Sport
O‘zbekiston o‘smirlari jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi
Qatarda o‘tkazilayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonliklar Paragvayni mag‘lub etdi.
FIFA U17 jahon chempionati
Qatar, Doha, Espire akademiyasi maydoni
O‘zbekiston U17 – Paragvay U17 2:1
Gollar: Azizbek Abdumo‘minov (25, 45+2) – Alan Ledesma (89 pen)
O‘zbekiston U17: Ne’matulloh Rustamjonov, Muhammad Hakimov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Sadriddin Hasanov (Asilbek Aliyev 64), Muhammad Habibullayev, Sayfiddin Sodiqov (Jamshidbek Rustamov 74), Abdulmalik Anvarov (Amirxon Murodov 85), Muhammadali Musaxonov (Behruz Saidmurodov 74), Azizbek Abdumo‘minov, Abubakir Shukurullayev, Azizbek Erimbetov (Qahramon Turg‘unov 74).
Paragvay U17: Matias Fernandes, Tiago Aranda, Leo Kristaldo, Mauro Koronel, Tobias Akosta, Karlos Franko (Joze Buring 46), Aldo Sanabria (Tiago Vera 60), Alan Ledesma, Derlis Almada (Xosias Kampss 46), Pedro Vilyalba, Mauritsio De Karvalo
Ogohlantirishlar: Muhammad Hakimov (31), Sadriddin Xasanov (67), Muhammadali Musoxonov (78), Asilbek Aliyev (88), Amirxon Murodov (89) – Alan Ledesma (59)
Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi.
J guruhida O‘zbekiston U17 jamoasi 5 noyabr kuni 1-tur doirasida Paragvayga qarshi o‘ynab, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 25-daqiqasida janubiy amerikaliklar himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va O‘zbekiston vakillari tezkor qarshi hujum uyushtirdi, bu hujumni Azizbek Abdumo‘minov uzoq masofadan yo‘llagan kuchli va aniq zarbasi bilan yakunladi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqlarda esa u o‘ng qanotdan jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni raqib darvozasiga kiritib, dublni rasmiylashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda Paragvay faolroq o‘ynadi va 89-daqiqada penaltidan hisobni qisqartirdi.
So‘nggi daqiqalarda raqib hisobni tenglashtirish uchun bir qancha vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo o‘zbekistonliklar g‘alabali hisobni saqlab qoldi.
Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Irlandiya Panamani 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekiston o‘smirlari navbatdagi o‘yinni 8 noyabr kuni Irlandiyaga qarshi o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, U17 jahon chempionatida 48 ta jamoa 12 ta guruhga ajratilgan. Guruhda 1- va 2-o‘rinni egallagan jamoalar 1/16 finalga chiqadi. Shuningdek, guruhlarda 3-o‘rinni egallagan jamoalardan nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 8 tasi ham pley-offga yo‘l oladi.