Iqtisodiyot

Oxirgi 30 yilda jon boshiga daromadlar qanday o‘zgardi?

Published

on


Bu yil Qozog‘iston aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha Rossiyani ortda qoldirdi. SSSR parchalanganidan keyin uning sobiq a’zolari orasida eng yaxshi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni Ozarboyjon qayd etgan.

2025 yilga kelib qo‘shni Qozog‘iston aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha Rossiyani ortda qoldirdi. Xalqaro valuta jamg‘armasining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 14 770 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Rossiyada 14 260 dollar bo‘lib turibdi.

Qozog‘iston (qizil rang) va Rossiyada (yashil rang) aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning o‘sish dinamikasi. Manba: Xalqaro valuta jamg‘armasi

Boltiqbo‘yi mamlakatlari possovet hududida jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolyapti. Estoniyada bu ko‘rsatkich 32 760 dollarga, Litvada 30 840 dollarga, Latviyada 24 370 dollarga yetgan.

Estoniya (yashil), Litva (siyohrang) va Latviyada (qizil) aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining o‘sish dinamikasi. Manba: XVJ

So‘nggi 34 yil davomida sobiq sovet ittifoqi mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti (YaIM) umumiy hajmi 4 barobardan ziyodga o‘sdi. Xususan, 1990 yilda SSSR iqtisodiyoti hajmi BMT tomonidan o‘sha paytdagi narxlarda 791 mlrd dollarga baholangan. 2025 yilda esa sobiq ittifoqning 15 ta respublikasining yalpi ichki mahsuloti umumiy hajmi 3,25 trln dollarni tashkil etyapti.

Sovet ittifoqi parchalanishidan oldin uning iqtisodiyoti nominal jihatdan dunyodagi uchinchi yirik iqtisodiyot hisoblanganiga qaramay, aksariyat tarixchilar va iqtisodchilar 1960−1980 yillarda o‘sish sur’ati muntazam ravishda pasayib borganini ta’kidlashadi. Mustaqillikdan keyingi davrda suveren davlatlarning rivojlanishi sezilarli darajada tezlashdi.

Davlatlar kesimidagi o‘sish

Agar 1995 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan 30 yillikni tahlil qiladigan bo‘lsak, jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha eng katta o‘sish Janubiy Kavkaz mamlakatlari – Ozarboyjon (24 barobar), Gruziya (23 barobar) va Armanistonda (22 barobar) kuzatilgan. Shuningdek, Moldova ham 17 barobarlik yaxshilanishga erishgan.


Infografika: Nurasyl Abdrazakuli

Yevroittifoqqa qo‘shilgan Boltiqbo‘yi mamlakatlarida ham keskin ko‘tarilish kuzatilgan: Litvada – 16,5 barobar, Estoniyada – 12 barobar Latviyada – 11,6 barobar.

Jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi Tojikistonda – 14,2 barobar, Qozog‘istonda 14 barobar, Ukraina va Qirg‘izistonda 8,3 barobar, Belarusda 7,6 barobarga ko‘paygan.

1995 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda o‘sish bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Turkmaniston (5,8 barobar), O‘zbekiston (6,2 barobar) va Rossiyada (6,3 barobar) qayd etilgan.

Aholi sonining o‘zgarishi

Ma’lum bir davrda jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotning o‘zgarishi tahlil qilinganda, aholi sonining oshishi yoki kamayishi ham muhim faktor hisoblanadi. Possovet mamlakatlari kesimida oladigan bo‘lsak, Ozarboyjonda juda ijobiy tendensiya kuzatilgan. Oxirgi 30 yilda mamlakat aholisi qariyb 34 foizga oshgan. Kavkazning boshqa mamlakatlari: Gruziya (-23 foiz) va Armanistonda (-6,7 foiz) esa aholi sonining sezilarli darajada kamayishi yuz bergan. Boltiqbo‘yi mamlakatlari – Latviya, (-25,9 foiz) Litva (-20 foiz) va Estoniyada (-5,4 foiz) ham shu holat kuzatilgan.

Shuningdek, 1995-2025 yillar oralig‘ida Moldova (-31,2 foiz), Ukraina (-19,7 foiz), Belarus (-10,8 foiz) va Rossiyada (-1,6 foiz) ham aholi sonining kamayishi qayd etilgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasida: Tojikiston (+81,5 foiz), O‘zbekiston (+79,5 foiz), Qirg‘iziston (+60,6 foiz), Turkmanistonda (+40,6 foiz) va Qozog‘istonda (+22,2 foiz) katta o‘sish bo‘lgan.

Umumiy kartinaga qaraydigan bo‘lsa, oxirgi 30 yillikda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 10,4 barobarga oshgan. Bu Rossiya, Turkmaniston, Ukraina, Belarus, Latviyaga nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkich. Sobiq sovet ittifoqi mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani Ozarboyjon qayd etgan – 32,6 barobarlik o‘sish.

Doston Ahrorov tayyorladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version