Sport
O‘z «Lester»ini izlayotgan murabbiy. Fabio Kannavaro haqida
Murabbiylik tarixida katta natijalari bilan maqtana olmaydigan mutaxassis nihoyat o‘z so‘zini ayta oladimi? Uning tayinlanishining qanday afzalliklari bor?
Nihoyat O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixidagi birinchi jahon chempionatiga qaysi murabbiy qo‘l ostida borishi ma’lum bo‘ldi. O‘FA italiyalik Fabio Kannavaroni yangi bosh murabbiy sifatida rasman e’lon qildi va uning ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilindi. Shartnoma 2+3 shaklida tuzilgan bo‘lib, sobiq bosh murabbiy Temur Kapadze ham kamida jahon chempionati tugaguncha Kannavaroga yordamchilik qiladi.
Fabio Kannavaro kim?
Fabio Kannavaroni yosh futbol muxlislari yaxshi tanimasligi mumkin. U asr boshlarida dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri bo‘lgan, «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘rilgan so‘nggi himoyachi bo‘lib turibdi. «Yuventus» tarkibida Italiyaning, «Real» tarkibida Ispaniyaning ikki karra chempioni hisoblanadi. «Parma» bilan UYeFA kubogi sohibi bo‘lgan. Uning eng katta yutug‘i esa albatta, «skuadzurra» bilan 2006 yil Germaniyada o‘tgan mundialdagi zafardir. Fabio Kannavaro o‘sha jamoaning sardori edi va aynan shu chempionlik tufayli yil oxirida Zidan, Ronaldinio kabi futbolchilar bilan raqobatda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.
Vadim Abramov haq – «afsuski, Kannavaro O‘zbekistonda futbol o‘ynamaydi, balki murabbiylik qiladi». Kannavaro qanday murabbiy degan savol biz muhim muhimroq, zero amaliyotga qaralsa, eng yaxshi futbolchilar murabbiy sifatida muvaffaqiyat qozona olmasligi yoki aksincha, futbolchilik paytida o‘rtacha, hech kim tanimagan shaxslar keyinroq top murabbiy bo‘lishi holatlari juda ko‘p. O‘zbek futbol muxlislarini eng ko‘p xavotirga solayotgan jihat ham mana shu – Kannavaro 2014 yilda faoliyatini tugatib, murabbiylik sohasiga kirib kelgan bo‘lsa-da, o‘tgan vaqt ichida uning «pichoqqa ilingulik» natijalarini topa olmaymiz. Tabiiyki, hatto jahon chempioni Yoaxim Lyovga qarshi bo‘lgan, Paulu Bentuning Kapadzedan ustun jihatlarini tan olmagan o‘zbek futbol jamoatchiligi uchun yakunda Kannavaroning tayinlanishi boshdan «sovuq suv quyib yuborgandek» bo‘ldi.
Fabio Kannavaroning mustaqil murabbiylik faoliyati 2014 yilda Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubida boshlangan. 2015/16 yillar mavsumida u Saudiyaning «An-Nasr» klubi murabbiyi sifatida ishlagan, ammo mavsum yakuniga yetmasdan iste’foga chiqarilgan. Sabab sifatida jamoada o‘sish kuzatilmayotgani va qo‘yilgan vazifalar bajarilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.
2016 yil yozida Fabio Xitoyning boshqa jamoasi «Tiyanszin» bilan shartnoma imzolaydi. Jamoa Kannavaro boshchiligida Superligaga chiqib, ilk mavsumida 3-o‘rinni qo‘lga kiritadi. Ammo shuni ham aytish kerakki, Kannavaro kelganida jamoa deyarli Superligaga chiqishga yaqin qolgan, jamoa tarkibi esa ancha kuchaytirilgandi. Klub yangi homiy yordamida kuchayishni boshlagan va 2016 yil boshida 40 million (Xitoyda 3-ko‘rsatkich) yevro sarflab, tarkibiga Jadson, Luis Fabiano kabi mashhur futbolchilarni olib kelgandi. O‘sha mavsum yakuniga ko‘ra Kannavaro Xitoyning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etildi.
