Jamiyat
Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda
Bo‘ka tuman sudi Toshkent viloyatidagi bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishini yurituvga oldi. Oliy sudga ko‘ra, 11 kishiga, jumladan, Shark Milk Product kompaniyasi rahbarlari, texnologlari va laborantiga, shuningdek, autsorsing firmalari direktorlariga nisbatan ayblov e’lon qilingan.
2025 yil sentabr oyida Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalarning ommaviy zaharlanishi holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudi ish yurituviga kelib tushdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar qildi.
Sud ishiga 11 kishi jalb qilingan. Ular bolalar bog‘chalari uchun mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish hamda xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq kompaniyalarda rahbarlik va texnik lavozimlarda ishlagan shaxslardir:
R. O. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ direktori);
S. S. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ ta’sischisi va sotuv bo‘limi menejeri);
F. O. (erkak, 1990 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ ta’sischisi va direktori o‘rinbosari);
A. S. (erkak, 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ bosh texnologi);
R. X. (erkak, 1982 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ texnologi);
M. N. (erkak, 1991 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ texnologi yordamchisi);
J. X. (erkak, 1993 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Governess Business MChJ direktori);
F. D. (erkak, 1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Kinder Garden Group MChJ direktori);
I. S. (erkak, 2000 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Innavation Outsourcing Servise MChJ direktori);
B. R. (erkak, 1992 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Nishon invest MChJ direktori);
D. Q. (ayol, 1997 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Shark Milk Product MChJ laboranti).
Ayni paytda jinoyat ishini ko‘rishni tayinlash masalasi o‘rganilmoqda.
Ular Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi «b» bandi va 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ayblanuvchilarning 10 nafariga qamoqqa olish va 1 nafariga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.
Bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish
2025 yil 26 sentabr kuni Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq, Bekobod tumanlari, Nurafshon va Olmaliq shahridagi bir qator maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning ommaviy zaharlanishi ro‘y bergandi. Dastlabki xabarlarda 100 dan ortiq bola shifoxonalarga yotqizilgani aytilgandi. Keyinchalik viloyat tibbiyot muassasalariga zaharlanish shikoyati bilan murojaat qilgan bolalar soni 2 mingga yaqin ekani ma’lum bo‘ldi.
Bir necha kun o‘tib bolalarning barchasi sog‘ayib, uylariga javob berilgandi.
Ushbu voqeadan keyin sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda autsorsing kompaniyalari mansabdor shaxslari bo‘lgan jami 7 kishi qo‘lga olingan, ularga nisbatan jinoiy ish ochilib, tergov harakatlari boshlangandi.
Tergov ishi sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgandi.
Jamiyat
Sankt-Peterburgda eri ko‘chaga haydab yuborgan ayol va farzandlari O‘zbekistonga qaytarildi
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, oilaviy janjaldan so‘ng turmush o‘rtog‘i uni va 4 nafar farzandini yashab turgan joyidan chiqarib yuborgan.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasiga M.B. (ayol) murojaat qilib, o‘zi va to‘rt nafar farzandining yashash joyi yo‘qligi hamda og‘ir vaziyatga tushib qolganini ma’lum qilgan.
Bosh konsulxona vakillarining aniqlik kiritishicha, oilaviy kelishmovchiliklar sababli ushbu muammo yuzaga kelgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, oilaviy janjaldan so‘ng turmush o‘rtog‘i uni va 4 nafar farzandini yashab turgan joyidan chiqarib yuborgan.
Migratsiya agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakili bilan hamkorlikda ona va uning farzandlari vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlandi hamda O‘zbekistonga qaytarildi.
Jamiyat
Farg‘onada fuqaroni qo‘rqitib pul undirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi
Ular jabrlanuvchini sharmanda qilish bilan qo‘rqitishgan va undan 8 mln so‘m talab qilishgan.
Foto: Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati
Farg‘ona shahrida bir guruh shaxslar fuqaroni xilvat joyga olib borib, unga tan jarohati yetkazgani va sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgani aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi besh nafar yigit Quva tumanida yashovchi fuqaroni “Beshbola” mahallasida joylashgan karerga olib borgan.
