Jamiyat
O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni va BAAga parvozlar qayta tiklandi
2026-yil 10-martdan boshlab, O‘zbekiston hududidan Saudiya Arabistoni Podshohligi va BAAga ikki tomonlama yo‘lovchi tashishni (olib ketish va olib kelish) tashkil etishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bundan oldin yo‘lovchi turi va fuqaroligi bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Vazirlik, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligiga amalga oshirilayotgan parvozlarda, umra mavsumi nihoyasiga yetayotganligi va «Haj – 2026» mavsumidan oldin barcha «Umra» ziyoratchilari Saudiya Arabistoni Podshohligining amaldagi qonunchiligiga muvofiq mamlakatdan chiqib ketishi shartligini inobatga olgan holda «Uzbekistan Airports»ga Podsholhlikka parvoz qilayotgan barcha turdagi yo‘lovchilarni ortga qaytarishni tashkillashtirish bo‘yicha vazifalar yuklanganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, parvozlarni tashkil qilishda mas’ul idora va tashkilotlarga xavfsizlik talablari, xalqaro havo tashuvlari bo‘yicha amaldagi qoidalar, shuningdek Saudiya Arabistoni Qirolligi va BAAning vakolatli organlari tomonidan belgilangan talab va tartiblarga qat’iy rioya etilishi ta’minlanishi lozimligi bildirilgan.
Jamiyat
Qirg‘izistonga yashirincha olib ketilayotgan oltin quymalar to‘xtatib qolindi
Tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqilishiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Jumladan, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi Qirg‘iz Respublikasiga chiqish maqsadida “Vodil-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada, avtomashina kuzov qismining ichiga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quymalar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ularning sof og‘irligi 1 kg 232 gr bo‘lib, umumiy bahosi 2 mlrd 182 mln 466 ming so‘mni tashkil etadi.
Holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Bo‘lajak o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlashdan ixtiyoriy tarzda o‘tishi mumkin
O‘zbekistonda pedagogika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yana bir yangi imkoniyat yaratilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, bo‘lajak o‘qituvchilar yakuniy attestatsiya bilan bir vaqtda, o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur tartibni joriy etish Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 2 fevraldagi 87-son qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Taklif etilayotgan yangi tartibga muvofiq, 2028-2029 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029-2030 o‘quv yilidan esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalariga ushbu imkoniyat taqdim etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bitiruvchi talabalar yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tish bilan birga kasbiy sertifikatlash sinovlarida ham qatnashishi mumkin. Agar ular ushbu sinovlarni muvaffaqiyatli topshirsa, mutaxassis o‘qituvchi lavozimida ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatga ega bo‘ladi.
Bu yangilik pedagogika sohasida faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki amalda davlat yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotini tamomlab, maktabga pedagogik kasb bo‘yicha birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilardan bir yil ichida kasbiy sertifikat olish talab etiladi. Yangi mexanizm esa ushbu jarayonni ancha yengillashtirib, bitiruvchilarga mehnat faoliyatini boshlash arafasidayoq zarur hujjatni qo‘lga kiritish imkonini berishi mumkin.
Bu amaliyot pedagog kadrlar tayyorlash sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasini ertaroq aniqlash hamda ta’lim muassasalariga malakali kadrlarni jalb etish jarayonini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Fermerga hisoblangan asossiz 126 mln so‘mlik qarzdorlik bekor qilindi
Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida faoliyat yurituvchi «A.S.» fermer xo‘jaligi rahbari unga asossiz ravishda elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib, biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish jarayonida «S.G.F.» MChJga tegishli suv nasosi va elektr hisoblagichidan subiste’molchi sifatida foydalanib kelgan. Amaldagi tartiblarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga muvofiq, subiste’molchilar elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni asosiy iste’molchi bilan kelishilgan holda umumiy hisoblagich orqali amalga oshirishi lozim.
Biroq, Bandixon tumani elektr ta’minoti korxonasi mazkur talablarga rioya qilmagan holda tadbirkorning xabardorligisiz va asoslovchi hujjatlarsiz tizimda alohida shartnoma shakllantirgan. Buning oqibatida fermer xo‘jaligi hisobiga 84 454 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun qariyb 126 million so‘m miqdorida asossiz qarzdorlik hisoblangan.