2017 yilda u yana «Guanchjou»ga qaytadi va jamoa bilan 2018 yilda Xitoy Superkubogini, 2019 yilda chempionlikni qo‘lga kiritadi. Kannavaro ushbu klubda 2021 yil kuzigacha ishlaydi, orada esa Xitoy milliy jamoasiga ham jalb qilinadi. Ammo ikki oyga bormay Fabio Xitoy milliy jamoasidan iste’foga chiqarilgan.
Kannavaroning 2021-2025 yillarda Yevropaga qaytishi ham ko‘ngildagidek kechmagan. «Benevento», «Udineze», shuningdek Xorvatiyaning «Dinamo» Zagreb klubidagi faoliyat uzoqqa cho‘zilmagan va har safar bir yilga bormay iste’fo ro‘y bergan. «Dinamo» bilan Fabio chempionatda 2-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, bu qatorasiga 18 yildan beri chempionlikni boshqaga bermagan klub uchun muvaffaqiyatsizlik edi. Shu bilan birga, Xorvatiyadagi faoliyatida Kannavaroning YeChL guruh bosqichida «Milan» ustidan qozongan g‘alabasini (2:1) alohida qayd etish mumkin.
Xulosa qilish mumkinki, Kannavaroning faqat «Guanchjou»dagi faoliyatiga qoniqarli baho berish mumkin, boshqa loyihalar muvaffaqiyatli chiqmagan.
Nega Kapadze emas?
Aslida O‘FA tomonidan bosh murabbiyni almashtirish qarori ancha avval, milliy jamoa jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan keyinoq boshlangan. Hatto bundan ham oldin, Srechko Katanets bilan shartnoma bekor qilingandayoq chet eldan boshqa murabbiy olib kelish fikri bo‘lgani ehtimoli yuqori, shunchaki, u paytda oldinda rasmiy o‘yinlar kutib turgan, yo‘llanma masalasi hal qilinmagan palla edi. Qisqa muddatda, tag‘in muhim vazifa uchun jamoani qabul qilishga xorijlik murabbiy rozi bo‘lmaydi. Shuning uchun jamoa tarkibiga eng yaqin bo‘lgan variant sifatida Temur Kapadze vaqtinchalik murabbiy sifatida tanlangan. O‘sha paytlardayoq Kapadze uning O‘FA bilan shartnomasi 2025 yil noyabrigacha ekanini aytgandi.
Ammo Kapadze milliy jamoani ancha yaxshi boshqarib, belgilangan vazifani uddalagani, ayniqsa, Eron va Qatarga qarshi ko‘rsatilgan ancha dadil va ishonchli o‘yin ushbu murabbiyni futbol muxlislari, jurnalistlari, jamoatchiligi oldida bu vazifa uchun eng loyiq murabbiy sifatida gavdalantirdi. Uni almashtirish, boshqa murabbiy olib kelish fikri mantiqan noto‘g‘ridek tuyula boshladi. Buni nafaqat Kannavaro, balki ancha tajribali Lyov yoki Bentu variantlari paydo bo‘lganidagi salbiy reaksiyadan ham bilish mumkin. Ammo shunisi aniqki, O‘FAda jahon chempionati uchun aynan katta musobaqalar uchun tajribaga ega xorijlik mashhur murabbiy olib kelish fikri ancha avvaldan bo‘lgan, orada o‘tgan uch oy vaqt esa mana shu talablarga javob beruvchi mutaxassis topish va muzokaralar uchun ketdi.
Nega Kannavaro?
Fabio Kannavaro ismi paydo bo‘lishidan oldin bir qator mutaxassislar borasida turli darajadagi xabarlar chiqib turdi. Avvaliga germaniyalik mutaxassis Yoaxim Lyov varianti muhokama qilingan bo‘lsa, keyinchalik Fotih Terim, Slevan Bilich ismlari uchradi, Paulu Bentu hatto Toshkentga kelib ketdi ham. Ma’lum bo‘lishicha, Ioahim Lyov rad javobini bergan va umuman murabbiylikka qaytmoqchi emasligini aytgan. Bentu bilan moliyaviy shartlar bo‘yicha tomonlar kelisha olishmagan, Terim yoki Bilich kabilar bilan esa umuman muzokara o‘tkazilmagan.
