Jamiyat
O‘zbekistonda uy hayvonlariga mas’uliyat bilan g‘amxo‘rlik qilish madaniyati rivojlanmoqda
O‘zbekistonda kundan kunga uy hayvonlariga bo‘lgan munosabat o‘zgarmoqda. Ular kam hollarda hovlida zanjirlangan holda, ko‘p hollarda esa xonadonlarda divan ustida dam olishadi. Bugun uy hayvoni turmush mushkullarini yechish uchun vosita emas, balki to‘la huquqli oilamiz a’zosidir. Shu bilan birga biz jonivorlarning sog‘lig‘i va uzoq umr ko‘rishi unga bo‘lgan e’tiborga va birinchi navbatda uning ovqatlanishiga bog‘liqligini anglashdek yangi mas’uliyatga ham ega bo‘lamiz.
Uy hayvoni egalari ularga stol ustidagi ovqatni tashlash o‘rniga ko‘proq balanslashtirilgan ovqatlanish tartibini tanlashmoqda. Ushbu ongli qarorga asoslangan trendni ishlab chiqaruvchilar ham faol qo‘llab-quvvatlashmoqda. Miratorg savdo belgisi bir necha yillardan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritar ekan, jonivorlar uchun mahsulotlar ishlab chiqarib, sifatli yemlarni nafaqat hamyonbop qilmoqda, balki uysiz hayvonlarga yordam berish, ularga g‘amxo‘rlik qilish har bir insonning qo‘lidan kelishini targ‘ib qilmoqda.
Fermadan uy hayvoni idishigacha: sifatni kafolatlovchi maydon
Miratorgning yem ishlab chiqarish tarixi – katta tizimning rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Holdingning tashkil topganiga 30 yildan oshdi va bugungi kunda u 22 turdagi butun bir tuzilmani – urug‘larni yetishtirish va chorvachilikdan tortib, qayta ishlash va logistikagacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi. Ushbu keng maydonda 55 turdagi mahsulot qamrab olingan bo‘lib, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlariga mahsulotlar yetkazib beriladi va bu sifatni ishlab chiqarishning har bir bosqichida nazorat qilish imkonini yaratadi.
Kimyoviy moddalar o‘rniga haqiqiy ovqat: turli xil talablar uchun yaratilgan xilma-xillik
Miratorgning insonlar uchun mahsulot ishlab chiqarish jarayonidan hayvon yemlarini tayyorlashda qo‘llaydigan asosiy tamoyili – maksimal darajadagi tabiiylik va yuqori sifatdir. Degidratsiyalangan go‘sht o‘rniga tabiiy go‘sht qo‘shish innovatsion texnologiyasi evaziga ushbu yemlar sun’iy to‘yim kuchaytiruvchilari va aromatizatorlarsiz go‘shtning o‘ziga xos ta’mini saqlab qoladi. Bunday yechim nafaqat hayvonlarni tabiiy oziqlanishga qaytaradi, balki ularning ishtahasini ochadi: jonivor o‘z porsiyasini ishtiyoq bilan yeydi va zarur oziq moddalarini to‘liq o‘zlashtiradi. Retseptlar asosini mol go‘shti, buzoq go‘shti, tovuq filesi, qo‘y go‘shti va baliq tashkil qiladi.
O‘zbekiston sharoitida mahsulot sifati masalasi doimgidek dolzarb bo‘lgan bir paytda, bu yondashuv iste’molchilarning e’tiborini tortmoqda. Yetakchi mahalliy distribyutor Balton Trading Asia bilan hamkorlik tufayli bu yemlar respublika bo‘ylab keng tarqalgan. Ushbu savdo belgisi assortimentida 150 dan ortiq mahsulot mavjud bo‘lib, ular FEDIAF va FSSC 22000 xalqaro standartlariga to‘liq mos keladi va uy hayvonlarining turli ehtiyojlarini hisobga oladi.
