Jamiyat
otashparastlikdan islom madaniyatigacha bo‘lgan yo‘l
Tilsim shahar Buxoroyi sharif tarixiy sinoatlarga boy o‘lka. Uning hududida o‘tmish haqida so‘zlovchi minglab arxeologik yodgorliklar bor.
Mag‘oki Attoron yodgorligi ana shunday qadimgi davlatchilik hamda shahar madaniyatiga oid noyob yodgorliklardan bo‘lib, u Buxoro shahri markazida joylashgan. Ilgarigi attorlar rastasi o‘rnida qurilgan. Shu tufayli Attoron masjidi, deb atalgan. «Mag‘ok» esa, chuqurlikda joylashgan, degan ma’noni anglatadi.
Masjid sharqdan g‘arbga cho‘zilgan o‘lchami 13,35×17,6 metr bo‘lgan to‘rtburchak shaklda. Tarixiy manbaalarga ko‘ra, ichkarisi 6 ustunli, 12 gumbazli, o‘rta gumbazi balandroq bo‘lib, uning poygumbazidagi darchalar orqali bino ichiga yorug‘lik tushadi. Sharqiy qismini keng pillapoyali zina egallagan. G‘arbiy devor o‘rtasida oddiy mehrob joylashgan. Binoning poydevori yer sathidan 4,5 metrdan ko‘proq pastda joylashgan.
Me’moriy obidaning qurilishida xom va pishgan g‘isht, yog‘och, loy, maxsus «qir» qotishmasi, tosh, ganj va shunga o‘xshash ashyolardan keng foydalanilgan. Me’moriy obidaning dizayni: Qadimiy 4 ustunli Moh masjidi (IX asr) o‘rnida XII asrda eski loyiha asosida qayta qurilgan. XIV asrda ta’mirlangan, XV asrda peshtoqining yuqori qismi buzilgan. Shayboniy Abdulazizxon davrida (1541-1542-yillar) binoning yuqori qismi, gumbazlari qayta qurilgan. Masjidning ikkita kirish eshigi bor. Janubiy qismi 1934—1935-yillarda tadqiqot va restavratsiya ishlari davomida ochilgan. Peshtoqi o‘yilgan terrakota bilan bezatilgan va kirish eshigi ichki arkining ramkali yoyida ko‘k rangli yozuvlar mavjud. O‘sha paytda Buxoro Sharqdagi eng yirik me’morchilik va qurilish faoliyati markazlaridan biri bo‘lgan.
Vaqt o‘tishi bilan masjid ko‘milib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga ko‘ra, 1547 yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, uning o‘rniga yangi masjid qurdirmoqchi bo‘ladi. Ammo, Naqshbandiya tariqatining o‘sha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Mahdumi A’zam bunga yo‘l qo‘ymagan. Me’moriy obidaning 1939-1949 yillarda peshtoqi mustahkamlanib ta’mirlangan, atrofi obodonlashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, yurtimizdagi boshqa me’moriy inshootlar qatorida ushbu inshoot ham ta’mirlangan.
Shohrud kanali yaqinida joylashgan bu antiqa obida Eski shahar hududidagi boshqa binolardan ajralib turadi va juda qadimiyroqdir. Arxeolog olimlar tomonidan Buxoroning qadimiy shaxriston qismi allaqachon aniqlangan. Lekin, shaharning eng qadimiy markazi shahriston emas, aynan shu masjid atrofidir.
O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, Sharq me’morchiligi an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, «Chor» uslubida bunyod etilgan Mag‘oki Attoriy masjidi o‘rnida arablar istilosigacha Moh (Oy) bozori bo‘lgan. But, dorivor va ziravorlar bilan savdo qilingan, otashparastlar ibodatxonasi ham shu yerda bo‘lgan. Buxoroning mashhur tarixchisi Muhammad Narshaxiy o‘zining «Buxoro tarixi» kitobida quyidagilarni bayon qiladi: «Buxoroda bir bozor bor ediki, uni «Bozori Moh Ro‘z» der edilar. Bu yerda yiliga ikki marta bozor bo‘lar va butlar sotilar edi. Har bozor kuni 50 000 dirhamdan ortiq savdo bo‘lar edi. Qadim vaqtlarda Buxoro aholisi butparast bo‘lganlar va bu bozor rasm bo‘lib, o‘sha davrlardan boshlab bu yerda but sotganlar»
– Abu-l Hasan Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» kitobida aytilishicha, qadimda Buxoroda bir Moh ismli podshoh bo‘lgan. U shu bozorni qurdirgan va barcha duradgor va naqqoshlarni shu yerga but yo‘nishga jalb qilgan. Moh podshoh xalq but sotib olishga qiziqsin uchun, shu bozorga kelib Moh (Mag‘oki Attoron) masjidi o‘rnashgan yerda taxtda o‘tirgan hamda bozor va savdoni kuzatib turgan. Bozorda jami 10 000 do‘kon bo‘lgan. Podshoh savdo-sotiqni yanada rivojlantirish maqsadida bu yerda otashparastlar butxonasini ham qurdirgan. Narshaxiy bu haqda shunday deydi: «Bozor kuni odamlar bu yerga yig‘ilganlarida hammalari ibodatxonaga kirib olovga topinar edilar. Bu ibodatxona to islomiyat davrigacha bor edi, musulmonlar quvvatlanib ketgach, mazkur (Moh) masjidini xuddi shu joyga bino qildilar. Hozir u Buxoroning mo‘’tabar masjidlaridandir,-deydi Shavkat Bobojonov.
