Iqtisodiyot
O‘zbekistonda elektr olish uchun tabiiy gazdan foydalanish kamaymoqda
O‘zbekistonning oxirgi davrdagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
Jumladan, yanvar oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 14,8 foizga hamda chakana savdo aylanmasi 9,2 foizga, yangi tashkil etilgan yuridik shaxs maqomidagi korxona va tashkilotlar soni 19,1 foizga oshgan.
Natijada faoliyat ko‘rsatayotgan jami yuridik shaxslar soni 527 ming tani tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,3 foizga yoki qariyb 7,8 mingtaga oshdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘ta muhim tarkibiy qismi bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari ham ortib bormoqda. Masalan, bu yil yanvar oyida mazkur ko‘rsatkich 2024 yilning yanvar oyiga nisbatan 4,3 foizga o‘sdi va uning umumiy hajmi 55,8 trln so‘mga yetdi. Bunday natijaga erishishga sanoat tarkibida 79 foiz ulushga ega qayta ishlash sanoatining 5,2 foizga, 10 foiz ulushga ega tog‘-kon sanoatining 2,3 foizga oshganligi salmoqli ta’sir ko‘rsatdi.
Iqtisodiy hamkorlarimiz bo‘lgan Rossiya Federatsiyasida 2025 yilning yanvar oyida sanoat 2,3 foizga, Qozog‘istonda 2,3 foizga va Belorussiyada 2,9 foizga o‘sdi.
Xitoy Statistika byurosining bildirishicha, Xitoy sanoat korxonalarining PMI ko‘rsatkichi (Manafacturing Purchasing Managers Index – ishlab chiqarish sanoati menejerlari xarid qilish qobiliyati indeksi) 2025 yilning yanvarida 1 bandga pasayib (50,1 dan 49,1 ga) so‘nggi 5 oydagi eng past natijani qayd etgan. Bu ko‘rsatkich, o‘z navbatida sanoatdagi faollik kamayganligini bildiradi.
Turkiya sanoat korxonalarining PMI ko‘rsatkichi 2025 yilning yanvarida 1,1 bandga pasayib , 48 bandni tashkil etgan. Ushbu pasayish talabning pastligi va yangi buyurtmalarning keskin sekinlashuvi tufayli ishlab chiqarish sanoatidagi jiddiy pasayishni aks ettiradi.
Shu bilan bir qatorda, kichik tadbirkorlik sohasi ham juda katta sakrashga erishdi. Ya’ni mamlakatimizda kichik tadbirkorlik sub’yektlariga yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, xususan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash miqyoslarining tobora kengayib borayotganligi natijasida bu korxonalar tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmi 24 foizga o‘sdi.
Misollarga murojaat qilsak, birgina mebelchilik sanoatida kichik korxonalarning ulushi 38 foizdan 57 foizga yetdi va tarmoqning o‘sish sur’ati 16,7 foizni tashkil qildi. Uskunasozlikda ham kichik korxonalarning ulushi 53 foizdan 63 foizga yetdi yoki ishlab chiqarish sur’atlari 38,3 foizga oshdi.
Bozor iqtisodiyotining muhim vositasi bo‘lgan birja savdosi hajmlari tobora oshib bormoqda. Masalan, yanvar oyida birjada dizel yonilg‘isi savdosi 1,9 baravar, avtomobil benzini 1,4 baravar, mineral o‘g‘itlar 37,4 foiz, mis katodi 36 foiz, suyultirilgan gaz 18 foiz va va polipropilen 7,9 foizga oshdi.
O‘zbekiston mis qazib chiqarish va uni qayta ishlash bo‘yicha dunyoning eng yirik davlatlaridan biriga aylanib ulgurdi. Sohaga berilayotgan ulkan e’tibor natijasida mis xomashyosini qayta ishlash natijasida geofizik kabel ishlab chiqarish 16 foizga, maishiy kabellar 15 foizga, kuchlanish kabellari 8 foizga o‘sganligi ham shundan dalolat bermoqda.
Sanoat ishlab chiqarish hajmlari Namanganda 10,8 foiz, Xorazmda 10,7 foiz, Navoiyda 10,3 foiz, Toshkent shahrida 10,2 foiz, Buxoroda 5,2 foizga o‘sdi.
Sanoatda yuqori o‘sish natijalarini ko‘rsatayotgan hududlar sanoati respublika sanoatida ham yuqori ulushlarga ega. Xususan, Navoiyning ulushi 23,3 foiz, Toshkent shahri 18,2 foiz, Namangan 3,9 foiz hamda Buxoro 3,8 foizni tashkil etadi.
