Iqtisodiyot
2,4 mlndan 24,3 mln so‘mgacha. O‘zbekistonda o‘rtacha oyliklar qancha?
2026 yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etdi. Eng katta oyliklar Toshkent shahri (11,7 mln so‘m) va Navoiyda (8,4 mln so‘m), eng kami esa Qashqadaryo (4,6 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,7 mln so‘m). Sohalar bo‘yicha eng baland o‘rtacha ish haqi sug‘urta sohasida (24,3 mln so‘m), eng kami esa maktabgacha ta’limda (2,4 mln so‘m).
2026 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 825 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (11 mln 684 ming), Navoiy (8 mln 453 ming) va Toshkent viloyatida (6 mln 169 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 665 ming), Surxondaryo (4 mln 724 ming) va Farg‘ona (5 mln 19 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Namangan (+19 foiz) viloyati, Toshkent shahri (+18,8 foiz) va Jizzax (+17,3 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi yana kattalasha boshlagan. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi tafovut 2,5 barobar bo‘lgan.
2020-2025 yillarda eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlardagi tafovutlar:
2020 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 96 foiz;
2021 yilda: (Toshkent/Surxondaryo). Farq – 2,03 barobar;
2022 yilda: (Toshkent/Samarqand). Farq – 2,17 barobar;
2023 yilda: (Toshkent/Namangan). Farq – 2,25 barobar;
2024 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 2,5 barobar;
2025 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 2,4 barobar.
Hisobot yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:
bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 18 mln 595 ming so‘m;
axborot va aloqa sohasida – 16 mln 525 ming so‘m;
tashish va saqlash sohasida – 10 mln 709 ming so‘m;
sanoat sohasida – 8 mln 25 ming so‘m;
savdo sohasida – 7 mln 213 ming so‘m;
qurilish sohasida – 6 mln 496 ming so‘m;
san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 5 mln 357 ming so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 5 mln 331 ming so‘m;
ta’lim sohasida – 4 mln 615 ming so‘m;
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 4 mln 111 ming so‘m.
O‘qituvchi va shifokorlar ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (mos ravishda 32,4 foiz va 39,8 foizga) pastligicha qolyapti.
Qaysi soha vakillarining maoshi yuqori o‘sgan?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 8 yilda sohalar kesimida maoshi eng yuqori o‘sgan soha vakillari ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar qiluvchilar bo‘lgan. Ularning maoshi bu davrda qariyb 7 barobarga oshgan.
Shuningdek moliyaviy va sug‘urta (5 barobar) hamda axborot aloqa (4,8 barobar) yo‘nalishidagi xodimlarning maoshi ham yuqori o‘sganlar qatorida.
Manba: Mirkonomika kanali
«Taqqoslash uchun bu davrda sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining maoshi 2,9 barobarga, ta’lim sohasi vakillarining maoshi esa 2,7 barobarga oshgan. Ta’kidlash kerakki, ta’lim sohasi vakillarining maoshi faqatgina ishlab chiqarish sanoati vakillari maoshidan yuqoriroq o‘sgan bo‘lib qolgan barcha soha vakillariga nisbatan nisbiy kambag‘allashgan», deya yozadi iqtisodchi.
Umuman olganda, tarmoqlar kesimida olinsa o‘rtacha oylik ish haqi maktabgacha ta’limda 2 mln 485 ming so‘mni, majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari qayta sug‘urtalash faoliyatida 24 mln 313 ming so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
