Mahalliy
O‘zbekistonlik «Vagner»chiga sud hukmi o‘qildi
Joriy yil 6-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining ochiq sud majlisida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollanish uchun 2022-yilda Rossiya davlatiga chiqib ketgan 50 yoshli fuqaroning jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi.
Fuqaro A.M. (2025-yil 24-fevraldan qamoqda saqlangan) Jinoyat kodeksi JK 154-moddasining 1-qismi va 276-moddasining 1-qismi bilan ayblangan.
Sud tergovida ma’lum qilinishicha, A.M. 2022-yilning sentyabr oyi o‘rtalaridan 2023-yilning mart oyi o‘rtalariga qadar yollanish maqsadida Rossiyaning «Xutr Molkina» nomli shaharchasiga borib, u yerda RFning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. U, jumladan, jangarilar lagerlarida jangovar tayyorgarlikdan o‘tishni hamda Rossiya fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi bo‘lmasa-da, Ukraina Qurolli Kuchlariga qarshi to‘qnashuvlarda va harbiy harakatlarda qatnashib, bu uchun moddiy rag‘batlantirilishini ko‘zlagan.
Sudlanuvchi A.M.ning tergovda ma’lum qilishicha, u 2022-yil sentyabr oyilarida ijtimoiy tarmoq orqali «Vagner»ning e’loniga ko‘zi tushadi va 240 ming rubl oylik maoshga qiziqib, minib yurgan avtomobilini yo‘lkira qilish uchun 3000 AQSh dollariga sotadi. So‘ng u Rossiyaga uchib ketib, u yerda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga 4 oyga yollanadi. 20 kunlik tegishli harbiy tayyorgarliklardan so‘ng 170 kishilik rotaga qurol biriktirishadi va beshta katta avtobusda ularni Ukraina davlati Donetsk viloyati hududiga olib borishadi. A.M. 4 oy mobaynida o‘sha yerda bo‘ladi va taxminan 2023-yil yanvar oy oxirlarida rotada 24 ta askar qoladi. 2023-yilning 3-fevralida esa ular turgan o‘ra harbiy dronlar hujumiga uchraydi va A.M. yaqinida portlagan granata parchalaridan jarohatlanadi. So‘ng u gospitalda jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazadi.
Bir muddat davolanib, so‘ng u yana «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga tegishli harbiy bazaga qaytib boradi. Unga o‘tgan 6 oyi uchun maoshini berishadi va 45 kun ta’tilda bo‘lib qaytib kelishini aytishadi. Shu tariqa A.M. 2023-yilning 14-martida Toshkentga qaytadi.
Biroq, 2025-yil 11-fevral kuniga kelib, u yashab kelayotgan uyga Yangiyo‘l shahar IIB xodimlari kelishib, u turgan xonani xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirishganda xonadonidan giyohvandlik moddalari (nasha)dan tashqari Ukraina-Rossiya qurolli mojarosida ishtirok etib yaralangani va shu bo‘yicha davolangani qayd etilgan hujjatlar topiladi. Mazkur ashyoviy dalillar o‘z o‘rnida rasmiylashtiriladi va ish sudga oshiriladi.
A.M. JKning 154-moddasining 1-qismi va 276-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Mahalliy
Poytaxtda uy-joy ijarasi narxi bir yilda 9 foizga qimmatlagan
Yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kv. metr uchun qariyb 8,8 dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga yuqori.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtning Mirobad, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi 1 kv. metr uchun o‘rchata 11 dollar atrofida.
Ayni paytda ijara narxlarining o‘sish sur’atlari jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13 foizni tashkil etdi.
Mahalliy
“Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi
“Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–59-son, 11.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba startap g‘oyalarni yaratishga o‘rgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi, tuman darajasidagi g‘oliblarga 5 mln so‘mgacha, viloyat darajasida – 10 mln so‘mgacha miqdorda mukofot beriladi;
loyihalar har chorakda o‘quvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;
marketpleyslar bilan hamkorlik o‘rnatib, ta’lim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 apreldan muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar o‘z sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar bo‘yicha:
kraudsorsing elektron platformasida e’lon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;
har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) o‘tkazadi.
