Jamiyat
O‘zbekiston turizmining tarixiy rekordni yangilashi Prezident islohotlari samarasidir
O‘zbekiston tarixida xorijlik sayyohlar oqimi bo‘yicha rekord natija qayd etildi, ya’ni joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida mamlakatga 8,6 mln nafardan ortiq turist tashrif buyurdi.
Aprel oyidan buyon esa xorijiy sayyohlarning har oylik ko‘rsatkichi barqaror ravishda 1 mln nafardan ortmoqda. Ushbu tarixiy natija shubhasiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasini rivojlantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlash va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan oqilona siyosatlari mevasidir.
O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida yuqori saviyada ishtirok etmoqda, 20 ga yaqin davlatda road-show va taqdimotlar tashkil qilinmoqda. Samarqandda “UN-Tourism” ofisi ochildi, Xalqaro turizm akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga doimiy ravishda subsidiya ajratilmoqda. Bu islohotlarning samarasi o‘laroq, turistlar soni oshishi bilan bir qatorda ularning O‘zbekistonda qolish muddati ham uzaygani quvonarli holat.
Qolaversa, ilgari yurtimizga aksariyat yoshi ulug‘ sayyohlar kelgan bo‘lsa, endilikda bu boradagi ko‘rsatkich yoshariyib borayotganini alohida ta’kidlash joiz.
Shu o‘rinda uzoq xorij — Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerikadan kelayotgan turistlar oqimining sezilarli darajada o‘sganini alohida ta’kidlash lozim. Bu jahon sayyohlik xaritasida O‘zbekistonning kundan-kunga tanilib borayotganini va eng sayohatbop yo‘nalishlardan biriga aylanib borayotganligini ko‘rsatadi.
Turistlarning ko‘payishi, tabiiyki, sohadan tushayotgan daromadning oshishiga olib keladi. Bu esa o‘z o‘rnida milliy iqtisodiyotning o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. Ilgari turistlar faqatgina muayyan davrda kelishi kuzatilgan bo‘lsa, bugunga kelib, sohadagi islohotlar va yaratilayotgan sharoitlar natijasida turistik mavsum tushunchasi yo‘qolib bormoqda, ya’ni yil davomida turistlar soni barqaror saqlanib qolmoqda.
Viza rejimini soddalashtirish hamda raqamlashtirish xizmatlarini takomillashtirish borasidagi islohotlar tufayli O‘zbekiston dunyoning eng mehmondo‘st mamlakatlaridan biri sifatida e’tirof etila boshlandi. 90 dan ortiq davlatga vizasiz rejim va elektron vizaning joriy etilishi, mamlakatga kirish-chiqish talablarining yengillashuvi, zamonaviy mehmonxona va transport infratuzilmasining rivojlanishi sayyohlar sonining ishonchli o‘sishi uchun asos yaratdi. Bu o‘z-o‘zidan qo‘shimcha ish o‘rinlarini talab qilgani bois mahalliy aholining daromadli ish bilan ta’minlanish darajasi oshib borayotganini alohida e’tirof etish joiz. Prezidentimizning pirovard maqsadi ham shu aslida, ya’ni mahalliy aholi uchun yangi ish joylarini yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash va bu orqali xalqimizning turmush farovonligini oshirish.
Turizm qo‘mitasining Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tarkibida faoliyat yuritishi barqaror va ekologik mas’uliyatli turizmni rivojlantirish tamoyillarini joriy qilish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bunday yondashuv turizmni rivojlantirishda mamlakatning tabiiy va madaniy boyliklarini asrashga bo‘lgan e’tiborni kuchaytiradi. Zero barqaror tabiatsiz hech bir sohani, jumladan, turizmni ham rivojlantirib bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhitning ifloslanishi kabi muammolar har qanday sohani rivojlantirishda bu omillarni inobatga olish zarurligini va O‘zbekistonda bu borada to‘g‘ri yo‘l tanlanganini ko‘rsatmoqda.
Ekologiya vazirligi Davlat rahbari tomonidan turistik xizmatlar sifatini oshirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biri sifatidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan vazifalarini sidqidildan amalga oshirishda hamda turizmni tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirishda davom etadi.
Jamiyat
Davomli yo‘tal saraton alomati bo‘lishi mumkinligi aytildi
Davomli yo‘tal saraton kasalligi alomati bo‘lishi mumkin.
Buyuk Britaniya Milliy Sog‘liqni Saqlash Xizmati uch hafta yoki undan ko‘proq davom etadigan yo‘tal saraton kasalligining alomati bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb xabar beradi Mirror gazetasi.
“Bu davrda davom etadigan yo‘tal o‘limga olib keladigan kasallik tufayli kelib chiqishi mumkin”, deb yozadi Mirror gazetasi. Nashr har yili 33 000 dan ortiq britaniyaliklar ushbu kasallikdan vafot etishini ta’kidladi.
