Mahalliy
Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlandi
Adliya vazirligi Oliy ta’limga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat bilan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlanib, unda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilandi.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi.
Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi.
O‘qish muddati kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan:
sirtqi ta’lim shaklida kamida 1 o‘quv yili;
kechki ta’lim shaklida kamida yarim o‘quv yili muddatiga ko‘proq bo‘lishi kerak.
Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv ta’lim va boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Talabalarga quyidagi huquqlar beriladi:
ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish;
oliy ta’lim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida oliy ta’lim tashkilotining o‘zida yoki boshqa tashkilotlarda ishlash;
kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar stipendiya olish.
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
Talabalar oliy ta’lim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak.
Shuningdek, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.
Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.