Iqtisodiyot
O‘zbekiston bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash tartibi soddalashtirildi
Vazirlar Mahkamasining «Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashni yanada soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjat prezident farmonlari ijrosini ta’minlash, jumladan, kichik va o‘rta biznes hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish choralarini amalga oshirishga qaratilgan.
Qaror bilan bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini soddalashtirilgan tartibda qo‘llash quyidagilarni nazarda tutadi:
chet el tovarlarini qayta ishlash obektlariga olib chiqish;
bojxona hududida qayta ishlash rejimida ishlab chiqarilgan mahsulotni kooperatsiya tartibida boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan chuqur qayta ishlash uchun joylashtirish;
birinchi mahalliy qayta ishlovchiga xomashyoni chet eldan xarid qilish va tayyorlanmagan mahsulotlarni shartnoma asosida ikkinchi mahalliy qayta ishlovchiga chuqur qayta ishlash uchun sotish huquqi.
Tovarlar bojxona hududida qayta ishlash rejimida, Bojxona kodeksi va nizomga muvofiq berilgan ruxsatnomaga asosan joylashtiriladi. Tovarlarni ta’mirlash uchun bojxona yuk deklaratsiyasi va zarur hujjatlar taqdim etilishi lozim. Agar ta’mirlash uchun chet el tovarlarini almashtirish yoki yetkazib berish zarur bo‘lsa, bu faqat bojxona organlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Aniq tovar turlari bo‘yicha qayta ishlash amaliyotlarini o‘tkazish uchun Bojxona qo‘mitasidan alohida ruxsatnoma olinishi talab etiladi.
Qayta ishlash bojxona rejimi tovarning chet el mahsuloti maqomini saqlab qoladi, tayyor mahsulot esa bojxona qonunchiligiga muvofiq yetarli darajada qayta ishlanganlik mezonlari asosida baholanadi.
Qayta ishlash rejimida joylashtirilgan tovarlardan foydalanish quyidagi shartlarga rioya qilinganda mumkin:
qayta ishlash muddatlariga rioya etish;
ruxsatnomada ko‘rsatilgan operatsiyalarni amalga oshirish;
qayta ishlashni belgilangan joyda va mas’ul shaxslar tomonidan amalga oshirish;
bojxona nazoratisiz boshqa tovarlar bilan aralashtirmaslik;
hisobot yuritish va bojxona organlariga ma’lumot taqdim etish.
Bir yil ichida qayta ishlash rejimi shartlarining bir necha bor buzilishi holatida, vakolatli shaxs Bojxona kodeksi talablariga muvofiq bojxona to‘lovlarini to‘lashni ta’minlashi shart.
Hujjat bilan, shuningdek, bojxona hududida va undan tashqari qayta ishlash uchun ruxsat etilgan tovarlar ro‘yxati ham tasdiqlandi.