Jamiyat
“O‘lib qolaman deb o‘yladim” – Toshkentda IIB xodimlari fuqaroni qiynab, bo‘yniga jinoyat ilmoqchi bo‘lishdi
Gumondorlarga jismoniy qiynoq qo‘llagan Yangihayot tumani IIO FMBning uch xodimi ozodlikdan mahrum qilindi. “Meni xonaga qo‘limga kishan taqilgan holda olib kirishdi. Oldimga Farhod Qorayev kirib keldi. U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora rangli polietilen paket kiydirdi va uning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, orqalarimga va oyoq qismimga elektroshoker yordamida jarohat yetkazdi”, degan sudda jabrlanuvchi.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
Toshkent shahri Yangihayot tumani IIO FMBning uch xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan Farhod Qorayev Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili, 1986 yilda tug‘ilgan Bahrom Shonazarov va 1991 yilda tug‘ilgan Karimjon Mirzaboyev esa PPX inspektori lavozimida ishlagan.
Jinoyat tafsilotiga ko‘ra, Zangiota tumanidagi manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan Mirhoshim Kutepetdinov ko‘p miqdorda giyohvand modda sotish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan. U 2024 yil avgust oyi boshlarida inspektor Bahrom Shonazarovga Yangihayot tumani, Katta xalqa yo‘li ko‘chasida joylashgan “Minerva City” turar joy majmuasining qurilishi tugallanmagan binosi ro‘parasiga ko‘p miqdordagi giyohvand modda yashirib ketilishini, uni qora rangli Spark mashinasida borgan shaxslar olib ketishini aytadi. Mirhoshim Kutepetdinov Bahrom Shonazarovdan ushbu narkotik moddalarni uning tanishlari xavfsiz olib ketishini ta’minlashni so‘ragan va o‘zining jinoiy rejasini amalga oshirishda yordam berishga rozi qilgan.
2024 yil 4 avgustga o‘tar kechasi Bahrom Shonazarov PPX inspektori Karimjon Mirzaboyev bilan birga o‘zlariga biriktirilgan hududdan tashqariga chiqib, giyohvand modda yashirilgan manzil atrofini xizmat mashinasida aylanib yurishgan. Biroq katta miqdordagi giyohvand modda yashirilganidan Karimjon Mirzaboyev bexabar bo‘lgan.
Inspektorlar soat 2:00 larda giyohvand modda yashirilgan joy yaqinida turgan Mehrob Ashurov va Shomuhammad Shotursunovni ko‘rib qolishgan. So‘ngra ularning oldiga borib, nima maqsadda bu yerda yurganliklari haqida so‘rashgan. Bahrom Shonazarov Mehrob Ashurovning telefonini ko‘zdan kechirib, 5 gramm sintetik giyohvand vositasi yashirilgan joy fotosurati va geolokatsiyasini ko‘rgan hamda “zakladka” uchun kelganini aniqlagan. Ammo inspektor noma’lum shaxslar tomonidan olib ketilishini o‘zi ta’minlanishi lozim bo‘lgan va o‘sha atrofda yashirilgan giyohvand modda Mehrob Ashurov hamda Shomuhammad Shotursunovga tegishli deb o‘ylagan.
Bahrom Shonazarov Mehrob Ashurovning qo‘lidan tortib, o‘ziga oldindan ma’lum bo‘lgan joyga yashirib qo‘yilgan giyohvand modda turgan joyga olib borgan. So‘ngra go‘yoki o‘zini ushbu joydagi giyohvand moddani topib olganday ko‘rsatib, ashyoviy dalillarni xolislar ishtirokisiz, o‘z qo‘llari bilan olgan holda mashinasi yukxonasi ustiga qo‘ygan. Inspektorlar Mehrob Ashurov hamda Shomuhammad Shotursunovga topilgan giyohvand moddalar ularga tegishli ekanini aytib, hodisa joyiga Yangihayot tumani IIO FMB JTSB PPX inspektorlari va Yangihayot tumani IIO FMB JQBning tegishli xodimlarini chaqirishgan.
Voqea joyiga Yangihayot tumani IIO FMB katta tezkor vakili Farhod Qorayev ham yetib borgan. U inspektorlar tomonidan gashish, marixuana, tropikamid giyohvand vositalarini o‘tkazishda gumonlanib ushlangan Mehrob Ashurov va Shomuhammad Shotursunov haqida tuman IIO FMB navbatchilik qismi hamda yuqori turuvchi rahbariyatiga axborot bermasdan, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqqan holda surishtiruv harakatlarini olib borishga kirishgan.
