Connect with us

Jamiyat

“O‘lib qolaman deb o‘yladim” – Toshkentda IIB xodimlari fuqaroni qiynab, bo‘yniga jinoyat ilmoqchi bo‘lishdi

Published

on


Gumondorlarga jismoniy qiynoq qo‘llagan Yangihayot tumani IIO FMBning uch xodimi ozodlikdan mahrum qilindi. “Meni xonaga qo‘limga kishan taqilgan holda olib kirishdi. Oldimga Farhod Qorayev kirib keldi. U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora rangli polietilen paket kiydirdi va uning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, orqalarimga va oyoq qismimga elektroshoker yordamida jarohat yetkazdi”, degan sudda jabrlanuvchi.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

Toshkent shahri Yangihayot tumani IIO FMBning uch xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan Farhod Qorayev Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili, 1986 yilda tug‘ilgan Bahrom Shonazarov va 1991 yilda tug‘ilgan Karimjon Mirzaboyev esa PPX inspektori lavozimida ishlagan.

Jinoyat tafsilotiga ko‘ra, Zangiota tumanidagi manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan Mirhoshim Kutepetdinov ko‘p miqdorda giyohvand modda sotish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan. U 2024 yil avgust oyi boshlarida inspektor Bahrom Shonazarovga Yangihayot tumani, Katta xalqa yo‘li ko‘chasida joylashgan “Minerva City” turar joy majmuasining qurilishi tugallanmagan binosi ro‘parasiga ko‘p miqdordagi giyohvand modda yashirib ketilishini, uni qora rangli Spark mashinasida borgan shaxslar olib ketishini aytadi. Mirhoshim Kutepetdinov Bahrom Shonazarovdan ushbu narkotik moddalarni uning tanishlari xavfsiz olib ketishini ta’minlashni so‘ragan va o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirishda yordam berishga rozi qilgan.

2024 yil 4 avgustga o‘tar kechasi Bahrom Shonazarov PPX inspektori Karimjon Mirzaboyev bilan birga o‘zlariga biriktirilgan hududdan tashqariga chiqib, giyohvand modda yashirilgan manzil atrofini xizmat mashinasida aylanib yurishgan. Biroq katta miqdordagi giyohvand modda yashirilganidan Karimjon Mirzaboyev bexabar bo‘lgan.

Inspektorlar soat 2:00 larda giyohvand modda yashirilgan joy yaqinida turgan Mehrob Ashurov va Shomuhammad Shotursunovni ko‘rib qolishgan. So‘ngra ularning oldiga borib, nima maqsadda bu yerda yurganliklari haqida so‘rashgan. Bahrom Shonazarov Mehrob Ashurovning telefonini ko‘zdan kechirib, 5 gramm sintetik giyohvand vositasi yashirilgan joy fotosurati va geolokatsiyasini ko‘rgan hamda “zakladka” uchun kelganini aniqlagan. Ammo inspektor noma’lum shaxslar tomonidan olib ketilishini o‘zi ta’minlanishi lozim bo‘lgan va o‘sha atrofda yashirilgan giyohvand modda Mehrob Ashurov hamda Shomuhammad Shotursunovga tegishli deb o‘ylagan.

Bahrom Shonazarov Mehrob Ashurovning qo‘lidan tortib, o‘ziga oldindan ma’lum bo‘lgan joyga yashirib qo‘yilgan giyohvand modda turgan joyga olib borgan. So‘ngra go‘yoki o‘zini ushbu joydagi giyohvand moddani topib olganday ko‘rsatib, ashyoviy dalillarni xolislar ishtirokisiz, o‘z qo‘llari bilan olgan holda mashinasi yukxonasi ustiga qo‘ygan. Inspektorlar Mehrob Ashurov hamda Shomuhammad Shotursunovga topilgan giyohvand moddalar ularga tegishli ekanini aytib, hodisa joyiga Yangihayot tumani IIO FMB JTSB PPX inspektorlari va Yangihayot tumani IIO FMB JQBning tegishli xodimlarini chaqirishgan.

Voqea joyiga Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili Farhod Qorayev ham yetib borgan. U inspektorlar tomonidan gashish, marixuana, tropikamid giyohvand vositalarini o‘tkazishda gumonlanib ushlangan Mehrob Ashurov va Shomuhammad Shotursunov haqida tuman IIO FMB navbatchilik qismi hamda yuqori turuvchi rahbariyatiga axborot bermasdan, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqqan holda surishtiruv harakatlarini olib borishga kirishgan.

Tezkor vakil Mehrob Ashurov, Shomuhammad Shotursunov va ularning ortidan kelgan 3 kishini (biri ayol) amalda himoya huquqi bilan ta’minlamasdan, qo‘llariga kishan taqtirgan. Keyin hodisa joyida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, urib-tepgan.