Masalan, Meat qatori kundalik oziqlanish uchun eng yaxshi tanlov bo‘lib, sterilizatsiya qilingan hayvonlarga ham mos tushadi. Extra Meat qatori esa yuqori oqsil va vitaminlar miqdori bilan ajralib turadi va ovqat hazm qilish tizimi sezuvchan bo‘lgan hayvonlar uchun yaratilgan. Shuningdek, Expert nomli veterinariya qatorini ham alohida ta’kidlash lozim — bu mahsulotlar ovqat hazm qilish, buyrak, jigar kasalliklari yoki allergiyaga moyilligi bo‘lgan hayvonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun nutritsiologlar tomonidan ishlab chiqilgan.
Biznes doirasidagi g‘amxo‘rlikdan tashqari
Ushbu falsafa korxona amaliyotida ham o‘z ifodasini topadi. Miratorg ijtimoiy mas’ul korxona sifatida hayvonlarga nisbatan mas’uliyatli munosabat madaniyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu maqsadda brend hayvonlar uchun boshpanalar yaratishda yordam beradi, uysiz mushuklar uchun uychalar tayyorlaydi va ularni himoya qilishga qaratilgan loyihalarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Shu tariqa, ushbu savdo belgisining O‘zbekistonda ommalashuvi shundan dalolat beradiki, bugun uy hayvoni egalari uchun muhim narsa – shunchaki jonivorni to‘ydirish emas, balki uning sog‘lom oziqlanishini ta’minlash, tarkibi tushunarli, ishonch uyg‘otuvchi yemlarni tanlashdir. Bu esa, shubhasiz, hayvonlarga bo‘lgan yangi g‘amxo‘rlik madaniyati shakllanayotganidan darak beradi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati yagona tizimga birlashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi.
Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.
Mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Amalda profilaktika inspektoriga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.
Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi.
Profilaktika inspektori huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.
Profilaktika inspektoriga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, ayrim moddalar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 ga, masofaviy ta’lim kvotasini 300 gacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Andijonda Malibu piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan uch kishini urib ketdi
Andijon shahrida Malibu 2 haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan.
Andijon viloyati Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.
Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning «Yangi Bo‘ston» MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.
1997 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 rusumli avtomobilda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan.
Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.
YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.
Hozirda haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olinib, holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro reytingda pastladi
O‘zbekiston bolalar huquqlarini ta’minlash darajasini baholovchi xalqaro KidsRights Index 2026 reytingida 194 ta davlat orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rsatkichdir. 2025 yilda mamlakat 95-o‘rindan joy olgan edi.
Reyting BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlar o‘rtasida tuziladi. Davlatlar bolaning yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar uchun qulay muhit yaratish kabi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi natijani Qozog‘iston qayd etib, 24-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (97-o‘rin) joylashgan.
Jahon reytingida Lyuksemburg birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, yetakchilar qatoridan Islandiya, Monako, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, Avstriya va Tailand o‘rin olgan.
Rossiya reytingda 151-o‘rinni egallagan. AQSh esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagani uchun indeksga kiritilmagan.
Reytingning eng so‘nggi — 194-o‘rnini esa uchinchi yil ketma-ket Afg‘oniston egalladi.
Jamiyat
Elektr ta’minoti tizimida mansabdorlar pora bilan ushlandi
Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimida faoliyat yurituvchi ikki mansabdor shaxs pora olish bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan.
U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muhandis avval olgan 200 AQSh dollari va 1 mln 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSh dollari hamda 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari ham korrupsiya bilan bog‘liq holatda qo‘lga olindi.
U tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini viloyat filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan pul talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs xodimlar tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
O‘zbekiston importda mashina va transport uskunalariga eng ko‘p mablag‘ sarflagan
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulushni mashina va transport asbob-uskunalari egallagan. Mazkur toifadagi mahsulotlar importi 5,5 mlrd AQSh dollariga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga oshgan.
Shuningdek, sanoat tovarlari importi 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari hamda tirik hayvonlar 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz), xizmatlar esa 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz)ni tashkil etgan.
Mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,4 mlrd dollarga (+25,8 foiz) yetgan.
Bundan tashqari, turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz)ni tashkil qildi.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Sport5 days ago0:5. Bu nima edi? | JCh kundaligi