O‘sha paytlarda O‘FA axborot xizmati rahbari sifatida ishlagan Davron Fayziyevning «Markaziy sektor» podkastida ma’lum qilishicha, O‘FA milliy jamoaga usluban mos keladigan mutaxassis topish uchun xorij tahliliy kompaniyaga murojaat ham qilgan. Tahlillarga ko‘ra, futbolchi sifatida Italiyada o‘ynagan Srechko Katanetsning murabbiylik maktabi ham aynan shu yurt uslubiga yaqin keladi. Shu sababdan Katanetsning O‘zbekistonda shakllantirgan jamoasi uslub, qadriyatlar, g‘oya jihatidan Italiya futboliga eng yaqin deb baholangan. Shu tufayli aynan italiyalik yoki Italiya futboli uslubi bilan yaqin bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish maqsadga muvofiq deb tavsiya qilingan. Fabio Kannavaro murabbiy sifatida Italiyada ko‘p ishlamagan bo‘lsa-da, uning futbolga bo‘lgan qarashlari, futbolchi sifatida unga ustozlik qilgan murabbiylarning italiyalik bo‘lgani ahamiyat kasb etgan. Tabiiyki, yanada chuqurroq izlash va uzoqroq muzokaralar uchun vaqt ham kamayib borganini ham ta’kidlash kerak.
Yana shuni e’tiborga olish kerakki, biz faqat O‘FA qaysidir ma’noda hohlagan nomlarni bilamiz, aslida tashkilot rad qilgan murabbiylar ham ko‘p.
«Men milliy jamoamizni qabul qilishga tayyor bo‘lgan va shunday taklifni kutgan bir qator murabbiylarni shaxsan bilaman. Ammo balki o‘sha murabbiylar O‘FAning ba’zi o‘lchovlari bo‘yicha to‘g‘ri kelmagan bo‘lishi mumkin. Biz assotsiatsiya rad qilgan murabbiylarni bilmaymiz, o‘ylaymanki, u ro‘yxat ancha uzunroq», – deydi taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev.
Osiyo kubogiga ham Kannavaro bilan
Shartnoma muddati avvalroq ko‘pchilik aytayotganidek 1+4 emas, 2+3 ko‘rinishida tuzildi. Bu Fabio Kannavaro jamoani nafaqat jahon chempionatiga, balki 2027 yil yanvarida bo‘lib o‘tadidan Osiyo kubogiga ham tayyorlashini anglatadi. Temur Kapadze yordamchi murabbiy sifatida Kannavaroga o‘zbek futboli bilan tanishish, jamoaga nomzodlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishda yaqindan ko‘mak beradi. Temur faqat jahon chempionati yakuniga qadar yordamchilik qilishi va shundan so‘ng o‘z yo‘lidan ketishi kutilmoqda. Albatta u Superligadagi biror klubni boshqargan holda ham Kannavaroga assisentlik qilishi mumkin.
Italiyalik mutaxassis O‘zbekistonga uzoqroq vaqtga kelganini yashirmadi.
«Bir oy avval bu yerga tashrif buyurganimda hazil tariqasida ishlashga tayyorligimni aytgandim, bu esa amalga oshdi. Albatta, futbolchilarni ham kuzatdim, lekin mashg‘ulotlarda bu yaqqol namoyon bo‘ladi. Bugun futbolchilar bilan ko‘rishdik, ular orasida italyanchada so‘zlashadiganlari ham bor. Murabbiy va futbolchilar kommunikatsiyasi juda muhim. Temur Kapadze bilan ham yig‘inga chaqirilgan futbolchilar borasida gaplashdik. Mahalliy mutaxassislar shtabda bo‘lishi tarafdoriman, bu men uchun juda katta yordam beradi. Futbolchilar mentaliteti, mamlakat madaniyatini tez o‘zlashtirish zarur, shu sabab Ravshan Ermatovdan bu haqda o‘zim ham iltimos qildim.
Superliga o‘yinlarini ham kuzatib boraman, aytib o‘tganimdek, futbolchilarni maydonda kuzatish eng yaxshi taassurotni beradi.
