Iqtisodiyot
O‘zbekiston AQShdan paxta sotib olish imkoniyatlarini o‘rganyapti
Joriy yil 23–29 iyul kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasining AQShga tashrifi doirasida O‘zbekistonning 25 ta mahalliy to‘qimachilik korxonasi Texworld NYC, Apparel Sourcing USA va Home Textiles Sourcing Expo xalqaro ko‘rgazmalarida qatnashdi (Nyu-York shahri).
Ko‘rgazmalar doirasida Bunzl plc, Levi Strauss & Co., PVH Corp., G-III Apparel Group, Kontoor Brands, American Eagle Outfitters, Tapestry Inc., Macy’s, American Apparel & Footwear Association (AAFA), United States Fashion Industry Association (USFIA), Oritain va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarini AQSh bozoriga chiqarish va sourcing mexanizmi asosida buyurtmalar joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif davomida ISSV vakillari AQSh Savdo vazirligi (U.S. Department of Commerce) bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbek mahsulotlarini, jumladan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amazon, Walmart, Whole Foods Market, Bloomingdale’s va The Home Depot kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.
AQSh Savdo vazirligi huzuridagi CLDP (Savdo huquqini rivojlantirish dasturi) vakillari bilan bo‘lgan muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun AQSh standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo‘yicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) va AQSh Paxta Assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va «Made from U.S. Cotton» tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili bo‘ladi
O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, markaz alohida belgilangan hududda maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Qonunda qayd etilishicha, moliya markazining dastlabki chegaralari uni tashkil etishga oid Prezident farmoni bilan belgilanadi. Markaz tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror esa kuchga kirishidan avval rasmiy reyestrda e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablari yoki moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga yirik miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Jarima 10 million AQSh dollaridan yoki qoidabuzarlikka asos bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, moliya markazi tuzilmasiga Kengash, Ma’muriyat, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi hamda Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi.
Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi shart.
Qonunga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilandi.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
Iqtisodiyot
Biznes-ombudsman Toshkent shahar hokimligini ogohlantirdi
O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili (Biznes-ombudsman) Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarning tom qismiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Idora reklama pasportlari qonuniy kuchida bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Reklama joyi pasportidan namuna
Nizoli holat yuzasidan avvalroq Kun.uz tarqatgan xabarda aytilganidek, poytaxt hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan dizayn kod kuchga kirishi bilan ko‘p kvartirali uylar tomidagi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish borasida talabnoma yuborilgan.
Kun.uz’ga murojaat qilgan tadbirkor hokimlik tomonidan 2030 va 2034 yilgacha muddatga berilgan reklama pasportlarining bekor qilinishi noto‘g‘ri ekanini aytgandi.
14 iyul kuni Biznes-ombudsman ushbu masalani nazoratga olganini ma’lum qildi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi.
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi.
Qolaversa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi”, – deyiladi Biznes-ombudsman bayonotida.
Tashkilot Toshkent shahar hokimligiga reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilish yuzasidan xulosa kiritgan.
Agar bu jarayonda tadbirkorlarning mulkiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, Biznes ombudsman o‘z vakolatlari doirasida ularning huquqlarini, jumladan, sudlarda ham himoya qilishini bildirdi.
Vaziyat bo‘yicha poytaxt hokimligi va Adliya vazirligining izohi bilan Kun.uz’ning avvalgi materialida tanishishingiz mumkin.
-
Siyosat4 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Jamiyat5 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Dunyodan4 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
-
Iqtisodiyot3 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Iqtisodiyot2 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Sport4 days agoIspaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
-
Dunyodan3 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
