Iqtisodiyot
O‘zbekiston Xalqaro metrik konvensiyaga qo‘shilmoqchi. Bu nima beradi?
Bu konvensiyaga a’zo bo‘lish orqali O‘zbekiston eksport-importdagi uskunalar va tovarlarning o‘lchovlari dunyo bo‘yicha tan olinishi, bu orqali Jahon savdo tashkilotiga kirishdagi texnik to‘siqlarni kamaytirishni maqsad qilgan. Tashkilotga to‘la a’zolik badali yiliga 60,6 ming dollarni tashkil etadi va O‘zbekistonning hozirgi qisman a’zolik maqomidan ko‘ra ko‘proq huquqlar beradi.
Metr o‘lchov birligining rasmiy marmar etaloni. Parij, Vandom maydoni / Foto: Shutterstock
Bugun, 2 avgust kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Xalqaro metrik konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqidagi qonun ma’qullandi.
Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati Kun.uz’ga batafsil ma’lumot berdi.
Bu konvensiya – butun dunyodagi o‘lchov birliklarini (masalan: metr, kilogramm, gradus va hokazo) yagona tizimga solish, ularni xalqaro darajada tan olish va texnik hamkorlikni rivojlantirish uchun tuzilgan xalqaro shartnoma.
O‘zbekiston bu tizimga to‘liq a’zo bo‘lmoqchi, chunki eksport va importda ishlatiladigan uskunalar va mahsulotlar o‘lchovlari dunyo bo‘yicha tan olinishi va bu orqali Jahon savdo tashkilotiga kirishdagi texnik to‘siqlarni kamaytirishni maqsad qilgan.
2018 yildan buyon O‘zbekiston bu konvensiyaga “uyushgan a’zo” sifatida qisman qo‘shilgan. Shuningdek, o‘lchovlar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Endi O‘zbekiston unga to‘liq a’zo bo‘lmoqchi. Bu esa quyidagi imkoniyatlarni beradi:
xalqaro yig‘ilishlarda ovoz berish;
ilmiy loyihalarda ishtirok etish;
maxsus uskunalarni arzonroq narxda olish;
mutaxassislarni xalqaro laboratoriyalarda o‘qitish;
o‘z uskunalarini xalqaro darajada bepul kalibrlatish (ya’ni aniq ishlashini tekshirtirish).
Konvensiyaga a’zo bo‘lgan davlat tomonidan eksport qilinadigan mahsulotlar sifatli va aniq o‘lchovli deb tan olinadi, xalqaro standartlarga mos ish yuritish imkoniyati paydo bo‘ladi, import qilinadigan texnikalarni sertifikatlash osonlashadi va unda ishlab chiqarilgan asbob-uskunalar jahon bozorida tan olinadi.
Konvensiyaga qo‘shilgandan so‘ng 2025 yil uchun byuroning a’zolik badalini to‘lash uchun davlat budjetidan 60 648 yevro miqdorida mablag‘ ajratilishi, shuningdek, 2026 yildan boshlab davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda byuroning yillik a’zolik badalini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar nazarda tutilgan.
2018 yil 13 iyuldan uyushgan a’zo sifatida yiliga 13,4 ming dollar to‘lanmoqda.
Xalqaro metrik konvensiya haqida
XMK – 1875 yildan beri faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilot. Hozirda 64 ta davlat to‘liq a’zo. Bosh ofisi Fransiyada joylashgan. Har 6 yilda Parijda yig‘ilish o‘tkaziladi.
Mazkur konvensiya 14 ta moddadan iborat bo‘lib, dastlab 1875 yil 20 may kuni qabul qilingan. Shundan so‘ng 1907, 1913 va 1921 yillarda konvensiya matniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi Fransiyaning Sevr shahrida joylashgan. Byuroning asosiy boshqaruv organi – Xalqaro qo‘mita bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida konsultativ qo‘mitalarni boshqaradi va bosh konferensiyalarni o‘tkazadi. Shuningdek, byuro direktori va uning yordamchilarini ham lavozimga tayinlaydi.