Iqtisodiyot
O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 3 oyda 447,9 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy narxlarda 447,9 trillion so‘mni tashkil etdi.
YaIMning real o‘sish sur’ati 2025-yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizni ko‘rsatdi. Bu iqtisodiyotda barqaror dinamika saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 94,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Poytaxtda o‘sish sur’ati 13 foizga yetgani qayd etildi.
Navoiy viloyati 52,6 trillion so‘mlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda bo‘ldi. Bu hududda o‘sish sur’ati 6,1 foizni tashkil etdi.
Toshkent viloyatida YaHM 43,2 trillion so‘mga yetdi, o‘sish 7,6 foizni ko‘rsatdi. Samarqand viloyatida esa 27,6 trillion so‘mlik hajm va 9,6 foizlik o‘sish qayd etildi.
Farg‘ona viloyati 24,4 trillion so‘m (+10,4 foiz), Andijon viloyati 22,7 trillion so‘m (+8,6 foiz) va Qashqadaryo viloyati 19,5 trillion so‘m (+7,7 foiz) ko‘rsatkichlar bilan o‘rta guruhni shakllantirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida YaHM 12,5 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 12,9 foizga yetdi. Bu eng yuqori o‘sishlardan biri sifatida qayd etildi.
Xorazm viloyatida 14,3 trillion so‘m (+10,6 foiz), Surxondaryo viloyatida 13,4 trillion so‘m (+9,1 foiz), Jizzax viloyatida 11,1 trillion so‘m (+7,7 foiz) ko‘rsatkichlar qayd etildi. Sirdaryo viloyati esa 7,8 trillion so‘mlik hajm bilan ro‘yxatni yakunladi.
Iqtisodiyot
AQSh logistikasini O‘zbekistonda turib «zabt etgan» Sarvarjon Narimonov hikoyasi
Insonning shaxsiyati u erishgan raqamlar bilan emas, balki qiyinchilik lahzalarida qabul qilgan qarorlari va o‘sha qarorlar ortidagi qadriyatlari bilan o‘lchanadi. Bugungi globallashgan dunyoda ko‘pchilik muvaffaqiyatni tasodif yoki omad deb bilsada, Sarvarjon Narimonovning hayot yo‘li buning aksini – tizimli mehnat, sovuqqon hisob-kitob va eng muhimi, cheksiz mas’uliyat tuyg‘usi qanday natija berishini isbotlaydi. 12 yoshida Toshkent bozorlarida paket tarqatish bilan tadbirkorlikka qadam qo‘ygan bolakaydan bugungi kunda AQSh logistika bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan “David Franklin LLC” asoschisigacha bo‘lgan masofa – bu shunchaki yillar ketma-ketligi emas, balki tinimsiz o‘zini qayta kashf etish jarayonidir.
Chorsu bozori va “Rejasiz shijoat” saboqlari
Sarvarjonning biznes olamidagi ilk qadamlari o‘n ikki yoshida, ko‘pchilik tengdoshlari mahalla ko‘chasida o‘yin bilan band bo‘lgan bir paytda, poytaxtning eng gavjum nuqtalaridan biri – Chorsu bozorida boshlangan. Uning strategiyasi sodda, ammo o‘sha davr uchun kutilmagan edi: O‘rikzor atrofidagi zavodlardan polietilen paketlarni ulgurji narxda sotib olib, bozordagi rastalarga tarqatish. U ertalab paketlarni tarqatib chiqardi, oradan ikki soat o‘tgach esa pullarini yig‘ib olardi. Bu jarayon unga nafaqat ilk katta pulini – o‘sha davr kursi bilan salkam 100 dollarga teng foydani keltirdi, balki hayotidagi eng katta psixologik to‘siqlardan birini yengishga yordam berdi. Bolaligida magazinga kirib, mahsulot narxini so‘rashga uyaladigan bolakay onasining “bor, so‘ra, uyalma” degan qat’iy o‘gitlari ostida haqiqiy savdo maydonida shakllandi. O‘shanda u ilk bor “rejasiz shijoat”ning achchiq sabog‘ini ham oldi. Tezroq foyda ko‘rish istagi xavf-xatarlarni (risk) ko‘rishga to‘sqinlik qilar edi. Ammo aynan o‘sha paytdagi xatolar uni bugun har bir qadamini aniq metrikalar va raqamlarga tayanib tashlaydigan sovuqqon strategga aylantirdi. Biznes bu shunchaki ishtiyoq emas, balki birinchi navbatda hisob-kitob ekanligini Sarvarjon aynan o‘sha Chorsu rastalari orasida tushunib yetgan edi.
