Iqtisodiyot
O‘zbekiston MDHning islomiy moliya markaziga aylanish potensialiga ega
Malayziya islom moliyasining yirik habiga aylanish uchun 40 yil sarflagan bo‘lsa, O‘zbekiston bor tajribadan foydalanib, qisqa muddatda mintaqaning islomiy moliya habiga aylanishi mumkin. Kun.uz suhbatlashgan soha mutaxassislari Iskandar Tursunov va Hayotjon Azimovga ko‘ra, bu imkoniyatdan foydalanish mamlakatga juda katta dividend olib keladi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
ISLOMIY MOLIYa BOZORI – JAHON MIQYoSIDA O‘SIB BORAYoTGAN SeKTOR
Iskandar Tursunov Al-Muamalat Consulting MChJ asoschisi:
— Avvalo islom moliyasi bozori hajmiga to‘xtalsak. 2023 yildagi hisobot yakunlariga ko‘ra, ayni paytda global islom moliyasi bozori 4,9 trillion dollarga baholangan. Prognozlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2027-2028 yilga borib bu ko‘rsatkich 8 trillion dollarga yetishi mumkin. So‘nggi uch yil ichida islom moliyasida 11-12 foizlik intensiv o‘sish bo‘lyapti.
Buning ichida eng katta ulushga ega bo‘lgan soha – islomiy banklar. Agar 4,9 trillion dollarlik islom moliyasi bozoriga qaraydigan bo‘lsak, shuning ichida 70-73 foizi islomiy banklar ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu degani taxminan 3,6 trillion dollar.
Joylashuv, davlatlardagi taqsimoti bo‘yicha agar qaraydigan bo‘lsak, eng ilg‘or davlatlar: Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Dubay, Indoneziya, Pokiston, Yevropa davlatlaridan Lyuksemburg, Buyuk Britaniya davlatlarida, Turkiyada ko‘rishimiz mumkin.
Islom moliyasi bu – moliyaviy tizim. Buni biz to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak va uni jamiyatda, iqtisodiyotimiz, moliya sohasiga joriy qilishimiz kerak.
Rossiya tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, 2022 yilning boshigacha Rossiyada islom moliyasini rivojlantirish, unga e’tibor berish juda sust darajada bo‘ldi. Chunki iqtisodiyotdagi vaziyat yaxshi edi, resurslarni sotish orqali.
2022 yildan e’tiboran xalqaro vaziyat o‘zgardi, G‘arb sanksiyalarni qo‘llashi oqibatida moliyaviy qiyinchilikka yuz tutdi Rossiya. Shunda ular e’tiborini arab davlatlariga, u yerdagi resurslarni jalb qilishga qaratib boshladi. Bu resurslar esa islom moliyasi orqali kirib kela oladi. Siyosiy iroda ko‘rsatib buni joriy qila boshlashdi.
Natijada arab davlatlaridan ixtisoslashgan tizimlar orqali 2023 yilda 130 milliard dollarga yaqin tovar aylanmasi, oldi-sotdi munosabatlari amalga oshirildi.
BOZORDAGI O‘SIShNING IKKI ASOSIY OMILI
Hayotjon Azimov “Al-Muamalat Consulting” MChJ eksperti:
— Islomiy moliya bozorining o‘sishida ikki asosiy omilni alohida ta’kidlash mumkin. Birinchisi — texnologiyalar asosida yangilanib, keng omma uchun qulay va tushunarli bo‘layotgan moliyaviy mahsulotlar. Ikkinchisi — aholi soni va undagi talabning oshib borayotgani.
Hozirgi kunda raqamli texnologiyalar islomiy moliyada katta rol o‘ynamoqda. Masalan, Malayziyada yaqinda ochilgan raqamli bank buning yaqqol misoli. Uning faoliyati boshlanganiga oz vaqt bo‘lishiga qaramay, u 125 milliard ringgit (taxminan 25 milliard dollar) miqdorida depozit jalb qilgan. E’tiborlisi — bu bankning faqat raqamli shaklda faoliyat yuritadi, biror fizik filiali yo‘q. Ammo shuncha qisqa vaqt ichida aholi ishonchini qozonib, yirik bozor ishtirokchisiga aylandi.
Texnologiyalar tufayli moliyaviy xizmatlar jamiyatning barcha qatlamlari uchun yanada ochiq va qulay bo‘lmoqda. Ilgari to‘lov amalga oshirish uchun bankka borish kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir buning uchun faqat smartfon yetarli. QR-kod orqali yoki raqamli ilovada bir necha soniyada moliyaviy operatsiyani amalga oshirish mumkin.
