Jamiyat
Parkentda davlat yerini noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatining Parkent tumanida davlat zaxirasidagi yer maydonini noqonuniy tarzda sotishga uringan shaxslar tezkor tadbir davomida ushlandi. Ular yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun mansabdor shaxsga pora berishni rejalashtirgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va 1970 yilda tug‘ilgan fuqaro davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydonini xaridorga 20 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. Shuningdek, ular Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali muhandisi orqali 2-3 ming dollar evaziga yer hujjatlarini rasmiylashtirib berishni maqsad qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla raisi, kadastr muhandisi va mazkur fuqaro 17 ming AQSh dollari hamda 37 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.
Jamiyat
Tergov izolyatorida vafot etgan navoiylik tadbirkor firibgarlik ayblovi bo‘yicha oqlandi
Tadbirkor Azamat Xoliqov juda ko‘p miqdorda firibgarlik va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanib, 2024 yil 20 aprelda qamoqqa olingan hamda 6 kundan so‘ng tergov izolyatorida vafot etgandi. Birinchi instansiya sudi marhum tadbirkorni juda ko‘p miqdorda firibgarlik, soliqdan bo‘yin tovlash, savdo qoidalarini buzish va boshqa jinoyatlarda aybli deb topgan. Apellyatsiya sudi uni firibgarlik jinoyati bo‘yicha aybsiz deb topib, oqladi.
Navoiylik marhum tadbirkor Azamat Xoliqov juda ko‘p miqdorda firibgarlik aybi bo‘yicha oqlandi. Kun.uz apellyatsiya sudi ajrimi bilan tanishdi.
To‘dako‘l ishi
Azamat Xoliqov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Navoiy viloyatida joylashgan To‘dako‘l ko‘li bilan bog‘liq.
To‘dako‘ldan 2004 yildan 2018 yilga qadar “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasi ijara asosida foydalanib, baliqchilik bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu qo‘shma korxonaning ijara muddati 2022 yilda tugashi kerak bo‘lgan.
2017 yilda tashkil etilgan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 2018 yil yanvarida ko‘lni ijaraga berish bo‘yicha qayta tender o‘tkazgan. Ushbu tenderda “Aqua-Tudakul” g‘olib deb topilib, uyushma bilan 10 yillik shartnoma imzolagan.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi 2018 yil aprel oyiga kelib, ushbu shartnomani bekor qilgan va may oyida qayta tender o‘tkazgan. Bu safar tender o‘tkazilishidan 20 kun avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Golden Lake Fish” MChJ g‘olib deb topilgan. Azamat Xoliqov ushbu MChJ ta’sischisi edi.
Shu tariqa, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining noqonuniy tenderi orqali To‘dako‘l “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasidan “Golden Lake Fish” MChJga o‘tgan. JIB Navoiy shahar sudining 2022 yil 15 avgustdagi hukmiga ko‘ra, “Golden Lake Fish” MChJ rahbari Panjiqul Ro‘ziqulov tenderga qalbaki hujjatlar tayyorlab taqdim qilgan.
“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi rahbari Shavqitdin Jamolov ko‘lda 30 mlrd so‘mdan ortiq yetishtirilgan baliq zaxirasi bo‘lganini, ushbu zaxira “Golden Lake Fish” MChJga o‘tib ketganini da’vo qilib keladi. Ko‘lda qolib ketgan baliq zaxirasiga oid sudlarda uning “qo‘li baland kelgan”.
Marhum Azamat Xoliqovga qo‘yilgan juda ko‘p miqdorda firibgarlik aybi ana shu summa bilan bog‘liq.
Dastlabki sud hukmi
Marhum Azamat Xoliqov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Navoiy shahar sudida ko‘rib chiqilgan.
Ushbu sudning 2026 yil 6 fevraldagi hukmi bilan marhum tadbirkor Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi, 181-1-moddasi (qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish) 1-qismi, 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Marhum A.Holiqovga jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra jazo tayinlanmagan.
Shuningdek, yana bir sudlanuvchi – “Golden Lake Fish” MChJ ta’sischisi Panjiqul Ro‘ziqulov ham firibgarlik jinoyatida aybli deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Panjiqul Ro‘ziqulovdan “Aqua-Tudakul” foydasiga 32,6 mlrd so‘m miqdorda yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Apellyatsiya ajrimi
Jinoyat ishi Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.
Apellyatsiya sudining 2026 yil 30 iyundagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmining marhum Azamat Xoliqov, Panjiqul Ro‘ziqulov hamda yana bir sudlanuvchiga oid qismi o‘zgartirilgan.
Sud ajrimiga ko‘ra, Azamat Xoliqov va Panjiqul Ro‘ziqulov juda ko‘p miqdorda firibgarlik (Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi) jinoyati bo‘yicha aybsiz deb topilgan hamda oqlangan. Jinoyat ishining shu qismi tugatilgan.
Shuningdek, hukmning Panjiqul Ro‘ziqulovdan “Aqua-Tudakul” foydasiga 32,6 mlrd so‘m miqdorda yetkazilgan moddiy zararni undirish hamda xatlangan mol-mulklarni yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltirish qismi bekor qilingan. Sud hukmining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ajrimdan norozi tomonlar belgilangan tartibda taftish shikoyati kiritish huquqiga ega ekani tushuntirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 56 yoshli tadbirkor Azamat Xoliqovga ushbu ish doirasida 2024 yil 20 aprel kuni qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan va u 6 kun o‘tib tergov izolyatorida vafot etgandi.
