Connect with us

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Qozog‘iston temiryo‘l tashuvlari hajmini oshiradi

Published

on


Yuk tashuv hajmini oshirish maqsadida Sariog‘och, Oazis va Sirdaryo tutashuv punktlarida infratuzilmani rivojlantirish hamda Darboza-Maqtaral uchastkasini yakunlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Foto: Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligi

O‘zbekiston va Qozog‘iston transport vazirlari temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Qayd etilishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi temir yo‘l tashuvlari hajmi 32,3 million tonnani tashkil etdi, bu 2024 yildagiga nisbatan 16 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

Yuk tashuv hajmini oshirish maqsadida Sariog‘och, Oazis va Sirdaryo tutashuv punktlarida infratuzilmani rivojlantirish hamda Darboza—Maqtaral uchastkasini yakunlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Ma’lumot uchun, hozirda Sariog‘och orqali sutkasiga 36 juft poyezd qatnamoqda va buni 40 tagacha oshirish rejalashtirilgan. Oazis orqali 2 juft poyezd harakatlanmoqda, uni 10gacha oshirish ko‘zda tutilgan. Darboza—Maqtaral uchastkasi ochilgach, Sirdaryo orqali 10 juftgacha poyezd qatnaydi. 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov

Published

on


Jizzaxda qurilishi boshlangan kam quvvatli AES loyihasi Rossiya korxonalariga 2 trln rublgacha buyurtmalar olib keladi, deya e’lon qildi “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov. Bu mablag‘ – RF Markaziy bankining bugungi kursi bo‘yicha 24,7 mlrd dollarga teng. Bir yil oldin “O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev kichik AESni qurish xarajati 2 mlrd dollardan oshmasligiga va’da bergandi.

Kotlovan qazish ishlariga start berish marosimi. 2025 yil 9 oktyabr

24 mart kuni “O‘zatom” va “Rosatom” rahbarlari O‘zbekistonda birinchi AESni qurish bo‘yicha yana ikkita hujjatni imzoladi. Forish tumanidagi qurilish maydonchasida yadroviy energoblok uchun beton quyish ishlari boshlandi.

Shu paytga qadar obektning moliyaviy tomonlari: loyiha-smeta parametrlari, stansiyalarning umumiy qiymati, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining tannarxi qancha bo‘lishi va qanday narxda sotib olinishi ochiqlanmagan.

Mavhumlik hukm surayotgan bir sharoitda, “O‘zbekistondagi faqat kichik atom elektr stansiyasi loyihasi Rossiya korxonalariga 2 trln rublgacha buyurtmalar olib keladi”, deya e’lon qildi “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov. Bu – Rossiya Markaziy bankining bugungi kursi bo‘yicha 24,7 mlrd dollarga teng mablag‘.

“Rossiyada ham xususiy, ham davlat ishtirokidagi kompaniyalar orasida juda ko‘p hamkorlarimiz bor. Faqat kichik blokni qurishning o‘zi 2 trln rublgacha buyurtmalar hajmini beradi. Bandlik nuqtayi nazaridan esa bu Rossiyaning o‘zida to‘g‘ridan to‘g‘ri taxminan 1000 ta ish o‘rni yaratilishini anglatadi.


Makroiqtisodiy samaradorlik nuqtayi nazaridan qaralganda, qurilish bosqichida kiritilgan har bir rubl uchun Rossiyaga 1,5 rublgacha, AESdan foydalanish bosqichida esa 2 rublgacha qaytishni ta’minlaydi”, – dedi “Rosatom” rahbari TASS muxbirining savoliga javoban.

Spot xabariga ko‘ra, “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev ham AES bo‘yicha ayrim jihatlarni ochiqlagan. Uning aytishicha, “Rosatom” bilan stansiyani qurish uchun zarur materiallarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ishlarning joriy bosqichida mahalliylashtirish darajasi kamida 29−30 foizni tashkil etishi kutilyapti.


Aleksey Lixachyov va Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuvni imzolash marosimida. 2026 yil 24 mart, Toshkent / Foto: “O‘zatom” matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Azim Ahmadxo‘jayev 2025 yil mart oyidagi intervyusida kam quvvatli AESni qurish xarajati 2 mlrd dollardan oshmasligini aytgandi.

So‘nggi kelishuvlarga ko‘ra, Forish tumanidagi tanlangan maydonda RITM-200N reaktorlariga ega ikkita kam quvvatli energoblok (har biri 55 MVt) hamda VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita an’anaviy yirik energoblok barpo etiladi.

