Iqtisodiyot
Peshlavha – reklama emas. Mojaroga kengroq nazar
Toshkentda kuzatilayotgan peshlavha mojarosi – faqat tartibga solish masalasi emas, balki institutlar sifatining amaliy ifodasi hamdir. Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Doniyorbek Imomniyozov Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida mazkur voqelikni Nobel mukofoti sovrindorlari ilgari surgan institutlar nazariyasi asosida tahlil qiladi.
So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida joriy etilayotgan dizayn-kod va tashqi reklama talablari tadbirkorlar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Peshlavhalarni yagona standartga moslashtirish, ularni qayta o‘zgartirish yoki olib tashlash talablari bir qarashda shahar muhitini tartibga solishga qaratilgandek ko‘rinadi. Biroq amaliyotda bu jarayon ko‘plab tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajatlar, noaniqlik va huquqiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Mazkur holatni faqat ma’muriy yoki texnik masala sifatida baholash yetarli emas. Aslida, bu jarayon davlat tomonidan iqtisodiy faoliyatni tartibga solish chegaralari, mulk huquqining himoyasi hamda tadbirkorlik erkinligining amaliy ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq.
“Mamlakatlar tanazzuli sabablari” (Why Nations Fail) asarida Daron Ajyemo‘g‘li va Jyeyms A.Robinson davlatlarning rivojlanishi yoki tanazzulini aynan institutlar sifati bilan izohlaydi. Ularning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sish inklyuziv institutlar, ya’ni aniq, barqaror va barcha ishtirokchilar uchun teng qoidalar mavjud bo‘lgan tizimlarda yuz beradi. Aksincha, noaniq va haddan tashqari aralashuvga asoslangan institutlar iqtisodiy faoliyatni cheklab, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq amaliyot oddiy estetik tartib emas, balki institutlarning real ishlashini aks ettiruvchi holat sifatida namoyon bo‘ladi. Demak, asosiy savol quyidagicha qo‘yilishi mumkin:
Davlat tomonidan joriy etilayotgan bunday tartiblar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlayaptimi yoki aksincha, uni cheklovchi omilga aylanyaptimi?
Mazkur maqolada ushbu masala institutlar nazariyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi hamda amaldagi tartiblarning huquqiy va iqtisodiy oqibatlari yoritib beriladi.
Dizayn-kod va 428-son qarorning huquqiy mazmuni
Toshkent shahrida joriy etilayotgan dizayn-kod talablari Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-son qarori bilan bog‘liq. Bu hujjat tashqi reklama va axborot obektlarini joylashtirish sohasini tizimli tartibga solishga qaratilgan.
Qarorda reklama obektlarini ro‘yxatga olish, ularni joylashtirishga ruxsat berish va nazorat qilish jarayonlari markazlashtirilgan elektron tizimga o‘tkazilishi belgilangan. Hujjatdan anglashiladiki, tashqi reklama obektlarini joylashtirish huquqi asosan elektron auksion orqali beriladi va bu huquq uchun yagona oylik yig‘im joriy etiladi. Bu – reklama joylarini bozor mexanizmlari asosida taqsimlashga xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, har bir reklama obektiga nisbatan “reklama joyi pasporti” rasmiylashtirilishi majburiy etib belgilangan.
Biroq ushbu tartibning amaliy qo‘llanishida eng muhim va bahsli jihatlardan biri – reklama va oddiy axborot (peshlavha) o‘rtasidagi chegaraning aniq belgilanmaganidir. Qarorda umumiy maydoni 1 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan, e’tiborni jalb qilishga qaratilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan e’lonlar tashqi reklama obektlari sifatida e’tirof etilishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur norma amaliyotda do‘kon nomlari, korxona peshlavhalari va brend belgilarining ham reklama sifatida talqin qilinishiga olib kelmoqda. Natijada tadbirkorlar oddiy identifikatsiya vositasi bo‘lgan peshlavhalar uchun ham reklama tartib-taomillariga rioya etishga, jumladan, ruxsatnoma olish va tegishli yig‘imlarni to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, qarorda mahalliy hokimiyat organlariga tashqi reklama obektlarini joylashtirish qoidalarini ishlab chiqish va nazorat qilish vakolatlari berilgan. Bu esa hududlar kesimida turli xil talablar shakllanishiga, ayrim hollarda esa qoidalar talqinining sub’yektivlashuviga olib kelishi mumkin.
