Jamiyat
O‘zbekiston aholisi o‘rtacha necha yoshda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 29,5 yoshni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida, eng past ko‘rsatkich esa Surxondaryo viloyatida qayd etilgan.
Statistikaga ko‘ra, Toshkent shahri aholisining o‘rtacha yoshi 32,7 yosh bo‘lib, mamlakatda eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati (31,1 yosh), Toshkent viloyati (31 yosh), Navoiy viloyati (30,1 yosh) va Farg‘ona viloyati (30 yosh) qayd etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining o‘rtacha yoshi 29,8 yoshni tashkil qilgan bo‘lsa, Andijon va Xorazm viloyatlarida bu ko‘rsatkich 29,5 yoshga teng bo‘lgan.
Shuningdek, Namangan viloyatida aholining o‘rtacha yoshi 29 yosh, Sirdaryo viloyatida 28,7 yosh, Samarqand viloyatida 28,5 yosh va Jizzax viloyatida 28,4 yoshni tashkil etgan.
Eng yosh aholi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan. Xususan, Qashqadaryo viloyati aholisining o‘rtacha yoshi 27,7 yosh, Surxondaryo viloyatida esa 27,4 yoshni tashkil qilgan.
Mutaxassislar qayd etishicha, aholining o‘rtacha yoshi demografik jarayonlar, tug‘ilish darajasi, migratsiya va aholining yosh tarkibi bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi.
Jamiyat
Toshkent va Xorazmda yirik giyohvandlik savdosiga chek qo‘yildi
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahri va Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalarini yetishtirish hamda tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar fosh etildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Tezkor tadbirlardan birida 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida plastik idishda saqlanayotgan giyohvandlik vositasi, 300 dona zip-paket, izolentalar va elektron tarozi aniqlandi.
Dastlabki surishtiruvlar davomida mazkur shaxs o‘zining onasiga tegishli Toshkent tumanidagi xonadonda giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu manzil ko‘zdan kechirilganda 10 tup kannabis o‘simligi, bir tup quritilgan giyohvandlik vositasi, shuningdek, ularni parvarishlashda foydalanilgan kimyoviy vositalar hamda elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda «Samarqand–Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Cobalt» rusumli avtomashina Tuproqqal’a tumani hududida DXX va IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirildi. Natijada avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 810 gramm «opiy» moddasi borligi aniqlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu giyohvandlik vositasi qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani va Xorazm viloyatida sotish maqsadida tashilayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Surxondaryodagi mashhur bog‘ Ekologiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi
Surxondaryo viloyatida ekolog Aleksandr Fedin tomonidan barpo etilgan mashhur bog‘ni saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida mazkur hudud Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi. Shuningdek, bog‘ negizida jamoatchilik uchun ochiq ekologik park tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Aleksandr Fedinning salomatligi hamda u tomonidan yaratilgan bog‘ taqdiri bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan bergan rasmiy munosabatida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur masala qo‘mita tomonidan alohida nazoratga olingan. Hozirgi vaqtda Aleksandr Fedin Termiz shahridagi tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga joylashtirilgan bo‘lib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, uni munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Aleksandr Fedinni Qo‘mita huzuridagi O‘rmon agentligi tizimiga ishga joylashtirish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, Aleksandr Fedinning mamlakat ekologiyasi va ko‘kalamzorlashtirish sohasiga qo‘shgan hissasi inobatga olinib, u barpo etgan bog‘ni saqlab qolish va rivojlantirish bo‘yicha alohida hujjat tayyorlanmoqda.
Unga muvofiq, mazkur hudud jamoatchilik uchun ochiq ekologik park sifatida tashkil etiladi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Kelgusida ushbu hudud negizida jamoatchilik bog‘i shakllantirilib, uning noyob tabiiy merosini asrab-avaylash va yanada boyitish bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jamiyat
Oltmishga yaqin yirik narkojinoiy guruh yo‘q qilindi
Uyushgan jinoyatchilik va narkojinoyatlarga qarshi kurashda muhim natijalar qayd etildi.
Joriy yilning yanvar–may oylarida huquq-tartibot organlarining tezkor bo‘linmalari hamkorligida uyushgan narkojinoyatchilik hamda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kompleks tezkor tadbirlar amalga oshirildi.
Natijada narkotik vositalarni tarqatish bilan shug‘ullangan 59 ta yirik uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Ularning 15 nafar yetakchisi va 199 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Shuningdek, 15 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil davomida aniqlangan laboratoriyalar sonidan ham yuqoridir.
Tezkor tadbirlar davomida 1,2 tonna an’anaviy narkotik moddalar, 54 kilogramm sintetik narkotiklar, 4,6 million dona psixotrop dori vositalari hamda 3 tonnadan ortiq noqonuniy prekursorlar musodara qilindi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu jinoiy tarmoqlarning faoliyati to‘xtatilishi natijasida har yili aholi orasida tarqatilishi mumkin bo‘lgan millionlab psixotrop vositalar va katta hajmdagi narkotik moddalar noqonuniy aylanishining oldi olindi.
Narkojinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishida Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining vakolatli organlari bilan hamkorlikda 7 marotaba xalqaro tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Tahlillar narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasi qisqarib, ularni realizatsiya qilish murakkablashgani sababli «qora bozor»dagi narxlar ham sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda.
Uyushgan guruhiy jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida esa 40 ta yirik jinoiy guruh faoliyatiga barham berildi. Ularning 48 nafar yetakchisi, jumladan, 6 nafari xorijiy davlatlarda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi. Shuningdek, 224 nafar a’zo qo‘lga olindi.
Mazkur jinoiy guruhlar mamlakatning 50 ta shahar va tumanida talonchilik, bezorilik, tovlamachilik, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda fuqarolarga tan jarohati yetkazish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib kelgan.
Amalga oshirilayotgan tizimli va manzilli choralar natijasida mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar osoyishtaligini mustahkamlash hamda uyushgan jinoyatchilikning ildizlariga zarba berish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda o‘zgaruvchan ob-havo kuzatiladi
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 30-35° bo‘ladi.
Toshkentda havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 32-34° bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq vaqtida 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 18-23° bo‘ladi.
Jamiyat
«Kichik Nayman»da suyultirilgan gaz muammosi hanuz yechimini kutmoqda
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi «Kichik Nayman» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi bir guruh aholi nomidan «Xabar.uz» tahririyatiga murojaat kelib tushdi.
Unda jiddiy ijtimoiy muammolar, xususan, aholining kundalik turmush tarziga bevosita daxldor bo‘lgan suyultirilgan gaz ta’minotidagi uzilishlar bugungi kunda odamlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ygani tilga olingan.
Murojaatda ta’kidlanishicha, mahalla aholisiga har 45 kunda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan suyultirilgan gaz balonlari 106 kun deganda, ya’ni 3 oydan ziyod vaqt o‘tib yetib kelgan. Tartib bo‘yicha gaz balonlari o‘z vaqtida to‘ldirilmagani sababli, xonadonlardagi ikkita balon ham butunlay bo‘shab qolgan. Biroq «Pastdarg‘omtumangaz» xodimlari kelgan vaqtda aholining faqatgina bittadan gaz balonini almashtirib bergan, xolos. Navbatdagi ta’minot yana 100 kundan keyin kelishi inobatga olinsa, bitta gaz baloni xonadon ehtiyojlariga mutlaqo yetmasligi tayin.
Bunday uzoq muddatli uzilishlar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yosh bolali oilalar uchun haqiqiy sinovga aylanmoqda. Tabiiy gaz yo‘qligi sababli, aholi qish mavsumi uchun g‘amlab qo‘ygan o‘tinlarini yoz kunlaridayoq o‘choqqa yoqishga majbur bo‘lyapti. Keksalarga issiq choy, yosh chaqaloqlarga kuniga bir necha bor sutli bo‘tqa (kasha) tayyorlash kerak bo‘lgan oilalar ayni damda juda qiynalmoqda, deyiladi.
Bundan tashqari, iste’molchilar «Pastdarg‘omtumangaz» xodimlarining xatti-harakatlaridan ham norozi bo‘lishmoqda. Ma’lum qilinishicha, xodimlar bir dona suyultirilgan gaz baloni uchun belgilangan 40 ming so‘m o‘rniga aholidan noqonuniy ravishda 45 ming so‘mdan pul yig‘ib olishmoqda. Kamiga, tarqatilayotgan gaz balonlarining aksariyati eski va me’yoridan kam to‘ldirilgan bo‘lib, ularni tortib ko‘rish uchun maxsus yuk mashinalarida bo‘lishi shart bo‘lgan o‘lchov tarozilari umuman ishlamaydi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shu mahalla aholisi 2026-yilning 18-fevralida ham gaz balonlari o‘z vaqtida yetkazilmayotganidan norozi bo‘lib tahririyatimizga murojaat yo‘llagandi. Qishdan chiqdik, bahor o‘tdi, yoz boshlanib ketdi — muammo o‘sha-o‘sha.
Aholining jiddiy e’tirozi va haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan ushbu og‘ir vaziyat yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan, xususan, viloyat va tuman gaz ta’minoti korxonalari hamda nazorat organlaridan tezkor amaliy choralar va rasmiy izoh kutib qolamiz.
-
Dunyodan4 days ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Siyosat5 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Siyosat4 days ago
Saida Mirziyoyeva YeXHT bosh kotibi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days agoYo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi
-
Iqtisodiyot3 days agoYeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazish va yadro loyihasini ishga tushirish uchun Sankt-Peterburgga keldi
-
Siyosat3 days ago
Saida Mirziyoyeva MAGATE bosh direktori bilan uchrashdi
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva mintaqaviy yashil tashabbuslarni ilgari surish maqsadida BMT va GEF rahbarlari bilan uchrashmoqda
