Sport
O‘zbekiston o‘smirlari jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi
Qatarda o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonliklar Paragvayni mag‘lub etdi.
FIFA U17 jahon chempionati
Qatar, Doha, Espire akademiyasi maydoni
O‘zbekiston U17 – Paragvay U17 2:1
Gollar: Azizbek Abdumo‘minov (25, 45+2) – Alan Ledesma (89 pen)
O‘zbekiston U17: Ne’matulloh Rustamjonov, Muhammad Hakimov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Sadriddin Hasanov (Asilbek Aliyev 64), Muhammad Habibullayev, Sayfiddin Sodiqov (Jamshidbek Rustamov 74), Abdulmalik Anvarov (Amirxon Murodov 85), Muhammadali Musaxonov (Behruz Saidmurodov 74), Azizbek Abdumo‘minov, Abubakir Shukurullayev, Azizbek Erimbetov (Qahramon Turg‘unov 74).
Paragvay U17: Matias Fernandes, Tiago Aranda, Leo Kristaldo, Mauro Koronel, Tobias Akosta, Karlos Franko (Joze Buring 46), Aldo Sanabria (Tiago Vera 60), Alan Ledesma, Derlis Almada (Xosias Kampss 46), Pedro Vilyalba, Mauritsio De Karvalo
Ogohlantirishlar: Muhammad Hakimov (31), Sadriddin Xasanov (67), Muhammadali Musoxonov (78), Asilbek Aliyev (88), Amirxon Murodov (89) – Alan Ledesma (59)
Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi.
J guruhida O‘zbekiston U17 jamoasi 5 noyabr kuni 1-tur doirasida Paragvayga qarshi o‘ynab, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 25-daqiqasida janubiy amerikaliklar himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va O‘zbekiston vakillari tezkor qarshi hujum uyushtirdi, bu hujumni Azizbek Abdumo‘minov uzoq masofadan yo‘llagan kuchli va aniq zarbasi bilan yakunladi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqlarda esa u o‘ng qanotdan jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni raqib darvozasiga kiritib, dublni rasmiylashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda Paragvay faolroq o‘ynadi va 89-daqiqada penaltidan hisobni qisqartirdi.
So‘nggi daqiqalarda raqib hisobni tenglashtirish uchun bir qancha vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo o‘zbekistonliklar g‘alabali hisobni saqlab qoldi.
Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Irlandiya Panamani 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekiston o‘smirlari navbatdagi o‘yinni 8 noyabr kuni Irlandiyaga qarshi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, U17 jahon chempionatida 48 ta jamoa 12 ta guruhga ajratilgan. Guruhda 1- va 2-o‘rinni egallagan jamoalar 1/16 finalga chiqadi. Shuningdek, guruhlarda 3-o‘rinni egallagan jamoalardan nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 8 tasi ham pley-offga yo‘l oladi.
Sport
Messi yashirincha «Barselona» stadioniga bordi
38 yoshli jahon chempioni «Kamp Nou» stadionidan tunda, bo‘sh tribunalar oldida olingan bir qator suratlarni e’lon qildi. Safar jurnalistlar va muxlislardan sir tutildi.
Argentina milliy jamoasi va «Inter Mayami» (AQSh) klubi yulduzi Lionel Messi sobiq jamoasi «Barselona»ning yangilangan arenasida bo‘ldi.
38 yoshli jahon chempioni «Kamp Nou» stadionidan tunda, bo‘sh tribunalar oldida olingan bir qator suratlarni e’lon qildi. Safar jurnalistlar va muxlislardan sir tutilgan.
– Kecha butun vujudim bilan sog‘ingan joyimga qaytdim. Men nihoyatda baxtiyor bo‘lgan joy, yigitlar siz meni dunyodagi eng baxtli odam deb his qilishga majbur qilgan joy. Umid qilamanki, bir kun kelib qaytaman va nafaqat futbolchi sifatida o‘zim bilan xayrlashish uchun…», deb yozdi futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Shu bilan birga, ispaniyalik jurnalistlarning ta’kidlashicha, Messi bu haqda hatto klubni ham oldindan ogohlantirmagan va xavfsizlik xizmati xodimlari bilan keyinroq kelishib olgan.