Avstraliya va strategik tavakkal: Nega Toshkent?
Sarvarjonning bilimga bo‘lgan chanqoqligi uni Turin politexnika universiteti orqali Avstraliyaning nufuzli La Trobe universitetiga yetakladi. Sidney – barqarorlik, farovonlik va tinch hayot timsoli. Chet elda o‘qiyotgan ko‘plab o‘zbek yoshlari uchun Avstraliyada qolish va u yerdagi tayyor tizimning bir bo‘lagiga aylanish eng katta orzu hisoblanadi. Biroq, Sarvarjonning ichidagi «never-stop» mentaliteti uni qulaylik zonasida uzoq ushlab tura olmasdi. Uning oldida ikkita yo‘l bor edi: yo Sidneyning qulay ofislaridan birida tayyor pirogdan bir bo‘lak yeb umrguzaronlik qilish, yoki O‘zbekistonga qaytib, o‘z pirogini noldan tayyorlash. U ikkinchi yo‘lni – strategik tavakkalni tanladi. Uning uchun vatanga qaytish hissiy qaror emas, balki uzoqni ko‘zlagan strategik qadam edi. U o‘z yurtida yangi standartlarni yaratishni, minglab ish o‘rinlarini shakllantirishni va o‘zbek yoshlarining intellektual salohiyatini global bozorga eksport qilishni maqsad qildi. Avstraliya unga dunyoqarash bergan bo‘lsa, O‘zbekiston unga o‘z imperiyasini qurish uchun ulkan imkoniyatlar maydonini taqdim etdi. Bu tanlov bugungi kunda 130 dan ortiq yoshlarning taqdirini o‘zgartirgan katta ofisning poydevori bo‘lib xizmat qildi.
AQSh logistikasi: «Minute-to-Minute» formatidagi hayot
Toshkentga qaytgach, Sarvarjonning AQSh logistika sohasiga kirib kelishi uning fikrlash tizimida haqiqiy inqilob yasadi. Ilk ofisga qadam qo‘yganda, u yerdagi monitorlar, naushniklar va tinimsiz muloqot jarayonidan hayratda qoldi. U logistikaning eng nozik va murakkab bo‘g‘ini R «Safety» (xavfsizlik va hujjatlar bilan ishlash) bo‘limida ish boshladi. Bu yerda xatolikka o‘rin yo‘q: AQShning MC/DOT qoidalarini mukammal bilmaslik yoki bitta noto‘g‘ri bosilgan tugma kompaniyaga minglab dollar zarar keltirishi mumkin edi. Aynan shu muhit Sarvarjonni «Minute-to-Minute» formatida ishlashga o‘rgatdi. Amerikada bir daqiqa – bu shunchaki vaqt emas, balki katta mablag‘ va obro‘ deganidir. U yerda qarorlar «taxminan» emas, balki aniq ma’lumotlar (data-driven) asosida qabul qilinadi. Sarvarjon O‘zbekistondagi o‘z biznesiga aynan shu mindsetni olib kirdi. Hozirda uning kompaniyasida har bir xodim o‘z ishini soniyalar va aniq KPI metrikalari asosida bajaradi, bu esa kompaniyaning global raqobatbardoshligini ta’minlaydi.
