Jamiyat
O‘zbekistonga qaytayotgan bebaho meros
Vatanimizning turli davrlarida jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho me’moriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho madaniy meros durdonalari bugun nafaqat yurtimizda, balki dunyoning turli nuqtalari, xorij to‘plamlari, jamg‘armalari, kutubxona va muzeylarida saqlanmoqda. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ana shunday noyob madaniy meros yodgorliklarini yurtga qaytarish jarayonlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning quyidagi maqolasida ana shu haqda so‘z boradi.
Ajdodlarimizdan yetib kelgan boy madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va uni ommalashtirish bo‘yicha keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining buyuk g‘oyalari asosida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Davlat rahbarining yuksak e’tibori
Shu paytga qadar Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan jahonning turli hududlariga tarqalgan ana shu merosimizni o‘rganish bo‘yicha 30 ga yaqin mamlakatdagi 200 dan ortiq muzey, kutubxona va kolleksiyalar o‘rganib chiqildi. Ushbu izlanishlar natijasi sifatida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumida 80 jilddan iborat kitob-albom chop etildi.
Biroq, bu tarixiy merosni asl vataniga – O‘zbekistonga qaytarish mumkin bo‘larmikin, degan savol ko‘pchilikka tinchlik bermagani tabiiy. Bugun Prezidentimizning tashabbuslari va ko‘magi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi misolida ana shu orzular amalga oshmoqda.
Joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu markazning muhim maqsad va vazifalariga alohida to‘xtalgan, jumladan, uning ekspozitsiyalarini xalqimizning boy madaniy merosi namunalari bilan boyitish, xorijdagi yirik kolleksiyalar, auksion uylari orqali shu osori-atiqalarni yurtimizga qaytarish bo‘yicha alohida topshiriq bergan edi.
O‘tgan davr mobaynida Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Malayziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya va Rossiyadagi 50 dan ziyod kutubxona, muzey, shaxsiy kolleksiyalar bilan tanishdik. Jumladan, bir qator olim va tadqiqotchilardan iborat hay’atning Buyuk Britaniyaga qilgan xizmat safarlari ham samarali kechdi.
Ma’lumki, Buyuk Britaniya yirik muzeylari, ma’rifat maskanlari, auksion markazlari bilan ham dong taratgan. Xususan, “Sotbis”, “Kristis” auksion uylari shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yirik savdo tashkilotlaridan sanaladi. Har ikki auksiondan, shuningdek, shaxsiy kolleksioner va art-galereyalardan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun jami 600 ga yaqin tarixiy buyum sotib olindi.
So‘g‘d matolarining eng katta kolleksiyasi
Bu buyumlar orasida qadimgi So‘g‘d hududiga taalluqli osori- atiqalar haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz.
Bundan uch yil avval Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro kongressda Malayziya islom san’ati muzeyi vakillarining O‘zbekiston hududiga tegishli bo‘lgan so‘g‘d chakmoni haqida bergan ma’lumoti katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Rossiya Davlat ermitajida saqlanayotgan so‘g‘dlar davriga oid metall idishlarga ham havas bilan qaraganmiz. O‘zimizda ana shunday nodir eksponatlar yo‘qligidan afsuslanganmiz.
Zotan, mamlakatimiz hududida ming yillar davomida turli millat va elatlar yashagan. Tarixiy jarayonlar natijasida o‘zbek xalqining shakllanishida muhim o‘rin egallagan qavmlardan biri –so‘g‘diylar jahon madaniyatida munosib iz qoldirgan.
Endilikda ajdodlarimiz mehnati va tafakkuri mahsuli bo‘lgan bu osori-atiqalar bilan tanishish uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kelishning o‘zi kifoya. Bugun Britaniya kolleksiyalaridan sotib olingan so‘g‘d to‘qimachiligi mahsuli Markaz ekspozitsiyasini bezab turibdi. Bu buyumlar o‘z qiymati va qamroviga ko‘ra, jahondagi eng yirik so‘g‘d matolari kolleksiyasini tashkil qiladi.
