Jamiyat
O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov vafot etdi
U 1991-1997 yillarda mudofaa vaziri bo‘lgan, keyin ma’lum muddat, 1998 yil nafaqaga chiqqunicha favqulodda vaziyatlar vazirligiga rahbarlik qilgan. 2018 yilda esa davlat xizmatiga qaytib, mudofaa vaziriga maslahatchi bo‘lgandi.
O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov 82 yoshda vafot etdi. Bu haqda mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Marhumning dafn marosimi 13 oktyabr kuni soat 11:30 da, Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Orol 3-tor ko‘chasi 13-uyda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan.
***
General-polkovnik Rustam O‘rmonovich Ahmedov 1943 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tavallud topgan.
1965 yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi mutaxassisligi bo‘yicha, 1985 yilda esa Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini qo‘mondon-shtab operativ-taktik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1966 yildan 1972 yilgacha qadar Boltiqbo‘yi qo‘shinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qo‘shinlar tankchilar diviziyasi tankchilar batalyoni komandirining siyosiy bo‘lim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
1972 yildan 1986 yilgacha Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalyonida komandirning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda batalyon komandiri lavozimlarida xizmat o‘tagan.
1986 yildan 1991 yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining o‘rinbosari – shtab boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.
1991 yildan 1992 yilgacha bir vaqtning o‘zida mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri – O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qo‘mondoni lavozimida, 1992 yildan 1997 yilgacha esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
«Ahmedov Rustam O‘rmonovich mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri sifatida tarixdan joy oldi.
Marhum nafaqat mudofaa tizimida, balki 1997 yil sentabr oyidan 1998 yil sentabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgani ham barchamizga ma’lum.
1998 yilda nafaqaga chiqib, bugungi kungacha yoshlarga ofitser sharafi va insoniy kamtarlik namunasi bo‘lib keldi.
Shuningdek, 2018 yildan 2020 yilgacha Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimida mudofaa tizimining muhim yo‘nalishlarini qayta isloh qilishda faol ishtirok etgan», deyiladi vazirlik xabarida.
U ko‘p yillik fidoyi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasining bir qator orden va medallari bilan taqdirlangan.
Xususan, 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i va 1995 yilda II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston Respublikasi milliy armiyasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2018 yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat14 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