Natijada, normativ darajada tartibga solish maqsadida qabul qilingan ushbu hujjat amaliyotda bir qator huquqiy savollarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, reklama va peshlavha o‘rtasidagi chegaraning noaniqligi, tadbirkorlar zimmasiga tushayotgan qo‘shimcha majburiyatlar hamda mahalliy organlar vakolatlarining kengligi ushbu tartibning huquqiy aniqligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Reklama va peshlavha
Rivojlangan davlatlar tajribasida tashqi reklama va peshlavha odatda bir xil hodisa sifatida baholanmaydi. Aksariyat huquq tizimlarida reklama – mahsulot yoki xizmatga e’tibor jalb qilishga qaratilgan tijorat axboroti, peshlavha esa tadbirkorlik sub’yektini identifikatsiya qiluvchi belgi sifatida ko‘riladi.
Masalan, AQShda tashqi yozuvlar bo‘yicha tartib asosan mahalliy “sign code”lar orqali belgilanadi. Bunda “on-premises” va “off-premises” yozuvlar farqlanadi: ya’ni tadbirkorning o‘z joyidagi peshlavhasi bilan boshqa joyda joylashtirilgan reklama konstruksiyasi bir xil baholanmaydi. AQSh Oliy sudi City of Austin v. Reagan National Advertising ishida ham bunday farqlash o‘z-o‘zidan Konstitutsiyaga zid emasligini ko‘rsatgan.
Fransiya qonunchiligida bu farq yanada aniqroq. “publicité” va “enceigne” alohida tushunchalar sifatida belgilanadi: “enceigne” – bino yoki obektga joylashtirilgan va shu joyda amalga oshirilayotgan faoliyatga taalluqli yozuv, shakl yoki tasvir hisoblanadi. Ya’ni peshlavha reklama emas, balki faoliyatni ko‘rsatuvchi identifikatsion vosita sifatida ajratiladi.
Germaniyada tashqi yozuvlar ko‘proq qurilish va shaharsozlik qoidalari doirasida tartibga solinadi. Reklama qurilmalari – masalan peshlavha, yoritiladigan yozuv yoki vitrina konstruksiyalari – jamoat joyidan ko‘rinadigan obekt sifatida baholanadi va ayrim hollarda qurilish ruxsatnomasi talab qilinadi. Biroq bu yerda asosiy urg‘u mazmunni nazorat qilishga emas, balki xavfsizlik, shaharsozlik va binoga moslik talablariga qaratiladi.
Rossiya tajribasida ham reklama va oddiy peshlavha o‘rtasidagi farq muhim ahamiyatga ega. “Reklama to‘g‘risida”gi federal qonunda reklama mahsulot yoki xizmatga e’tibor jalb qilish va uni bozorda ilgari surishga qaratilgan axborot sifatida belgilanadi. Tashqi reklama konstruksiyalari alohida tartibga solinadi, ammo amaliyotda korxona nomi, ish vaqti yoki faoliyat turi haqidagi oddiy peshlavha ko‘pincha reklama sifatida emas, majburiy yoki identifikatsion axborot sifatida talqin qilinadi.
Qozog‘iston qonunchiligi bu borada ayniqsa e’tiborga loyiq. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida tashqi vizual reklamaga nimalar kirmasligi aniq ko‘rsatilgan. Jumladan, peshlavha, ish tartibi haqidagi axborot, vitrina va oynalarni ichki bezash tashqi reklama obekti hisoblanmaydi. Bu yondashuv tadbirkorning o‘zini tanituvchi axborotini reklama to‘lovlari va ruxsat tartibidan ajratishga xizmat qiladi.
Tahlildan ko‘rish mumkinki, xorijiy tajribada asosiy mezon – yozuvning maqsadi va joylashuvidir. Agar yozuv tadbirkorni, uning nomi, faoliyat turi yoki ish tartibini bildirsa, u odatda peshlavha sifatida baholanadi. Agar u mahsulot, xizmat, chegirma yoki iste’molchini jalb qilishga qaratilgan bo‘lsa, reklama sifatida tartibga solinadi.