Mazkur to‘plamdagi 25 ta nodir eksponatning 21 tasini turli kattalikdagi mato parchalari, to‘rttasini butun choponlar tashkil qiladi. Buyuk Britaniyadagi qator art-dilerlar va kolleksionerlardan sotib olingan bu matolar V-VIII asrlarda So‘g‘diyona hududlarida to‘qilgan.
Saljuqiylar kuch-qudrati timsoli
Markaziy Osiyo, xususan, Sirdaryoning quyi havzalaridan to Onado‘liga qadar ulkan hududlarda saltanat qurib, uch asrdan ziyodroq vaqt mobaynida hukmronlik qilgan Saljuqiylar o‘zlaridan juda katta moddiy va madaniy meros qoldirgan. Bugungi kunda jahon muzeylari, shaxsiy kolleksiyalar, qo‘lyozmalar markazlarida ushbu sulola davri bilan bog‘liq tarixiy meros salmoqli o‘rin tutadi.
Shu yilning may oyida Londondagi “Kristis” savdo uyi tomonidan savdoga chiqarilgan saljuqiylar davri zargarlik namunalari ham O‘zbekistonga qaytarib kelindi. 35 ta bejirim taqinchoqni o‘z ichiga olgan bu to‘plam bundan sakkiz asr ilgari ajdodlarimiz zargarlik san’ati va dizayn sohasida ham peshqadam bo‘lganlaridan dalolat beradi.
Saljuqiylar saltanati va kuch-qudrati ramzi bo‘lgan shohona tug‘ro ham O‘zbekistonga qaytarildi. U harbiy yurishlar chog‘ida sultonlar chodirining eng yuqori qismida o‘rnatilgan. E’tiborlisi, unda ikki boshli burgut tasviri aks etadi.
Burgut qadimdan hokimiyat, kuch va davlatchilik g‘oyasining asosiy ramzi sifatida talqin qilingan. Saljuqiylar davrida esa u saltanatning siyosiy qudrati, Sharq va G‘arbga hukmronligini anglatgan. Ta’kidlash joizki, bunday durdonalar Markaziy Osiyo mamlakatlarining hech birida uchramaydi. Shuningdek, Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar singari mintaqamizdan yetishib chiqqan va dunyoning katta hududlariga dovruq solgan sulolalarga tegishli osori-atiqalar ham birinchi bo‘lib bizning o‘lkamizga olib kelinmoqda.
Sohibqiron Qur’onining bir bo‘lagi
Shuni faxr bilan ta’kidlash joizki, Amir Temur va temuriylarga tegishli tarixiy buyumlar dunyo antikvariat bozorida benihoya qadrlanadi. Yaqinda “Kristis” savdo uyi o‘tkazgan bir kimoshdi savdosida Shohrux Mirzo davriga tegishli bo‘lgan “Me’rojnoma” asarining bir sahifasi 2 million funt-sterlingdan oshiq narxda sotilganidan xabar topdik.
Shu bois, biz ham Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga oid osori-atiqalarni yurtimizga qaytarishga astoydil bel bog‘ladik. Ular orasida Amir Temur topshirig‘iga ko‘ra 1400 yillarda Samarqandda xattot Umar Aqta’ ko‘chirgan ulkan Qur’oni karimning bir parchasini alohida ta’kidlash joiz.
Rivoyatlarga ko‘ra, Umar Aqta’ dastlab Sohibqiron uchun uzukning ko‘zidan joy oladigan kichik hajmdagi Qur’on nusxasini ko‘chiradi. Ammo buyuk hukmdor bu kichkina nusxa muazzam Kalomulloh sha’niga munosib emasligi, aksincha uning muhtashamligi va buyukligini ko‘rsatish lozimligini aytgach, xattot qisqa muddatda jahondagi eng katta Qur’oni karim nusxasini hozirlaydi.
Nihoyat, Sohibqironning shaxsiy mulki bo‘lgan ushbu Qur’oni karim nusxasining ikkita satrini qaytarishga muvaffaq bo‘ldik. Holbuki, mamlakatimizda bevosita Amir Temurga tegishli tarixiy ashyolar qolmagan edi.
