Mahalliy
Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlandi
Adliya vazirligi Oliy ta’limga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat bilan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlanib, unda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilandi.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi.
Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi.
O‘qish muddati kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan:
sirtqi ta’lim shaklida kamida 1 o‘quv yili;
kechki ta’lim shaklida kamida yarim o‘quv yili muddatiga ko‘proq bo‘lishi kerak.
Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv ta’lim va boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Talabalarga quyidagi huquqlar beriladi:
ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish;
oliy ta’lim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida oliy ta’lim tashkilotining o‘zida yoki boshqa tashkilotlarda ishlash;
kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar stipendiya olish.
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
Talabalar oliy ta’lim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak.
Shuningdek, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Mahalliy
Zo‘r odam bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Mendan ko‘pincha: «Birinchi o‘qigan kitobingizni eslaysizmi?» deb so‘rashadi. To‘g‘risi, eslay olmayman. Ammo birinchi eshitgan, tinglagan kitoblarim yodimda. Ular kattalar tomonidan uzoq qish tunlari mehmonxonalarda, sandal yonida o‘qiladigan jangnoma kitoblar, ertaklar, qasidalar edi. Abu Muslim jangnomalari, Ibrohim Adham qissalarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Bu kitoblar qayerda o‘qilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerga tortinmay boraverardim.
Keyinroq o‘qigan kitoblarimni eslayman. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi»ni kattalardan yashirib o‘qiganman. Fransuz ozodlik harakati yo‘lboshchilaridan biri – afsonaviy qahramon Janna d’Ark haqidagi kitobni o‘qiganimda kitob otlig‘ bu ilohiy ne’mat haqidagi tasavvurim yanada tiniqlashgan.
Favqulodda jasoratli bu ayol meni o‘ziga tamomila rom etgan. Johillar uni olovda kuydirishgani tushlarimga kirib chiqqan. Yillar o‘tib, yo‘lim Fransiyaga tushganida, Versal saroyining mahobatli zallaridan birida Janna d’Ark bilan yuzma-yuz keldim. Mohir mo‘yqalam ustasi Yangi Orlean uchun bo‘lgan jangning g‘olib qahramonini ot ustida shu qadar jonli tasvirlagan ediki, suyukli qahramonimning ko‘zida nur ko‘rganday, nafas olishi-yu, yurak urishini eshitib turganday bo‘ldim…
Hayot meni bir xulosaga olib keldi: ertak, sarguzasht kitoblarni ko‘p o‘qigan bola bilan kitob o‘qishga o‘rgatilmagan bolaning fe’l-atvorida keskin farq bo‘lar ekan. Kitobxon bolalarning nutqi ravon, fikrlash doirasi keng bo‘ladi, fe’lida mehribonlik, birovni behuda ranjitmaslik, jonzotlarga ozor bermaslik kabi xususiyatlarni ko‘rish mumkin.
Kitobga qiziqishimga muallimlarning «Zo‘r odam bo‘lish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak», degan gapi sabab bo‘lgan. Zo‘r bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz, qo‘limga nima tushsa, tanlamay o‘qiyverganman. Qirg‘iz tilida yozilgan bitta kitobni rosa qiyinchilik bilan oxiriga yetdim. Bilsam, u bahorda qo‘zilatish mavsumini qanday o‘tkazish kerakligi to‘g‘risida yosh cho‘ponlarga tavsiya ekan…
Bir kuni yuqori sinfda o‘qiydigan bolalar domlalardan yashirib bir nimani o‘qishayotganini sezib qoldim. So‘rasam «Bunaqa kitoblarni o‘qishga hali yoshsan», deb berishmadi. Bir amallab qo‘lga kiritdim. To‘xtasin Jalolovning «Oltin qafas» degan mo‘’jazgina, o‘sha yillar ko‘zi bilan qaraganda, ishqiy qissa ekan. Erta azonda Takavoytepaning naryog‘iga o‘tib, hech kimga ko‘rsatmay o‘qib chiqdim. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi» kitobini ham shu taxlit, rus tili o‘qituvchimizning stolidan «bildirmasdan olib» o‘qiganman va shu shakkokligim sabab, «Fransuz tili o‘qituvchisi» filmining yosh qahramoniga aylanishimga sal qolgan.