Leo Messi kecha Spotify Camp Nou’da paydo bo‘lgan va xavfsizlik xizmati xodimlaridan obektga kirish uchun ruxsat so‘ragan. U oldindan ogohlantirmagan, bu ishni shu joyda amalga oshirgan va ruxsat olgan, deb yozdi jurnalist Xerard Romero.
Eslatib o‘tamiz, Messi 2003-2021 yillarda kataloniyaliklar sharafini himoya qilgan va klubning tirik afsonasiga aylangan. U 10 marta Ispaniya chempionligini, 4 marta Chempionlar Ligasidagi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Argentinalik futbolchi klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi – 672 ta gol, 2011/2012-yilgi mavsumda esa Ispaniya chempionatida 50 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan (Liga rekordi).
2021 yilda Messi «Barselona»ni tark etib, «Pari Sen-Jyermen» klubiga o‘tdi.
Sport
XOQ transgenderlar Olimpiadada ayollar bilan bellashishini taqiqlamoqchi
XOQ tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda erkak bo‘lib tug‘ilgan sportchilarning jismoniy ustunliklari gormon terapiyasidan keyin ham saqlanib qolishi aniqlandi.
Transgender sportchi yangi zelandiyalik og‘ir atletikachi Lorel Xabbard
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) transgender sportchilarning Olimpiadadagi ayollar musobaqalarida ishtirok etishini taqiqlaydi. Bu haqda The Times nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, XOQ qarorni 2026 yil boshida qabul qiladi. Bu vaqtga kelib, tashkilot erkaklarning ayollardan jismoniy ustunligi bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalarini olishi kutilmoqda.
The Times nashrining ta’kidlashicha, XOQ tibbiy va ilmiy direktori Jyeyn Tornton o‘tgan hafta transgenderlarning ishtiroki tufayli ayollar sporti muammolarini ko‘rib chiqishning dastlabki natijalarini taqdim etgan. Tornton xonimning tahlili shuni tasdiqlaydiki, erkak bo‘lib tug‘ilgan sportchilarning jismoniy ustunliklari gormon terapiyasidan keyin ham saqlanib qoladi.
The Times nashrining yozishicha, XOQ yangi siyosati tashkilotning Milan va Kortina-d’Ampetssoda bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi qishki o‘yinlar vaqtida bo‘lib o‘tadigan sessiyasida taqdim etiladi. Ilgari transgender sportchilarga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror xalqaro federatsiyalar tomonidan mustaqil qabul qilingan.
Olimpiadadagi birinchi transgender sportchi yangi zelandiyalik og‘ir atletikachi Lorel Xabbard bo‘ldi. Tokio o‘yinlarida u 87 kg gacha vazn toifasida qatnashib, so‘nggi o‘rinni egalladi.
Sport
«Surxon – Sho‘rtan» bahsini ilk marta ayol hakamlar boshqarib boradi
O‘zbekiston Superligasining 28-turida ayol hakamlar bir nechta uchrashuvlarda faoliyat olib borishmoqda.
Tajribali hakam Kristina Sereda OKMK – Navbahor bahsida, yosh hakam Nasibabonu Toshmuhammedova esa Nasaf – Mash’al uchrashuvida AVAR hakamlari sifatida faoliyat olib bordi.
Bugun bo‘lib o‘tadigan Surxon – Sho‘rtan bahsida esa 2025-yilgi mavsumda ilk bor ayol hakamlar yordamchi hakam sifatida ishlaydi.
Shuningdek:
Kristina Sereda va Zilola Rahmatova – yordamchi hakamlar
Gulshoda Saitqulova – zaxira hakami
Dildora Rustamova – AVAR hakami sifatida faoliyat yuritadi.