Demak, O‘zbekiston amaliyotidagi asosiy muammo ham aynan shu chegaraning yetarlicha aniq belgilanmaganidadir. Peshlavha va reklama o‘rtasidagi huquqiy farq ochiq ko‘rsatilmasa, oddiy tadbirkorlik identifikatsiyasi ham reklama majburiyatlari ostiga tushib qolishi mumkin. Bu esa huquqiy aniqlik, tadbirkorlik erkinligi va mulk huquqi nuqtayi nazaridan bahsli vaziyatlarni yuzaga keltiradi.
Inklyuziv va ekstraktiv institutlar
Yuqorida ko‘rib chiqilgan holatni chuqurroq anglash uchun uni “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” asarida ilgari surilgan institutlar nazariyasi nuqtayi nazaridan tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Asar mualliflarining fikriga ko‘ra, davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi yoki tanazzuli, avvalo, ular shakllantirgan institutlarning xususiyatiga bog‘liq. Institutlar deganda nafaqat qonunlar, balki ularning amaliy qo‘llanishi, barqarorligi va prognoz qilinishi ham tushuniladi.
Mualliflar institutlarni shartli ravishda ikki turga ajratadi: inklyuziv va ekstraktiv.
Inklyuziv institutlar – bu iqtisodiy faoliyat uchun keng imkoniyatlar yaratadigan, aniq va barqaror qoidalar asosida ishlaydigan tizimdir. Bunday institutlar sharoitida mulk huquqi himoyalanadi, davlat aralashuvi me’yoriy darajada bo‘ladi, tadbirkorlar o‘z faoliyatini oldindan prognoz qila oladi. Eng muhimi, qoidalar hamma uchun teng qo‘llanadi va tez-tez o‘zgarmaydi. Natijada iqtisodiy faollik ortadi, investitsiya muhiti yaxshilanadi va innovatsiyalar rivojlanadi.
Ekstraktiv institutlar esa buning aksi bo‘lib, iqtisodiy resurslar va imkoniyatlarning tor doira manfaatiga xizmat qilishi bilan tavsiflanadi. Bunday tizimlarda qoidalar noaniq yoki tez-tez o‘zgarib turadi, davlat aralashuvi yuqori bo‘ladi, mulk huquqi to‘liq kafolatlanmaydi. Natijada tadbirkorlar uchun huquqiy xavf ortadi, uzoq muddatli rejalashtirish qiyinlashadi va iqtisodiy faollik susayadi.
Mazkur nazariy yondashuvdan kelib chiqib, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq tartiblarni baholashda asosiy mezon quyidagicha bo‘lishi mumkin: ushbu qoidalar tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydimi yoki aksincha, unga qo‘shimcha noaniqlik va cheklovlar kiritadimi?
Agar tartibga solish aniq, barqaror va oldindan tushunarli bo‘lsa, u inklyuziv institutlarning belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Aksincha, agar qoidalar turlicha talqin qilinsa, tez-tez o‘zgarsa yoki tadbirkor uchun kutilmagan xarajatlar keltirib chiqarsa, bu ekstraktiv xususiyatlarning mavjudligini ko‘rsatadi.
Demak, dizayn-kod va tashqi reklama masalasini faqat ma’muriy tartib sifatida emas, balki institutlar sifatining amaliy ifodasi sifatida ko‘rish zarur. Bu esa ushbu sohadagi muammolarni yanada chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi.
Yuqoridagi tahlildan ko‘rinadiki, tashqi reklama va dizayn-kod bilan bog‘liq tartiblar faqat estetik muhitni shakllantirish vositasi emas, balki tadbirkorlik erkinligi va mulk huquqiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi institut hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu tartiblarning mazmuni va amaliy qo‘llanishi ularning inklyuziv yoki ekstraktiv xususiyat kasb etishini belgilaydi.
Agar qoidalar aniq, barqaror va prognoz qilinadigan bo‘lsa, ular tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Aksincha, reklama va peshlavha o‘rtasidagi chegaraning noaniqligi, talablarning turlicha talqin qilinishi hamda qo‘shimcha moliyaviy yuklarning yuzaga kelishi ushbu tartiblarning amaliyotda cheklovchi xususiyat kasb etishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli mazkur sohada reklama va peshlavha tushunchalarini aniq ajratish va bunda tadbirkorning o‘zini identifikatsiya qiluvchi yozuvlar reklama sifatida baholanmasligi lozim.