David Franklin LLC va «Ishonch» eksporti
O‘z biznesini – “David Franklin LLC”ni tashkil etish jarayoni Sarvarjon uchun navbatdagi katta imtihon bo‘ldi. Amerika fuqarosi bo‘lmagan shaxs uchun u yerda korxona ochish, advokatlar bilan til topishish va eng muhimi, okean ortidagi mijozlarning ishonchini qozonish juda murakkab kechdi. Ko‘pchilik logistika yoki call-center biznesini shunchaki arzon outsourcing deb ko‘radi. Sarvarjon uchun esa bu – Ishonch va Madaniyat eksporti. Uning prinsiplariga ko‘ra, mijozga shunchaki xizmat sotilmaydi, balki uning muammosini mijozning o‘zidan yaxshiroq tushunish va unga yechim berish san’ati sotiladi. U o‘zbek yoshlarining ingliz tilidagi fonetikasini (aksentsiz gapirish qobiliyatini) va mehnatsevarligini kashf etdi. Bugungi kunda uning jamoasi Amerikadagi qurilish kompaniyalari va yirik flot egalarining “virtual davomi”ga aylangan. Xodimlarning oylik maoshlari 700 dollardan boshlanib, natijaga qarab 10,000 dollargacha borishi – bu Sarvarjon yaratgan tizimning naqadar samarali ekanligidan dalolat beradi. U yoshlarga faqat pul topishni emas, balki Amerika ish madaniyatini va yuqori mas’uliyatni o‘rgatmoqda.
Radikal mas’uliyat: Aybdor emas, yechim qidirish falsafasi
Sarvarjon Narimonovning hayotidagi eng asosiy ichki prinsip – bu Radikal Mas’uliyatdir. Uning fikricha, qiyinchilik tug‘ilganda ko‘pchilik instinktiv ravishda aybdor qidirishga tushadi, ammo haqiqiy yetakchi yechim izlaydi. Logistikada kutilmagan fors-major holatlar ko‘p bo‘ladi: yuk kechikishi, haydovchining muammolari yoki qonuniy to‘siqlar. Bunday vaziyatda Sarvarjon hech qachon “bu bizga bog‘liq emas edi” degan bahonaga tayanmaydi. Uning qoidasi qat’iy: “Agar yechim bo‘lsa – uni topish shart, agar u yo‘q bo‘lsa – uni noldan yaratish shart”. Aynan shu qat’iyat uni har qanday bosim ostida ham olg‘a harakatlantiradi. U o‘zining «never-stop» mentalitetini ko‘r-ko‘rona harakat qilish deb emas, balki samaradorlikka asoslangan intilish deb biladi. Agar strategiya ish bermasa, u “devorni urishda” davom etmaydi. To‘xtaydi, tahlil qiladi va yangi eshikni qidiradi. U uchun to‘xtash – bu mag‘lubiyat emas, balki yo‘nalishni to‘g‘ri sozlab olish uchun berilgan imkoniyatdir.
Jamoa qurish va Ownership: 3 ta oltin sifat
Noldan jamoa qurishda Sarvarjonning o‘ziga xos filtri mavjud. U nomzodlarning faqatgina texnik bilimlariga emas, balki insoniy sifatlariga va qadriyatlariga ko‘proq e’tibor qaratadi. Birinchisi – Egalik hissi (Ownership). Xodim o‘z ishini «birovniki» deb emas, balki o‘zining shaxsiy loyihasidek qabul qilishi kerak. Ikkinchisi – Adaptivlik. Dunyo va biznes qoidalari tez o‘zgarmoqda, shuning uchun o‘zgarishlardan qo‘rqmaslik va yangi sharoitga tez moslashish hayot-mamot masalasidir. Uchinchisi – Shaffoflik. Sarvarjon uchun xatoni yashirishdan ko‘ra, uni ochiq tan olib, birgalikda yechim izlash muhimroq. Xatoni yashirmaydigan jamoa har qanday inqirozdan (bo‘rondan) eson-omon o‘ta oladi. U o‘z xodimlariga nafaqat rahbar, balki ularning salohiyatini ochib beruvchi murabbiy sifatida munosabatda bo‘ladi. Kompaniyada 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning shunchalik yuqori natija ko‘rsatishi – bu Sarvarjon tanlagan jamoa qurish falsafasining natijasidir.
