Connect with us

Jamiyat

O‘zbekiston tajribasi xalqaro darajada e’tirof topmoqda

Published

on


2025-yilning 1-dekabr kuni  poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berilgan edi.

Bugun, 3 dekabr kuni haftalik doirasida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi Milliy ma’ruza taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Mahallalar uyushmasi va Milliy media birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.

Yangi O‘zbekiston rivojlanishi bosqichida ilk bor  tayyorlangan ushbu ma’ruza mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning  chuqur tahlili sifatida e’tirof etildi.

Milliy ma’ruzaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda demokratik islohotlar natijasida shakllangan fuqarolik jamiyatining bugungi qiyofasini xolis baholash, erishilgan yutuqlar, zamonaviy chaqiriqlar va istiqboldagi strategik yo‘nalishlarni belgilashdan iborat.

Milliy ma’ruzada fuqarolik jamiyati institutlari (FJI)ning rivojlanish dinamikasi va tendensiyalari, ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan huquqiy va institutsional sharoitlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtiroki kabi muhim masalalar tahlil qilingan.

Tadbirda har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan mazkur haftalik FJI faoliyatini rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va ushbu yo‘nalishdagi islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni vazifasini o‘tayotgani e’tirof etildi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sohasida butunlay yangi bosqich boshlanishiga asos bo‘ldi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya FJI maqomini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib, unda ilk bor “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan maxsus XIII bob kiritilishi tarixiy voqelik bo‘ldi.

Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari tizimi aniq tasniflanib, ularga jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (mahalla) hamda ommaviy axborot vositalari kiritildi.

Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga solishga yo‘naltirilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda. Jumladan, 2021 yil “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, Konsepsiya sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi, mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgiladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini islohotlarga keng jalb qilish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish maqsadi belgilandi.

Yana bir muhim o‘zgarish. 2024 yil 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan sohada muhim institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi.

Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti, subsidiya va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha bosqichlarni qamrab oluvchi va inson omilini keskin kamaytiruvchi yagona elektron platforma ishga tushirildi.

2025 yilda fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ jalb qilindi.

Shuningdek, O‘zNNTMA raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqi berildi.

Ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash natijasida bugun O‘zbekistonda 9 627 ta NNT, 9 008 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 2 490 ta ommaviy axborot vositalari hamda 3 000 ga yaqin turli jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Ularda 150 mingdan ortiq shaxslar mehnat qilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi tajribasi va qadriyatlari xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekistonning “mahalla tizimi”ni isloh qilish bo‘yicha noyob tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida “Mahalla — ijtimoiy boshqaruvning samarali modeli” sifatida e’tirof etilib, Markaziy Osiyo va boshqa rivojlanayotgan davlatlar tomonidan namuna sifatida o‘rganilmoqda.

Ta’kidlash zarurki, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izlanish va harakatlar davom etmoqda. Erishilgan natijalar keyingi maqsadlarning muqaddimasiga aylanmoqda.

Buni bugun bo‘lib o‘tgan davra suhbati misolida ham ko‘rish mumkin. Unda ishtirokchilar fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari hamkorligini mustahkamlash, NNTlar  faoliyatiga oid axborot ta’minotini kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish kabi masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Shuningdek, NNTlarning ijtimoiy innovatsiyalar va grant menejmentidagi raqobatbardoshligini, jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga oid qator takliflar ilgari surildi.

Davra suhbatida ishtirok etgan Belgiyalik mutaxassis, “Diplomatic World” institutining loyihalar direktori Alberto Turkstra qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati sohasidagi ildam odimlar, islohotlar amalda o‘z samarasini yaqqol namoyon etayotganini ta’kidladi.

–  O‘zbekiston bu yo‘lda YeI va boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgandi, ammo uni ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olmadi. Islohotlar milliy davlatchilik an’analari, mentalitet va mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib moslashtirilgani ularning hayotiyligini ta’minladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Bryusselda imzolagan hujjatlarida ham fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, jamoatchilik ishtiroki va institutsional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi vazifalarni o‘z ichiga olgan. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikka ochiqligi va demokratik islohotlarga sadoqatini tasdiqlaydi, – dedi Alberto Turkstra.

Qizg‘in munozaralarga boy bo‘lgan davra suhbati misolida, fuqarolik jamiyati haftaligi – yangi tashabbus va loyihalar taqdimotlari uchun ochiq maydon vazifasini o‘tamoqda deb aytish mumkin. Ushbu maydon yangi g‘oyalarga, hamkorlik rishtalariga, innovatsion loyihalarning ishga tushishiga xizmat qimoqda.

Davra suhbati yakunida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” to‘g‘risidagi Milliy ma’ruzaning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha aniq taklif va xulosalari keng jamoatchilikka yetkazilishi qayd etildi.

Abdumutallib O‘KTAMOV, jurnalist.

