Iqtisodiyot
OTB “Nukus-2” shamol elektr stansiyasi uchun 51 mln dollar ajratdi
Loyihani Saudiyaning ACWA Power kompaniyasi amalga oshiradi. Stansiya yiliga 728 GVt·soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi.
Osiyo taraqqiyot banki va Saudiya Arabistonining energetika giganti ACWA Power Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi qurilishi uchun kredit shartnomasini imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
“Nukus-2” loyihasi doirasida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt·soat sig‘imli energiya saqlash tizimi barpo etiladi.
Loyihani ACWA Power kompaniyasining shu’ba korxonasi – Beruniy Wind amalga oshirmoqda.
OTB tomonidan ajratilayotgan moliyaviy paket hajmi qariyb 51 mln dollarni tashkil etadi.
Shundan 25,4 mln dollar – bankning o‘ziga to‘g‘ri keluvchi resurslar bo‘lib, yana shuncha mablag‘ OTB tasarrufidagi Osiyo xususiy infratuzilma fondi №2 hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, 2024 yil iyunida o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ushbu loyihaga 280 mln dollarlik qo‘shimcha kredit liniyasi bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. Moliyalashtirishda OTB bilan birga Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Saudi Exim Bank, Standard Chartered Bank va Gollandiyaning FMO banki ham ishtirok etmoqda.
Ta’siri va natijalar
Yangi stansiya yilga 727,98 GVt·soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi.
Bu orqali atmosferaga chiqadigan 406,1 ming tonna karbonat angidrid gazi oldi olinadi.
Qurilish va keyingi ekspluatatsiya davrida 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil mart oyida O‘zbekiston hukumati va ACWA Power o‘rtasida, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeBRR) ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolangan. Loyiha qiymati o‘shanda 262,65 mln dollar deb baholangan edi.
Shuningdek, OTB “Nukus-2” uchun 7,5 mln dollar kredit kafolati taqdim etgan bo‘lib, bu tender jarayonida moliyaviy xatarlarni kamaytirish va past tarifni ta’minlashda muhim rol o‘ynagan.