Yoshlar uchun «Zina» darsi va muvaffaqiyat illyuziyasi
Bugungi kun yoshlari orasida muvaffaqiyatga tezroq, go‘yoki «lift» orqali erishish illyuziyasi juda kuchli. Ijtimoiy tarmoqlardagi “oson muvaffaqiyat” hikoyalari ko‘pchilikni chalg‘itmoqda. Sarvarjon bu masalada juda qat’iy: muvaffaqiyat – bu lift emas, bu har bir bosqichida o‘nlab «yo‘q» degan javoblarni eshitishni talab qiladigan murakkab zinadir. Agar kimdir hamma narsani noldan boshlamoqchi bo‘lsa, u birinchi navbatda o‘zining bardoshini tekshirib ko‘rishi kerak. Uning fikricha, bardosh – bu hatto eng yuqori iste’doddan ham muhimroq fazilatdir. Yiqilganda qayta turish, rad javobini eshitganda g‘azablanmasdan xulosa chiqarish qobiliyati haqiqiy tadbirkorni havaskordan ajratib turadi. O‘zbek yoshlariga qarata u shuni aytadiki: “Miyangizni sal filtr qilib oling, qayoqqa qarab ketayotganingizni aniqlang va harakatni to‘xtatmang”. O‘zbek yigitlaridek mehnatkash va kuchi ko‘p bolalar hech qayerda yo‘qligiga u 100 foiz ishonadi.
Qadriyatlar iyerarxiyasi: Nega pul oxirgi o‘rinda?
Suhbat davomida Sarvarjon o‘zining ichki qadriyatlar iyerarxiyasini ochiqladi: Erkinlik, Ta’sir va Pul. Bu ketma-ketlik uning dunyoqarashini to‘liq ochib beradi. Erkinlik unga yangi g‘oyalar yaratish va hech kimga bog‘liq bo‘lmagan holda qaror qabul qilish imkonini beradi. Ta’sir (Impact) – bu yaratilgan g‘oyani odamlar hayotiga tatbiq qilish, yangi ish o‘rinlari ochish va jamiyatga foyda keltirish demakdir. Pul esa – bu qilayotgan ishingizning sifati va ko‘lamini ko‘rsatib turuvchi o‘lchov, ya’ni natijadir. Sarvarjon uchun pul hech qachon maqsad bo‘lmagan, u har doim vosita bo‘lib kelgan. U o‘z boyligini cho‘ntagidagi raqamlar bilan emas, balki qancha insonning hayotini ijobiy tomonga o‘zgartira olgani va qancha yangi tizim yaratgani bilan o‘lchaydi. Aynan shu yondashuv uni ko‘plab “daromad ketidan quvuvchi” tadbirkorlardan ajratib turadi.
90 kunlik “Inqiroz rejasi” va aqlning kuchi
Sarvarjonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi uning gipotetik inqirozga bergan javobida yaqqol ko‘rinadi. Agar u bugun barcha resurslari, pullari va kontaktlaridan mahrum bo‘lsa, nima qiladi? Uning 90 kunlik rejasi aniq: dastlabki 30 kunni muammo qidirishga (bozor tahliliga) sarflaydi. Keyingi 30 kunda netvorking orqali shu muammoga yechim taklif qiladi va hamkorlar topadi. Oxirgi 30 kunda esa birinchi sotuvni amalga oshirib, tizimni qayta ishga tushiradi. Bu uning eng katta aktivi cho‘ntagidagi pul emas, balki miyasidagi tajriba va odamlar bilan aloqa o‘rnatish qobiliyati ekanligini ko‘rsatadi. Resurslar yo‘qolishi mumkin, ammo kishi o‘z ustida ishlash orqali orttirgan bilim va “Radikal Mas’uliyat” hissi hech qachon uni tark etmaydi. Bu ishonch – har qanday sharoitda ham noldan qad ko‘tarishning asosiy siri hisoblanadi.
Otasining e’tirofi: Eng yuksak mukofot
Barcha biznes yutuqlari, Avstraliya diplomi va erishilgan moliyaviy muvaffaqiyatlar orasida Sarvarjon uchun eng qadrli bir lahza bor. Bu yaqinda otasi bilan bo‘lgan samimiy suhbat. Otasining: “O‘g‘lim, senga ishonaman. Mustaqil yigit bo‘lding, buyog‘iga o‘zing bosgin”, degan so‘zlari u uchun barcha mukofotlardan ustun turdi. 12 yoshida paket sotish bilan boshlangan, Sidneydagi qiyinchiliklar va logistika sohasidagi og‘ir kunlar bilan davom etgan yo‘lning eng oliy cho‘qqisi aynan shu e’tirof edi. Bu nafaqat muvaffaqiyatli tadbirkorga, balki o‘z mas’uliyatini to‘liq anglagan va o‘z yo‘lini o‘zi chizgan farzandga berilgan eng yuksak bahodir.
