Iqtisodiyot
Jamshid Qo‘chqorovda neft-gaz bo‘yicha o‘rinbosar paydo bo‘ldi
Energetika sohasida yana bir tayinlov ro‘y berdi. Soha boshqaruvini kuchaytirish maqsadida, iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, unga Xurshid Mustafoyev tayinlandi. U 2020 yildan buyon tarif siyosatiga mas’ul lavozimda ishlab kelgan, 2024 yilda boshlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflaridagi o‘zgarishlardan keyin vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgandi.
Xurshid Mustafoyev / Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidentining topshirig‘i bilan, energetika sohasidagi boshqaruvni kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi.
Bu lavozimga Mustafoyev Xurshid Baxtiyorovich tayinlandi. U bunga qadar ham iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi (uning karerasi haqida ma’lumot xabar so‘nggida keltirib o‘tilmoqda).
Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, yangi lavozimning joriy etilishi – energetikada “tizimli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.
Foto: “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati
Qo‘chqorov bu haqda 18 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi. Bu yig‘ilishda kompaniya raisi lavozimiga tayinlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va soha oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Sanginov bungacha “O‘zbekgidroenergo” AJni boshqarib kelayotgan edi. U yangi lavozimida Bahodir Siddiqovning o‘rnini egalladi. Ushbu kadr o‘zgarishlari O‘zbekiston prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili Alisher Sultonovning iste’fosi fonida ro‘y berdi.
Xurshid Mustafoyev haqida
1981 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek. 2002 yilda Toshkent moliya instituti, 2009 yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi, 2014 yilda Ritsumeykan universitetini (Yaponiya) tamomlagan.
2015 yildan boshlab Moliya vazirligi Sanoatning bazaviy tarmoqlari va yoqilg‘i-energetika majmuyi moliyasi boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik, Moliya vazirligi Tarif siyosati va davlat korxonalarini isloh qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, so‘ngra birinchi o‘rinbosari lavozimlarini egallagan, 2020 yil noyabr oyida ushbu boshqarma boshlig‘i etib tayinlangan.
Xurshid Mustafoyev tarif siyosatiga mas’ul bo‘lgan davrda – 2024 yil 1 mayida elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini erkinlashtirish boshlangan edi. U 2024 yil aprel oyidagi chiqishida elektr energiyasining tannarxi qariyb 1000 so‘m, tabiiy gaz tannarxi esa 2000 so‘m ekanini ma’lum qilgandi.
Narxlar oshirilgach, Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining 2024 yil 4 iyuldagi xabarida Xurshid Mustafoyev vazir o‘rinbosari sifatida qayd etilgan.
2025 yil mart oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning “O‘zkimyosanoat” AJ Kuzatuv kengashi raisi lavozimi muddatidan ilgari tugatilib, uning o‘rnini Xurshid Mustafoyev egalladi. Mustafoyev, shuningdek, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekgidroenergo” va OKMK kabi davlat korxonalari kuzatuv kengashining ham a’zosi hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yetti oylik bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi asosiy turlar bo‘yicha quyidagicha:
savdo xizmatlari — 202,0 trln so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari — 149,7 trln so‘m;
moliyaviy xizmatlar — 125,8 trln so‘m;
transport xizmatlari — 121,5 trln so‘m;
aloqa va axborotlashtirish xizmatlari — 61,6 trln so‘m;
ta’lim sohasidagi xizmatlar — 27,2 trln so‘m;
ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar — 19,4 trln so‘m;
shaxsiy xizmatlar — 14,1 trln so‘m;
sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar — 13,9 trln so‘m;
me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar — 10,7 trln so‘m;
kompyuterlar va maishiy tovarlarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar — 9,2 trln so‘m;
ijara xizmatlari — 9,0 trln so‘m;
boshqa xizmatlar — 38,3 trln so‘m.
Iqtisodiyot
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 75,2 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilgan — 13,9 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 10,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 10,1 trln so‘m bilan joylashgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining har birida 5,6 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,7 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,6 trln so‘m, Namanganda 4,5 trln so‘mni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ko‘rsatkich bir xil — 3,2 trln so‘mdan. Xorazm viloyatida 2,4 trln so‘m, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarining har birida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jizzax viloyatida esa yirik korxonalar tomonidan 2,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan.
-
Siyosat4 days ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
-
Jamiyat4 days ago
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
-
Jamiyat4 days ago
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
-
Sport5 days ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
-
Jamiyat2 days ago
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