Farhod Qorayev gumondorlar Yangihayot tuman IIO FMBga keltirilgandan so‘ng hodisa joyida aniqlangan hamda Mehrob Ashurovga tegishli bo‘lmagan 953,84 gramm gashishning unga va sheriklariga tegishli ekanini bo‘yniga olishga majburlagan. Buning uchun u Mehrob Ashurovni videokuzatuv kamerasi o‘rnatilmagan raqamsiz yordamchi xonaga olib kirib, kishan taqilgan qo‘llarini tepaga ko‘tartirgan holda xona devoriga tirab qo‘ygan hamda boshiga polietilen paket kiydirgan. So‘ngra paket ustidan skotch o‘rab, Mehrob Ashurovning hayoti uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan. Shuningdek, tezkor vakil gumondorni do‘pposlab, elektroshoker moslamasini ham qo‘llagan va qiynoqqa solgan. Jismoniy qiynoqlarga chidamagan Mehrob Ashurov jinoyatni sodir etganligiga iqrorligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozib bergan.

Bundan tashqari, Farhod Qorayev iqrorlik ko‘rsatmalari olish maqsadida A.Islomovni ham qiynoqqa solgan. U A.Islomovning qo‘lini skotch bilan o‘rab, boshiga bir nechta polietilen paketlarni kiydirgan, so‘ngra paketlarni bo‘yin qismidan siqib olgan. A.Islomov tezkor vakilga “Men yegan somsamga pul to‘layman! O‘ligim chiqsa chiqsin shu yerdan, sizlar xohlayotgan narsani tan olmayman”, degan. Bundan jahli chiqqan Farhod Qorayev uning ko‘krak va qorin qismiga zarbalar bergan. A.Islomov og‘riqlardan yerga bukilib, yarim o‘tirgan holatga kelib qolgan.

Farhod Qorayev Sh.Shotursunov va I.Sobirovni ham o‘sha xonaga olib kirib, qiynoqqa solgan. Jumladan, u “zajigalka”ni yoqqan holda I.Sobirovning jinsiy a’zosiga yaqinlashtirib, jinoyatni bo‘yniga olishini aytgan. Bundan qo‘rqib ketgan I.Sobirov ular xohlagan narsani yozib berishga rozilik bildirgan.

PPX inspektori Bahrom Shonazarov qalbaki 17 900 AQSh dollarini sotmoqchi bo‘lgan guruhga aloqadorligi ham aniqlangan. Ushbu guruh a’zolari tezkor tadbirda ushlangan.

Farhod Qorayev, Bahrom Shonazarov va Karimjon Mirzaboyev sudda aybiga qisma iqrorlik bildirgan. Farhod Qorayev fuqarolarga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llamaganini, ular o‘z ixtiyorlari bilan tushuntirish xati yozib berishganini aytgan.

Jabrlanuvchi Mehrob Ashurov esa Farhod Qorayev unga jismoniy azob berganini ta’kidlagan.

“Meni xonaga qo‘limga kishan taqilgan holda olib kirishdi. Oldimga Farhod Qorayev kirib keldi. U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora rangli polietilen paket kiydirdi va uning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, orqalarimga va oyoq qismimga elektroshoker yordamida jarohati yetkazdi. Paket burnimga yopishib, nafasim qaytib keta boshladi. So‘ng Farhod Qorayev boshimdagi paketni burnimgacha ko‘tarib, hodisa joyidan topilgan giyohvand vositalari kimga tegishli ekani haqida so‘radi. Menga tegishli emasligini, men faqatgina 5 gramm “Alfa PVP” giyohvand vositasini olib ketish uchun tanishim bilan u yerga borganimni aytdim. Shunda Farhod Qorayev “Sen bola tushunmading shekili” deb, boshimga takroran paket kiydirdi va meni azoblashni davom ettirdi, ikki tomonlama qovurg‘alarimga kuchli zarbalar berishni boshladi. Nafasim siqilib, o‘lib qolaman deb o‘yladim. Farhod Qorayevning qiynoqlariga bardosh bera olmasdan barchasini bo‘ynimga olaman, faqat qiynamanglar, urmanglar, dedim. Agar shunaqa demasam Farhod Qorayev meni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

Jabrlanuvchi Shomuhammad Shotursunov ham ko‘rsatmasida o‘ziga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llanganini, “zajigalka” bilan jinsiy a’zosini kuydirishganini ma’lum qilgan.

JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil 16 maydagi hukmi bilan Farhod Qorayev, Bahrom Shonazarov, Karimjon Mirzaboyev Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilgan. Farhod Qorayev va Karimjon Mirzaboyevga 5 yil 1 oydan, Bahrom Shonazarovga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, hukm bilan Mirhoshim Kutepetdinov 12 yil 6 oy hamda qalbaki valuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq epizod bo‘yicha 5 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.  



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Navoiyda quvib o‘tish qoidasini buzish 4 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi

Published

on


Konimex tumani hududida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 2 kishi voqea joyida, 2 kishi shifoxonada vafot etdi. Nexia haydovchisi quvib o‘tish qoidasini buzib, katta tezlikda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Navoiyda insonlar o‘limi bilan bog‘liq ayanchli YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, YTH 22 fevral kuni Konimex tumani hududida, “Navoiy–Zarafshon–Uchquduq” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Nexia haydovchisi o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan avtomobilni quvib o‘tishga uringan. Ammo bunga ulgurmasdan qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Nexia mashinasi tezligi ham belgilangan cheklovdan yuqori bo‘lgani aytilmoqda. YTH oqibatida 2 kishi voqea joyida, yana 2 kishi esa shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Navoiyda avtobus YTHga uchrab, 2 kishi halok bo‘lgandi. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“shashka”, drift va poyga videolariga qarshi choralar kuchaytiriladi

Published

on


Toshkentda yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi – “shashka”, drift va noqonuniy ko‘cha poygalari aks etgan videomateriallarga qarshi choralar kuchaytiriladi. Bu kabi kontentni tarqatayotgan shaxslarni aniqlash va qo‘pol qoidabuzarliklarni “piar” qilgan akkauntlarni bloklash masalasi belgilandi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti

Mazkur yo‘nalishda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev raisligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar IIV JXD YHXX hamda poytaxt IIBB YHXB rahbariyati, YPX brigada va batalon qo‘mondonlari, sohaviy bo‘linmalar boshliqlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va YouTube videoxostingida yo‘l harakati qoidalarini buzishni targ‘ib qiluvchi videomateriallar tarqatilayotgani ta’kidlandi. Xususan, xavfli haydovchilik, noqonuniy ko‘cha poygalari, drift va “shashka” kabi harakatlar aks etgan videolar qayd etildi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida internet tarmog‘ini doimiy monitoring qilish, bunday videolarni joylashtirayotgan shaxslarni aniqlash, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish, shuningdek qo‘pol qoidabuzarliklarni “piar” qilib namoyish etgan akkauntlarni bloklash belgilandi.

Shuningdek, departament rahbari avariyalar sonini kamaytirish, og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, statsionar va mobil postlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda blogerlar va qo‘pol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Tungi reyd tadbirlarini kuchaytirish, yo‘l bezoriligi uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash, xizmat intizomini mustahkamlash va xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 26 fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlari doirasida 3 mart kuniga qadar internet platformalari o‘rganilib, yo‘l bezoriligi aks etgan 107 ta videolavha aniqlangan. Ular asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilgan, 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shuningdek, YPX va PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq 23 ta holat, o‘tkir jismlarni olib yurishga doir 262 ta holat aniqlangani bildirildi.

Reydlar davomida jami 5 919 ta qo‘pol qoidabuzarlik qayd etilgan. Asosiy qoidabuzarlik turlari orasida: poyga — 4 ta, bo‘ysunmaslik — 70 ta, tonirovka — 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar — 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish — 34 ta. Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs ham aniqlangan.

Reyd tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Zulfiya mukofoti sovrindorlari ro‘yxati e’lon qilindi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar ro‘yxati:

Satniyazova Indira Qaniyaz qizi – Qoraqalpoq davlat universitetining 3-bosqich talabasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Erimbatova Dilnoza Nurulla qizi – Qoraqalpoq davlat universitetining 2-bosqich magistranti (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Umurzoqova Moxlaroy Muxtorjon qizi – Andijon davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti (Andijon viloyati)

Abduqaxorova Muslimaxon Mirzabaxrom qizi – Andijon davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti (Andijon viloyati)

Ergashova Mehriniso Husniddin qizi – Buxoro davlat pedagogika institutining 1-bosqich magistranti (Buxoro viloyati)

Fayzullayeva Vazira Xamidovna – Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich magistranti (Buxoro viloyati)

Tursunova Visola Behzodovna – Jizzax davlat pedagogika universitetining 2-bosqich talabasi (Jizzax viloyati)

Jo‘raboyeva Muhsina Orif qizi – O‘zbekiston Milliy universitetining tabiiy geografiya kafedrasi kabinet mudiri (Jizzax viloyati)

