Iqtisodiyot
Birjada bug‘doy va sement narxi pasaydi
18–24-may kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 54 ming 404 ta bitim tuzildi. Bu avvalgi haftaga nisbatan 22,1 foizga ko‘pdir. Bitimlarning 42,5 foizi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat tizimlariga to‘g‘ri keldi.
Hisobotga ko‘ra, davlat xaridlari tizimida o‘tkazilgan elektron savdolar orqali budjet va korporativ buyurtmachilar qariyb 264,4 mlrd so‘m mablag‘ni tejagan. Shuningdek, onlayn-auksion orqali 158 ta telefon raqami sotilgan.
Ochiq birja savdolarida jami 23 ming 100 ta bitim rasmiylashtirildi. Asosiy faollik sement va bug‘doy segmentlarida kuzatildi. Bu mahsulotlar bo‘yicha taklif hajmi yuqori saqlanib, narxlarda navbatdagi pasayish qayd etildi.
Hisobot davrida birja savdolariga 513 ming 250 tonna sement qo‘yildi. Shundan 178 ming 605 tonnasi sotildi. Bu umumiy taklifning 34,8 foizini tashkil qildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmi esa 35 ming 721 tonnaga yetdi.
Sementning bir tonnasi uchun shakllangan o‘rtacha kunlik narx 649 ming so‘mdan 639,5 ming so‘mgacha tushdi. Savdolarda har kuni o‘rtacha 83 nafar xaridor ishtirok etgan.
Bug‘doy savdosida ham yuqori faollik kuzatildi. Hafta davomida birja orqali 38 ming 637 tonna bug‘doy sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmi 7 ming 727 tonnani tashkil qildi. Savdolarda kuniga o‘rtacha 385 nafar xaridor qatnashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bug‘doyning o‘rtacha kunlik narxi ham pasayishda davom etgan. Hafta boshida mahsulotning bir tonnasi 2 mln 970,6 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hafta yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 2 mln 956,4 ming so‘mgacha tushgan.