Toshkent Davlat universitetiga o‘qishga kelgach, ko‘plab badiiy kitoblarni domlalarimizdan baho olish uchun zudlik bilan u yer-bu yerini «cho‘qilab» chiqishga to‘g‘ri keldi. Tasavvur qiling: imtihonga ikki-uch kun qolganida tunni tun, kunni kun demay, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik», «Anna Karenina» asarlarini, Onore de Balzak, Emil Zolya, Fenimor Kuper va yana shu kabi o‘nlab klassiklarning yostiqday-yostiqday asarlarini o‘qib chiqishga, hech bo‘lmaganda mazmunini aytib berishga majbur bo‘lganmiz.
Xorijiy adabiyot bo‘yicha imtihonda menga Emil Zolyaning «Jerminal» asari tushib qolsa bo‘ladimi! Ochig‘i, bu asarni umrimda o‘qimagan edim, ammo bir to‘plamda ayni shu muallifning «Markizaning yelkalari» sarlavhali ishqiy essesiga ko‘zim tushgandi. Tavakkal qilib domlaga shu essening mazmunini o‘zimdan bir oz qo‘shib, ayrim joylarini bo‘rttirib aytib berdim. Domla astoydil qiziqib qoldi va menga yaxshi baho qo‘ydi. Yillar o‘tib, «Urush va tinchlik»ni ham, «Anna Karenina»ni ham, Balzak, Heminguey, Drayzer, Bunin, Chexov, Gogol va boshqalarning mashhur asarlarini o‘zim uchun, ichki bir ehtiyoj sabab uchinchi marta o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘qish haqiqiy o‘qish bo‘ldi.
Kitob o‘qir ekanman, ulardan topgan dur-javohirlarim, anglagan haqiqatlarim, mutolaa jarayonida xayolimga kelgan ajoyib fikrlarni boshqalar bilan baham ko‘rish, bu buyuk tafakkur xazinasidan bahramand bo‘lmaganlarni kitobxonlikka chorlash men uchun yoqimli mashg‘ulotga aylandi. O‘zim uchun yangilik bo‘lgan so‘z va iboralarni, noyob voqea-hodisalar talqini, ulug‘ ajdodlarimizning hikmatli so‘zlari, xotirada to‘la saqlanishi qiyin bo‘lgan faktlarni yon daftarimga yozib boraman. Mendan bu dunyoda topgan va farzandlarimga qoldiradigan meros haqida so‘rasalar, hech ikkilanmay, ana shu yozuvlarimni aytgan bo‘lar edim…
Ahmadjon Meliboyev
Mahalliy
Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislari tayyorlashda yangi tizim joriy etiladi
O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilanmoqda. Bu Prezidentning 2-aprelda qabul qilingan qarorida belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-maydan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida ta’lim yangi formatlarda tashkil etiladi. Xususan, dual ta’lim asosida talabalar 6 oy davomida nazariy ta’limdan ajralgan holda amaliy tajriba o‘taydi.
Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida «4+2» shaklidagi amaliyot joriy etilib, u yil davomida nazariy bilimlar bilan uyg‘unlashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, universitet professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Ular viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.
Talabalar uchun sayyor darslar amaliyoti ham kengaytiriladi. Ular qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda «Suvchilar maktabi» bazasida o‘tkaziladi.
Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi tashkil etilishi belgilangan. Shu bilan birga, 2026–2027-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Unda STEAM, til bilimlari va akademik yozish kabi yo‘nalishlar qamrab olinadi. Mazkur kurslar bir yillik bo‘lib, xalqaro standartlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2027–2028-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tugatgan talabalar universitetga imtihon asosida qabul qilinadi. Bu tizim kadrlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, universitetga «texnikum–oliygoh» tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi biriktiriladi. Uning negizida yangi fakultet tashkil etiladi.
Bundan tashqari, «Suv diplomatiyasi» magistraturasi «Xalqaro suv diplomatiyasi» yo‘nalishiga aylantirilishi belgilangan. Bitiruvchilarga tegishli malaka berilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliy
Fuqaro muhofazasi instituti qayta tashkil etiladi
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, sohadagi mavjud ta’lim muassasalari qayta tashkil etilib, yagona tizimga birlashtiriladi.
Qarorda belgilanishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi Akademiya huzuridagi yangi tuzilmalar sifatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, Akademiya bazasida yagona ta’lim kampusi tashkil etilib, unda qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi va xorijiy kadrlar uchun maxsus fakultet ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, Akademiyada ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bakalavriat yo‘nalishlarida harbiy ta’lim davlat granti asosida, fuqaroviy yo‘nalishlarda esa to‘lov-kontrakt shaklida amalga oshiriladi.