To‘xtash – bu yo‘nalishni sozlashdir
Sarvarjon Narimonovning hikoyasi – bu o‘zgarishlardan qo‘rqmaslik, har qanday sharoitda ham yechim topish va o‘z vataningda turib dunyo bozorini zabt etish mumkinligining jonli isbotidir. U bizga shuni o‘rgatdiki, muvaffaqiyat – bu manzillar ketma-ketligi emas, balki har bir qadamdagi halollik, matonat va radikal mas’uliyatdir. Uning «Never-stop» mentaliteti – bu shunchaki shior emas, balki har bir soniyani mazmunli o‘tkazish va doimiy o‘sishga bo‘lgan ichki ehtiyojdir. Bugun u o‘z jamoasi bilan nafaqat logistika sohasida, balki o‘zbek yoshlarining yangi avlodini shakllantirishda ham o‘rnak bo‘lmoqda. Zero, Sarvarjon aytganidek, agar sizda maqsad aniq bo‘lsa, buyog‘iga faqat harakat va sabr kerak – qolgani esa natija sifatida o‘z-o‘zidan kelaveradi.
Asror MIRZO tayyorladi
Iqtisodiyot
BAA Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPeK va OPeK+) a’zoligidan chiqadi
Qaror 2026 yil 1 maydan kuchga kiradi va BAA iqtisodiyotining uzoq muddatli rivojlanishi istiqbollari bilan izohlandi.
Birlashgan Arab Amirliklari Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK) va OPeK+ alyansidan chiqishini rasman e’lon qildi. Qaror 2026 yil 1 maydan kuchga kiradi. Bu haqda WAM davlat axborot agentligi energetika vaziri Suhayl al-Mazruiyga tayanib xabar berdi.
BAA nega tark etyapti?
Rasmiy sabablar hali to‘liq oshkor etilmagan, biroq manbalar bu qarorni to‘planib qolgan noroziliklar bilan bog‘lamoqda:
– Neft qazib olish kvotalari bo‘yicha kelishmovchiliklar;
– Fors ko‘rfazi bo‘yicha hamkorlar tomonidan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmasligi;
– Mintaqaviy keskinlik oqibatlari, jumladan, Eron atrofidagi so‘nggi voqealar.
BAA – OPeK asoschilaridan biri (1967 yildan beri) va kuniga taxminan 3-3,5 million barrel neft qazib oladi. U uzoq vaqtdan beri qazib olishni oshirishda ko‘proq erkinlik istagini bildirgan. Mamlakat quvvatlarni oshirishga faol sarmoya kiritmoqda va yaqin yillarda kuniga 5-6 million barrelga chiqishni rejalashtirmoqda.
Bozor uchun oqibatlar
BAA qarori OPeK+ birligiga jiddiy zarba bo‘ladi. Bu quyidagilarga olib kelishi mumkin:
– Amirliklarning kvotadan tashqari qazib olish hajmining o‘sishi;
– Jahon neft narxlariga pasayish bosimi;
– Alyans ichidagi yangi muzokaralarga.
Saudiya Arabistoni va kartelning boshqa a’zolari allaqachon javob choralarini tayyorlamoqda. Tahlilchilar yaqin haftalarda neft bozorida o‘zgaruvchanlik kuchayishini bashorat qilmoqda.
Vazir Al-Mazruiy shunday dedi: «Biz ko‘p yillik hamkorlik uchun hamkorlarimizdan minnatdormiz, ammo BAA iqtisodiyotining uzoq muddatli rivojlanishi yo‘lida mustaqil qarorlar qabul qilish vaqti keldi».