Mahalliy
Alisher Navoiy hajga borganmi?
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ma’naviyat soatlari… Bu ishlar xo‘jako‘rsinlikdan boshqa narsa emas! Taassufki, oramizda shunday ta’naomuz luqma tashlovchilar oz bo‘lsada uchrab turadi. Ba’zi qalamkashlar ham shunday mazmundagi chiqishlari bilan o‘zlarining qanchalar haq ekanliklarini isbotlamoqchi bo‘ladilar.
Demokratiya. Fikrlar xilma–xilligi albatta har bir fuqaro o‘z fikrlarini aytishga haqli. Ammo shukrki, haqiqiy ilm sohiblari bunday muzokaralarga e’tibor bermaydilar, hamisha ma’rifat xizmatlariga shaylar.
Ma’naviyatni yuksaltirishga o‘z hissalarini qo‘shishdan charchamaydilar. Korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan esa atoqli sanalar, umumxalq bayramlariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar keng nishonlanib kelinadi.
Jumladan, kuni kecha, buyuk shoir, alloma, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tadbir ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Filologiya fanlari doktori, professor Dilfuza Yuldasheva o‘z ma’ruzasini shunday mahorat bilan o‘tdiki, auditoriyaning butun vujudi quloqqa aylandi, go‘yo.
Ma’ruza davomida olima dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomaning tarjimai holi, o‘lmas ijod namunalaridan so‘zladi. Eng asosiysi, ularni tinglovchiga yetkazishdagi olimaning notiqlik mahorati meni lol qoldirdi. Olima Navoiyning ruboiylaridan misol keltira boshlaganda ishtirokchilar beixtiyor unga jo‘r bo‘lishdi:
Xaloyiqqa ko‘rma qilib benavo,
O‘zingga ravo ko‘rmaganni ravo.
O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen o‘zingdan istagil.
Bu ham Navoiy ijodining qalblarga allaqachon muhrlanganidan bir nishona edi. Ilgari “Navoiy hajga borganmi“, — degan savol meni ko‘p o‘ylantirardi.
Bundan 4 yillar muqaddam u haj safariga uch bor taraddud ko‘rib, davlatning dolzarb ishlari bois bora olmaganini eshitganimda xalq manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘ygan buyuk allomaga nisbatan hurmatim yanada oshgandi.
«Xamsa» asarini shoshilinch, yetti oyda yozib tugatish mas’uliyati, taxt talashayotgan shahzodalarni, ba’zi amaldorlarni tarbiyalash, qalblarida ilmu fanga muhabbat uyg‘otish, egri maqsadlardan qaytarish, taqvodorlikka da’vat qilish va ularga axloq va odobda o‘rnak bo‘lish kabi mas’uliyatli vazifalari bor edi Navoiyning.
Olima Yuldasheva ham viloyatlardagi notinchlikning oldini olish, xalqning iqtisodiy va ma’naviy hayotini yaxshilash kabi yumushlari tufayli hazratning umri davomida haj qila olmaganligini ta’kidladi.
Hofizi Qur’on bo‘lganmi, degan savolga to‘rt yoshdan maktabda o‘qigani, yetti yoshda Qur’onni yod olgani haqidagi misollar bilan javob berdi.
Ayniqsa olimaning hozirgi kunda katta hajga, umra ziyoratiga borish kimlarga joizu, kimlarga mumkin emasligini bilmaslik yoki bilib turib bilmaslikka olish, muhtoj qarindoshlari, ehtiyojmand qo‘shnilarini unutib, muqaddas zaminga xotirjamgina, hatto tantanavor borib kelayotgani to‘g‘risidagi mulohazalari juda o‘rinli edi.
Shu o‘rinda, mana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda yaqindan yordam bergan «O‘zbekiston pochtasi» AJ Farg‘ona filiali hamda «O‘zbektelekom» AK Sharqiy filiali rahbariyatlariga, qolaversa, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi va Farg‘ona Davlat universitetiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz!