Bu — ayol hakamlarimizning Superligadagi ishtiroki va professional o‘sishi yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Sport
«Real» ochko yo‘qotdi, «Barsa» yaqinlashib oldi. Kun o‘yinlari
«Liverpul» «Siti»ga yirik hisobda yutqazib, amalda chempionlik poygasidan chiqdi. APLda kurash asosan «Arsenal» va «Siti» o‘rtasida kechadigan bo‘ldi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Siti» «Liverpul»ni yakson qildi
«Manchester Siti» – «Liverpul» 3:0
Gollar: Holand, 29 (1:0). Gonsales, 45 (2:0). Doku, 63 (3:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Holand, 13’
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Foden, Bernardu Silva, Doku (Marmush, 74), Sherki (Savio, 53), Holand
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Roberson (Kerkez, 56), Bredli (Gomes, 83), Makallister (Jons, 74), Gravenberh, Soboslai, Virs (Kiyeza, 83), Saloh, Ekitike (Gakpo, 56)
Ogohlantirishlar: Gonsales, 27. Bernardu Silva, 41 – Makallister, 36. Bredli, 52. Jons, 89. Soboslai, 90
«Siti» va «Liverpul» – so‘nggi o‘n yillikda APLning yangi klassikasiga aylangan. So‘nggi sakkiz mavsumdagi chempionlik titullari faqat shu ikki jamoa o‘rtasida taqsimlangan. Lekin bu mavsumda ular bir-birini emas, «Arsenal»ni quvmoqda. Shanba oqshomida londonliklar durang o‘ynab qo‘ygani «Etihad»dagi uchrashuvga qiziqishni yanada oshirdi.
«Liverpul» hafta o‘rtasida «Real»ga qarshi o‘ynagan va nomdor raqibga hech qanday imkon qoldirmagan tarkibni tushirdi. «Siti»da esa Chempionlar ligasidagi boshlang‘ich tarkib bilan solishtirganda uchta o‘zgarish bo‘ldi – Stounz, Savio hamda Reynders o‘rnini Diash, Silva va Sherki egalladi.
«Siti» o‘yinni mezbonlarga xos tarzda boshladi. Oldingi chiziqda odatdagi kabi Holand faollik ko‘rsatdi, Doku, Silva, Foden va Sherki esa unga vaziyatlar yaratib berishga harakat qilishdi. Shunday vaziyatlardan birini Doku yuzaga keltirdi, u himoyachilar xatosidan foydalanib, jarima maydoniga kirib bordi va penalti ishladi. Kavana videotakrordan keyin 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, ammo bu qaror bahsli edi. Bu vaziyatda belgiyalik vinger darvozabonga urilib yiqilganidan keyin ham to‘p mezbonlarda qoldi, hakam o‘yinni davom ettirishga qo‘yib berdi, Bernarduning ketma-ket zarbalari himoyachilar to‘sig‘idan o‘tmadi. Shundan keyin esa VAR xonasidagilar Kavanani monitor qarshisiga chaqirishdi va penalti belgilandi.
Nuqtaga yaqinlashgan Holand esa 11 metrdan zarba berishda adashdi. Lekin u keyinroq nisbatan murakkab vaziyatdan gol urdi. Ikkala holatda ham barcha savollarni Konatega qaratish mumkin. Birinchi holatda folni rasman darvozabon Mamardashvili ishlatgandi, ammo undan oldin aynan Konate to‘pni raqibga berib qo‘ygandi. Ikkinchi holatda esa fransiyalik himoyachi havoda to‘p uchun kurashni Holandga boy berdi.
Bo‘limning qolgan qismida yana bir bahsli epizod kuzatildi. «Liverpul» burchak zarbasi ijro etdi, van Deyk bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ammo hakamlar bu golni bekor qilishdi. Bunga ofsayd holatida turgan Endryu Roberson to‘p yo‘lida turgani sabab qilib ko‘rsatildi, u to‘pga teginmadi, ammo Donnarummaga xalaqit bergan deb topildi.
Holbuki himoyachi bu vaqtda to‘p yo‘lidan qochishga uringandi, shu bilan birga, darvozabonning yo‘lini to‘smagandi.
Ko‘p o‘tmay «Liverpul» ikkinchi golni o‘tkazib yubordi. Tayanch yarimhimoyachisi Niko Gonsales Rodri uslubida gol urib, hisobni mustahkamladi. Shundan keyin mezbonlar hisobga qarab o‘ynashi mumkin edi.