U yerda fuqaroga tan jarohati yetkazilib, sir saqlanishi lozim bo‘lgan holatda uyali telefonga tasvirga olingan. So‘ngra ushbu videotasvirlarni jabrlanuvchining yaqin qarindoshlariga tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitishgan va undan 8 mln so‘m talab qilishgan.
Guruh a’zolari jabrlanuvchidan talab qilingan pulning 2 mln so‘mini olayotgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada kutubxonalar soni keskin kamaydi
Respublikada kutubxonalar soni bir yilda 14 999 tadan 17 763 taga ko‘paydi. Shunga qaramay, 4 ta hudud – Farg‘ona, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida kutubxonalar kamaygan. Eng ko‘p kamayish Farg‘ona viloyatida – 533 ta.
O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvar holatiga 17 763 ta kutubxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda jami 89,2 mln nusxada kitob va jurnallar mavjud. Bu haqda Statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hududlar kesimida kutubxonalar soni quyidagicha:
· Samarqand viloyati — 2 044 ta;
· Qashqadaryo viloyati — 1 767 ta;
· Surxondaryo viloyati — 1 600 ta;
· Farg‘ona viloyati — 1 575 ta;
· Namangan viloyati — 1 477 ta;
· Toshkent viloyati — 1 446 ta;
· Toshkent shahri — 1 217 ta;
· Xorazm viloyati — 1 100 ta;
· Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1 058 ta;
· Andijon viloyati — 1 058 ta;
· Buxoro viloyati — 1 049 ta;
· Sirdaryo viloyati — 887 ta;
· Jizzax viloyati — 810 ta;
· Navoiy viloyati — 675 ta.
Respublikada kutubxonalar soni 2025 yil 1 yanvardagidan (14 999 ta) 2 764 taga ko‘paygan. Biroq, shunga qaramay 4 ta hudud – Farg‘ona (-533 ta), Jizzax (-58 ta), Toshkent (-21 ta) va Andijon (-7 ta) viloyatlarida ular kamaygan.
Kutubxonalar ko‘payishi bo‘yicha Toshkent shahri (+516 ta), Namangan (+586 ta), Surxondaryo (+441 ta), Xorazm (+412 ta) va Sirdaryo (+361 ta) viloyatlari yetakchilik qilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu ko‘rsatkichga respublika hududidagi barcha kutubxonalar, ta’lim muassasalari, tashkilotlarga qarashli axborot-resurs markazlari hamda axborot-kutubxona markazlari kiritilgan.
Jahon shaharlari reytingi: aholi uchun eng ko‘p kutubxona qayerda?
Jamiyat
davlat bog‘chasida bir oilaning ikki farzandi ham zo‘ravonlikka uchragani aytilmoqda
Tahririyatga murojaat qilgan onaning iddaosiga ko‘ra, Olmazor tumanidagi davlat bog‘chasida egizak farzandlaridan biri og‘ir ahvolda komaga tushgan, ikkinchisi esa ko‘ziga jarohat yetgan holda uyga qaytgan. Vaziyatga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari esa har ikki holatda ham taqdim etilmagan.
Rayyan kids xususiy bog‘chasidagi bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar jamoatchilikni larzaga soldi. Ammo tahririyatga murojaat qilgan ona bunday xavotirlar faqat xususiy bog‘chalar bilan cheklanmasligini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat bog‘chasida egizak farzandlaridan biri komaga tushgan, ikkinchisi esa ko‘kargan ko‘ziga pudra surtilgan holda uyga qaytgan. Har ikki holatda ham voqeaga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari taqdim etilmagan.
Bog‘chaga sog‘lom ketgan bola komaga tushdi
Shahnoza Qurbonovaning egizak farzandlari Olmazor tumanidagi 201-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga boradi.