Masjidning janubiy peshtoqidagi murakkab naqshlar hayratlanarli va diqqatga sazovordir. 30-yillarda taniqli arxeolog V.Shishkinning obida ostini 6 metr chuqurlikda qazishi natijasida masjid ostidan otashxona qoldig‘i topilgan. 70-yillarda yana bir guruh buxorolik tadqiqotchilar me’moriy yodgorlik atrofini 7 metr qalinlikdagi tuproqdan tozalab, bino poydevori ostiga quduqlar qazishgan edi. Buning natijasida obida o‘rnida turli davrlarda ustma-ust 3 bino barpo etilganligi aniqlangan edi. Eng pastki qadimgi qismidan otashparastlar butxonasining paxsa devori ochilgan.
Ushbu masjidni Qutayba ibn Muslim otashxonani vayron qilib, o‘rniga qurdirgan va Mag‘oki Attoron, ya’ni «chuqurlikdagi bozor» deb atagan. Shaharda masjidlar juda ko‘p bo‘lib, Mag‘oki Attoron masjidi ham shulardan biri bo‘lgan. Shu sababdan ham Buxoro «Shaharlar imomi» deya e’tirof etilgan.
Shavkat Bobojonov buxoroliklar orasida Mag‘oki Attoron masjidi xususida rivoyat mavjudligini aytib, u haqda so‘zlab beradi: Xo‘jai Hizr bir kuni peshin namozini Buxorodagi Mag‘oki Attori masjidida o‘qir ekan. Bir kuni namoz o‘qiydiganlar orasida Xo‘jai Xizr haqida gap bo‘lib qoladi. Shunda ular orasidagi bir chol:
– Men har kuni besh vaqt namozni shu masjidda o‘qiyman, lekin, biror marta ham Hizrni ko‘rganim yo‘q, – debdi. Bu gapni eshitib turgan bir yigit:
– Siz qirq kun bu masjidga hammadan oldin kelib, hammadan keyin chiqing, shunda Hizrni ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lasiz, – debdi.
Chol o‘ttiz to‘qqizinchi kuni masjidda bir yigit bilan birga qolibdi. Yigit cholga masjid eshigidan chiqish uchun yo‘l beribdi va choldan necha yoshga kirganligini so‘rabdi. Chol:
– Sakson besh yoshga kirdim,- deb javob beribdi. Chol ham yigitdan necha yoshga kirganligini so‘rabdi. Yigit cholga:
– Necha yoshga kirganligimni bilmaymanu, lekin, Buxoro yetti marta buzilib, yetti marta bunyod bo‘lganligini, bu masjid daryoning mag‘oki, ya’ni eng chuqur joyida bunyod bo‘lganligini ko‘rganman, -debdi.
Chol shuncha ko‘p umr ko‘rgan kishini ko‘rish niyatida orqasiga o‘girilsa, yigit g‘oyib bo‘lgan ekan. Shundagina chol bu yigit Hizr ekanlini anglab yetibdi va u bilan bafurja suhbatlasha olmaganidan afsuslanibdi.
Albatta, bu rivoyat yoki afsona bo‘lishi mumkin. Lekin, har qanday rivoyat zamirida ham biroz bo‘lsa-da, haqiqat yashaydi. Chunki, Buxoroni azaldan “Hizr nazar karda” deb kelishgan.
Mag‘oki Attoron masjidi Toqi Sarrofon va Toqi Telpakfurushon bilan birga, yaxlit bir komleksni tashkil etadi. Masjid yonidagi yaqinda ochilgan eski hammom qoldiqlari ham go‘shaga ajiblik va g‘aroyiblik baxsh etib turibdi. Hozirda bu joy Fayzulla Xo‘jayev nomli xiyobon, deb ataladi.
Bugungi kunda ushbu obida ichida gilamlar muzeyi hamda ko‘rgazmasi faoliyat olib borib, nafaqat, buxoroliklarning, balki, barcha yurtdoshlarimizning ajoyib ziyoratgohlaridan biriga aylanib qolgan.
Jamiyat
Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan mansabdor qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida favqulodda vaziyatlar tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs tadbirkordan katta miqdorda pul talab qilgani aniqlandi. U tuman hududidan oqib o‘tuvchi uchta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurishga oid umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni olib berganini ro‘kach qilgan.
Mazkur shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga rasmiylashtirib berganini aytgan mansabdor, korxona rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida «ulush» talab qilgan.
2026-yilning mart-aprel oylarida u ushbu mablag‘ning 24 ming dollarini olgani ham ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik esa tadbirkordan qolgan 39 ming dollarni ham berishni talab qilishda davom etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda mansabdor talab qilingan pulning navbatdagi qismi — 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat uning «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida sodir bo‘lgani qayd etildi.
Tezkor tadbir davomida u ashyoviy dalillar bilan ushlangani rasman tasdiqlandi. Bu holatda pul mablag‘larining aynan talab qilingani va olingani hujjatlashtirildi.
Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov organlari tomonidan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda ikki kishini katta pul evaziga haj ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
U kelishilgan 18 ming dollar puldan 9 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollari evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni haj ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan.
U kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi hajga borishda firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirgandi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat4 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot3 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Jamiyat5 days ago
Toshkent viloyatida 11 mansabdor ishdan olindi, yana 8 nafari jazolandi
