Jamiyat
O‘zbekistonning umumiy ovqatlanish sohasidagi yashirin aylanmasi 120 trln so‘mdan ortadi – tahlil
O‘zbekistonning umumiy ovqatlanish sohasidagi yashirin iqtisodiy faoliyati hajmi 120 trln so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Uning eng katta ulushi esa xizmatlar sohasi, qishloq xo‘jaligi va qurilish tarmoqlariga to‘g‘ri keladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) hamda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma tadqiqot natijalariga ko‘ra, bu sohasida yashirin aylanmani 1 foiz bandga qisqartirish davlat budjetiga yiliga qo‘shimcha 119 mlrd so‘m tushum keltirishi mumkin.
Toshkent shahrida Markaz hamda boshqa davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirokida o‘tgan «Umumiy ovqatlanish sohasida norasmiy iqtisodiyot rivojiga ta’sir etuvchi omillar» mavzusidagi davra suhbatida qayd etilishicha, so‘nggi 7 yilda O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasi yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etgan. 2018–2024 yillarda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 87 foizga oshib, YaIMdagi ulushi 4,4 foizdan 5,6 foizgacha ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, jadal o‘sishga qaramasdan, 2024 yilda mehmonxona xizmatlari va umumiy ovqatlanish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 87 foizni tashkil etdi. Shundan 83 foizi yashirin iqtisodiyot, 4 foizi esa norasmiy iqtisodiyot hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda soliq ma’murchiligini raqamlashtirish, onlayn-kassalarni joriy etish, elektron mehnat shartnomalari, QQSni qaytarish mexanizmlari hamda vaqtinchalik soliq imtiyozlari kabi qator islohotlar amalga oshirildi. Biroq biznes kengaygan sari soliq va tartibga solish yukining ortishi natijasida iqtisodiy faoliyatning ma’lum qismi rasmiy hisobdan tashqari qolishini rag‘batlantiruvchi omillar saqlanib qolmoqda.
Soddalashtirilgan rejimlar va ijtimoiy soliq bo‘yicha pasaytirilgan stavkalar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, aylanma bo‘yicha belgilangan chegaralardan oshish QQS, foyda solig‘i va ijtimoiy ajratmalar bo‘yicha majburiyatlarning sezilarli ortishiga olib keladi.
Qo‘shimcha bosim kredit stavkalari yuqoriligi (22–32 foiz), xaridlarning asosan an’anaviy bozorlar orqali amalga oshirilishi (64 foiz) hamda hisob-fakturalar orqali rasmiylashtirilgan yetkazib berish ulushining cheklangani (54 foiz) bilan izohlanadi.
Ishlab chiqarish resurslari tuzilmasi ham muhim ahamiyatga ega: ularning 52 foizi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, mazkur mahsulotlarning 64 foizi kuzatilmaydigan sektorda shakllanadi, bu esa qiymat yaratish zanjiri bo‘ylab rasmiy hisobdan tashqari amaliyotlarning tarqalishiga xizmat qiladi.
So‘rov natijalari sohada bandlik va mehnatga haq to‘lashning to‘liq rasmiylashtirilmagan amaliyotlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Baholashlarga ko‘ra, umumiy ovqatlanish korxonalarida xodimlarning 17–23 foizi mehnat munosabatlari to‘liq rasmiylashtirilmasdan band etilgan. Shuningdek, sohadagi har beshinchi korxona ish haqi to‘lovlarini to‘liq rasmiylashtirmaydi.
Shu bilan birga, tadbirkorlarning 40 foizi amalga oshirilayotgan davlat qo‘llab-quvvatlash choralaridan xabardor emas. Jumladan, korporativ daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, QQSni qaytarish mexanizmlari hamda qisqa muddatli elektron mehnat shartnomalaridan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega emas.
Ijtimoiy va xulqiy omillar ham muhim ahamiyat kasb etadi. So‘rov natijalariga ko‘ra, xodimlarning 46 foizi ish haqini to‘liq naqd pulda oladi, iste’molchilarning 37 foizi esa fiskal chek talab qilmaydi. Naqd hisob-kitoblar va onlayn o‘tkazmalar hanuz keng tarqalgan to‘lov usullari bo‘lib qolmoqda.
Shu bilan birga, xodimlarning 73 foizi rasmiy bandlikni afzal ko‘rishini bildirgan, tadbirkorlarning 77 foizi esa faoliyatni rasmiy maydonda yuritish muhimligini tan olgan. Bu holat esa ko‘p jihatdan mavjud institutsional cheklovlar bilan izohlanadi.