Gazetaning ta’kidlashicha, yo‘tal ko‘pincha COVID-19 yoki oddiy shamollash kabi ko‘plab kasalliklarga xos bo‘lgan zararsiz alomatdir, ammo u o‘limga olib keladigan kasallikning alomati ham bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Zoyir Mirzayevga yordamchi tayinlandi
Zoyir Mirzayevga yordamchi tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Toshkent viloyati hokimining 2025-yil 6-noyabrdagi qarori bilan Rasulov Dilshod Ozodovich Toshkent viloyati hokimning mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi etib tayinlandi.
Dilshod Rasulov mutaxassisligi bo‘yicha moliyachi-iqtisodchi, siyosatshunos.
Tayinlovga qadar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Toshkentda issiq suvdagi zang holatlari tekshiriladi
Veolia Energy agar issiq suv sifati tashqi tarmoqlardagi nosozliklar bilan bog‘liq ekani tasdiqlansa, belgilangan tartibda to‘lovlarni qayta hisoblash masalasi ko‘rib chiqilishi haqida xabar berdi.
Sun’iy intellekt chizgan surat
Veolia Energy Tashkent kompaniyasi issiq suv rangining vaqtincha o‘zgarishi bilan bog‘liq murojaatlar bo‘yicha issiqlik tarmoqlari va tugunlari holatini tekshirish ishlarini davom ettirmoqda.
Qayd qilinishicha, fuqarolarning shu mazmundagi barcha murojaatlari ro‘yxatga olinadi va boshqaruv kompaniyalari, MJTK va bevosita boshqaruv vakillari bilan birgalikda uylar texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
«Agar issiq suv sifati tashqi tarmoqlardagi nosozliklar bilan bog‘liq ekani tasdiqlansa, belgilangan tartibda to‘lovlarni qayta hisoblash masalasi ko‘rib chiqiladi. Qayta hisob-kitob uchun asos bo‘lib, kompaniya vakili va iste’molchi tomonidan birgalikda tuzilgan, aniqlangan og‘ishlarning xarakteri va davomiyligini qayd etgan dalolatnomalar xizmat qiladi. Ushbu dalolatnomalar imzolangach, ular tuman bo‘limiga topshiriladi va shu asosda hisob-kitoblar belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqiladi», deyiladi xabarda.
Poytaxtning qator tumanlarida issiq suv ta’minotida zangli suv kelishi avval ham aniqlangan edi. Veolia buni isitish mavsumiga tayyorgarlik bilan izohlab, murojaat qilgan iste’molchilar bilan dalolatnoma asosida qayta hisob-kitob etilishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Ehtiyot bo‘ling: xavfli radiatorlar!
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xavfli radiatorlardan ogohlantirdi.
Inspeksiyaning Surxondaryo va Samarqand viloyatlari bo‘limlari tomonidan nazorat xaridlari o‘tkazildi. Natijada Xitoyda ishlab chiqarilgan TDS va Valencia nomli isitish radiatorlari amaldagi standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklar:
• Suv bosimiga bardosh bera olmaslik;
• Xonani yetarlicha isitmaslik;
• Suv bosimi oshganda suv toshishi xavfi mavjud.
Bu kabi nuqsonlar o‘rnatilgan radiatorlardan foydalanish vaqtida xavfsizlikni jiddiy xavf ostiga qo‘yadi Jumladan, uy va mol-mulkka zarar yetkazishi, elektr tarmoqlarida qisqa tutashuvga olib kelishi, hatto yong‘in xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Toshkent viloyatida salkam 2,5 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik fosh etildi
Toshkent viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan savdo do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchasi aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.X.” MChJ rahbari X.R. savdo do‘konida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Yangiyo‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Sh.T. Zangiota tumani, “Keng-kichik” MFY hududidagi savdo do‘koni va umumiy ovqatlanish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi gaz va elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 1 mlrd so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Qashqadaryoda aholiga mo‘ljallangan gazni pullagan rahbar ushlangandi.
-
Jamiyat4 days agoIsitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam puli berilishi boshlandi
-
Jamiyat4 days agoBekobodda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarish sexi aniqlandi
-
Iqtisodiyot3 days agoPokiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy operatsiyalar yo‘lga qo‘yiladi
-
Dunyodan5 days agoMeksikadagi fojiali olovda 22 kishi halok bo’ldi
-
Sport2 days agoDevid Bekhem ritsar unvonini oldi
-
Dunyodan2 days agoBritaniyaning eng boy odami 85 yoshida vafot etadi
-
Iqtisodiyot1 day agoO‘zbekiston sentabrda dunyoda oltin sotgan yagona davlat bo‘ldi
-
Dunyodan2 days agoDik Cheyining o’limi milliy yo’qotish, deydi Jorj V. Bush