Bundan tashqari Markazimizga Amir Temur davriga oid shohona chopon, Ibn Sinoning Husayn Boyqaro hukmdorligi davrida Hirotda ko‘chirilgan “Kitob ush-shifo” asari, Boburiylar davriga oid miniatyuralar, hujjatlar, tekstil namunalari, qilich va xanjarlar ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mulkiga aylandi.
Boburiylar merosi Vatanga qaytmoqda
Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukmronlik qilgan Boburiylar jahon tarixi va madaniyatida munosib o‘rin egallagan. Afsuski, Boburiylarning ona Vatanida shu paytga qadar ularga tegishli na bir qo‘lyozma, na tayinli eksponatni ko‘rish imkoni yo‘q edi. Endilikda, muhtaram Prezidentimiz ko‘rsatmalariga asosan Boburiylar davriga oid o‘nlab eksponatlar yurtga qaytmoqda.
Shu paytga qadar bu sulola davrida yaratilgan ikkita Qur’on qo‘lyozmasi, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari, boburiy hukmdorlar va shahzodalarning 10 ga yaqin miniatyuralari, kashtachilik va tekstil namunalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keltirildi. Ular orasida tarixchi olimlar Mirzo Boburga shaxsan tegishli ekanini ta’kidlayotgan xirqa ham bor.
Ma’lumki, Qur’oni karimdan turli duolar bitilgan bunday liboslar hukmdorlar uchun maxsus tikilgan. Xirqa matosida o‘nlab oyatlar va duolar xattotlik san’atining yuksak namunasi sifatida joylashtirilgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuruvchilar Bobur Mirzoning shaxsiy dastxati, u yaratgan maxsus alifboda ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasini ham ko‘rishlari mumkin.
Jahon nigohidagi xazinamiz
7-8 iyul kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida “Sotbis” va “Kristis” auksion markazlarida Londonda mazkur artefaktlarning ko‘rgazmalari tashkil qilindi.
–Mamlakatingiz va xalqingizga tegishli bo‘lgan bebaho boylikning bir qismi qaytarilayotgani O‘zbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa bo‘lib, yosh avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. O‘z merosini qaytarishga yo‘naltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uyg‘onish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi “Kristis” savdo uyi Vasiylik kengashi faxriy raisi, Snoudon grafi, Qirollik xonadoni vakili Devid Armstrong-Jons.
–O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, – dedi “Sotbis” savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili Benedikt Karter. – Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vataniga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.
Mazkur safar asnosida Londondagi taniqli art-dilerlar, savdo uylari vakillari bilan kelishuvlarga erishildi. Natijada Markaz muzeyi ekspozitsiyasi uchun auksion va art-dilerlar kolleksiyalaridan yana 600 ga yaqin eksponat saralandi. Bu ro‘yxat mamlakatimiz hukumati topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan nufuzli Markaz ilmiy kengashi a’zolari tomonidan ma’qullandi.
Xabaringiz bor, 19 fevral kuni yurtimizga kelgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia Prezidentimizga Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasini topshirdi. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, ushbu nodir tuhfa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keltirildi. Ka’ba eshigining yopinchig‘i shu yilning yoz oylarida Prezidentimiz tashabbuslari bilan Saudiya Arabistonidan olib kelindi. Ayni paytda bu nodir eksponat birinchi Renessans ekspozitsiyasida, Islom dinining Markaziy Osiyoga yoyilishi bo‘limida joylashtirildi.
“O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega…”
Joriy yilning 29 avgust kuni Prezidentimizning poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish asnosidagi tashrifi markazimiz tarixidagi unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bu yerdagi jarayonlar bilan tanisharkan, yakuniga yetayotgan markaz qurilishi yuzasidan qimmatli maslahat va tavsiyalar berdi.
