Sport
O‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, Niderlandiyaga mag‘lub bo‘ldi
O‘zbekiston milliy jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Niderlandiyaga qarshi maydonga tushib, 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
32-daqiqada hakam mezbonlar foydasiga penalti belgiladi va Kodi Gakpo imkoniyatdan unumli foydalanib, hisobni ochdi.
87-daqiqada esa Gus Til qizil kartochka olib, maydonni tark etdi va niderlandiyaliklar o‘yinning so‘nggi daqiqalarini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan O‘zbekiston bosimni kuchaytirdi va buning natijasida 90+2-daqiqada Igor Sergeyev hisobni tenglashtirdi.
O‘yinga qo‘shib berilgan so‘nggi daqiqalarda Niderlandiya yana bir penalti ishlab oldi. To‘p oldiga kelgan Kodi Gakpo ikkinchi bor aniq zarba berib, Niderlandiyaga g‘alaba keltirdi.
Bundan oldin Fabio Kannavaro shogirdlari Kanada milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.
Niderlandiya – O‘zbekiston 2:1
Gollar: Gakpo 32 (pen.), 90+8 (pen.) – Sergeyev 90+2.
Chetlatish: Til 87 (Niderlandiya).
Sport
O‘zbekiston va Niderlandiya milliy jamoalari bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazadi
8 iyun kuni Nyu-Yorkdagi (AQSh) Icahn Stadium o‘yingohida Niderlandiya va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasida tarixiy o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu 2026 yilgi jahon chempionati oldidan Ronald Kuman va Fabio Kannavaro shogirdlari uchun so‘nggi jiddiy sinovdir.
Niderlandiya bosh murabbiyi Ronald Kuman so‘zlariga ko‘ra, jamoalar bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Birinchisi – rasmiy o‘rtoqlik o‘yini (45 daqiqadan iborat 2 ta to‘liq bo‘lim). Ikkinchisi — norasmiy (yopiq), birinchisidan so‘ng darhol boshlanadi, 35 daqiqadan iborat ikki taym formatida. Unda zaxiradagilar va o‘yin vaqtiga muhtoj bo‘lganlar o‘ynaydi.
«Biz hammaga o‘yin vaqti bermoqchimiz. Birinchi o‘yin asosan boshlang‘ich tarkib bilan, ikkinchisi esa qolganlar uchun. Shuning uchun ikki marta o‘ynaymiz», dedi Kuman.
Niderlandiya va O‘zbekiston shu paytgacha biror marta o‘zaro to‘qnash kelmagan. O‘yin yopiq eshiklar ortida (tomoshabinlarsiz) o‘tkaziladi, ammo televideniye va onlayn tarzda jonli efirda namoyish etiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanadi. Ikkinchi o‘yin efirga uzatilmaydi.
AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanib, 19 iyulda yakunlanadi. Turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida Kolumbiya (18 iyun, Toshkent vaqti bilan soat 7:00), Portugaliya (23 iyun, 22:00) va Kongo DR (28 iyun, 4:30) bilan o‘ynaydi.
Sport
Peres «Real»ga Joze Mourino bosh murabbiy bo‘lishini e’lon qildi
Saylovda g‘alaba qozongan Florentino Peres portugaliyalik mutaxassisning Madrid klubiga qaytishini aytdi.
Madridning «Real» klubi prezidenti saylovida g‘olib chiqqan Florentino Peres jamoaga Joze Mourino bosh murabbiy etib tayinlanishini e’lon qildi.
Ispaniya klubining 2030 yilgacha bo‘lgan prezidenti lavozimiga qayta saylangan Peres portugaliyalik mutaxassisning Madrid jamoasiga qaytganidan mamnunligini bildirdi.
Saylov natijalari e’lon qilingach, 79 yoshli Peres shunday dedi: «Men bu yerga «Real»ni himoya qilish uchun keldim. Biz «Real»ning chempionlikni qo‘lga kiritishda davom etishi uchun ishlaymiz. Biz dunyodagi eng yaxshi stadion – «Santyago Bernabeu» bilan faxrlanamiz. Biz dunyodagi eng yaxshi futbolchilarimiz borligidan va dunyodagi eng yaxshi murabbiylardan biri, haqiqiy madridlik Joze Mourino qaytib kelayotganidan faxrlanamiz. Shubhalanmang: men prezident bo‘lganimda, «Real» o‘z a’zolarining klubi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», dedi u.
Klub bayonotida aytilishicha, Peres umumiy yig‘ilishda 21741 (65 foiz) ovoz olib, prezident etib saylangan. Uning raqibi Enrike Rikelme 11814 ta ovoz (35 foiz) to‘pladi.
Mourino 2010 yildan 2013 yilgacha «Real»da ishlagan. Uning qo‘l ostida jamoa Ispaniya chempionati, kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, madridliklar birorta ham sovrinni qo‘lga kiritolmadi.
Sport
Peres «Real» prezidentligi uchun saylovda g‘alaba qozondi
U endi kamida 2030 yilgacha klub rahbarligida qolishi mumkin. 79 yoshli funksioner yozda klubga Joze Mourinio, Konate va Dumfrisni olib kelish masalasini hal qilgan. Shuningdek, «Real» saylovdan keyin superyulduz futbolchi uchun 150 million yevrolik taklif berishini va’da qilgan.