Fikrimizcha, peshlavha – bu yuridik yoki jismoniy shaxsning faoliyat yuritayotgan obektida joylashtiriladigan, ushbu obektning nomi, faoliyat turi, tovar belgisi (brendi) yoki ish tartibi haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan hamda faqat shu joyga taalluqli bo‘lgan identifikatsion axborot vositasidir.
Peshlavhani reklama obektidan ajratish uchun quyidagi mezonlar tavsiya etiladi:
Mezon
Peshlavha
Reklama
Joylashuvi
Faqat tadbirkorning o‘z faoliyat yuritayotgan joyida
Har qanday joyda
Mazmuni
Nom, brend, faoliyat turi, ish vaqti
Mahsulot, xizmat, aksiya, chegirma haqida axborot
Maqsadi
Obektni identifikatsiya qilish
Mijozni jalb qilish
Tijoriy chaqiriq
Mavjud emas
Mavjud (aksiya, chegirma, takliflar)
Huquqiy tabiati
Identifikatsion axborot
Tijorat (reklama) axboroti
Ruxsat berish tartibi
Soddalashtirilgan yoki talab qilinmasligi mumkin
Maxsus ruxsat, pasport va to‘lov talab qilinadi
Moliyaviy yuk
Odatda mavjud emas yoki minimal
Yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar mavjud
Umuman olganda, tashqi reklama sohasini tartibga solish zarur bo‘lsa-da, u tadbirkorlik faoliyatini cheklovchi emas, balki qo‘llab-quvvatlovchi institut sifatida shakllantirilishi lozim.
Faqat shunda bunday tartiblar iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladigan inklyuziv mexanizmga aylanishi mumkin.
Doniyorbek Imomniyozov,
TDYuU Fuqarolik huquqi shu’basi
katta o‘qituvchisi
Iqtisodiyot
Soliq organlari to‘lov jarayonlariga aralashmasligi ma’lum qilindi
Ta’kidlanishicha, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘zlarining ixtiyoriy tanlovi asosida davlat reyestriga kitirilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlari hamda bank kartalari, naqd pul va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lov usullaridan foydalanishi mumkin. Soliq organlari tomonidan ushbu jarayonga aralashuvga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sun’iy intellektda qayta ishlangan surat
2026 yil 1 iyuldan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan yagona QR-kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiyligi belgilandi. Soliq qo‘mitasi mazkur tartib bo‘yicha tushuntirish berdi.
Qo‘mitaning bildirishicha, bu talab to‘lovlar faqat yagona QR-kod orqali qabul qilinishi shart degani emas.
“Yagona QR-kod xaridor uchun qo‘shimcha to‘lov usullaridan biri sifatida mavjud bo‘lishi kerak, xolos. Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘zlarining ixtiyoriy tanlovi asosida davlat reyestriga kitirilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlari hamda bank kartalari, naqd pul va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lov usullaridan foydalanishi mumkin”, deyiladi qo‘mita izohida.
Qayd etilishicha, soliq organlari tomonidan ushbu jarayonga aralashuvga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Ta’kidlash kerakki, Soliq qo‘mitasi hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini belgilash vakolatiga ega organ hisoblanmaydi. Agar soliq xodimlari tomonidan davlat reyestriga kiritilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlarini olib tashlash bo‘yicha noqonuniy harakatlar bo‘lsa, bu haqda Soliq qo‘mitasining 71 244-98-98 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishi mumkin”, deyiladi qo‘mita rasmiy munosabatida.
Iqtisodiyot
Eskrou orqali rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimlari o‘sishda davom etmoqda
2026 yil iyun oyida eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha 34 ming 387 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu may oyiga nisbatan qariyb 18,5 foiz, aprelga nisbatan esa 8,3 foiz ko‘p bo‘lib, so‘nggi uch oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyidagi bitimlarning 19 ming 241 tasi (55,9 foiz) transport vositalari, 15 ming 146 tasi (44,1 foiz) esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan. Yana 834 ta bitim ko‘rib chiqilish jarayonida.
Taqqoslash uchun, aprel oyida eskrou hisobvaraqlari orqali 31 ming 757 ta bitim rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 18 ming 960 tasi transport vositalari, 12 ming 797 tasi ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga oid bo‘lgan. O‘sha paytda 1 ming 516 ta bitim jarayonda qolgan.
