Iqtisodiyot
“Oltin qazib olishning yillik ko‘rsatkichi 118 tonnaga yetkaziladi”
Geologiya qidiruv ishlarida yangicha yondashuv joriy etilgani hisobiga oltin qazib olish hajmi 2016 yilda 86 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 118 tonnaga yetishi rejalashtirilmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
15 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqot qildi. Tashrif davomida davlat rahbari “Renessans” oromgohida ustozlarga davlat mukofotlarini topshirdi.
Tadbir chog‘ida Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yerosti boyliklarining ulkan zaxirasi mavjudligini ta’kidladi.
“Ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5-3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ilab, juda katta gaz zaxiralari topdik. Bu degani ilmni ishlatdik, ta’limni ishlatdik. Natija bo‘lyapti”, — dedi prezident.
Ma’lum qilinishicha, geologiya qidiruv ishlarida yangicha yondashuv joriy etilgani hisobiga oltin qazib olish hajmi 2016 yilda 86 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 118 tonnaga yetishi rejalashtirilmoqda.
Davlat rahbari shu davrda uran qazib olish hajmi ham ikki barobar oshganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari tarixda ilk bor 50 milliard dollardan oshgani xabar qilingandi. Zaxiralar qiymati o‘tgan oyga nisbatan 1,34 milliard dollarga ko‘paygan. Ushbu o‘sish jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashishi fonida yuz bermoqda.