Iqtisodiyot
Markaziy bank dollar kursi bo‘yicha ma’lumot berdi
Markaziy bank 2026-yil 29-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 43,76 so‘mga tushib, 12 029,20 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 111,54 so‘mga oshdi va 14 065,74 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 228,59 so‘m bo‘ldi (-131,48).
Rossiya rubli 160,26 so‘m etib belgilandi (-0,91).
Iqtisodiyot
Bond omborlariga brend kiyimlar va poyabzallar joylashtirilmaydi, nega?
O‘zbekistonda 1 iyuldan tashkil qilinadigan bond omborlari kiyim-kechak va poyabzal importiga ham taalluqli bo‘ladi. Bu tovarlar bond omborlaridan 3 foizlik boj to‘lovi asosida, faqat marketpleyslar orqali sotiladi. Ammo bu tartib global brendlar uchun amal qilmaydi.
Foto: Brandon Bell / Getty Images
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rasmiysi Komron Muhammadiyev Kun.uz bilan suhbatda buning bir nechta sabablarni keltirdi.
Yangi tartibda bond omborlari uchun ikkita ro‘yxat shakllantirilgan. Birinchi ro‘yxat elektronika mahsulotlarini o‘z ichiga oladi va ular 5 foizlik yagona bojxona boji bilan erkin sotilishi mumkin. Ikkinchi ro‘yxat esa kiyim-kechaklarga tegishli bo‘lib, 30 ta tovar pozitsiyasini qamrab oladi va aynan shu ro‘yxatdagi mahsulotlar uchun bond omborida global brendlar savdosiga cheklov qo‘yilgan.
Muhammadiyev bu qaror ichki chakana savdoni himoya qilish va bozordagi muvozanatni saqlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda global brendlar, ayniqsa, kiyim-kechak segmentida O‘zbekistonga rasmiy tarzda kirib kela boshlagan. Ularning o‘ziga xos talablari bor – savdo nuqtalaridan tortib, franshiza asosida ishlash tizimigacha. Bu brendlarning rasmiy kirib kelishi iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi: yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xizmatlar sifati oshadi”, – deydi u.
Rasmiyga ko‘ra, agar global brendlar bond omborlari orqali sotilishiga ruxsat berilsa, ularning mamlakatga rasmiy kirib kelishi qiyinlashadi.
“Agar biz ularga bond omborlari orqali savdo qilish imkonini bersak, ularning rasmiy kirib kelishi amrimahol bo‘lib qoladi. Shu sababli mazkur cheklov joriy etilgan”, – deya izoh berdi Muhammadiyev.
Shu bilan birga, u global brendlar taqiqlangani bilan sifatli kiyim-kechaklar savdosiga to‘siq yo‘qligini qayd etdi. Global brendlar ro‘yxatiga kirmaydigan, ammo sifatli kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning tovarlari bond omborlari orqali erkin kirib kelishi mumkin.
Muhammadiyev yana bir jihatga e’tibor qaratdi: global brendlar uchun allaqachon pasaytirilgan stavkalar amal qilmoqda.
“Prezident qarorlariga muvofiq, global brendlar uchun boj stavkalari pasaytirilgan. Hozirda ular uchun bojlar taxminan 5 foizdan 7,5 foizgacha belgilangan. Holbuki, boshqa kiyim-kechak mahsulotlari uchun o‘rtacha boj stavkasi 20 foiz atrofida”, – dedi u.
ILMA vakiliga ko‘ra, mazkur imtiyozlar global brendlarning O‘zbekistonga rasmiy kirib kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu esa o‘z navbatida iste’molchilar uchun qulaylik yaratadi.
“Avvallari fuqarolar chet elga chiqqanda vaqtining katta qismini aynan brend mahsulotlarni xarid qilishga sarflardi. Bugungi kunda esa bunday mahsulotlar bosqichma-bosqich ichki bozorda ham paydo bo‘lmoqda”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Prezident qaroriga ko‘ra, bond omborlarini tashkil etishga ikki yillik huquqiy eksperiment doirasida 2026 yil 1 iyuldan ruxsat beriladi. Bunda importyorlar muayyan tovarlarni bond omboriga joylashtirib, uni jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoji uchun faqat marketpleyslar orqali sotishi mumkin bo‘ladi.