May oyida esa jami bitimlar soni 29 ming 23 taga tushgan. Ularning 16 ming 584 tasi transport vositalari, 12 ming 439 tasi ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan, 1 ming 113 ta bitim esa ko‘rib chiqilish bosqichida bo‘lgan.
Shunday qilib, iyun oyida nafaqat rasmiylashtirilgan bitimlar soni oshgan, balki ko‘rib chiqilish jarayonidagi bitimlar soni ham ketma-ket uchinchi oy kamayishda davom etgan. Bu esa arizalarni ko‘rib chiqish va bitimlarni yakunlash jarayoni tezlashganini ko‘rsatishi mumkin.
Hududlar kesimida yetakchilik o‘zgarmadi. Iyun oyida Toshkent shahrida 9 ming 373 ta bitim qayd etilib, bu respublika bo‘yicha jami bitimlarning 27,3 foizini tashkil etdi. Aprelda poytaxtda 9 ming 177 ta, mayda esa 8 ming 575 ta bitim rasmiylashtirilgan edi.
Faollik yuqori bo‘lgan boshqa hududlar qatorida Farg‘ona viloyati (iyun — 3 ming 456 ta, may — 2 ming 708 ta, aprel — 3 ming 42 ta), Samarqand viloyati (iyun — 2 ming 990 ta, may — 2 ming 523 ta, aprel — 2 ming 766 ta) hamda Andijon viloyati (iyun — 2 ming 737 ta, may — 2 ming 383 ta, aprel — 2 ming 354 ta) qayd etildi.
Natijada may oyidagi qisqa pasayishdan so‘ng iyunda eskrou hisobvaraqlari orqali rasmiylashtirilayotgan ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi bitimlari soni yana o‘sish trayektoriyasiga qaytdi.
Eslatib o‘tamiz, eskrou hisobvaraqlari xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarni xavfsiz amalga oshirish mexanizmi bo‘lib, mablag‘lar bitim shartlari bajarilgandan keyingina sotuvchiga o‘tkaziladi.
Iqtisodiyot
Baliqchilikni rivojlantirish markazi tashkil etiladi
Markaz baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha ma’lumotlarni Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi. Vazirlik ro‘yxatga asosan suv olish limitlarining oyma-oy grafigini tasdiqlaydi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Prezidentning “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Baliqchilikni rivojlantirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari quyidagi tartibda kafolatlangan suv bilan ta’minlab boriladi:
Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har yili 15 yanvarga qadar sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markazga kiritib boradi.
Markaz har yili 30 yanvarga qadar baliq yetishtiruvchilar va naslchilikka ixtisoslashgan baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan buyurtmanomalari asosida yil davomidagi suvga bo‘lgan ehtiyoji bo‘yicha ma’lumotlarni oylar va sub’yektlar kesimida shakllantirgan holda Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.
Suv xo‘jaligi vazirligi har yili 1 martga qadar shakllantirilgan ro‘yxatga asosan suv manbalarini ko‘rsatgan holda suv olish limitlarining oyma-oy grafigini tasdiqlaydi.
Iqtisodiyot
Baliqchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
2027 yil 1 mayga qadar baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanish, baliq yetishtirish hajmi, ozuqa sarfi va qo‘llanayotgan texnologiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona tizimda yuritish hamda ijaraga beriladigan suv obektlari hisobini yuritish bo‘yicha “e-baliq” elektron platformasi joriy etiladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, Baliqchilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
2027 yil 1 mayga qadar baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanish, baliq yetishtirish hajmi, ozuqa sarfi va qo‘llanayotgan texnologiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona tizimda yuritish hamda ijaraga beriladigan suv obektlari hisobini yuritish bo‘yicha “e-baliq” elektron platformasi joriy etiladi.
Toshkent davlat agrar universiteti va Xitoyning Daliyan universiteti bilan hamkorlikda 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etiladi.
Bunda:
yiliga 50 nafargacha abituriyent talabalikka davlat granti asosida qabul qilinadi;
ta’lim jarayonlari “2+1” shaklida tashkil etiladi va qabul kvotalari har yili o‘rnatilgan tartibda davlat buyurtmasi qabul parametrlari doirasida tasdiqlanadi.
Iqtisodiyot
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
Source link
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan3 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Jamiyat4 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat5 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