Men juda ko‘p jomadon bilan keldim. Maqsadim bu yerda ko‘proq bo‘lish, hatto velosipedimni ham olib keldim, uni haydashga vaqtim bo‘ladimi, yo‘qmi bilmadim, lekin ko‘proq odamlar orasida bo‘lishni yoqtiraman. Yoshlar va o‘smirlar jamoalarining o‘yinlarini ham kuzatib boraman, ishtiyoq katta.
Superliga intensivligini oshirish kerak, bu borada rahbariyat bilan gaplashamiz. O‘yin davomida yuqori temp bilan qancha ko‘p harakat qilsak, natijalar yaxshilana boshlaydi. Futbolchilar tiklanishlari ham juda muhim. Klublardagi murabbiylardan ham iltimos qilardik, futbolchilarning kunlik, haftalik yoki oylik ko‘rsatkichlarini yuborishsa, shunda bizda ularning natijalari o‘syaptimi yoki aksincha bilish imkoni bo‘ladi. Jahon chempionatidagi temp umuman boshqa daraja, buni ishonch bilan ayta olaman», – dedi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida.
Murabbiyning maoshiga keladigan bo‘lsak, rasmiy xabarlar chiqmasidan oldin Fabio va uning shtabining maoshi yiliga 4 million yevroni tashkil etishi haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi. Ammo matbuot anjumanida O‘FA vitse prezidenti Ravshan Ermatov bu raqamni rad etdi.
«Kannavaroning maoshi to‘rt million yevro emas – dedi Ermatov, – ikki tomonlama kelishuvga asosan summani oshkor qila olmaymiz, lekin aytishim mumkinki, summa ba’zilar aytayotganning yarmi ham, yarmining yarmi ham emas».
Kannavaro futbolimizga nima beradi?
Avvalo shuni aytish kerakki, har qanday chet ellik murabbiy kabi milliy jamoamiz tizimiga va unga bo‘lgan munosabatlarda to‘g‘ri ob-havo olib kirishi mumkin. Kannavaro futbol yulduzi, taqqoslaganda Kuper yoki Katanetsga nisbatan jahonda ancha taniqli shaxs. Bu esa o‘z navbatida milliy jamoa muhitida, unga bo‘lgan chetdan munosabatlar yoki boshqa mamlakatlar bilan muzokaralarda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, uning futbolchilik faoliyatidagi muvaffaqiyati mahalliy futbolchilar uchun ham o‘ziga xos motivatsiya berishi mumkin. Har holda qarshisida har qancha kuchli murabbiy bo‘lmasin, futbolchi sifatida mundialga chiqa olmagan shaxs emas, «Oltin to‘p» sohibi, jahon chempionini ko‘rish mashg‘ulotlarga bo‘lgan munosabatni ham jiddiyroq darajaga ko‘tarishi mumkin.
Ikkinchidan, o‘rtoqlik o‘yinlari, kelasi yilgi mundialda ham milliy jamoaga bo‘lgan e’tibor boshqa darajada bo‘ladi. Shunchaki ilk bor tashrif buyurayotgan, tarkibida Husanov o‘ynaydigan jamoa emas, Fabio Kannavaro boshqarayotgan jamoa sifatida mediada alohida e’tibor bo‘lishi mumkin. Aytaylik, Italiya yoki Braziliya kabi jamoalar bilan guruhdosh bo‘lib qolsak, «Fabio Italiyaga qarshi» yoki «Ustoz va shogird bahsi» sarlavhalari bilan qo‘shimcha intrigalar paydo bo‘ladi.
Aynan taktik masalalarda, murabbiylik malakasi, salohiyati borasida Temur Kapadzedan ustunmi yoki yo‘q, buni jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rmasdan aytish mushkul. Biror bir futbolchi haqida gap borganda, uning ustunlik va kamchiliklari yaqqol ko‘rinadi, u jamoaga nimalar bera olishini taxmin qilish qiyin emas. Lekin gap murabbiylik haqida borganda, taxminlar imkonsiz. Bir jamoada o‘xshamagan g‘oyalar boshqasida o‘xshab qolishi, zo‘r natijalar yirik muvaffaqiyatsizliklar bilan almashib turishi normal hisoblanadi.