Magistratura bosqichida esa vazirlik va idoralar ehtiyojlari uchun harbiy va fuqaroviy mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ta’lim shakllari kunduzgi, kechki va masofaviy ko‘rinishlarda tashkil etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2027/2028-o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida «2+2» ta’lim modeli joriy etiladi. Ushbu tizim nazariy bilim va amaliy tayyorgarlik uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan.
Mahalliy
10 ta OTMga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ilmiy klasterlar ochiladi
3-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, taqdimotda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, «U10 – O‘zbekistonning global darajadagi ilg‘or universitetlari» dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tanlov asosida 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilib, ularda ilmiy klasterlar tashkil etiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan universitetga ilmiy klaster tashkil etish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 150 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, ushbu tanlov professor-o‘qituvchi va olimlar salohiyati, ishtirokchi tashkilotlarning milliy va xalqaro reytinglardagi o‘rni, ilmiy infratuzilmasi hamda moliyalashtirishdagi ulushi kabi ko‘rsatkichlar asosida o‘tkaziladi.
Tashkil etiladigan ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida faoliyat yuritadi.
Oliy ta’lim tizimida natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
2027-yildan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarini ularning milliy reytingdagi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, raqamlashtirish va bitiruvchilar bandligi kabi mezonlar asosida baholanadi.
Shu bilan birga, davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar uchun oliygohlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini shakllantirishda ham yangi yondashuvlar taklif etildi. Endilikda ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, mehnat bozori ehtiyojlari, universitet reytingi, hududiy omillar va professor-o‘qituvchilar mehnatini rag‘batlantirish kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.
Ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi ustuvor yo‘nalishlarga sarflanadi. Loyihalarni saralash xalqaro ekspertiza, ilmiy-texnik kengashlar va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar faoliyatida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi. Jumladan, oliygohlarning «spin-off» korxonalarini tashkil etish orqali «tarmoq – korxona – oliy ta’lim tashkiloti – ilmiy tashkilot» zanjiri asosida innovatsion mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim xabiga aylantirish maqsadida xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi. Jumladan, har yili respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim olish uchun grant ajratishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturini amalga oshirish belgilanmoqda.
Davlat rahbari mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mahalliy
O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari eng tez o‘sishni qayd etdi
2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 168,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, xizmatlar tarmoqlari orasida eng yuqori o‘sish ta’lim sohasida kuzatilgan. Ushbu yo‘nalishda o‘sish sur’ati 121,2 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, moliyaviy xizmatlar 120,8 foiz, savdo xizmatlari 119,8 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda xizmatlar sektori faolligi saqlanib qolayotganini anglatadi.
Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 117,7 foizga o‘sgani raqamli iqtisodiyot ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Me’morchilik va muhandislik xizmatlari 115,9 foiz, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar esa 115,5 foizga o‘sgan. Bu qurilish va infratuzilma sohalarida faollik yuqori ekanini anglatadi.
Yashash va ovqatlanish xizmatlari 114,9 foiz, ijara xizmatlari 112,8 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, kompyuter va maishiy texnika ta’miri xizmatlari 111,6 foizga o‘sgan.
Sog‘liqni saqlash xizmatlari 109,7 foiz, shaxsiy xizmatlar 109,1 foiz va transport xizmatlari 108,3 foizga o‘sgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim bo‘yicha statistik ma’lumotlar e’lon qilingandi.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston yangi qonunchilik tashabbusi bilan yashil hududlarni 30% qamrab olishni maqsad qilgan
-
Jamiyat5 days agoJurnalist Karim Bahriyev vafot etdi
-
Jamiyat5 days agoChust tumanida korrupsion zanjir fosh etildi
-
Turk dunyosi3 days agoKanada Turkiyaga 11 ta artefaktni ikki davlat oʻrtasidagi birinchi repatriatsiyada qaytardi – Geijutsu Shimbun
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda ikki oyda 204,4 ming tonna benzin ishlab chiqarildi
-
Siyosat4 days agoPrezident Xalq qabulxonasi tashkil etiladi
-
Jamiyat5 days ago
Buxoro ko‘chalarida «Nasriddin Afandi» kezmoqda (foto)
-
Jamiyat3 days agoShota Rustaveli ko‘chasida avtobus piyodani urib yubordi