79 yoshli funksioner Florentino Peres Madridning «Real» klubi prezidenti lavozimi uchun saylovda g‘alaba qozondi. Klub rasmiy a’zolari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida uning nomzodini 21 ming 741 kishi (65 foiz) qo‘llab-quvvatlagan.
Ispaniya grandi prezidentligi uchun ikkinchi nomzod bo‘lgan tadbirkor Enrike Rikelme esa 11 814 kishi ovozini (35 foiz) qo‘lga kiritgan.
Shu tariqa, Peres qatorasiga sakkizinchi bor klub prezidentligi lavozimini egalladi – u klubni kamida 2030 yilga qadar boshqarishi mumkin.
Saylov natijalaridan keyin u raqibiga ovoz bergan saylovchilarga murojaat qildi.
«Biz «Real»ga bo‘lgan ehtirosimiz bilan yakdil bo‘lishimiz lozim. Menga ovoz bermaganlarga yuzlanmoqchiman: «Sizning barcha xavotirlaringiz bilan hisoblashish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman!» – deya Peresning so‘zlarini keltirgan klub rasmiy sayti.
Peres saylovoldi kampaniyasi davrida klub bosh murabbiyligiga Joze Mourinioni olib kelishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, lavozimga qayta saylangan prezident «Liverpul»dan Ibraima Konate, «Inter»dan Denzel Dumfris transferini hal qilib qo‘ygan. Yaqin vaqtlar ichida esa klub Yevropaning nomdor klublaridan birining yulduzli futbolchisi uchun 150 million yevrolik taklif bilan chiqishi kutilmoqda.
Sport
Rolan Garros–2026: Zverev tarixiy g‘alabaga erishdi
Rolan Garros–2026 erkaklar o‘rtasidagi finalda germaniyalik tennischi Aleksandr Zverev uzoq kutilgan ilk “Katta dubulg‘a” chempionligini qo‘lga kiritdi. Parijdagi hal qiluvchi bahsda u italiyalik Flavio Kobollini besh setlik dramatik uchrashuvda mag‘lub etib, faoliyatidagi eng yirik g‘alabaga erishdi.
Parijdagi mashhur Roland-Garros 2026 turnirining erkaklar yakkalik bahsi finali tennis muxlislariga haqiqiy triller taqdim etdi. Germaniyalik Aleksandr Zverev italiyalik Flavio Kobollini 6:1, 4:6, 6:4, 6:7(5), 6:1 hisobida mag‘lub etib, o‘z faoliyatidagi ilk «Katta dubulg‘a» sovrinini qo‘lga kiritdi. Uchrashuv 4 soatdan ortiq davom etdi.
29 yoshli Zverev uchun bu g‘alaba alohida ahamiyatga ega. U avvalgi yirik turnirlar finallarida bir necha bor omadsizlikka uchragan edi, ammo bu safar hal qiluvchi pallada ruhiy barqarorlik va tajribasini namoyish qildi.
Finalda ilk bor qatnashgan Kobolli ham yuqori darajadagi o‘yini bilan e’tibor qozondi. Italiyalik tennischi to‘rtinchi setni tay-breykda yutib, intrigani saqlab qoldi, ammo hal qiluvchi beshinchi setda Zverev ustunligini namoyon etdi.
Mazkur muvaffaqiyat bilan Zverev Fransiya Ochiq chempionatida g‘olib chiqqan kam sonli nemis tennischilari qatoridan joy oldi va ko‘p yillik intilishlaridan keyin o‘zini tennis elitasidagi haqiqiy chempion sifatida namoyon qildi.
Final natijasi:
Alexander Zverev – Flavio Cobolli 3:2 (6:1, 4:6, 6:4, 6:7(5), 6:1).
Sport
Kristian Eriksen Daniya – Ukraina uchrashuvi vaqtida hushidan ketdi. O‘yin to‘xtatildi
2021 yil iyunida Daniya va Finlandiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida ham Eriksenning yuragi to‘xtab qolgandi. O‘shandan buyon 34 yoshli futbolchi kardiostimulyator bilan o‘ynab kelmoqda.
Daniya va Ukraina milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvining 65-daqiqasida daniyalik yarim himoyachi ko‘ksini ushlab maydonga yiqildi va shifoxonaga olib ketildi.
Ushbu holatdan so‘ng jamoalar uchrashuvni davom ettirmaslikka qaror qildi.
O‘yin to‘xtatilgan paytda Daniya 2:1 hisobida oldinda borayotgan edi.
Daniya futbol ittifoqi Kristian Eriksen hushiga kelganini ma’lum qildi.
“Kristian Eriksen hushida va o‘zini yaxshi his qilmoqda”, — deyiladi bayonotda.
2021 yil iyunida Yevropa chempionati doirasidagi Daniya va Finlandiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida ham Eriksenning yuragi to‘xtab qolgandi. O‘shandan buyon 34 yoshli futbolchi kardiostimulyator bilan o‘ynab kelmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Siyosat4 days ago
Saida Mirziyoyeva YeXHT bosh kotibi bilan uchrashdi
-
Jamiyat5 days agoYo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi
-
Iqtisodiyot4 days agoYeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
-
Siyosat4 days ago
Saida Mirziyoyeva MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazish va yadro loyihasini ishga tushirish uchun Sankt-Peterburgga keldi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
-
Siyosat4 days ago
Davlat arbobi Amin Tojiyev vafot etdi
