Mahalliy
Ota o‘z farzandining qotiliga aylandi
2024-yilning 16 fevral kuni. Kechki soat 19:00 lar atrofi. Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani ichki ishlar bo‘limiga xabar kelib tushdi. «Nurtepa mahallasida uch yoshli bola yo‘qolib qoldi… Tezroq yordamga kelsangizlar, iltimos…»
Huquq-tartibot organlari xodimlari zudlik bilan chaqiriq kelib tushgan manzilga yetib kelishgan. Uch yoshli bola E.Q.ning otasi D.Q.ning aytishicha, 2021-yilda tug‘ilgan o‘g‘li yashash uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Ichki ishlar xodimlari atrofni, qo‘ni-qo‘shnilarning hovli-joylarini ko‘zdan kechirishgan. Shom paytida uch yoshli bolaning uydan chiqib ketishi hammani sergak torttirdi. Xodimlarga qo‘shilib, mahalla ahli ham bedarak yo‘qolgan bolani axtarishga chiqqan.
***
Surxondaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Akram Choriyevning so‘ziga ko‘ra, ushbu xabar viloyat prokuraturasiga soat 22:00 lar chamasida kelib tushgan. Tezkor-tergov guruhi bilan birgalikda voqea joyiga yetib borilgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respubikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazishga kirishilgan.
Bolaning bedarak yo‘qolishi, nafaqat, uning onasi Sh.Q.ni, balki, butun mahallani sergak torttirdi. Ona dod-faryod solib, ko‘z yosh to‘kib, «o‘g‘lim qayerda?!»- deb baqirdi… Bola topildi… Ammo, afsuski, hayot emas, o‘lik holda, hovli orqasidagi tomorqadan oqib o‘tuvchi ariqdan.
Surxondaryo viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar va tezkor-tergov guruhlari xodimlari bolaning o‘limi bilan bog‘liq holat qotillik bo‘lishi mumkinligiga gumon qilishgan. Chunki, ariqdan uncha uzoq bo‘lmagan joydan topilgan bolaning kiyimlari ayni qish chillasida uning o‘zi suvga tushib ketganga o‘xshamas, balki, qasddan tashlanganga o‘xshagan. Haqiqat shunday bo‘lib chiqqan: bolaning o‘limida gumonlangan shaxs – uning o‘z otasi, D.Q. ekani aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi hujjatlariga ko‘ra, D.Q. va Sh.Q. 2018 yilda turmush qurishgan. Bir nafar farzandli bo‘lishgan. Oradan vaqt o‘tib, oilaviy kelishmovchiliklar boshlangan. Doimiy nizolar, urush va janjallar ayolning tinkasini quritgan. Ayniqsa, o‘zaro ishonchsizlik va ayblovlar tufayli Sh.Q. kelinlik uyidan chiqib ketib, ota uyiga qaytishga majbur bo‘lgan. O‘zini oqlashga urinmasin, xiyonat mish-mishlari yosh oilani barbod qilgan. 8 oy davomida ota uyida yashab kelayotgan ayol oilasining ajrim yoqasiga kelganini anglagan va farzandi ta’minoti uchun sudga aliment uchun da’vo arizasi kiritgan.
Er-xotin orasidagi kelishmovchiliklar faqat bir-birlarining emas, bolaning taqdirini ham chirmab tashlagan. Bunga qo‘shimcha, erning yonidagi «do‘stlari»ning: «Xotining senga xiyonat qilgan, o‘g‘ling o‘zingdanmi?!» —degan kinoyali so‘zlari otaning ongini zaharlagan. Bunday nojoiz savollar D.Q.ning yuragida shubha uyg‘otgan. Shubha esa aqlini yo‘qotar darajada kuchaygan…
Fojea kuni — 2024-yilning 16 fevralida D.Q. go‘yoki, o‘zini «yarashayotganday» ko‘rinishda turmush o‘rtog‘i va farzandini uyiga taklif qilgan. «Qayta hayot boshlaymiz!» — deya xotinini aldab, ishontirib, ularni o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasida olib kelgan. Aslida, bu yarashuv ortida oldindan rejalashtirilgan qotillik mavjudligini Sh.Q. xayoliga ham keltirmagandi.