Biznes-ombudsman tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilib, tegishli xulosa kiritildi. Natijada fermer xo‘jaligiga asossiz hisoblangan 126 million so‘mga yaqin qarzdorlik tizimdan chiqarildi va tadbirkorning murojaati ijobiy hal etildi.
Jamiyat
adolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
Hokim–fermer nizolari tez-tez uchrab turadi, ko‘plab fermerlar oxirigacha borib o‘tirmay, qo‘l siltab qo‘ya qoladi. Lekin Qashqadaryoning Nishon tumanidagi “Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshev haqida bunday deb bo‘lmaydi. U tortib olingan yerini qaytarish uchun 2019 yildan beri sudma-sud yuguryapti.
O‘tgan oyda Human Righs Watch xalqaro nodavlat tashkiloti O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi holat haqida “Fermerlarda erkinlik yo‘q” nomli hisobot e’lon qilgan edi. Hisobotda, jumladan, shunday deyiladi:
“Hokimlik tomonidan yerining tortib olinishiga qarshi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan fermerlar O‘zbekiston sudlarida kamdan kam hollarda adolat topa oladi. Topgan taqdirda ham, mahalliy amaldorlar yerni fermerga qaytarish to‘g‘risidagi qarorlarni deyarli ijro etmaydi”.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidan Kun.uz’ga murojaat qilgan “Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshev – ana shu real vaziyatning yana bir misoli.
U qariyb 7 yildirki adolat izlab sudma-sud yuguradi.
2019 yilda 106 gektar yerini Nishon tumanining o‘sha paytdagi hokimi Muxtor Hayitmurodov noqonuniy ravishda tortib olgan.
Fermer keyinchalik sud orqali huquqlarini tiklashga erishgan, lekin uni oldinda hali yangi sinovlar kutayotgan edi.
Sudma-sud sarguzashtlar. 1-qism
Nishon tumani hokimining 2019 yil 23 yanvardagi qarori bilan, “Bobur” fermer xo‘jaligiga paxta va g‘allachilik uchun qariyb 106 gektar yer ajratilgan. Oradan 4 oy o‘tib, tuman hokimining 2019 yil 24 may kungi qarori bilan bu yerlar yana tuman zaxirasiga qaytarilgan.
2019 yil iyun oyida hokim bu yerlarni boshqa ikkita yuridik shaxsga ajratib bergan. Ulardan biri – “Nishan Chicken’s” MChJ XKga 36 gektar yer berilgan.
“Bobur” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qo‘ldoshev bu qarorlardan norozi bo‘lib, sudga arz qilgan. Nishon tuman ma’muriy sudining 2019 yil 20 noyabr kungi hal qiluv qarori bilan, tuman hokimining 105 gektarni zaxiraga qaytarish va bu yerlarni boshqa ikkita yuridik shaxsga ajratib berish haqidagi qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.
Nishon tumani hokimligi sud qaroridan norozi bo‘lib, shikoyat kiritgan, lekin 2020 yil 13 fevral kuni Qashqadaryo viloyati ma’muriy sudi kassatsiya instansiyasi qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Ko‘rinib turganidek, fermerdan yerini olib qo‘ygan olgan hokim Muxtor Hayitmurodov birinchi va ikkinchi instansiya sudlarida yutqazgan, Oliy sudga esa shikoyat kiritmagan. Natijada fermerning 106 gektar yerga nisbatan huquqi tiklanishi kerak edi.
Lekin amalda unday bo‘lmagan. Hokim Hayitmurodov o‘z harakatlarini davom ettirib, 2020 yil 20 mart kungi qarori bilan “Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli yerning yuqorida tilga olingan 36 gektarlik qismini yana “Nishan Chicken’s” MChJ XKga ajratib bergan. Vaholanki, bu vaqtda mazkur yer maydoni “Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli edi – hokim yerni zaxiraga olish to‘g‘risida yangi qaror chiqarmagan (zaxiraga olish to‘g‘risida 2019 yil 24 maydagi hokim qarori sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilgani haqida yuqorida to‘xtalib o‘tildi).