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Xatirchida 6 oylik o‘g‘lining og‘ziga paypoq tiqib o‘ldirgan ota 15 yilga qamaldi

Published

on


Ota chaqalog‘i yig‘lagani uchun uni urgan va ovozi chiqmasin, deya og‘ziga paypoq tiqib qo‘ygan. Oqibatda bola nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. Ushbu bolaga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik haqida jamoatchilikni Kun.uz o‘z manbalariga tayanib xabardor qilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudida farzandini o‘ldirgan otaga hukm o‘qildi. Kun.uz mazkur hukm bilan tanishdi.

Hukmda yozilishicha, 2026 yil 9 yanvar kuni 1993 yilda tug‘ilgan F.N. dam olish maqsadida xonasiga kirganida 6 oylik o‘g‘li yig‘lab, xarxasha qilib unga xalal berganidan jahli chiqqan. Shunda u yaqinlarining ko‘z o‘ngida bolaning og‘ziga paypoq tiqib, bir necha marta ikki qo‘lidan ushlab siltab qo‘yib yuborishi oqibatida bolaning boshi divan yog‘ochiga tekkan va sog‘ligi yomonlashib klinik o‘lim qayd etiladi.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasida chaqaloqning o‘limi miya qattiq va yumshoq pardalari ostiga va miyachaga qizil qora qon quyilishi, miya va o‘pkalar shishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligidan kelib chiqqanligi aytilgan.

F.N. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni) va “j” (o‘ta shafqatsizlik bilan) bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 9 yanvar kungi ushbu qiynoq va zo‘ravonlik haqida jamoatchilikni Kun.uz o‘z manbalariga tayanib xabardor qilgandi. Jumladan, yig‘lagani uchun ota o‘zining 6 oylik o‘g‘il bola chaqalog‘iga tan jarohati yetkazgan va uning og‘ziga paypoq tiqqan. Shundan so‘ng chaqaloqning ahvoli og‘irlashib, ko‘kara boshlagan.

Chaqaloq onasi tomonidan zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qarama bola 14 yanvar kuni soat 11:30 lar atrofida shifoxonada vafot etgan.

Dastlab holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Malayziyaga sayohatga borgan uch o‘zbekistonlik “aybsiz aybdor” bo‘lib o‘limga hukm qilingandi

Published

on


Bundan 10–11 yil avval Malayziyada giyohvandlik moddalari bilan ushlangan o‘zbekistonliklar osib o‘ldirish jazosiga hukm qilingan. Ular o‘zlari tanimagan odamlarga tegishli giyohvand moddalarni olib kirgani uchun qo‘lgan olingan. E’tiborlisi ular jomadonlariga giyohvand modda yashirilganidan bexabar bo‘lgan. Bu haqda sobiq DXX xodimi o‘z xotiralari bilan bo‘lishgan.

Iste’fodagi DXX xodimi O‘ktam Suvonov Xavfsizlik YouTube kanaliga bergan intervyusida aytishicha, bundan 10-11 yil avval o‘zbekistonlik 2 ayol va 1 erkak sayohat maqsadida Malayziyaga borishadi. Ular o‘zlari tanimagan odamlarga tegishli giyohvand moddalarni olib kirishgani uchun qo‘lga olingan. E’tiborlisi ular jomadonlariga giyohvand modda yashirilganidan bexabar bo‘lgan. Suvonov xizmat faoliyati davomida mazkur ishga oydinlik kiritish maqsadida Malayziyaga borib, o‘lim jazosiga hukm qilingan o‘zbekistonliklar bilan uchrashuv tafsilotlarini shunday xotirlaydi:

“Bir o‘rmon ichida joylashgan qamoqxonaga bordim. Juda ayanchli, ayollar qamoqxonasi. Kameraga kirib, o‘lim jazosiga hukm qilingan o‘zimizning fuqarolarni kutdim. Eshik ochilib, bir onaxonni olib kelishdi: 56 yoshda, qo‘l-oyog‘ida kishanlar, boshi egilgan. Kiyim ham allambalo rangda. Olib kelganlar o‘zlarining tilida “to‘g‘ri qara” dedi. Ayol meni ko‘rdi-yu, ikki ko‘zidan duv yosh oqdi. “Mening hayotimda oxirgi ko‘rayotgan vatandosh o‘zbek siz bo‘lsangiz kerak.

O‘sha ayollardan birining qizi xorijlik fuqaroga erga tekkan, ma’lum vaqt o‘tgandan keyin onasini Malayziyada tekinga dam olib ketishga taklif qilyapti. Onasi qo‘shnisini oladi, bu qo‘shni 54 yoshli, bir umr 25 yoshdagi nogiron qiziga qarab o‘tayotgan ayol edi. Uni olishgan, yana bir tanish yigitni olib uchovi xursand bo‘lib Toshkentga kelishgan. Uchib ketish oldidan aeroportda ularning oldiga bir notanish yigit kelib uchta bo‘sh chemodan bergan, “shu chemodanga narsalaringizni joylaysizlar, uchib ketasizlar” degan. Ular nima bo‘layotganiga tushunmay chemodanni olib narsalarini joylab, samolyotga kechikib borishgan va o‘tib ketishgan. Kuala-Lumpurda tushgandan keyin ularni hech kim kutib olmagan.