Ota uyining bir xonasida o‘g‘lini chalg‘itish maqsadida televizorda multfilm qo‘yib berib, eshikni qulflab chiqib ketgan. Xotinini esa boshqa bir xonaga qo‘yib, hovliga chiqishini qiyinlashtirish maqsadida uning kiyimlarini xonaning har burchagiga otib yuborgan va go‘yoki, o‘zi yuvinib kelish uchun ketayotgandek hovliga chiqqan. U yarim soatcha oldin boshqa bir xonaga qamab qo‘ygan farzandini xonadan olib chiqib, yashash uyining orqa tomonida bo‘lgan mahalla arig‘iga tashlab yuborgan.
Uch yoshli bolakay quvonchdan qo‘llarini otasiga cho‘zib, unga qarab: «Dada» deb yugurdi. Ota esa ko‘zlari porlab turgan o‘g‘lini dast ko‘tardi-da, hovlisining orqa tarafidan oqib o‘tuvchi ariqqa otib yubordi. Sovuq va muzday suvga otib yuborilgan bola avvaliga talmovsiradi, keyin tipirchilab, otasidan najot tilab, unga olazarak tikildi. Qo‘l va oyoqchalari bilan suvni shalpillatib har yoqqa sochib, talpinib, big‘illab yig‘ladi… Bu paytda shafqatsiz ota voqea joyidan uzoqlashib bo‘lgan edi…
Sherobod tuman prokuraturasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyatga oid xatti-harakatlar batafsil o‘rganilib, tergov qilingan. Dalillar yig‘ilgan. Guvohlar so‘ralgan. Ekspertiza xulosalari asosida D.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (kasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi raisi To‘lqin To‘raqulovning bildirishicha, sud tomonidan ayblanuvchining qilmishiga yarasha huquqiy baho berilgan. U 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
***
Bu fojea, nafaqat, bir bolaning hayotini, balki, bir necha insonlarning ham taqdirini sindirdi. Ota – hurmatsizlik, shubha va buzuq muhit qurboni bo‘ldi. Ona – farzandsiz qoldi. Jamiyat esa yana bir bor ayol va bolalar xavfsizligi, ruhiy sog‘lomlik, nikoh madaniyati va oila instituti borasida o‘ylashga majbur bo‘ldi.
Shu voqea bir narsani ochiq ko‘rsatdi: mulohazasiz og‘izdan chiqqan so‘z, gumon va shubhalar, ishonchsizlik va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatolmagan muhit otani o‘z farzandining qotiliga aylantirdi.
Laylo Hayitova
Mahalliy
23-iyun — Davlat xizmati kuni
Davlat va fuqaro o‘rtasidagi mustahkam ishonch ko‘prigini bunyod etish, jamiyat farovonligini ta’minlash hamda barqaror rivojlanish ustuvor maqsadlardan biridir. Ayni shu ezgu maqsad yo‘lida tunu kun xizmat qilayotgan soha vakillarini e’tirof etish maqsadida har yili 23-iyun sanasi xalqaro miqyosda Davlat xizmati kuni sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu muhim sana 2002-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasi bilan ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy muddao — davlat boshqaruvi tizimining insoniyat hayoti va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda ahamiyatini yuqori baholash, soha xodimlarining fidokorona mehnatini rag‘batlantirishdan iborat.
Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimi nafaqat ma’muriy vazifalarni bajarish, balki aholiga sifatli, tezkor va shaffof xizmat ko‘rsatish san’atidir. Bugungi kunda davlat xizmati sohasi tubdan transformatsiyalanmoqda. Uning negizida quyidagi muhim tamoyillar mujassam:
Davlat organlari faoliyatining xalq ko‘z o‘ngida bo‘lishi, qarorlar qabul qilinishida jamoatchilik nazoratining kuchayishi;
Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va aholi vaqtini tejash;
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, davlat xizmatchisining axloqiy qiyofasini yuksaltirish.