“Hokim meni aldagan ekan”
Fermer Bahodir Qo‘ldoshevning aytishicha, u 2019-2020 yillardagi sudlarda yutib chiqqach, tuman hokimining iltimosi bilan “Bobur” fermer xo‘jaligiga tegishli 86-konturdagi 36 gektar yerni “Nishan Chicken’s” MChJga 1 yil foydalanish uchun norasmiy tarzda, og‘zaki kelishuv asosida berib turgan, lekin kelishilgan muddat o‘tganidan keyin yerini qaytarib ololmagan. U, o‘zining aytishicha, tuman hokimi 2020 yil 20 martdagi qarori bilan ushbu 36 gektar yerni mazkur MChJga ikkinchi marta berib yuborganidan 2022 yilga kelibgina xabar topgan.
“[2019-2020 yillardagi] sudlarda yutganim uchun yerim o‘zimga qaytgan edi, faqat 36 gektar yerni hokim “keyinroq olasan” degan edi. Keyin bilsam, ular meni aldagan ekan”, – deydi Bahodir Qo‘ldoshev.
Qayd etish lozim, uning “tuman kengashi qaroridan bexabar edim”, “hokim meni aldagan ekan” mazmunidagi vajini hozirga qadar sudlar bir nechta asoslarga ko‘ra rad etib kelmoqda.
Sudma-sud sarguzashtlar. 2-qism
Fermer suddagi sarguzashtlarining ikkinchi seriyasida tuman hokimining 36 gektar yerni “Nishan Chicken’s”ga ajratib berish haqidagi 2020 yil 20 mart kungi qarorini bekor qilmoqchi bo‘ladi.
Lekin endi u yangi muammoga duch keladi: xalq deputatlari Nishon tuman kengashining 2019 yil 18 maydagi qarori hamon qonuniy kuchida edi. Biz yuqorida to‘xtalib o‘tgan, 106 gektar yerni olib qo‘yish haqidagi hokim qarori – formal jihatdan ana shu kengash qarori asosida qabul qilingan bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, u paytlarda tuman kengashlariga hokimlarning o‘zi rais edi; fermerlardan yerni olishda avvaliga kengash qarori qabul qilinib, shundan keyin hokim qarori bilan u ijro qilinardi.
Bahodir Qo‘ldoshevning xatosi shunda ediki, u avvalgi sud jarayonlarida faqat hokim qarorini bekor qilishga erishgan, lekin unga asos bo‘lgan tuman kengashining qarori bo‘yicha nizolashmagan.
Bundan tashqari, kadastr organi uning 106 gektar yerdan faqat 40 gektariga nisbatan huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Yer kodeksiga binoan esa, yerga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin vujudga keladi, ya’ni hokimning yer ajratish haqidagi qarorining o‘zi yetarli emas.
Qolaversa, Bahodir Qo‘ldoshev hokimning 2020 yil 20 mart kungi qarori ustidan sudga arz qilish bo‘yicha qonunda belgilangan muddatni (huquqi buzilganidan xabar topganidan keyin uzog‘i bilan 3 oy) uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborgan, deb hisoblanmoqda.
Ushbu vajlar tufayli fermer avvaliga Qarshi tumanlararo ma’muriy sudida, keyinroq viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida, undan keyin Oliy sudda ham yutqazgan.
Sudma-sud sarguzashtlar. 3-qism
Fermer endi tuman kengashining 2019 yil 18 maydagi qarorini bekor qilishni so‘rab, Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo kiritgan. Sud 2024 yil 21 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’voni qanoatlantirib, xalq deputatlari Nishon tumani kengashining 2019 yil 18 maydagi qarorini haqiqiy emas, deb topgan.
Lekin shu kunning o‘zida Qashqadaryo viloyat prokuraturasi “Nishan Chicken’s” MChJning manfaatida protest kiritgan va 2025 yil 22 aprel kuni kassatsiya instansiyasi prokuratura protestini qanoatlantirgan.
“Bobur” fermer xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlayotgan Qashqadaryo viloyati Fermerlar kengashi prokuraturaning protesti va kassatsiya qarorini “asossiz” deb hisoblamoqda. Kengash 2026 yil 2 mart kuni Qashqadaryo viloyati ma’muriy sudi taftish instansiyasiga shikoyat kiritib, Qarshi tumanlararo sudining 2024 yil 21 oktyabrdagi hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldirishni so‘radi.