Murodova Marjona Shuxrat qizi – Bojxona institutining xalqaro hamkorlik bo‘limi inspektori (Qashqadaryo viloyati)

Amirova Latofat Bahrom qizi – Erkin ijodkor, shoira (Qashqadaryo viloyati)

Qudratova Mashxura Fazliddin qizi – Navoiy shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Navoiy viloyati)

Haydarova Laziza Nabijon qizi – Navoiy davlat universitetining 2-bosqich talabasi (Navoiy viloyati)

Ergashova Xushnozaoy Toxirjon qizi – M.Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli balet artisti (Namangan viloyati)

Ismoilova Gulshanoy Shuhrat qizi – O‘zbekiston Milliy universitetining 1-bosqich talabasi (Namangan viloyati)

Mamedova Amaliya Parvizovna – Samarqand shahridagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Samarqand viloyati)

Tohirova Mohigul Umir qizi – Samarqand davlat universitetining amaliy psixologiya kafedrasi assistenti (Samarqand viloyati)

Mingboyeva Zulxayo Ulug‘bek qizi – Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Sirdaryo viloyati)

Maxmudova Olimaxon Yusufjon qizi – O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Sirdaryo viloyati bo‘limi sozandasi (Sirdaryo viloyati)

Ibrogimova Nodira Jurabekovna – Toshkent shahridagi «Shkola 21» nodavlat ta’lim muassasasi loyiha rahbari (Surxondaryo viloyati)

Shokirova Gulhayyo O‘ktam qizi – Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 1-bosqich magistranti (Surxondaryo viloyati)

Uralova Gulhayo Baxodir qizi – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti 2-bosqich tayanch doktoranti (Toshkent viloyati)

Xolmuxamedova Parizod Jasurbek qizi – Yuqori Chirchiq tumanidagi 24-bolalar musiqa va san’at maktabining badiiy kashtachilik o‘qituvchisi (Toshkent viloyati)

Jo‘raboyeva Dilafruzxon Sardorjon qizi – Xalqaro frilanserlik platformalari frilanseri (Farg‘ona viloyati)

Sobirova Dilafruzxon Salohiddin qizi – Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Farg‘ona viloyati)

Quronboyeva Moxinur Odilbek qizi – Urganch davlat tibbiyot institutining katta o‘qituvchisi (Xorazm viloyati)

Do‘smetova Shahzoda Do‘smet qizi – O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Xorazm viloyati bo‘limi maqom xonandasi (Xorazm viloyati)

Saranseva Anastasiya Olegovna – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 208-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi (Toshkent shahri)

Mavlonova Sevinch Sanjar qizi – «Yangi O‘zbekiston» universitetining 2-bosqich talabasi (Toshkent shahri).



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ayollar va bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalash yanada kuchaytiriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda erta nikoh, erta yoshdagi tug‘uruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.

Ushbu masalalar eng yuqori darajada bir necha bor muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan edi.

Bugungi taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator masalalar bo‘yicha quyidagi takliflar bildirildi:

– shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish;

– pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoni belgilash;

– Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik;

– Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar bo‘yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish;

– shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi bo‘yicha prokuror qarorini olish shartligi;

– ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shug‘ullanishi;

– zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus «SOS» ilovalarini o‘rnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.

Shuningdek, yurtimizda nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirildi:

– nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;

– davlat bojidan imtiyozlar berish yo‘li bilan nikohlanuvchilar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish;

– nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish;

– erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish bo‘yicha idoralararo zanjirni yo‘lga qo‘yish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash;

– homilador yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun ta’limni davom ettirish imkonini berish orqali ularni ta’limdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etildi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan tashabbuslarni ma’qullab, tegishli farmonga imzo chekdi hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Surxondaryo orqali Afg‘oniston va Tojikistonga o‘tadigan magistral yo‘l kapital ta’mirlanadi

Published

on


Yig‘ilishda Surxondaryodagi eng og‘riqli masalalardan biri yo‘l va transport infratuzilmasi ekani qayd etildi.

Ikki yil oldin Osiyo taraqqiyot banki bilan 183 million dollar hisobiga Boysun va Denovni bog‘lovchi yo‘lning 111 kilometr qismini sement-beton qoplamaga o‘tkazish loyihasi boshlangan. Bu yo‘l ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshadi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqaradi.

Yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometrli magistral yo‘l 30 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi.

Toshkent – Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezd 14 soatdan ko‘p harakatlanadi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlar olib kelish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. «Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on» uchastkasini tezyurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr bo‘lgan «Qumqo‘rg‘on – Quduqli» temir yo‘lini elektrlashtirish ishlariga kirishish topshirildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.