Davlat xizmatchilari kuni faqatgina kasb bayrami emas, balki amalga oshirilgan islohotlar sarhisobi, tizimdagi yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish hamda istiqboldagi rejalarni belgilab olish uchun qulay imkoniyatdir.
Davlat boshqaruvi tizimining barqarorligi va uzviyligini ta’minlash bevosita kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Shu bois ushbu ayyom yosh avlod vakillarida davlat xizmatiga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishda muhim o‘rin tutadi. Sohaga bilimli, innovatsion fikrlaydigan, vatanparvar va halol yosh kadrlarni jalb etish kelajakdagi muvaffaqiyatlar kafolatidir.
Bugungi shiddatli davr davlat xizmatchisidan nafaqat yuqori bilim, balki yuksak insoniy fazilatlarni, fuqarolarning dardu tashvishlariga sherik bo‘lish hissini talab etmoqda. Sababi, davlat xizmati bu shunchaki kasb yoki lavozim emas, bu xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish demakdir.
Mahalliy
Har kuni muzqaymoq yesak nimalar bo‘ladi?
Jazirama issiqda bir dona muzqaymoq yeyish haqiqiy huzur. Ammo ushbu shirinlikni har kuni muntazam iste’mol qilsak, sog‘lig‘imizda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? Bu shunchaki shirinxo‘rlikmi yoki organizm uchun yashirin foydalar xazinasi? Keling, ushbu savollarga tibbiy tadqiqotlar va fan nuqtai nazaridan javob izlaymiz.
Muzqaymoq asosan sut va qaymoqdan tayyorlangani bois, u tabiiy kalsiy manbai hisoblanadi. Har kuni muzqaymoq yeyish organizmni kalsiyga to‘yintiradi, bu esa suyaklar va tishlar salomatligi uchun juda muhim.
Garvard sog‘liqni saqlash maktabi (Harvard T.H. Chan School of Public Health) tadqiqotlariga ko‘ra, sut mahsulotlaridan olinadigan kalsiy suyak yemirilishi xavfini kamaytiradi. Shuningdek, u sut oqsili hisobiga oqsilga bo‘lgan kundalik ehtiyojni qisman qondiradi, bu esa mushaklar tiklanishi uchun nihoyatda zarur.
Ko‘pchilik sovuq mahsulotlar tomoqni og‘ritadi deb o‘ylaydi, vaholanki, me’yorida yeyilgan sovuq shirinlik tomoqdagi mahalliy immunitetni oshiradi va tomirlarni chiniqtiradi.
Og‘iz bo‘shlig‘i va qizilo‘ngachda sezilgan sovuqlik asab tolalari orqali yurakka reflektor tarzda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, yurak urishini mo‘’tadillashtirishga yordam beradi.
Muzqaymoq yeyish insonga quvonch bag‘ishlashi ilmiy isbotlangan. Uning tarkibidagi L-triptofan aminokislotasi kayfiyatni ko‘taradi va antidepressant ta’sirga ega.
London Asab kasalliklari instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan neyrovizualizatsiya tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, muzqaymoqning atigi bir qoshig‘i bosh miyadagi qoniqish va baxt uchun mas’ul bo‘lgan “orbitofrontal korteks” qismini bir lahzada faollashtiradi. tayyorlangan mahsulot organizmning V guruh vitaminlariga bo‘lgan talabini qondiradi. Agar siz sifatli, tabiiy yogurtli yoki tirik laktobakteriyalar bilan boyitilgan muzqaymoq iste’mol qilsangiz, u ichak mikroflorasini tiklashga ham xizmat qiladi.