“Bog‘cha opasi telefon qilib kelayotganimni so‘rab, “Umar yaxshimidi, negadir mazasi bo‘lmayapti, og‘irlashib qoldi”, dedi. Yaxshiligini aytib, nima bo‘lganini so‘radim. Yonida ovozlar eshitilyapti: “Bolaning yuragi to‘xtab qolyapti, nafas beringlar” deb baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Menga yana boshqa bog‘cha opa chiqib baqiryapti “qanaqa onasanlar, kasal bolangni uyda qarasang bo‘lmaydimi? Nogiron bolalaringniyam bog‘chaga berasanlar”, deb. Bu menga yomon ta’sir qildi. Bir tomonda bolamning o‘layotganini eshitib turibman. Bolam kasal emasdi, tushunmay shok holatda qoldim. Tez yordam chaqirib turinglar desam “bog‘chamizning obro‘yiga to‘g‘ri kelmaydi. Bizga gap tegadi, chunki bolang bog‘cha yoshida emas deb telefonni o‘chirishdi. Kelsam bolamni bog‘chadan olib chiqib, ro‘paradagi xonadonga olib kirishgan. Bolam bitta nuqtaga qarab gapirmayapti. O‘lib qoldi deb o‘yladim. Odeyalga o‘rab qo‘yishgan. Menga suv berishdi, bog‘cha opa tinimsiz mendan kechirim so‘rayapti.
Bolam shifoxonada uch kun komada yotdi, 10 kun jonlantirish bo‘limida yotdik. Juda og‘ir ahvolga tushib qoldi, hozirgi kunda bolamning nutqiga ta’sir qilgan bu narsa. Yaxshi gapira olmaydi. Ko‘zini juda ko‘p pirpiratadi. U holatda nima bo‘lganini bilmaymiz, lekin shifokorlar bola sog‘lom, shok holatida, yurak yorilish darajasiga yetib kelgan deb tashxis qo‘yishdi. Bolani yoki qattiq qo‘rqitishgan, yoki qattiq yiqitishgan, yoki qattiq baqirishgan deyishdi”.
Darhaqiqat, Kun.uz’ga taqdim etilgan shifokor xulosalarida bolaning ahvoli juda og‘ir bo‘lgani aytilgan, lekin ikkala tomon uchun ham oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan kamera yozuvlari o‘chirib yuborilgan. Holat yuzasidan ona hech qayerga shikoyat qilmagan.
Bolaning ko‘ziga ayollar “tonalniy” pudrasi surtilgan
Shahnoza Qurbonovaning aytishicha, oradan ko‘p o‘tmay ikkinchi farzandi ham jarohat bilan uyga qaytgan.
“12 may kuni egizaklarimning kichkinasi sog‘lom holda bog‘chaga ketdi. 18:00 larda uyga kelganda bitta ko‘zi shishib ketgan, ochilmayapti, ovozi chiqmayapti, gapira olmayapti. Nima bo‘lganini so‘rasam zo‘rg‘a “bog‘cha opam urdi”, dedi. Shifokorga olib borsak, bolaga katta inson tarafidan yaxshigina zarba bo‘lganini aytdi. Chunki qovoqlari bilan shishib ketgandi. Ko‘zini ichini ko‘raman deb yaxshiroq ochsam, bolani ko‘ziga ayollar “tonalniy” pudrasi surtilgan.
Ular qilar ishni qilishyapti, har doimgiday kamera yozuvlari yo‘q. Doim bola jarohatlansa, kamera yozuvlari bo‘lmaydi. Bu 6- yoki 7- holat bo‘ldi bizda. O‘rtada tirnog‘i uzilib chiqdi bir marta, “eshikka siqib oldi, uzr”, deyishdi. Bog‘chaga borib baqir-chaqir qilib yomon ko‘rinmay dedim, bolalarim shu bog‘chaga o‘rgandi deb ko‘p joyda yuz-xotir qilganman. Chunki o‘sha hududda yashaymiz, bog‘cha yonimizda. Ertaga “onasi shallaqi”, degan gapni olmaslik uchun yuz-xotir qilib keldim”.
Shu holatdan keyin ona kamera yozuvlari talab qilgan, biroq o‘sha paytda bog‘chada “svet” o‘chganligini aytib yozuvni berishmagan. Ammo tuman elektr tarmoqlari bu paytda hududda elektr uzilishlar bo‘lmaganini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tarbiyachiga intizomiy jazo qo‘llangan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham muassasa faoliyati o‘rganilganini va onaning vajlari qisman o‘z tasdig‘ini topganligini ma’lum qilgan.