Tovarlarning birinchi guruhiga smartfon va noutbuklar kiritilgan bo‘lib, ularning bond ombori orqali importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan to‘liq ozod etilgan va 5 foizlik yagona bojxona to‘lovi joriy etilgan.
Ikkinchi guruhga esa asosan xalqaro brendlar toifasiga kirmaydigan kiyim-kechak va poyabzallar kiritilgan bo‘lib, ular uchun QQS (hozirda 12 foiz) va 3 foizlik bojxona boji amal qiladi.
Iqtisodiyot
2,4 mlndan 24,3 mln so‘mgacha. O‘zbekistonda o‘rtacha oyliklar qancha?
2026 yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etdi. Eng katta oyliklar Toshkent shahri (11,7 mln so‘m) va Navoiyda (8,4 mln so‘m), eng kami esa Qashqadaryo (4,6 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,7 mln so‘m). Sohalar bo‘yicha eng baland o‘rtacha ish haqi sug‘urta sohasida (24,3 mln so‘m), eng kami esa maktabgacha ta’limda (2,4 mln so‘m).
2026 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (11 mln 684 ming), Navoiy (8 mln 453 ming) va Toshkent viloyatida (6 mln 169 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 665 ming), Surxondaryo (4 mln 724 ming) va Farg‘ona (5 mln 19 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Namangan (+19 foiz) viloyati, Toshkent shahri (+18,8 foiz) va Jizzax (+17,3 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi yana kattalasha boshlagan. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi tafovut 2,5 barobar bo‘lgan.
2020-2025 yillarda eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlardagi tafovutlar:
2020 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 96 foiz;
2021 yilda: (Toshkent/Surxondaryo). Farq – 2,03 barobar;
2022 yilda: (Toshkent/Samarqand). Farq – 2,17 barobar;
2023 yilda: (Toshkent/Namangan). Farq – 2,25 barobar;
2024 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 2,5 barobar;
2025 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 2,4 barobar.
Hisobot yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:
bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 18 mln 595 ming so‘m;
axborot va aloqa sohasida – 16 mln 525 ming so‘m;
tashish va saqlash sohasida – 10 mln 709 ming so‘m;
sanoat sohasida – 8 mln 25 ming so‘m;
savdo sohasida – 7 mln 213 ming so‘m;
qurilish sohasida – 6 mln 496 ming so‘m;
san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 5 mln 357 ming so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 5 mln 331 ming so‘m;
ta’lim sohasida – 4 mln 615 ming so‘m;
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 4 mln 111 ming so‘m.
O‘qituvchi va shifokorlar ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (mos ravishda 32,4 foiz va 39,8 foizga) pastligicha qolyapti.
Qaysi soha vakillarining maoshi yuqori o‘sgan?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 8 yilda sohalar kesimida maoshi eng yuqori o‘sgan soha vakillari ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar qiluvchilar bo‘lgan. Ularning maoshi bu davrda qariyb 7 barobarga oshgan.
Shuningdek moliyaviy va sug‘urta (5 barobar) hamda axborot aloqa (4,8 barobar) yo‘nalishidagi xodimlarning maoshi ham yuqori o‘sganlar qatorida.
Manba: Mirkonomika kanali
«Taqqoslash uchun bu davrda sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining maoshi 2,9 barobarga, ta’lim sohasi vakillarining maoshi esa 2,7 barobarga oshgan. Ta’kidlash kerakki, ta’lim sohasi vakillarining maoshi faqatgina ishlab chiqarish sanoati vakillari maoshidan yuqoriroq o‘sgan bo‘lib qolgan barcha soha vakillariga nisbatan nisbiy kambag‘allashgan», deya yozadi iqtisodchi.
Umuman olganda, tarmoqlar kesimida olinsa o‘rtacha oylik ish haqi maktabgacha ta’limda 2 mln 485 ming so‘mni, majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari qayta sug‘urtalash faoliyatida 24 mln 313 ming so‘mni tashkil etgan.
-
Dunyodan5 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan5 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
-
Siyosat4 days ago
Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
-
Siyosat4 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Iqtisodiyot5 days agoBirinchi chorakda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshdi
-
Dunyodan3 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Jamiyat2 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