Bu — moliyaviy mahsulotlar tarafidan sodir bo‘layotgan o‘zgarish. Ammo aholi tarafidan ham islomiy moliyaga qiziqish ortib bormoqda. Bugungi kunda yurtimizda aholi orasidagi savollar, murojaatlar, talab darajasi shunchalik yuqorilamoqdaki, bu jarayonni endi raqamlar bilan emas, balki sifat bilan baholash kerak.
Islom moliyasidagi o‘sish keng ommaning qiziqishi asosida yuz bermoqda. Iqtisodiy qonuniyatga ko‘ra talab bo‘lsa, taklif paydo bo‘ladi. Aynan shunday jarayonni kuzatyapmiz: aholidagi diniy e’tiqod islomiy moliyaviy mahsulotlarga talabni orttirmoqda.
Bozordagi ushbu sur’at va talab O‘zbekistonning islomiy moliya habiga aylanish salohiyatini yanada mustahkamlaydi. Bizda aholi soni yuqori, moliyaviy bozorda islohotlar izchil amalga oshirilmoqda, raqamli texnologiyalar keng joriy etilyapti. Shu bois, bozorda bo‘shliq paydo bo‘lganda uni to‘ldiradigan startaplar ham tez paydo bo‘lmoqda. Kapital suvdek — qayerda imkoniyat bo‘lsa, o‘sha tarafga oqib boradi.
KAPITAL OQIMI UChUN TABIIY MANZIL
Iskandar Tursunov:
— O‘zbekiston ana shu kapital oqimi uchun tabiiy manzilga aylanishi mumkin. Islomiy moliyaga bo‘lgan rasmiy e’tirof va prezidentimiz tomonidan bildirilgan siyosiy iroda bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda. Agar shunday yo‘nalishda davom etsak, mintaqada yetakchi mavqeni egallashimiz mumkin.
O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish uchun huquqiy va institutsional baza yaratish ustuvor vazifalardan biridir. Hozirgi vaqtda Prezident administratsiyasi, Markaziy Bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa tegishli idoralar islomiy banklar uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqish ustida ish olib borishmoqda. Ushbu qonun 2025 yilning iyul-avgust oylarida qabul qilinishi kutilmoqda.
Qonun qabul qilinsa, bu hozirda faoliyat yuritayotgan tijorat banklari ichida islomiy bank darchalarini ochish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi. Natijada xorijdagi islomiy moliyaviy institutlar to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin bo‘ladi. Bu esa aholi, tadbirkorlar, kichik va o‘rta biznes uchun yangi manbalar, ya’ni shariatga muvofiq moliyalashtirish imkoniyatlarini yaratadi.
Islomiy banklar faoliyatining joriy qilinishi iqtisodiyotga ko‘p qirrali foyda keltiradi: xizmat to‘lovlari va soliq tushumlari orqali budjetga tushum orsa, yangi ish o‘rinlari va tadbirkorlik faolligi ortishiga ham zamin yaratadi.
Islom moliyasining tabiatiga ko‘ra, bu sohada ikkita nazorat tizimi bo‘ladi:
1. Moliyaviy tartibga soluvchi organlar (Markaziy bank, Moliya vazirligi va boshqalar)
2. Shariat masalalari bo‘yicha maslahat organi — Shariat kengashi
Shariat kengashi — davlat moliyaviy strukturasi huzurida tashkil etiladi va uning asosiy vazifasi — islomiy moliyaviy mahsulotlarning shariat talablariga mosligini ta’minlash. Ushbu organ Diniy qo‘mita yoki diniy idora ichida emas, balki Markaziy bank yoki tegishli davlat idorasi qoshida faoliyat yuritishi kerak. Diniy idoralar esa asosan kadrlar tayyorlash, shariat bilimlarini yetkazish kabi sohalarda bilvosita ishtirok etishi mumkin.
Bu — jahon amaliyotida sinovdan o‘tgan model. Masalan, Malayziyada dastlab islomiy moliya institutsional tartibga solinmagan holda faoliyat yuritgan va bu 14 yil davomida nizolar hamda huquqiy noaniqliklarni keltirib chiqargan. Shundan keyin Markaziy bank o‘z huzurida Shariat maslahat kengashini tuzdi va barcha shariatga oid masalalarda oxirgi qaror aynan shu organ tomonidan qabul qilinadigan tizimni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur islohotdan so‘ng Malayziyadagi islomiy moliya sektori yuqori sur’atlarda o‘sdi.
O‘zbekiston bu sinovlarni qaytadan boshdan o‘tkazishga muhtoj emas. Biz tayyor modellarga ega bo‘lib, ularni adaptatsiya qilish orqali vaqt va resurslarni tejaymiz.
