Jamiyat
Qirg‘izistonga yashirincha olib ketilayotgan oltin quymalar to‘xtatib qolindi
Tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqilishiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Jumladan, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtotransport vositasi Qirg‘iz Respublikasiga chiqish maqsadida “Vodil-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada, avtomashina kuzov qismining ichiga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quymalar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ularning sof og‘irligi 1 kg 232 gr bo‘lib, umumiy bahosi 2 mlrd 182 mln 466 ming so‘mni tashkil etadi.
Holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026 yil 28 aprel kuni taniqli jurnalist va olim Beruniy Alimovning «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va «Yoshlar ovozi» gazetasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimot davomida mazkur qo‘llanmaning dolzarbligi, unda ilgari surilgan ilmiy yondashuvlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarining bugungi media makoniga ta’siri keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, raqamli transformatsiya sharoitida jurnalistika tubdan o‘zgarib, axborot uzatish tezligi, auditoriya talablari va kontent yaratish uslublari yangicha bosqichga ko‘tarilmoqda. Kitobda aynan shu jarayonlar chuqur tahlil qilinib, zamonaviy jurnalistika oldida turgan yangi vazifalar yoritilgan. Muallif sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng ochib berar ekan, uning jurnalist faoliyatidagi o‘rni, kontent yaratishdagi roli va media sohadagi transformatsiyalarni ilmiy asosda izohlaydi.
Tadbirda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, taniqli olim va jurnalistlar — Xurshid Do‘stmuhammad, Fayzulla Mo‘minov, Salim Doniyorov, Amrullo Karimov, «Yoshlar ovozi» gazetasi bosh muharriri Hamza Abdullayev kitobning ilmiy va amaliy ahamiyatiga yuqori baho berib, uni nafaqat nazariy manba, balki kundalik faoliyatda foydalanish mumkin bo‘lgan muhim qo‘llanma sifatida e’tirof etishdi. Ta’kidlanganidek, kitob jurnalistlar, blogerlar, PR mutaxassislari hamda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun dolzarb bilim manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan so‘ng «Jurnalistikada sun’iy intellekt davri» kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, jurnalist Beruniy Alimov so‘zga chiqib, kitobning yuzaga kelishi va nashrga tayyorlash jarayonlari haqida so‘zlab berdi.
Muhim jihatlardan biri shundaki, asarda sun’iy intellektning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, uning ehtimoliy xavf-xatarlari ham e’tibordan chetda qolmagan. Xususan, muallif mualliflik huquqi, faktcheking, axborot xavfsizligi, etik me’yorlar hamda jurnalist kasbining kelajagi bilan bog‘liq muhim masalalarni ko‘taradi. Bu esa kitobni nafaqat nazariy, balki tahliliy va amaliy ahamiyatga ega manbaga aylantiradi.
Tadbirda, shuningdek, sun’iy intellektning matbuot, televideniye, radio va internet jurnalistikadagi o‘rni, uning global tendensiyalar fonidagi rivoji hamda milliy jurnalistika uchun yaratayotgan yangi imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari jurnalistika mazmunini o‘zgartirayotgan bo‘lsa-da, ijodkorlik va inson omili har doim ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, kitob yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Bu esa mavzu atrofida ochiq va mazmunli muloqot shakllanganini ko‘rsatdi.
Mazkur nashrni ommaviy axborot vositalari tahririyatlari hamda jurnalist kadrlarini tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa kitobning keng jamoatchilik orasida ommalashishi va uning amaliy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
Sud tizimida ochiqlik va ishonch: media-kommunikatsiya yangi bosqichga chiqmoqda.
Odil sudlov akademiyasida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan hamkorlikda sud organlari axborot xizmatlari xodimlari va sudyalar uchun «Media-kommunikatsiya va inqirozli vaziyatlarda ishlash» mavzusida maxsus ikki kunlik o‘quv kursi o‘z ishini boshladi.