Bundan tashqari, futbolda klub va milliy jamoada ishlash prinsiplari mutlaqo farq qiladi. Kannavaroning muvaffaqiyatsizliklari asosan klublarda sodir bo‘lgani e’tiborga olinsa, uning asosiy ustunliklari terma jamoalar futbolida yuzaga chiqishi mumkinligiga umid qilsa bo‘ladi.
Shuningdek, milliy jamoamizning unga ehtiyojidan ham ko‘proq u O‘zbekistonga ko‘proq muhtojligini unutmaslik kerak.
«Men endi murabbiyman. Menga bu yoqyapti. O‘yinchi bo‘lganingda faqat o‘zingni o‘ylaysan, ammo hozir kuniga 14 soatlab ishlayapman, yaxshi murabbiy bo‘lishni juda xohlayapman. Bu mening maqsadim», – degandi u faoliyatini boshlaganida.
Ammo hozircha Fabioning maqsadi amalga oshmadi, murabbiylik faoliyatida o‘zini hali Gattuzo, Pirlo kabi jamoadoshlari darajasida ham ko‘rsata olmadi. O‘zbekiston milliy jamoasi esa u uchun ham ilinj, bu yerda muvaffaqiyat qozonish orqali o‘zini ko‘rsatishi, iste’dodli murabbiylar safiga kirib olishi mumkin. Futbolda o‘zini isbotlab ulgurgan, mabodo O‘zbekistonda yaxshi natija ko‘rsata olmasa, asosiy sabab aynan o‘zbek futboli ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan, boshqacha aytganda, faqat pul uchun keladigan nomdor murabbiylardan ko‘ra balki, shunisi ham yaxshidir. Kannavaro ulardan farqli ravishda bor bilimi, vaqti va iste’dodini ishga solishga majbur.
Klaudio Raniyeri uzoq yillar turli klublarda muvaffaqiyatsiz ishlab, Mourinio tomonidan «omadsiz» tamg‘asi qo‘yilgandan keyin ham bir necha yil o‘tib «Lester»ni Angliya chempioni qilgani bunga yaqqol misol. Shu tufayli umid qilamizki, Fabio Kannavaroning biroz xavotirga soluvchi murabbiylik tarixi hech qanday ahamiyat kasb etmaydi va O‘zbekiston ushbu mutaxassisning o‘ziga xos «Lester»iga aylanadi. Umiddan boshqa tirgagimiz yo‘q hozircha.
Q. Aslanov
Sport
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
«Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya jamoasiga o‘tishini tasdiqladi.
«Abdumajidov 1 yanvardan e’tiboran “Brest” a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni istadi.
Agar ular oldinroq xat jo‘natishganida, balki, uni Fransiyaga jo‘natar edik. O‘tgan yili Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik», — dedi Tojiyev.
Avvalroq tarmoqda «Paxtakor» rahbariyati futbolchining Fransiya klubiga o‘tishiga ruxsat bermagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shundan so‘ng klub Fransiyadan taklif kech yetib kelgani va O‘zbekistonda transfer davri yopilganini ma’lum qildi. Shu tufayli mazkur transfer bo‘yicha taklif qishda ko‘rib chiqilishi aytilgan.
Sport
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
Bugun «Vatanparvar» tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston Biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning yangi rahbariyati saylandi.
Konferensiya yakuniga ko‘ra, Husan Botirov O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi. Mansur Mamadaminov birinchi o‘rinbosar, Anvar Kurbaniyazov esa rais o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Yangi rahbariyat federatsiya oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab, O‘zbekiston biatlonini yanada rivojlantirish, sportchilarning xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash va yuqori darajadagi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Xususan, 2027-yilgi Jahon chempionati hamda 2030-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Yangi rahbariyat oldida biatlon infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash va tayyorlash hamda O‘zbekiston biatlonining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash kabi vazifalar turibdi.
Sport
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.
«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.
Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.
Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.
Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.
Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
-
Jamiyat2 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Sport2 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat2 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Siyosat2 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