ISLOMIY MOLIYaNING IQTISODIY TA’SIRI: SARMOYa, EKSPORT VA BANKLAR FOYDASI
Iskandar Tursunov:
— Islomiy bank tizimi joriy etilsa, bu nafaqat aholi uchun yangi moliyaviy xizmatlarni, balki davlat iqtisodiyoti uchun ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Avvalo, bu orqali yurtimizga xalqaro sarmoyalar oqimi orttiriladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonga Islom taraqqiyot banki va uning tarmoq tashkilotlari orqali jalb qilingan investitsiyalar sobiq MDH davlatlari orasida eng yuqori ulushga ega. Umumiy 9 milliard dollarlik mablag‘ning 43–45 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu yuqori talab va yetarli moliyaviy salohiyat borligini ko‘rsatadi.
Ayni paytda O‘zbekistondagi 10 dan ortiq tijorat banki Islom taraqqiyot banki resurslaridan foydalanib bu mablag‘larni to‘liq o‘zlashtirib bo‘lgan. Bu — bozordagi resursga bo‘lgan talab yuqori ekanining yana bir dalili. E’tiborlisi, hali islomiy bank qonuni qabul qilinmasidan turib, bozorda ushbu mahsulotlarga ehtiyoj paydo bo‘lgan.
Qonun qabul qilinsa, tijorat banklari o‘z ichida islomiy bank darchalarini tezroq ochish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa jahondagi islomiy moliya bozori — 4,5 trillion dollarga bag‘ishlangan resurslardan investitsiya jalb qilish imkonini kengaytiradi. Hatto 5 milliard dollar kabi nisbatan kichik summa ham 130 milliard dollarlik milliy iqtisodiyot uchun sezilarli ta’sir ko‘rsata oladi.
Bu kabi sarmoyalar:
Resurs narxini arzonlashtiradi
Ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi
Mahsulot tannarxini tushiradi
Eksport salohiyatini oshiradi
Aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratadi
Islomiy bank faoliyati banklar uchun ham moliyaviy jihatdan manfaatlidir. Ular har bir operatsiyadan komissiya to‘lovi va xizmat haqi oladi. Shuningdek, banklar o‘z siyosatidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha foizsiz daromad — marja hisobidan ham daromad ko‘ra oladi.
Hozircha jamiyatda “islomiy banklar an’anaviy banklar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi” degan noto‘g‘ri tushunchalar bor. Aslida ikki tizim bir-biriga raqobatchi emas, balki bozorda xizmat turlarini diversifikatsiya qilish orqali rivojlanishni ta’minlaydi. Bu mijoz tanlovini kengaytiradi va umumiy moliyaviy inklyuziyani oshiradi.
Malayziya misolida ham shuni ko‘rish mumkin: avval Bank Islam Malaysia ochilgan, keyin esa boshqa yirik an’anaviy banklar — CIMB, Maybank, Public Islamic Bank o‘z ichida islomiy bank darchalarini ochgan. Natijada butun moliyaviy tizim rivojlangan va iqtisodiyotda salbiy emas, aksincha, ijobiy ta’sir yuz bergan.
O‘zbekiston ham xuddi shunday yo‘lni bosib o‘tishi mumkin. Bu yangi bozor emas — qo‘shimcha bozor. Har ikki tomon uchun foyda keltiradigan, mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya jalb qilishga xizmat qiladigan imkoniyatlar maydoni.
O‘ZBeKISTON — MINTAQAVIY ISLOMIY MOLIYa HABI BO‘LIShI MUMKIN
Hayotjon Azimov:
— O‘zbekistonning islomiy moliya sohasida habga aylanish imkoniyati nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham yuksak salohiyatga ega. Bugungi kunda bir qator omillar bu ehtimolni tarixiy imkoniyat darajasiga olib chiqmoqda.
Axoli va geografik joylashuv – strategik resurs
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, Afg‘oniston, Xitoy, Qozog‘iston, Turkmaniston va boshqa mamlakatlar bilan chegaradosh. Bu uni mintaqaviy transport va moliyaviy oqimlar uchun tabiiy o‘tkazgichga aylantiradi. Yuqori aholi soni esa — ichki bozorning kengligini va kadrlar tayyorlash uchun yetarli inson resurslarini ta’minlaydi.
Ta’lim va texnologiyalar uchun ochiqlik
O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar (fintex) va raqamli xizmatlar jadal rivojlanmoqda. Yangicha moliyaviy mahsulotlar — mobil to‘lovlar, QR-kod orqali hisob-kitoblar, raqamli platformadagi bank xizmatlari jamiyat uchun odatiyga aylanmoqda. Bu esa islomiy moliyaviy xizmatlarni joriy etish uchun qulay muhit yaratadi.
Investorlar uchun jozibali makon
Hozirgi global geosiyosiy o‘zgarishlar, G‘arb moliya bozorlaridagi beqarorlik, sanksiyalar va dollarga nisbatan tanqidlar — ko‘plab investorlarni yangi bozorlar qidirishga majbur qilmoqda. O‘zbekiston ana shu “yangi va’da berayotgan bozorlar”dan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bugungi kunda ko‘plab xalqaro fondlar, institutsional sarmoyadorlar O‘zbekistonning islomiy moliya infratuzilmasi, qonunchiligi va bozor sharoiti to‘g‘risida ma’lumot so‘rab murojaat qilmoqda. Bu amaldagi qiziqish belgisidir.