Ikkinchi bo‘limni «Liverpul» keskin harakatlar bilan boshladi. Qaysidir daqiqalarda mezbonlarni jarima maydoniga qamab ham qo‘ydi, Holand ham himoyada ishlashiga to‘g‘ri keldi, ammo gol urilmadi. Shu kuni o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Doku esa qarshi hujumda uchinchi golni urib, o‘yinga amalda nuqta qo‘ydi. Uni shu kuni ikki kishi bo‘lib ham to‘xtata olishmadi, u 11 marta duelda ustun keldi, yetti marta raqiblarni aldab o‘tdi, uch marta yaqqol vaziyat yaratib berdi va uch marta darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarba yo‘lladi, bu zarbalardan biri golga aylandi. Bu gol urilgan vaziyatda ham Konate raqibni yopa olmadi.
Umuman olganda, «Liverpul» ikkinchi bo‘limda yomon ko‘rinmadi va vaziyatlarga ega bo‘ldi (Saloh yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi va to‘rt marta ofsaydga tushib qoldi), ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Gakpo ham o‘yinga faol qo‘shildi va xavfli zarbalar yo‘lladi, ammo uch gol farqini yo‘qqa chiqarish amalda imkonsiz edi. Gvardiola bu mavsumda o‘z an’analaridan voz kechgan holda to‘pni raqibga topshirib, hisobga qarab o‘ynashni odat qilmoqda va bu qaror yana o‘zini oqladi. Yakunda «Siti» ishonchli g‘alabani saqlab qoldi va «Arsenal» bilan oradagi farqni to‘rt ochkogacha qisqartirdi. Arne Slot jamoasi esa bu mag‘lubiyatdan keyin chempionlik poygasiga qo‘shilishi amalda imkonsiz ishga aylandi – APLda mavsum boshidan buyon 11 o‘yindan 5 tasida yutqazgan mersisaydliklar turnir jadvalining 8-o‘rnida va peshqadamdan 8 ochkoga ortda qolmoqda.
«Aston Villa» – «Bornmut» 4:0
Gollar: Buendiya, 28 (1:0). Onana, 40 (2:0). Barkli, 77 (3:0). Malen, 82 (4:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Semenyo, 67’
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Din, Kesh, Onana (Barkli, 71), Kamara (Bogard, 81), Rodjyers (Gessan, 86), Buendiya (Tilemans, 71), Makginn (Sancho, 71), Uotkins (Malen, 81)
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Milosavlevich, Tryuffer (Kristi, 63), Smit (Ximenes, 10, Kuk, 46), Skott (Adli, 63), Adams, Klyuyvert (Krupi, 63), Taverne, Semenyo, Evanilson (Bruks, 77)
Ogohlantirishlar: Rodjyers, 13. Kamara, 23 – Ximenes, 27. Tryuffer, 38
APLda yakshanba kuni barchaning e’tibori «Manchester Siti» va «Liverpul» to‘qnashuviga qaratilgani tayin, ammo shu kuni tur doirasida yana bir keskin qarama-qarshilik bo‘lib o‘tdi. Mavsum startidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin o‘ziga kelib olgan «Aston Villa» o‘z maydonida bu mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan «Bornmut»ni qabul qildi. Ammo Iraola shogirdlari «Villa Park»da kutilgan qarshilikni ko‘rsata olmadi va hisob birinchi bo‘limning o‘zida yirik ko‘rinish olishi mumkin edi. Mezbonlarning ketma-ket hujumlarida faqat Buendiya va Onana bittadan gol urishdi mehmonlarda o‘yinga qaytish uchun imkoniyat saqlanib qoldi.