Jamiyat
Toshkentda cho‘kayotgan ayol va uni qutqarishga uringan Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi
Milliy gvardiya xodimlari Bo‘zsuv kanalida oqib ketayotgan ayolni ko‘rib qolgan. Xizmatchilardan biri uning hayotini saqlab qolish maqsadida suvga tushgan. Biroq kuchli oqim tufayli ayol ham, uni qutqarishga uringan 21 yoshli xodim ham halok bo‘lgan.
Toshkent shahrida cho‘kayotgan ayol hamda uni qutqarmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda Millar dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, bir ayol Xotira xiyoboni yaqinida Bo‘zsuv kanaliga o‘zini tashlagan. Uning suvda oqib ketayotganini Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi harbiy xizmatchilari ko‘rib qolgan. Xizmatchilardan biri ayolning hayotini saqlab qolish maqsadida darhol suvga tushgan.
Biroq kanaldagi kuchli oqim tufayli ayol ham, Milliy gvardiya xodimi ham suvga cho‘kib, halok bo‘lgan. Xabarda halok bo‘lgan xodim 2005 yilda tug‘ilgani, yaqin kunlarda uning to‘yi o‘tkazilishi rejalashtirilgani aytilgan.
Ayolning jasadi voqea sodir bo‘lgan kuni topilib, yaqinlariga topshirilgan. Harbiy xizmatchining jasadi ham qutqaruv xizmatlari tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari natijasida topilgan.
Avvalroq Chirchiqda Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan fuqaro qutqarib qolingandi.
Jamiyat
Vladivostokda og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik oila vatanga qaytarildi
Rossiyaning Vladivostok shahrida mablag‘siz va boshpanasiz og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayol hamda uning voyaga yetmagan farzandi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi. Oilaning yo‘l xarajatlari Migratsiya agentligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplandi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, Vladivostok shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga ushbu hududda vaqtincha yashab kelayotgan vatandosh M.R. murojaat qilib, 2023 yilda tug‘ilgan farzandi bilan birga og‘ir ijtimoiy va moliyaviy ahvolga tushib qolganini ma’lum qilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro 2025 yilda turmush o‘rtog‘ining yoniga Rossiyaning Primore o‘lkasiga kelgan. Biroq joriy yil iyun oyida uning turmush o‘rtog‘i noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlanib, sud qarori asosida O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Shundan so‘ng, oila boshlig‘isiz qolgan ayolning topayotgan daromadi ijara uyi, oziq-ovqat va yosh farzandining kundalik ehtiyojlarini qoplashga yetmay qolgan. Natijada oila og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan.
Vaziyatni o‘rgangan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari tezkor choralar ko‘rdi. Migratsiya agentligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ona va farzandi uchun «Vladivostok–Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha bepul aviachiptalar rasmiylashtirildi.
Shundan so‘ng, vatandoshlar Bosh konsulxona xodimlari kuzatuvida Vladivostok xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga sog‘-omon jo‘natildi.
Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi diplomatik vakolatxonalar xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy, tashkiliy va amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini izchil davom ettirayotganini ta’kidladi.
Jamiyat
9 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘gay ota 14 yil 5 oyga qamaldi
Kun.uz 9 yoshli qiz yillar davomida o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqida material e’lon qilgan edi. Jabrlanuvchining onasi tahririyatga murojaatida qiziga tergovda bosim bo‘lgani, «ukalaring ko‘chada qoladi» degan gaplar bilan qo‘rqitilganini aytgan. O‘gay ota «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan paytda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida ishlagan A.A. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari hamda 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 14 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, mahkum davlat idoralarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchining onasi qizi nafaqat yillar davomida jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini, balki tergov jarayonida ham unga ruhiy bosim o‘tkazilganini iddao qilgan edi. Tergovda qizaloqqa «ukalaring ko‘chada qoladi» degan mazmunda gaplar aytilgan. Ona bu holat bolaning ruhiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan va ish yuzasidan xolis tergov o‘tkazilishini so‘ragan edi.
Ishning jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan jihatlardan biri – sudlangan shaxs «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida faoliyat yuritgan. «Inson» markazlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.
Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega.
Jamiyat
Ayrim harbiylar uchun ijara puli 25 foizga oshadi
Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Bu o‘zgarish Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 7 iyuldagi 369-son qarori bilan 2005 yil 25 iyulda qabul qilingan 169-sonli qarorga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga muvofiq, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun davlat tomonidan to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga ko‘paytiriladi.
Mazkur qaror harbiy xizmatchilarning uy-joy bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda xizmat o‘tayotgan hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.
Hukumat qarorida belgilangan o‘zgarishlar Toshkent va Samarqand shaharlarida uy-joy ijarasi narxlari yuqoriligi hisobga olingan holda qabul qilingan bo‘lib, kompensatsiya miqdorining oshirilishi harbiy xizmatchilarning ijara xarajatlarini yengillashtirishi kutilmoqda.
-
Iqtisodiyot2 days agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Sport4 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
-
Sport3 days agoRonaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
-
Jamiyat5 days agova’dalar, sirlar va xonavayron bo‘layotgan odamlar (2-qism)
-
Jamiyat2 days ago«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
-
Dunyodan2 days ago
Rossiya Kiyevga urush boshlanganidan beri eng yirik hujumni boshladi
-
Sport2 days ago«Portugaliyaga uchta sovrin olib keldim»
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