“Xabar.uz“ axborot-tahliliy portalining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Hafiza Salyahova
Mahalliy
Xalqaro Nordik universiteti O‘zbekiston bo‘yicha xususiy oliygohlar orasida — 1-o‘rinni egalladi
Nufuzli uniRank–2025 xalqaro reytingiga ko‘ra, Xalqaro Nordik universiteti:
O‘zbekiston bo‘yicha umumiy reytingda — 19-o‘rinni;
Xususiy oliygohlar orasida — 1-o‘rinni egalladi.
Jahon reytingida esa 7 900 dan ortiq universitetlar qatoridan joy oldi.
Xalqaro Nordik universiteti (Axborot texnologiyalari va menejment universiteti) 2022 yilda tashkil etilgan. Nordik universiteti (NIU) qo‘shma ta’lim beruvchi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Universitet bir nechta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavr va magistr darajalari kabi rasman tan olingan oliy ta’lim darajalariga olib boradigan kurslar va dasturlarni taklif etadi. NIU shuningdek, talabalarga kutubxona, onlayn kurslar va masofaviy o‘qitish imkoniyatlari, ma’muriy xizmatlar kabi bir qator akademik va akademik bo‘lmagan qulayliklar va xizmatlarni taqdim etadi.
Mahalliy
AUIK O‘zbekistonning uch sohadagi loyihalariga investitsiya kiritdi
Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIK) O‘zbekistonda oliy ta’lim, raqamli infratuzilma va chakana savdo sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarga yangi investitsiyalar kiritilganini ma’lum qildi.
Ta’lim sohasida AUIK Toshkent shahrida joylashgan, “Cintana Education” va “Arizona State University” bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan “American University of Technology” ustav kapitaliga kirdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 2 million AQSh dollarini tashkil etdi. Mablag‘lar universitet infratuzilmasini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi. AUIK ushbu loyihadagi ishtirokini raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladigan zamonaviy akademik muhitni shakllantirish, shuningdek, mamlakatning ilmiy-ta’lim salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan amaliy hissa sifatida baholaydi.
«Loyiha xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va boshqaruv amaliyotlarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimining institutsional rivojini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan», — deya ma’lum qildi kompaniya vakili.
O‘zbekistonda raqamli infratuzilmaning rivojlanishi data-markazlar, hisoblash quvvatlari va IT-yechimlarga bo‘lgan talabning o‘sishi bilan kechmoqda. Shunga ko‘ra, texnologik sektorda AUIK “Engineering+” kompaniyasi bilan qo‘shma korxonaga 1,7 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritdi. Loyiha ICE+ immersion sovitish texnologiyasi asosida yangi avlod data-markazlari uskunalarini, jumladan mikro-SODlar va sun’iy intellekt hamda bulutli hisoblash vazifalari uchun yuqori unumli serverlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Ishlab chiqarish ichki bozorga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksportga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kompaniya mahalliy chakana savdo tarmog‘iga 15 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritdi. Bitim tarmoqni kengaytirish, logistika infratuzilmasini hamda operatsion jarayonlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Avvalroq ma’lum qilinganidek, alohida loyihalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi 1 milliondan 25 million AQSh dollarigacha bo‘lib, sarmoyalar ta’lim, ishlab chiqarish, logistika, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi iqtisodiyotning qator sohalaridagi loyihalarga yo‘naltirilgan.
-
Dunyodan4 days agoDubayda rossiyalik generalga suiqasd uyushtirgan shaxs hibsga olindi
-
Jamiyat5 days agoAjabtovur psixologiya: yaxshiga rostdan ham kun yo‘qmi?
-
Iqtisodiyot3 days agoMahallalarda tadbirkorlikni boshlash uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz mablag‘ ajratiladi
-
Iqtisodiyot4 days agoUsta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
-
Dunyodan4 days agoExit-poll natijalariga ko’ra, kim g’alaba qozonganini bilamiz.
-
Iqtisodiyot4 days ago10-fevraldan dollar yana oshadi
-
Jamiyat2 days ago20 ta mikroavtobus yo‘nalishga chiqarildi
-
Dunyodan4 days agoIlon Mask Oy va Marsda shaharlar qurmoqchi