Ikkinchi bo‘limda qaytish amalga oshirilishi mumkin edi, ammo Emiliano Martines «Bornmut» to‘purari Semenyoning 11 metrdan bergan zarbasini bartaraf etdi va jamoadoshlarini yanada ruhlantirib yubordi. Barkli darvozaga orqa qilib turgan holda bosh bilan uchinchi golni urdi, o‘yin oxirida Malen Tilemansning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasiga tovoni bilan teginish orqali darvozabonni dog‘da qoldirdi. Unai Emeri shogirdlari endi ochkolari sonini 18 taga yetkazib, oltinchi o‘ringa chiqib oldi, shu bilan birga, to‘rtinchi o‘rindagi «Sanderlend»ni bir, uchinchi o‘rindagi «Chelsi»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Qatorasiga ikkinchi o‘yinda yutqazgan «Bornmut»da ham shuncha ochko bor, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli jamoa to‘qqizinchi o‘rinda joylashgan.
Ispaniya: «Barselona» «Real»ga yetib olmoqda
«Rayo Valekano» – «Real» 0:0
«Rayo Valekano»: Batalya, Lejyen, Mendi, Chavarriya, Ratsyu, Palazon (Valentin, 71), Lopes (Xerard Gumbau, 83), De Frutos (Fran Peres, 71), Siss, Alvaro Garsiya (Alemao, 83), P. Dias (Espino, 27)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Hausen (Eder Militau, 46), Karreras, Valverde (Aleksandr-Arnold, 83), Kamavinga (Rodrigu, 79), Arda Guler, Bellinghem, Vinisius Junior, B. Dias (Sebalyos, 71), Mbappe
Ogohlantirishlar: Ratsyu, 15. Alvaro Garsiya, 33. De Frutos, 45 – Hausen, 36. B. Dias, 44
«Real» bu mavsumda hali durang o‘ynamagandi, ammo yakshanba kuni «Rayo Valekano» maydonida golsiz durangga imzo chekdi. Bir qarashda bu anomaliya bo‘lib ko‘rinadi. Mbappe o‘yinning birinchi bo‘limida biror marta zarba bermadi, bunaqasi joriy mavsum boshidan buyon 17 o‘yinda kuzatilmagandi. Ammo «asalarilar» so‘nggi vaqtlarda «Qirollik klubi» uchun eng noqulay raqiblardan biriga aylanib qolgan, ushbu jamoani o‘z uyida qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda yutqazmadi (+1=3). Bundan tashqari, ular joriy mavsumda o‘z uyida «Real»ga ham, «Barselona»ga ham yutqazmagan yagona jamoadir. O‘tgan mavsumda bu ishni faqat «Osasuna» hamda «Betis» uddalagandi.
«Real» haftani yomon o‘tkazdi. Madridliklar avvaliga YeChLda «Liverpul»ga yutqazgandi (0:1), endi Ispaniya chempionatida ochko yo‘qotdi, natijada «Barselona»ni o‘ziga yaqinlashtirib oldi.
«Selta» – «Barselona» 2:4
Gollar: Levandovski, 10 – penalti (0:1). Karreyra, 11 (1:1). Levandovski, 37 (1:2). Iglesias, 43 (2:2). Yamal, 45+4 (2:3). Levandovski, 74 (2:4)
«Selta»: Radu, Starfelt, Alonso, Fernandes (Roman, 78), Moriba, Sotelo (El-Abdellaui, 78), Karreyra, Mingesa (Rodriges, 46), Duran, Xutgla (Saragosa, 58), Iglesias (Aspas, 70)
«Barselona»: Shchensni, Arauxo, Kubarsi, Balde (Kristensen, 86), Garsiya, Olmo (Martin, 86), Fermin Lopes, de Yong, Reshford (Torres, 88), Yamal (Bernal, 90+7), Levandovski
Ogohlantirishlar: Roman, 90 – Kubarsi, 42. de Yong, 79. Reshford, 87. Levandovski, 89
Chetlatish: de Yong, 90 (ikkinchi sariq)