Xorijiy reproduktologlarning (jumladan, Garvardda o‘tkazilgan “The Nurses Health Study” yirik tadqiqoti) aniqlashicha, muzqaymoqni me’yorida iste’mol qilish ayollarda ovulyasiya jarayonini yaxshilaydi va bepushtlikning oldini olishga yordam beradi. Tarkibidagi fosfor va kalsiy foizlari erkaklarga qo‘shimcha quvvat beradi va mushaklar tonusini ushlab turadi.
Har kuni muzqaymoq yeyishning ijobiy tomonlari ko‘p bo‘lsa-da, tanganing ikkinsi tomoni ham bor. Agar mahsulot sifatsiz bo‘lsa, yuqoridagi foydalarning barchasi chippakka chiqadi.
Sun’iy bo‘yoqlar, ta’m beruvchilar va konservantlar (ayniqsa arzon palma yog‘i) qo‘shilgan muzqaymoqlarni yemaganingiz ma’qul! Ular qonda xolesterinni oshiradi va ichak faoliyatini buzadi.
Agar sizda laktozaga sezuvchanlik bo‘lsa yoki haddan tashqari shakarli mahsulot yesangiz, bu yuzdagi husnbuzarlarni ketkazmaydi, aksincha, ularni ko‘paytirib yuborishi mumkin. Shu bois, terisida muammosi bor insonlarga shakarsiz va tabiiy sorbetlar tavsiya etiladi.
Har kuni yuqori kaloriyali, shokolad va siropli muzqaymoq yeyish vazn ortishi va qonda shakar miqdorining keskin tebranishiga (insulin rezistentligiga) olib kelishi mumkin.
Agar siz har kuni muzqaymoq yeyishni odat qilmoqchi bo‘lsangiz, uning tarkibiga e’tibor bering. Eng maqbul tanlov tarkibida shakar miqdori kam bo‘lgan, sof qaymoq va sutdan tayyorlangan yoki mevali sorbetlardir. Kuniga 100-150 gramm tabiiy muzqaymoq sog‘lig‘ingizga faqatgina foyda va yuqori kayfiyat bag‘ishlaydi!
Mahalliy
Toshkentdagi «Media haftalik» qizg‘in pallada!
Zamonaviy axborot makoni shunday shiddat bilan o‘zgarmoqdaki, bugun oddiy xabarchi bo‘lish kifoya qilmaydi. Bugungi o‘quvchi tezkorlik bilan birga yuksak sifat, xolislik va eng muhimi haqiqatni talab qilmoqda. Ayni shu talablarga javob bera oladigan zamonaviy kadrlarni shakllantirish maqsadida OAV uchun Kontent tayyorlash markazi tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yirik media loyiha doirasida trening va seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu haftalik mamlakatimiz media makonida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari hamda raqamli kontent ijodkorlarini bir maydonga jamladi.
Muhokamalar shu qadar qizg‘in tus oldiki, ishtirokchilar an’anaviy qarashlardan voz kechib, raqamli dunyoning yangi qoidalarini tahlil qildilar.
Sun’iy intellekt matn yozishi, rasm chizishi yoki video montaj qilishi mumkin, ammo u hech qachon voqea joyidagi jonli his-tuyg‘uni va jurnalistning intuitsiyasini almashtira olmaydi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on (feyk) ma’lumotlar ko‘paygan bir davrda, faktcheking — axborot xavfsizligining eng oliy mezoniga aylandi.
Loyihaning bosh mezoni — quruq ma’ruzalardan qochib, bor e’tiborni amaliy ko‘nikmalarga qaratishdir. Ishtirokchilar zamonaviy media trendlar, strategik kommunikatsiyalar va auditoriyani jalb qilishning zamonaviy usullari bo‘yicha treninglarda bevosita qatnashmoqdalar.
Bugungi matbuot kotibi yoki bloger nafaqat matn yozishni, balki axborot inqirozlari davrida strategik to‘g‘ri qaror qabul qilishni, kontentni viral darajada trendga chiqarishni ham bilishi shart. Ushbu haftalik soha vakillarining professional rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni kunlarda poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan ushbu media haftalik yangi g‘oyalar, eksklyuziv loyihalar va kuchli hamkorliklar uchun katta start berdi. Ishtirokchilar axborot xavfsizligini ta’minlagan holda, sifatli va ishonchli kontent yaratishning eng sirli jihatlarini o‘zlashtirishda davom etmoqdalar.
