Iqtisodiyot
O‘zbekistonda Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturiga muvofiq, ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava hamda boshqa bir qator yirik korporatsiyalar va moliya institutlarining top-menejerlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, yapon ishbilarmonlarining bunday nufuzli tarkibi tomonlarning bir-biriga bo‘lgan yuksak ishonchi va iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishga doimiy qiziqishidan dalolat ekanini bildirdi.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etdi.
Yaponiya kompaniyalari ilgari asosan pudrat loyihalarida ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritib, qo‘shma korxonalar yaratmoqda, boshqaruv, texnologiyalar transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan mazkur o‘zgarishlar natijasida Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy va texnologik sheriklaridan biriga aylandi.
Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ijobiy sur’at kuzatilmoqda: oxirgi sakkiz yilda tovar ayirboshlash 2 baravar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi.
Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya o‘rnatildi.
Uchrashuvda Prezidentimiz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, so‘nggi 8 yil ichida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2 baravarga oshdi. 2030 yilga qadar mamlakatni o‘rta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Shu ma’noda, Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Energetik barqarorlikni ta’minlash va «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda «uglerod izi»ni kamaytirish shular jumlasidan.
Qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini shakllantirgan holda o‘ta muhim minerallarni chuqur qayta ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mashinasozlik va sanoat uskunalarini rivojlantirish, zamonaviy yuqori texnologiyali sanoatlashgan iqtisodiyotni shakllantirish istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.
Axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jumladan, sun’iy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yana bir muhim yo‘nalish – zamonaviy maxsus iqtisodiy zonalarni yaratib, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali ularni yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish.
Misol uchun, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘magida Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston Yaponiyani nafaqat investor, balki kelajak sanoatini barpo etishda o‘zining strategik hamkori sifatida bilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qat’iy intilishini bildirdi hamda ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish borasidagi rejalarini bayon etdi. https://president.uz/uz/lists/view/8804
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha:
savdo xizmatlari — 202,0 trln so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 149,7 trln so‘m;
moliyaviy xizmatlar — 125,8 trln so‘m;
transport xizmatlari — 121,5 trln so‘m;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 61,6 trln so‘m;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 27,2 trln so‘m;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 19,4 trln so‘m;
shaxsiy xizmatlar — 14,1 trln so‘m;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 13,9 trln so‘m;
me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar — 10,7 trln so‘m;
kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 9,2 trln so‘m;
ijara xizmatlari — 9,0 trln so‘m;
boshqa xizmatlar — 38,3 trln so‘m.
-
Siyosat5 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy4 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
-
Jamiyat4 days ago
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Iqtisodiyot1 day ago
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