Biroz keyin bo‘lib o‘tgan Vigodagi o‘yin esa gollarga boy bo‘ldi. «Barselona» hafta o‘rtasida YeChL doirasida «Bryugge»ga qarshi kechgan o‘yinda uchta gol o‘tkazib yuborgandi (3:3), bu safar ham himoya chizig‘i pand berdi. Shu bilan birga, bu o‘yin arafasida kataloniyaliklar hujum chizig‘i yanada kuchaygan, jarohatidan tuzalib qaytgan Levandovski startdan o‘rin olgandi. Ushbu polshalik o‘yin startidayoq penaltidan hisobni ochdi, ammo bir daqiqa o‘tib mezbonlar hisobni tenglashtirdi – odatdagidek, mehmonlar ofsayd qopqoni qo‘yishga urinib, yana jazolandi – Balde ofsayd hosil qilishda xato qildi. Bo‘lim oxirida Levandovski Reshfordning uzatmasi bilan dublni rasmiylashtirdi, ammo bir necha daqiqa o‘tib kataloniyaliklar himoya chizig‘i yuqori joylashgani yana gol o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi – bu safar de Yong orqaroqda qolib ketgandi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Yamal yaqin burchakni aniq nishonga olib, «Barsa»ni tanaffusga g‘olib holda olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda Hansi Flik jamoasi boshqa gol o‘tkazmadi. Lekin statistika «Barsa» uchun yoqimli ko‘rinishda emas, jamoa qatoasiga o‘ninchi o‘yindirki, darvozasini daxlsiz saqlay olmayapti, bu oraliqda 18 gol o‘tkazib yuborilgan. Bu 2013 yil martidan buyon eng yomon seriya (13 o‘yin, 21 gol). O‘yindagi yana bir minus – Frenki de Yong maydondan chetlatilishi bo‘ldi, u o‘yin oxirida ikkinchi sariq kartochkani oldi. Ungacha esa Levandovski het-trik qayd etgan va g‘olib masalasini hal qilib bo‘lgandi. Bu g‘alaba evaziga «Barsa» turnir jadvalida «Real» bilan oradagi farqni uch ochkoga qisqartirib oldi.
Italiya: peshqadam uch bor o‘zgardi
«Bolonya» – «Napoli» 2:0
Gollar: Dallinga, 50 (1:0). Lukumi, 66 (2:0)
«Bolonya»: Skorupski (Pessina, 8), Heggem, Lukumi, Miranda, Holm, Pobega (Kazale, 81), Fergyuson, Odgor (Bernardeski, 61), Rou (Kambyagi, 46), Orsolini (Moro, 81), Dallinga
«Napoli»: Milinkovich-Savich, Buondjorno (Juan Jyezus, 77), Rraxmani, Guterres (Olivera, 77), Di Lorenso, Lobotka, Maktominay (Lukka, 82), Zambo Angissa, Elmas (Neres, 68), Politano (Lang, 68), Hoylund
Ogohlantirishlar: Orsolini, 74 – Hoylund, 63. Lang, 71. Neres, 76
Shanba kuni «Milan» «Parma» bilan o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqargach (2:2), «Napoli» birinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolgandi. Ammo Bolonyadagi mag‘lubiyatdan keyin amaldagi chempionlar peshqadamlikni boy berishdi va rossonerilar onlay rejimda to‘plar nisbati evaziga birinchi o‘ringa chiqib olishdi. Antonio Konte jamoasi ikkinchi bo‘lim boshida Dallingdan gol o‘tkazib yubordi, ko‘p o‘tmay Holmning o‘ng qanotdan uzatmasini himoyachi Lukumi golga aylantirdi va amalda o‘yin taqdirini hal qildi. «Bolonya» bu g‘alaba evaziga «Yuventus»ni quvib o‘tib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu jamoa g‘alaba uchun uch ochko berish boshlangan davrda hali biror marta 11 turda 21 ochko to‘plamagandi.
