Moliya vazirligi G‘aznachiligining amaliyot boshqarmasida turli mas’ul vazifalarda ishlagan.
Turdiyev tayinlovga qadar Hisob palatasining O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini bajarishda ijro intizomiga rioya etilishini nazorat qilish shu’basi yetakchi inspektori sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
«Uning zimmasiga birinchi navbatda budjet qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish va ularning profilaktikasi, mablag‘lardan foydalanishda xavflarni baholash va samaradorlikni tahlil qilish, davlat xaridlari jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy xatarlarni o‘rganish kabi qator vazifalar yuklatildi», – deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
-
Dunyodan5 days ago
Eron rahbarlari AQSh va Isroildan tovon puli talab qilmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Eronning sobiq tashqi ishlar vaziri havo hujumida halok bo‘ldi
-
Siyosat4 days ago
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Centrum Air mavsumning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishga tushiradi – Antalyaga kunlik reyslar
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Iqtisodiyot1 day ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Mahalliy4 days ago
Xorijlik abituriyentlar uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» grant dasturi joriy etiladi
-
Sport4 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