Mazkur o‘quv-amaliy dastur sud tizimida ochiqlikni ta’minlash, OAV va blogerlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri yoritish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Dastur doirasida sud faoliyatini yoritishda muvozanat — ochiqlik, aybsizlik prezumpsiyasi va media mas’uliyati, tanqidiy materiallar tahlili, rasmiy axborot kanallarini samarali yuritish, shuningdek, inqirozli vaziyatlarda tezkor va asosli kommunikatsiya olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, zamonaviy media matn yaratish, sud qarorlarini sodda va tushunarli tilda yetkazish, jonli efir va intervyularda samarali nutq yuritish, reputatsion risklarni boshqarish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kabi dolzarb yo‘nalishlar ham qamrab olingan.
Mazkur o‘quv kursi sud tizimi va jamoatchilik o‘rtasida ochiq, ishonchli va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: o‘quv kursi ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Jamiyat
Ziroat Mirziyoyeva: «Sizlar tabiatning haqiqiy himoyachilarisiz»
Xivada Eco-schools Uzbekistan loyihasining asosiy ramzi bo‘lgan Yashil bayroq tantanali ravishda ko‘tarildi.
Loyihaning milliy operatori — «Zamin» fondi tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, 30 ta maktab dasturning eng yaxshi ishtirokchisi deb topildi va ekologik ta’lim sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ziroat Mirziyoyeva bolalarni munosib mukofot bilan samimiy tabriklab, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikni tiladi va shunday dedi:
«Barcha sinov va qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish faqatgina matonatli hamda o‘z ona yurtiga chin muhabbati bor insonlarning qo‘lidan keladi. Men faxr bilan aytamanki, bu xislatlar har biringizda mujassam! Sizlar tabiatning chinakam himoyachilarisiz va sa’y-harakatlaringiz bizni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish sari yaqinlashtirmoqda».
Bayramda xalqaro toifadagi oshpaz va diyetolog-nutritsiolog ekomaktab o‘quvchilari uchun muvozanatli ovqatlanish asoslari va sog‘lom taomlanish odatlarini shakllantirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazdi. Mavzu davomida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan maktab o‘quvchilari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari hamda oshxona va bufet xodimlari uchun to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar taqdim etildi.
Ushbu qo‘llanmalar barcha umumta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan respublika treninglariga asos bo‘ladi.
Jamiyat
Qoraqalpog‘istonda ta’lim bo‘yicha muhim tayinlovlar amalga oshirildi
Qoraqalpog‘istonda ta’lim sohasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.
Ayapov Amanjol Tlepovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi.
Amanjol Ayapov tayinlovga qadar Qoraqalpog‘iston Kasbiy ta’lim agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan.
Ayimbetov Bayrambay Sharapatdinovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Bayrambay Ayimbetov tayinlovga qadar O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida mas’ul lavozimda ishlab kelgan.
Jamiyat
PPX xodimi voyaga yetmagan qizlarga shilqimlik qilgani aytildi: IIV bayonot bilan chiqdi
Tarmoqda PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, ularga shilqimlik qilgani bo‘yicha xabar tarqaldi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti esa mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini bildirdi.
Hodisa Ohangaron shahrida sodir bo‘lgan. Qizning aytishicha, Spark mashinasi ko‘chada to‘xtab, uning egasi qizlarni mashinga o‘tirishga majburlagan. So‘ngra jabrlanuvchining akasi geolokatsiya orqali borib vaziyatga aralashgan.
Ichki ishlar vazirligining Ichki xavfsizlik bo‘limi prokuratura bilan hamkorlikda ushbu hodisa bo‘yicha darhol tergov boshladi. Hodisaning barcha ishtirokchilari va holatlari aniqlandi.
Nashrlarda tilga olingan xodim lavozimidan chetlashtirildi. Agar da’vo qilingan harakatlar tasdiqlansa, ularning harakatlari qat’iy qonuniy choralar, jumladan, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
«Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, ayniqsa voyaga yetmaganlarga nisbatan har qanday noqonuniy xatti-harakatlari qabul qilinishi mumkin emasligini va qattiq jazolarga olib kelishini ta’kidlaymiz», deyiladi IIV xabarida.
Tergov natijalari keyinroq e’lon qilinadi.
-
Siyosat3 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Siyosat4 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Jamiyat5 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat2 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Mahalliy3 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