«Roma» – «Udineze» 2:0
Gollar: Pellegrini, 42 – penalti (1:0). Zeki Chelik, 61 (2:0)
«Roma»: Svilar, N`Dika, Ermoso, Manchini, Kristante, Kone, Uesli Vinisius (Tsiolkovski, 90), Zeki Chelik (Gilardi, 90), Pellegrini (Al-Aynaviy, 74), Soule (Al-Sha’roviy, 74), Dovbik (Baldansi, 42)
«Udineze»: Okoyye, Kabasele (Palma, 53), Sole, Bertola, Chelstrem (Petrovski, 72), Atta, Ekkelenkamp, Kamara (Zemura, 82), Dzanoli, Dzanolo (Bayo, 82), Buksa (Devis, 72)
Ogohlantirishlar: Kristante, 28. Pellegrini, 45 – Chelstrem, 62
Ko‘p o‘tmay «Roma» o‘z o‘yinida g‘alaba qozondi va «Milan»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa o‘z tarixida oltinchi bor 11 turdan keyin 24 ochko to‘pladi. Oldingi holatlarning barchasida «bo‘rilar» yakunda kuchli uchlikda qolishgan, bu safar esa Jan Piyero Gasperini jamoa bilan skudettoni maqsavd qilmoqda. Bu mavsumda asosan minimal hisobda g‘alaba qozonib kelayotgan rimliklar «Udineze» bilan o‘yinda an’anani buzishdi va ikki gol farqi bilan g‘alaba qozonishdi.
«Inter» – «Latsio» 2:0
Gollar: Martines, 3 (1:0). Bonni, 62 (2:0)
«Inter»: Zommer, Acherbi, Bastoni, Akanji, Suchich (Karlos Augustu, 56), Hoqon Chalxono‘g‘li (Frattezi, 81), Barella, Dimarko, Dyumfris (Zelinski, 56), Martines (Tyuram, 71), Bonni (Espozito, 81)
«Latsio»: Provedel, Romanioli (Provstgor, 75), Xila, Marushich, Latssari (Pellegrini, 68), Kataldi (Vesino, 65), Bashich, Genduzi, Dzakkani, Isaksen (Pedro, 65), Dia (Noslin, 65)
Ogohlantirishlar: Akanji, 33. Suchich, 37. Dyumfris, 52 – Dzakkani, 72
Kun oxirida esa «Roma» ham peshqadamlikni boy berdi, endi xalqaro tanaffus yakunigacha «Inter» birinchi o‘rinda qoladi. Neradzurrilar «Roma»ni qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga quvib o‘tdi. Faqat YeChLda gol urayotgan Lautaro Martines esa ichki chempionatda uch o‘yinlik quruq seriyasini yakunlab, tezkor gol bilan hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Dimarko yosh hujumchi Bonnini ideal uzatma bilan ta’minladi va hisobdagi farq oshirildi.
Sport
O‘zbekiston Islom birdamligi o‘yinlarida 5 ta medal qo‘lga kiritdi
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda davom etayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi dzyudo va erkin suzish bo‘yicha medallarga sazovor bo‘ldi
VI Islom birdamligi o‘yinlarining navbatdagi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi hamda futzal terma jamoamiz yarim finalga yo‘l oldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Oltin medal:
Zamoxshari Bekmurodov (dzyudo, -66 kg)
Kumush medallar:
Shahram Ahadov (dzyudo, -73 kg)
Ilya Sibirsev (erkin suzish, 1500 metr)
Bronza medallari:
Laziza Haydarova (dzyudo, -48 kg)
Shukurjon Aminova (dzyudo, -57 kg)
Ushbu natijalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi mutlaq medallar jamg‘armasi bo‘yicha hozircha Turkiya va Indoneziyadan keyin 3-o‘rinda qayd etilmoqda.
-
Siyosat5 days agoPrezident AQSh senatorini qabul qildi
-
Sport4 days agoKavkaz «Barselona»si. «Qorabog‘» YeChLda tarix yozmoqda
-
Sport5 days agoOChL-2. «Andijon» safarda «Al-Xolidiya» bilan durang o‘ynadi
-
Dunyodan4 days agoVazirning so’zlariga ko’ra, qamoqxonalar bir kechada o’rnatilmaydi, chunki politsiya ikki erkakni qidirib topilganligi sababli – jonli yangilanishlar
-
Dunyodan5 days agoSeerik Demokratik partiyasining g’alabasidan keyin to’rt ochko
-
Dunyodan5 days agoG’azo sektori ikki yillik urushdan so’ng to’liq vayronagarchilikka uchragan, deb xabar beradi BBC.
-
Sport1 day agoTimur Kapadze O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabini tark etdi
-
Jamiyat4 days agoBAA kompaniyasi Navoiyda 2 ta energiya saqlash tizimini quradi