AES xronologiyasi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish haqidagi gap-so‘zlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu masala 2017 yildan beri turli davralarda muhokama qilib kelinadi. Xususan, 2018 yilning iyul oyida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlikda har biri 1200 megavatt quvvatga ega 2 ta energoblokdan iborat AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. O‘shanda stansiyani 2028 yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.

2018 yilning oktyabr oyida AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududi tanlab olingani haqida xabarlar chiqdi. Bir muddat o‘tib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistondagi AES loyihasining taxminiy qiymati 11 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qildi. “O‘zatom” loyiha to‘liq ishga tushirilsa, mamlakat energiya ehtiyojlarining 15 foizgacha qismini qoplashini aytgandi.

2020-2023 yillar oralig‘ida pandemiya va Ukrainadagi urush fonida O‘zbekistonda AES qurish masalasi faol kun tartibida bo‘lmadi. 2024 yilga kelib, bu mavzu yana muzokara stoliga qo‘yildi. Jizzaxdagi tanlangan maydonda 6 reaktorli quvvati 330 megavattlik kam quvvatli stansiya qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Keyinchalik, loyiha konfiguratsiyasi yana o‘zgardi: kichik stansiya quvvati 330 MW emas, 110 MW bo‘ladigan bo‘ldi. Ya’ni AESda har biri 55 MW quvvat beradigan oltita emas, ikkita RITM-200N reaktorlari bo‘ladi.


Kam quvvatli AESning energobloki joylashadigan obektga beton quyish ishlari boshlandi. 2026 yil 24 mart, Jizzax viloyati Forish tumani / Foto: “O‘zatom” matbuot xizmati

Bundan tashqari, 2025 yilning yozida katta AES masalasida ham bitim imzolandi. Kelishuv kichik stansiyaning yonida an’anaviy o‘lchamdagi katta AESni ham qurishni ko‘zda tutadi. Katta stansiya har biri 1 GW quvvatli ikkita energoblokni o‘z ichiga oladi, energiya bloklari sonini keyinchalik to‘rttaga oshirish imkoniyati nazarda tutiladi.

Shu tariqa, Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladigan bo‘lyapti. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta maydonga joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi. Integratsiyalashgan AESlar majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Qariyb 525 gektarlik maydondagi qo‘shma stansiya 2035 yilga borib yiliga 15,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu – O‘zbekistondagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng, deya ma’lum qilgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi

Published

on


Bu markaz bo‘yicha maxsus huquqiy rejim joriy etilib, Angliya va Uelsning umumiy huquqi tatbiq qilinadi. Markaz rezidentlari kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valuta operatsiyalari, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi va soddalashtirilgan viza tartibi kabi afzalliklardan bahramand bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonga investitsiyalarni oshirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi. 25 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bu boradagi taqdimot bilan tanishdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.

Nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz rezidentlari uchun keg imkoniyatlar yaratiladi:


kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi;
erkin valuta operatsiyalari;
zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash;
imtiyozli soliq rejimi;
soddalashtirilgan viza tartibi shular jumlasidan.

Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Enterprise Uzbekistan uchun maxsus huquqiy rejim 2100 yilgacha amal qiladi

Published

on


“Enterprise Uzbekistan” brendi ostida tashkil etilayotgan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun 2100 yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgan. Bu haqda 25 mart kuni prezident huzuridagi taqdimotda ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi.

Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Sojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.

Taqdimotda 2030 yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Davlat budjetining 2025 yildagi ijrosi. Defitsit – 39 trln so‘mgacha qisqardi

Published

on


2025 yil O‘zbekistonda budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 2,1 foiz yoki 39,4 trln so‘mni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng katta defitsit Farg‘ona (4,39 trln so‘m), Andijon (3,56 trln so‘m) va Samarqand (3,41 trln so‘m) viloyatlarida qayd etildi. O‘tgan yilda ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 352 mlrd so‘mni tashkil qildi. Shundan 11,3 trln so‘m energetika sohasiga, qariyb 4 trln so‘m maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildagi budjet ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.

O‘tgan yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 502,6 trln so‘mni, xarajatlari esa 541,7 trln so‘mni tashkil etgan. Taqchillik – 39,1 trln so‘m yoki YaIMning 2,1 foizi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 47,8 trln so‘m yoki YaIMning 3,3 foizini tashkil etgandi.

Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 359,8 trln so‘mni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 31,1 foizga o‘sgan. Daromadlar quyidagi manbalar hisobidan shakllangan:


bevosita soliqlar – 117,8 trln so‘m (+29,8 foiz);
bilvosita soliqlar – 109,6 trln so‘m (+24,1 foiz);
resurs va mol-mulk solig‘i – 44,9 trln so‘m (+23,6 foiz);
boshqa daromadlar – 87,5 trln so‘m.

2025 yilda davlat budjeti xarajatlari 383,9 trln so‘m bo‘lgan va 2024 yilga nisbatan 23,5 foizga oshgan. Budjet xarajatlarining iqtisodiy tasnif bo‘yicha ijrosi quyidagicha bo‘lgan:


ish haqi – 149,6 trln so‘m (+14,9 foiz);
ijtimoiy soliqlar – 29,8 trln so‘m (+16,9 foiz);
kapital qo‘yilmalar – 15,6 trln so‘m (+7,5 foiz);
boshqa xarajatlar – 188,9 trln so‘m (+34,3 foiz).

Mahalliy budjetlarning moliyaviy holati

O‘tgan yilda mahalliy budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farq 37,9 trln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng katta defitsit Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Viloyatda mahalliy budjet daromadlari 6,38 trln so‘m, xarajatlari esa 10,77 trln so‘m, defitsit 4,39 trln so‘m bo‘lgan. Keyingi eng yomon ko‘rsatkichlar Andijon (taqchillik – 3,56 trln so‘m) va Samarqand (taqchillik – 3,41 trln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.

Eng kam taqchillik Navoiy (1,03 trln so‘m) va Toshkent (1,35 trln so‘m) viloyatlarida shakllangan.

Subsidiyalar

2025 yilda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 352 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Yanvar-dekabr oylarida subsidiya mablag‘larining katta qismi quyidagi maqsadlarda ishlatilgan:


ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o‘rtasidagi zararlarni qoplash – 7 trln so‘m (-26,5 foiz);
maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiyalar – 3,95 trln so‘m (+18,2 foiz);
issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash xarajatlari – 3,5 trln so‘m (-9,7 foiz);
aholi tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar – 2,13 trln so‘m (+51,3 foiz);
avtobusda yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 1,6 trln so‘m (+35,8 foiz);
metroda yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 852 mlrd so‘m (+25,9 foiz);
geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratilgan subsidiyalar – 820 mlrd so‘m (-4 foiz);
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJning mablag‘larini shakllantirish – 523 mlrd so‘m (-21,4 foiz);
Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar – 500 mlrd so‘m (-23,7 foiz);
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga subsidiyalar – 420 mlrd so‘m (-40,7 foiz).

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,8 trln so‘m miqdorida, xarajatlar esa 567,7 trln so‘m etib tasdiqlangandi. Budjet taqchilligi 60,1 trln so‘mni tashkil etishi va YaIMning 3 foizidan oshmasligi kutilyapti.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Toshkent viloyatida chiqindi tariflari oshadi

Published

on


Viloyat deputatlari jismoniy shaxslar uchun tarifni 38,6 foizga, yuridik shaxslar uchun esa 12 foizga oshirishga qaror berdi. Yangi tariflar 1 apreldan kuchga kiradi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi 24 mart kungi qarori bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmati uchun yangi tariflarni tasdiqladi.

Tariflar jismoniy shaxslar uchun 38,6 foizga, yuridik shaxslar uchun 12 foizga ko‘tariladi. Yangi tarif 1 apreldan kuchga kirishi belgilandi.


Amaldagi tarif – aholi xonadonlari uchun kishi boshiga oyiga 7000 so‘m (QQS bilan 7840 so‘m). 1 apreldan e’tiboran tarif 9700 so‘m (QQS bilan 10 864 so‘m)ni tashkil etadi.
Yuridik shaxslar uchun esa 1 m3 chiqindini olib ketish xizmati amalda 74 000 so‘m (QQS bilan 82 880 so‘m). Bu tarif 1 apreldan boshlab 82 880 so‘m (QQS bilan 86 890 so‘m)ni tashkil etadi.

Mazkur tariflar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda quyidagi sanitar tozalash korxonalariga taalluqli:

“Zero Waster” MChJ, “Zangiota Obodon” MChJ, “Angren Bunyod Fayz” MChJ, “Rahnamo Servis” MChJ, “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MChJ, “Toshkent viloyati Toza hudud” DM.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.