–O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan, – dedi Prezidentimiz. – Bu markaz bilan tanishgan har bir xorijlik mehmon shunday buyuk tarix va madaniyatga ega bo‘lgan o‘zbek xalqiga ta’zim bilan chiqib ketishiga ishonaman.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ushbu fikrlarini Markazga tashrif buyurayotgan mehmonlarning taassurotlari ham tasdiqlab turibdi. Mazkur tashrifdan hali ko‘p o‘tmay turib, sentyabr oyining birinchi o‘n kunligida xorijiy mamlakatlardan uchta yirik hay’at tashrif buyurdi. Jahonning turli davlatlaridan kelgan martabali mehmonlar Markaz bilan tanishib, chindan ham xalqimizning bunyodkorligi va tafakkuriga, davlat rahbarining tashabbuslariga tan berib ketishmoqda.
O‘tgan haftada AQSh Prezidentining global sheriklik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampoli Markazimizga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.
–Prezident Janobi Oliylarini men buyuk yetakchi, halollik timsoli, tinchlik elchisi va O‘zbekistonning uyg‘onish davridagi chinakam lideri sifatida ko‘rdim, – dedi Paolo Zampoli janoblari.
Yaqinda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov, Turkiyaning yetakchi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari Zafer Sarikaya ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Aleksandr Beglov markaz faoliyati bilan tanisharkan, “faqat buyuk davlat rahbarlarigina o‘z Vatanining barhayot merosini o‘rganish va saqlash uchun ana shunday ulug‘ ishlarni amalga oshirishga qodir” degan fikrlarni bildirdi.
Turkiyalik mehmon esa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turkiy tilli mamlakatlar uchun ham faxru iftixor manbai ekanini ta’kidlab, ana shunday ezgu ishlarning boshida turgan Davlat rahbari – Shavkat Mirziyoyevdan benihoya minnatdor ekanini aytdi.
Zotan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va madaniy islohotlarning yorqin natijasidir.
Ezgu maqsadlarga kamarbastalik
Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining to‘laqonli faoliyatini tashkil etish, uning ichki kontentini boyitish masalasi nafaqat umumilliy, balki xalqaro miqyosdagi megaloyihaga aylangan.
Ta’kidlash joiz, ana shu masalada 2024 yil yoz oylarida 600 dan ortiq olimlarimiz qatnashgan birinchi respublika forumi hamda 500 ga yaqin xorijiy olim ishtirokida xalqaro kongress tashkil qilingan edi. Ushbu anjumanlar yakuni bo‘yicha olimlar davlatimiz rahbariga tashakkurnoma yo‘llab, ilm-fan, ma’rifat, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etishda kamarbasta bo‘lish, bir tan, bir jon bo‘lib harakat qilishga so‘z berdi. O‘z navbatida. Prezidentimiz ham Kongress ishtirokchilariga qaratilgan murojaatida biz bilan hamkorlik qilayotgan barcha olimlar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi eshiklari har doim ochiq ekanini ta’kidladi.
Albatta, yuqorida zikr qilingan misollar amalga oshirilpyotgan ishlarning kichik bir qismi xolos. Markazda tashkil qilinayotgan ekspozitsiyalar, kutubxonalar, konferensiya zali, laboratoriya, xalqaro tashkilotlar vakillari uchun maxsus xonalar, mahalliy va xorijiy olimlar uchun ilmiy platforma, bolalar hududi, xattotlik maktabi va boshqa jihatlar xususida ham uzoq gapirish mumkin.
Ayni paytda bugun biz – 1500 kishilik olim va ekspertlar jamoasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Vasiylik kengashi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ekspozitsiyalarimizni boyitish maqsadida 800 dan ortiq ilmiy innovatsion loyihalar ustida ish olib boryapmiz va bu yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan benihoya baxtiyormiz.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, xalqimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini namoyon qilishga qaratilgan bu yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik, yaratilgan shart-sharoit uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Ishonamizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusi avlodlar uchun ham milliy iftixorimiz, ma’naviy yutuqlarimiz ramzi bulib qoladi.
Firdavs ABDUXOLIQOV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Siyosat3 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Jamiyat5 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport5 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat4 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Mahalliy2 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat3 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Jamiyat3 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Siyosat4 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
