Siyosat
O‘zbekiston delegatsiyasi Venadagi BMT sammitida birinchi bo‘lib chiqish qildi
Bugun Venada global xavfsizlik va huquq-tartibotni belgilovchi eng yirik platforma — BMT Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov komissiyasining 35-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 175 davlatidan 1,5 mingdan ziyod yuqori martabali vakillar, vazirlar va xalqaro ekspertlarni jamlagan ushbu anjuman O‘zbekiston diplomatiyasi va davlat siyosati uchun yangi tarixiy bosqichni boshlab berdi.
Vena sammitida O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan misli ko‘rilmagan ehtirom Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan strategik islohotlari, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosati va faol xalqaro tashabbuslari jahon miqyosida to‘liq tan olinganining yaqqol isbotidir.
Aprel oyida O‘zbekiston ushbu BMT Komissiyasiga ilk bor a’zo bo‘lgan edi. Bugun esa Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi barcha davlatlar ichida birinchi bo‘lib Milliy ma’ruza bilan chiqish qildi.
Unda Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda odil sudlov, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, jinoyatchilik profilaktikasi hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan nutq so‘zladi.
«Kiberjinoyatchilik, korrupsiya va oilaviy zo‘ravonlik chegara bilmaydi. Shu sababli ularga qarshi ochiq muloqot, o‘zaro tajriba almashish va xalqaro hamkorlik orqali birgalikda kurashishimiz zarur», — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.