Aeroport xavfsizlik xizmati tekshiruvida ularning chemodanidan har biridan 4 kilogrammdan sintetik giyohvand modda (metamfetamin tabletkasi) chiqadi. So‘roqda ular buni kimdan olganini, kim olib kelib berganini ham ayta olishmagan va aybsiz aybdorga aylanishgan.

Ikkinchi ayol bilan gaplashganimda shunchalik ezilganmanki, tasavvur qiling u ayol 25 yil davomida uyda o‘tirib nogiron bolasini tarbiyalab-o‘stirgan. “Yuring, bir dam olib, havo almashtirib kelasiz, muammolaringizni sal unutasiz”, deb olib ketilib, o‘limga olib boryapti. Xayoliga ham kelmagan narsa”.

Sobiq DXX xodimi intervyu davomida mazkur safarni tashkil etgan shaxslarni, jumladan, onasini Malayziyaga taklif qilgan qiz ortida kim turganini aniqlashga harakat qilganini, biroq buning uddasidan chiqa olmaganini aytdi. Ayni paytda bu 3 nafar o‘zbekning keyingi taqdiri noma’lumligicha qolgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chirchiqda kanalga tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi

Published

on


Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari tomonidan tezkorlik bilan qutqarildi. Jabrlanuvchiga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifokorlarga topshirildi.

26 iyun kuni soat 09:50 atrofida Chirchiq shahrining Do‘stlik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalida suv oqimida oqib ketayotgan fuqaro aniqlandi.

Dastlab uni Kamolot GES xodimlari payqab qolgan. Ular zudlik bilan holat haqida Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.

Xabardan so‘ng qutqaruvchilar qisqa vaqt ichida voqea joyiga yetib kelib, suvga sho‘ng‘igan holda fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Jabrlanuvchiga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u keyinchalik shifokorlar nazoratiga topshirilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda uning ahvoli yaxshi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ehtiyotsizligi sababli kanalga tushib ketgan. U suzishni bilmagani uchun kuchli suv oqimida oqib ketgan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati fuqarolarni suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

34 yilda 9 yoshga o‘sish: o‘zbekistonliklar uzoqroq umr ko‘rmoqda

Published

on


O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi izchil o‘sib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ushbu ko‘rsatkich 75,4 yoshga yetgan bo‘lib, bu 1991 yilga nisbatan 9 yoshga ko‘pdir.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan. Xususan, 1991 yilda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66,4 yoshni tashkil etgan. Shu tariqa, so‘nggi 34 yil ichida mazkur ko‘rsatkich 9 yoshga oshgan.

Yillar kesimidagi dinamikaga nazar tashlansa, 1995 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 69,1 yosh, 2000 yilda 70,8 yosh, 2005 yilda 71,8 yosh, 2010 yilda 73 yosh, 2015 yilda 73,6 yoshni tashkil etgan.

2020 yilda bu ko‘rsatkich 73,4 yoshgacha biroz pasaygan bo‘lsa-da, keyingi yillarda yana o‘sish kuzatildi. Jumladan, 2024 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshga, 2025 yilda esa 75,4 yoshga yetgan.

Mutaxassislar bunday o‘sishga sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, tibbiy xizmatlar qamrovining kengayishi, profilaktika choralarining kuchaytirilishi hamda aholining turmush sifati yaxshilanib borayotgani kabi omillar ta’sir ko‘rsatganini qayd etadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yunusobodda hojatxonaga tushib ketgan bola qutqarildi

Published

on


Toshkent shahrining Yunusobod tumanida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan 5 yoshli qizaloq Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan tezkorlik bilan qutqarildi. Bolaga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi, hozirda uning ahvoli yaxshi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 25 iyun kuni soat 17:33 da Yunusobod tumanidagi Obiravon ko‘chasida joylashgan xususiy uylardan birida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan qizaloq ehtiyotsizlik va nazoratdan chetda qolgani oqibatida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan.

Xabar kelib tushgach, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qutqaruv ishlarini boshlagan. Qutqaruvchilardan biri hojatxona chuquriga tushib, bolani xavfsiz tarzda yuqoriga olib chiqqan.

Shifokorlar tomonidan qizaloqqa voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng u yaqinlariga topshirilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda bolaning sog‘lig‘i qoniqarli.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ota-onalarga farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik, ayniqsa hovlilardagi quduq, hojatxona va boshqa xavfli joylar atrofida bolalar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish zarurligini eslatdi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.