Sanoat zamonaviy texnika va ilg‘or texnologiya bilan ta’minlashning ahamiyati juda katta. Agar bu jarayon izchillik bilan davom ettirilmasa, mahsulotning sifati va narxi jahon talablaridan ortda qolib ketishi mumkin. Shuning uchun yanvar oyida sanoatning ayrim yirik korxonalarida, jumladan, Olmaliq KMK, JTL zavodi korxonalarida rejali texnik-texnologik ta’mirlash ishlari olib borildi.
O‘zbekiston sanoatining drayver sohalaridan biriga aylangan to‘qimachilik sohasida barqaror iqtisodiy o‘sish izchillik bilan davom etdirilmoqda. Masalan, yanvar oyida tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,6 foizga oshib, u salkam 6 trln so‘mni tashkil etdi.
Elektrotexnika yo‘nalishida 2024 yili ishga tushirilgan 4 ta yirik loyihada yanvar oyida 73 mlrd so‘mlik maishiy texnika, transformator, quyosh panellari, quyosh suv isitkichlari kabi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Sanoatda zamonaviy texnoparklarning salmog‘i tobora ortib bormoqda. Masalan, Chirchiq kimyo texnoparkida 19 ta korxona tomonidan yanvar oyida 27 mlrd so‘mlik yangi turdagi zamonaviy mahsulotlar, jumladan, korroziyaga qarshi ingibitor, ovoz kuchaytirish uskunalari, gemodializ uchun tibbiy buyumlar, beton uchun maxsus qo‘shimchalar, qishloq xo‘jaligi uchun mikrobiologik preparatlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
2024 yilning yanvar oyida mazkur 19 ta korxona tomonidan bor-yo‘g‘i 630 mln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan edi. Ularda ishlab chiqarish hajmlari bir yilda 43 baravarga oshgan.
Yanvar oyida 7,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bunda, shartli yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski energobloklar faoliyati cheklanib, davlat-xususiy sheriklik asosida ishlayotgan stansiyalarda ishlab chiqarish hajmi 1,6 baravarga o‘sdi.
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun 2025 yilning yanvar oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 100 mln kub m tabiiy gaz va qariyb 5 baravar kam mazut sarflandi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ustun darajada rivojlantirilmoqda. Ularda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 1,9 baravarga o‘sdi. “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida “yashil energetika”ning jami elektr energiyasi ishlab chiqarishidagi ulushi 2024 yil yanvar oyidagi 7 foizdan bu yil yanvar oyida 14 foizga yetdi.
Xizmatlar sohasi ustuvor ravishda rivojlantirilmoqda. Masalan, 2025 yilning yanvar oyida bozor xizmatlari hajmi 64,8 trln so‘mni tashkil etdi yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,4 foizga oshdi.
Hududlar kesimida yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahri (14,0 %), Samarqand (16,0 %) va Farg‘ona (12,4 %) viloyatlarida yuz berdi.
Aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishda xizmatlar sohasining o‘rni juda katta. Shuning uchun joylarda, ayniqsa, uzoq qishloqlarda xizmatlarning yangi turlarini tashkil etishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Natijada xizmatlar sohasida yanvar oyida 5,7 mingta yangi yuridik korxonalar tashkil etildi. Bultur yanvar oyida bu ko‘rsatkich 4,5 mingta edi.
Yanvar oyida xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning 68 foizi kichik tadbirkorlik sub’yektlari hissasiga to‘g‘ri keldi. 2024 yilning yanvar oyida bu ko‘rsatkich 60 foiz bo‘lib, bu yilgi yanvar oyida bu ulush 8 foizga oshishiga erishildi.
Ichki va tashqi transport kommunikatsiyalari rivoji va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Shu tufayli Xitoy-Yevropa yo‘nalishlari bo‘ylab harakatlanuvchi poyezdlar soni nainki oshib bormoqda, balki ularning xizmat ko‘rsatish sifati ham yaxshilanmoqda.
Bundan tashqari, 2025 yil yanvar oyida Xitoy-ShHT zonasida “Sindao-Altinko‘l-Toshkent” yangi tezkor yuk temir yo‘l yo‘nalishi ishga tushirildi.
Natijada xalqaro iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shu sabablar hamda jahon bozorida shakllangan qulay narx kon’yunkturasi hamda ichki iqtisodiy faollikning oshishi natijasida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 2025 yilning yanvar oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,1 foizga ortib, 4,5 mlrd dollarni tashkil qildi.
Odil Olimjonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