“Bolangiz tirikligiga shukur qiling”
Onaning aytishicha, u vaziyat yuzasidan bir qator davlat idoralariga murojaat qilgan.
“Boshimga tushib, ko‘p joyga yugurdim: Ta’lim vazirligi, RAYONO, guno, ko‘p joylarga bordim. Yaxshi ishlaydigan odamlar ham bordir, lekin ko‘p joyda tanish-bilish rol o‘ynarkan. Ona sifatida bordim, hech kim eshitmadi. “Bolam komaga tushdi, kaltaklanib chiqdi, kamera yozuvlarini berishmayapti” desam, RAYONOdagi xodim bolam tirikligiga shukur qilishim kerakligini aytyapti. Qachongacha bog‘chalarda bu holat davom etadi, bola o‘lsa keyin chora ko‘riladimi?
Biz bog‘chaga bolamizni majburlikdan beramiz, men majburlikdan berganman: ishlaganim uchun, uyda qaraydigan odamim yo‘qligi uchun. Hech kim bekorchilikdan bermaydi. Ota-onalar kamerani ko‘rib nazorat qilib turishlarini xohlardim. Bolamizning nima bo‘lganini bilishimiz uchun, kerak bo‘lganda shunga qarab davolatish uchun”.
Oxirgi yillarda davlat bog‘chalarida videokuzatuv tizimlari bosqichma-bosqich joriy etildi. Ammo bola jarohat olganida aynan shu tizimlar haqiqatni aniqlash vositasiga aylanishi kerak bo‘lgan bir paytda, ota-onalar ko‘p hollarda yozuvlarni ololmayotganini aytmoqda. Xo‘sh, agar kameralar voqeani yoritib bermasa, ularning mavjudligidan maqsad nima?
O‘zbekistonda minglab ota-onalar farzandlarini har kuni bog‘chaga ishonch bilan topshiradi. Ular bolalari bog‘chada xavfsiz bo‘lishini xohlaydi.
Eslatib o‘tamiz, maktab va bog‘chalarda bolalarga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachi-pedagoglar 1 yilgacha bu muassasalarda ishlashdan mahrum qilinadi. Mazkur qonun Senatda tasdiqlandi.
Jamiyat
Hujjatsiz qolgan ayol va uch nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi
Rossiyada uzoq yillar davomida qonuniy maqomsiz yashab, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vatanga qaytarildi. Bu jarayon O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi, Migratsiya agentligi va Rossiyaning tegishli davlat idoralari hamkorligida amalga oshirildi.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida og‘ir ahvolga tushib qolgan A.S. uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qilib, 15 yildan ortiq vaqt davomida Rossiya hududida qonuniy maqomsiz yashab kelgani, shaxsiy hujjatlari va moliyaviy imkoniyatlari yo‘qligi sababli farzandlariga munosib sharoit yaratib bera olmayotganini bildirgan hamda vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.
Konsullik bo‘limi xodimlarining tezkor chora-tadbirlari natijasida Rossiyaning tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ayolning uch nafar farzandi uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, konsullik yig‘imlari undirilmagan holda ularga O‘zbekistonga qaytish uchun zarur bo‘lgan qaytish guvohnomalari berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi ko‘magida ayol va uning farzandlari uchun Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva–Urganch yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalari xarid qilinib, ularning vatanga xavfsiz qaytishi ta’minlandi.
Qayd etilishicha, ushbu amaliy yordam xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash va ularning vatanga xavfsiz qaytishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida amalga oshirildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
-
Iqtisodiyot4 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Mahalliy5 days ago
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
-
Jamiyat5 days ago
Farg‘onada menejer 1,7 mlrd so‘mlik ko‘mirni o‘zlashtirgani aniqlandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Hududlarda katta miqdordagi kreditlarni o‘zlashtirgan bankirlar qo‘lga olindi
-
Dunyodan4 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonga juda kuchli issiq havo oqimlari kirib keladi