Mahalliy
Endi rahbarni ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri fosh qilish mumkin!
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash tizimida keskin va muhim burilish yasaldi. 22-iyun kuni Prezident tomonidan imzolangan yangi Qonun bilan davlat idoralari va tashkilotlaridagi komplayens (ichki nazorat) xizmatlarining vakolatlari va xavfsizlik kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirildi. Oddiyroq aytganda, endi tashkilot ichidagi korrupsiyani tiyadigan nazoratchilar mutlaqo mustaqil va himoyalangan tizimga aylanmoqda.
Agar tashkilotning birinchi rahbari korrupsiyaga qo‘shilgan bo‘lsa, noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa yoki biror jinoiy guruhga rahnamolik qilayotgani aniqlansa, komplayens bo‘yicha o‘rinbosar buni yuqori turuvchi idorasi bilan kelishgan holda, hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish vakolatiga ega bo‘ldi. Bu rahbarlarning o‘z komplayens xodimlariga bosim o‘tkazish imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi.
Endilikda komplayens xizmati xodimlari o‘z tashkilotlaridagi istalgan obyektga, xonaga hech qanday to‘sqinliksiz kirish, barcha zarur hujjatlar va ichki axborot bilan tanishish huquqiga ega. Shuningdek, ular aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha majburiy ijro etilishi kerak bo‘lgan rasmiy taqdimnomalar kirita oladi.
Korrupsiyani fosh qiluvchi xodimlarni soxta ayblovlar yoki rahbarlarning o‘ch olishidan himoya qilish uchun ularga alohida maqom berildi. Yangi tartibga ko‘ra, komplayens tizimi xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish huquqi faqat va faqat Bosh prokurorga berildi. Bu ularning qo‘rqmasdan, xolis va adolatli ishlashi uchun juda katta huquqiy kafolatdir.
Mazkur islohot davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash yo‘lidagi eng jiddiy qadamlardan biridir. Ilgari tizim xodimlari o‘z rahbarining imzosi yoki qaroriga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonun va yuqori turuvchi organlar himoyasida bo‘ladi
Mahalliy
Namanganda sun’iy intellekt loyihalari Prezidentga taqdim etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Namangan davlat texnika universitetida tashkil etilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Laboratoriya talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish maqsadida tashkil etilgan.
Majmuada talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun zarur infratuzilma yaratilgan. Uning tarkibida tahlil markazi, robototexnika va bionika laboratoriyalari, startap-akselerator, to‘qqizta «aqlli» xona hamda sun’iy intellekt bo‘yicha ikki maxsus tayyorgarlik xonasi faoliyat yuritmoqda.
Bu yerda sun’iy intellekt, robototexnika, «aqlli» transport tizimlari, ekologiya va agrotexnologiyalar yo‘nalishlarida innovatsion loyihalar ishlab chiqilmoqda. Loyihalarning bir qismi amaliyotga joriy etish bosqichiga ham o‘tgan.
Taqdimot davomida davlat rahbari laboratoriya faoliyati yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Prezident ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga tatbiq etish, yoshlarning intellektual salohiyatidan samarali foydalanish va ularni innovatsion faoliyatga keng jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Uchrashuv doirasida professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy tadqiqotlar hamda istiqbolli texnologiyalar haqida ma’lumot berildi.
Prezidentga viloyat, shahar va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilar ishtirokida ishlab chiqilgan startap loyihalar ham taqdim etildi. Ularda raqamli boshqaruv, xizmatlar ko‘rsatish va iqtisodiyot tarmoqlarida samaradorlikni oshirishga qaratilgan yechimlar aks etgan.
Davlat rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat3 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport5 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Dunyodan4 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
