Iqtisodiyot
1,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi va keskin oshayotgan go‘sht importi
2026 yilning 4 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi 23,6 foizga yetdi. Xususan, ushbu mamlakat bilan savdo hajmi 2 mlrd dollarga yoki 49 foizga ko‘paydi. Aprel oyiga kelib oltin sotuvi boshlandi, o‘tgan oyda 1,5 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksport qilingan. Donli ekinlar (524 mln dollarlik, o‘sish -72,3 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlari (320 mln dollarlik, o‘sish – 62,7 foiz ) hamda shakar va shakar mahsulotlari (236 mln dollarlik, o‘sish – 49,6 foiz) importi ham keskin oshdi.
2026 yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 1,4 mlrd dollarga yoki 5,8 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 9,9 mlrd dollar (+16,8 foiz), import hajmi esa 16,3 mlrd dollar (+26,7 foiz) bo‘ldi. Tashqi savdo salbiy saldosi — 6,4 mlrd dollar.
Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (23,6 foiz), Rossiya (17,2) Qozog‘iston (6,9 foiz), Turkiya (3,5 foiz) va Afg‘oniston (2,8 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 4 oylikda o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, top yigirmatalikdagi yirik hamkor davlatlarning hammasi bilan savdo aylanmasi miqdori oshgan. Xususan, Irlandiya (+410 foiz), BAA (+87,5 foiz), Qirg‘iziston (+56 foiz), Vetnam (+53 foiz), Tojikiston (+50 foiz), Xitoy (+49 foiz) va Afg‘oniston (+41 foiz) kabi davlatlar bilan umumiy savdo aylanmasida katta o‘sish qayd etilgan.
Eksport
Hisobot davrida 1,5 mlrd dollarlik (- 72,5 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 15,1 foizini tashkil etadi. Yil boshidan beri faqat aprel oyidagina qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilgan.
Shuningdek, eksport tarkibida xizmatlar (34,7 foiz), sanoat tovarlari (15 foiz), kimyoviy vositalar (8,1 foiz), turli xil tayyor buyumlar (7,9 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,5 foiz) hamda mineral yoqilg‘ilar (4,5 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Hisobot davrida 129,4 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,2 foizga kam. Bundan tashqari, 234,3 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (+55 foiz), 82,2 mln dollarlik elektr toki (-4,2 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan. Shuningdek, 438,3 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 31,2 foizga ko‘p.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (14,5 foiz), Xitoy (9,2 foiz), Afg‘oniston (6,5 foiz), Fransiya (5 foiz), Qozog‘iston (4,3 foiz), Turkiya (3,6 foiz), BAA (2,7 foiz), Qirg‘iziston (2,5 foiz), Tojikiston (2,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 50 foizdan ko‘proqni tashkil etadi.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,7 foiz), sanoat tovarlari (15,3 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,4 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.
2026 yilning 4 oyida 1,8 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,2 foizga ko‘p. Eng katta o‘sish donli ekinlar (524 mln dollarlik, o‘sish —72,3 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlari (320 mln dollarlik, o‘sish — 62,7 foiz ) hamda shakar va shakar mahsulotlari (236 mln dollarlik, o‘sish —49,6 foiz) importida kuzatilgan. Hisobot davrida 580 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 53,6 foizga ko‘p. Shuningdek, 327 mln dollarlik benzin (o‘sish – 2 barobar), 185 mln dollarlik dizel (+20 foiz) import qilingan.
Yettita davlat, jumladan, Xitoy (32,4 foiz), Rossiya (18,8 foiz), Qozog‘iston (8,5 foiz), Koreya (3,8 foiz), Turkiya (3,4 foiz), Hindiston (2,3 foiz) va BAAdan (2,2 foiz) jami importning 70 foiz qismi amalga oshirilgan.