Qozog‘iston tajribasi — o‘rganish uchun misol
2018 yilda Qozog‘istonda tashkil etilgan “Astana xalqaro moliya markazi” bu sohadagi yirik qadam bo‘ldi. Unga 6 yil ichida 3500 dan ziyod tashkilot ro‘yxatdan o‘tdi va 14 milliard dollarga yaqin to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etildi. Bu orqali mamlakat iqtisodiyotiga 10 mingga yaqin ish o‘rinlari, 169 milliard tenge soliq tushumi keltirildi.
O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichlar bir necha baravar yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki mamlakat aholisi ko‘proq, ichki bozor katta va islomiy moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talab kuchli.
Malayziya — yo‘l xaritasi va shablon
Malayziya 1983 yilda Bank Islam Malaysia tashkil etilishidan boshlab 2025 yilga qadar 350 milliard dollarlik islomiy moliya aktivlariga ega bo‘ldi. Bu 40 yillik bosqichma-bosqich taraqqiyot natijasidir. O‘zbekiston esa bu tajribani hisobga olgan holda, ayrim bosqichlarni qisqartirib, bir necha yil ichida hududiy hab maqomini egallashi mumkin.
Bugungi kunda to‘rtta asosiy omil — aholi soni, texnologiyalar uchun ochiqlik, investorlar qiziqishi va tashqi bozordagi notinchlik — O‘zbekistonni islomiy moliyada habga aylantirish uchun tarixiy imkoniyat yaratayapti. Maqsad bu — imkoniyatni boy bermasdan, institutsional va huquqiy asoslarni yaratib, amaliy qadamlarni boshlash.
AMALIYoTGA O‘TISh: HUQUQIY ASOS, ReGULYaTORLAR VA ShARIAT KeNGAShI ROLI
Iskandar Tursunov:
— Islomiy moliya bu — avvalo moliyaviy tizim. Shuning uchun uning samarali joriy etilishi uchun milliy qonunchilikda aniq tartiblar, javobgar sub’yektlar va shaffof mexanizmlar belgilanishi lozim.
Birlamchi tartibga soluvchi organlar sifatida Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar agentligi kabi tuzilmalar qatnashadi. Ular islomiy moliyaviy institutlarga litsenziya berish, nazorat qilish, standartlar belgilash va bozor shaffofligini ta’minlash vazifalarini bajaradi.
Biroq islomiy moliyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki — har bir mahsulot nafaqat iqtisodiy, balki shariat talablariga ham mos bo‘lishi kerak. Shu sababdan maxsus organ — Shariat kengashi tashkil etiladi.
Bu kengash Markaziy bank huzurida yoki alohida iqtisodiy tuzilma qoshida faoliyat yuritadi va islomiy moliyaviy mahsulotlarning shariatga muvofiqligini ekspertiza qiladi. Shu bilan birga, bu organ barcha tijorat banklari va moliya muassasalari uchun yagona islomiy huquqiy nuqtai nazarni belgilab beradi.
Diniy qo‘mitalar va islom markazlari esa to‘g‘ridan to‘g‘ri regulyator emas, balki kadrlar tayyorlash, maslahat berish va bilim tarqatish sohasida yordamchi vazifa bajaradi.
Hayotjon Azimov:
— Bu model Malayziyada sinovdan o‘tgan: 1983-1997 yillar davomida Malayziyada shariat nazorati markazlashmagan edi. Bu esa sudlardagi kelishmovchiliklar, shariat va moliyaviy qonunchilik o‘rtasidagi ziddiyatlar bilan tugadi. Faqat 1997 yildan keyin Malayziya Markaziy banki huzurida Shariah Advisory Council tashkil etdi va barcha huquqiy nizolarga yagona yondashuv joriy qilindi. Natijada bozor rivojlanishida barqarorlik va ishonch ortdi.
O‘zbekiston ham bu tajribani qo‘llab, 14 yillik sinov davrini o‘tkazmasdan, tayyor mexanizmlarni adaptatsiya qilishi mumkin.
Agar amaldagi moliyaviy qonunchilikka shariatga mos mexanizmlar qo‘shilsa, litsenziyalash va nazorat qilish jarayonlari aniq bo‘lsa, islomiy moliyaviy xizmatlar nafaqat islomiy banki, balki iqtisodiyotning barcha bo‘g‘inlari uchun rivoj motoriga aylanishi mumkin.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
-
Jamiyat2 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
-
Sport1 day ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat21 hours ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Siyosat12 hours ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Siyosat1 day ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