Serialning bu qismi hozircha shu nuqtada turibdi.
“Bunaqa sharoitda soha rivojlanmaydi”
Bahodir Qo‘ldoshev 1998 yildan beri fermerchilik bilan shug‘ullanadi. Lekin 2019 yildan beri xalovati yo‘qligini aytadi, chunki o‘ziga qonuniy tarzda ajratib berilgan yerning 36 gektaridan foydalana olmayapti.
“Mana, 7 yildan buyon faqat sud bilan shug‘ullanamiz, boshqa ish qilolmayapmiz. Faqat biz emas, 2019 yilda Nishon tumanida juda ko‘p fermerlar ana shunday adolatsizlikka uchradi. Bunaqa sharoitda soha rivojlanmaydi.
Nohaqliklar bo‘laversa, tuman hokimlari fermerlarning ustidan bosim o‘tkazib, yerni olib qo‘yaversa, u qo‘rqqanidan bir ish qilolmaydi, katta-katta rejalarni amalga oshirolmaydi”, – deydi u.
Maqola sarlavhasida tilga olingan “Santa-Barbara” seriali haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu serial 2137 seriyadan iborat bo‘lib, AQShda 1984 yildan 1993 yilgacha efirga uzatilgan. Biz yuqorida yoritganimiz holat ham bir necha yuzlab bo‘lmasa-da, o‘nlab qismlardan iborat serial bo‘lishga arzigulik…
Badiiy bo‘yoqlar bilan boyitilgan serial, bosh qahramon dehqonning farzandli bo‘lganidan quvonayotgani aks etgan kadrlardan boshlanadi, so‘nggi qismlarida esa o‘sha farzandi maktabning 1-sinfiga qadam qo‘yganida ham u o‘sha eski muammolar bilan o‘ralashib yurgan bo‘ladi. Oraliq qismlarda esa ayrim hokimlarning shaxsiy portreti va fermerchilikdagi achchiq reallikni ochib berish mumkin.
Serial xulosasi esa quyidagicha bo‘ladi: qonunlarda ozod va erkin ekani yozib qo‘yilgan dehqonning yeri g‘irt qaroqchilarcha, noqonuniy tarzda tortib olmaganida edi, u shuncha yillik tashvishlarga giriftor qilinmagan bo‘lardi.
Jamiyat
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
Olimjon Umarov raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimini tark etdi. Gazeta`ning hukumatdagi manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, u faoliyatini Vazirlar Mahkamasida — Bosh vazir kotibiyati rahbarining o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.
U mazkur lavozimda 2024 yil iyun oyidan buyon ishlab kelayotgandi. Umarov faoliyatini Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir kotibiyati rahbarining o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.
Olimjon Umarov (1985 yilda tug‘ilgan, 2007 yilda Milliy universitet va 2017 yilda Janubiy Koreyaning Songyungvan universiteti bitiruvchisi) 2020 yil may oyidan 2021 yil noyabr oyigacha bosh vazirning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.
Bundan oldin — 2017 yil iyun oyidan 2020 yil may oyigacha u Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2006−2012 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining (keyinchalik Davlat aloqa qo‘mitasi, so‘ngra Axborot texnologiyalari vazirligi, hozirda Raqamli texnologiyalar vazirligiga aylantirilgan) UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazida turli lavozimlarda ishlagan.
2012 yilda O‘zAAAning axborot tizimlari va axborot resurslari bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2012−2017 yillarda vazirlikning AKT boshqarmasini boshqargan.
-
Jamiyat3 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Jamiyat3 days agoRulda kamar taqmagan Sardor Mamadaliyev jarimaga tortildi
-
Dunyodan4 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan4 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Dunyodan5 days ago
Eronda AQSh va Isroilni qo’llab-quvvatlaganlarning mulki musodara qilinadi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Eronning yangi oliy rahbari haqida gapirdi
-
Siyosat2 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Sport3 days agoAvstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan biri fikrini o‘zgartirdi