Tezkor vakil Mehrob Ashurov, Shomuhammad Shotursunov va ularning ortidan kelgan 3 kishini (biri ayol) amalda himoya huquqi bilan ta’minlamasdan, qo‘llariga kishan taqtirgan. Keyin hodisa joyida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, urib-tepgan.
Farhod Qorayev gumondorlar Yangihayot tuman IIO FMBga keltirilgandan so‘ng hodisa joyida aniqlangan hamda Mehrob Ashurovga tegishli bo‘lmagan 953,84 gramm gashishning unga va sheriklariga tegishli ekanini bo‘yniga olishga majburlagan. Buning uchun u Mehrob Ashurovni videokuzatuv kamerasi o‘rnatilmagan raqamsiz yordamchi xonaga olib kirib, kishan taqilgan qo‘llarini tepaga ko‘tartirgan holda xona devoriga tirab qo‘ygan hamda boshiga polietilen paket kiydirgan. So‘ngra paket ustidan skotch o‘rab, Mehrob Ashurovning hayoti uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan. Shuningdek, tezkor vakil gumondorni do‘pposlab, elektroshoker moslamasini ham qo‘llagan va qiynoqqa solgan. Jismoniy qiynoqlarga chidamagan Mehrob Ashurov jinoyatni sodir etganligiga iqrorligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozib bergan.
Bundan tashqari, Farhod Qorayev iqrorlik ko‘rsatmalari olish maqsadida A.Islomovni ham qiynoqqa solgan. U A.Islomovning qo‘lini skotch bilan o‘rab, boshiga bir nechta polietilen paketlarni kiydirgan, so‘ngra paketlarni bo‘yin qismidan siqib olgan. A.Islomov tezkor vakilga “Men yegan somsamga pul to‘layman! O‘ligim chiqsa chiqsin shu yerdan, sizlar xohlayotgan narsani tan olmayman”, degan. Bundan jahli chiqqan Farhod Qorayev uning ko‘krak va qorin qismiga zarbalar bergan. A.Islomov og‘riqlardan yerga bukilib, yarim o‘tirgan holatga kelib qolgan.
Farhod Qorayev Sh.Shotursunov va I.Sobirovni ham o‘sha xonaga olib kirib, qiynoqqa solgan. Jumladan, u “zajigalka”ni yoqqan holda I.Sobirovning jinsiy a’zosiga yaqinlashtirib, jinoyatni bo‘yniga olishini aytgan. Bundan qo‘rqib ketgan I.Sobirov ular xohlagan narsani yozib berishga rozilik bildirgan.
PPX inspektori Bahrom Shonazarov qalbaki 17 900 AQSh dollarini sotmoqchi bo‘lgan guruhga aloqadorligi ham aniqlangan. Ushbu guruh a’zolari tezkor tadbirda ushlangan.
Farhod Qorayev, Bahrom Shonazarov va Karimjon Mirzaboyev sudda aybiga qisma iqrorlik bildirgan. Farhod Qorayev fuqarolarga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llamaganini, ular o‘z ixtiyorlari bilan tushuntirish xati yozib berishganini aytgan.
Jabrlanuvchi Mehrob Ashurov esa Farhod Qorayev unga jismoniy azob berganini ta’kidlagan.
“Meni xonaga qo‘limga kishan taqilgan holda olib kirishdi. Oldimga Farhod Qorayev kirib keldi. U qo‘llarimni tepaga qaratib qo‘yib, boshimga qora rangli polietilen paket kiydirdi va uning tagini skotch bilan o‘rab tashladi. Nafasimni siqib, orqalarimga va oyoq qismimga elektroshoker yordamida jarohati yetkazdi. Paket burnimga yopishib, nafasim qaytib keta boshladi. So‘ng Farhod Qorayev boshimdagi paketni burnimgacha ko‘tarib, hodisa joyidan topilgan giyohvand vositalari kimga tegishli ekani haqida so‘radi. Menga tegishli emasligini, men faqatgina 5 gramm “Alfa PVP” giyohvand vositasini olib ketish uchun tanishim bilan u yerga borganimni aytdim. Shunda Farhod Qorayev “Sen bola tushunmading shekili” deb, boshimga takroran paket kiydirdi va meni azoblashni davom ettirdi, ikki tomonlama qovurg‘alarimga kuchli zarbalar berishni boshladi. Nafasim siqilib, o‘lib qolaman deb o‘yladim. Farhod Qorayevning qiynoqlariga bardosh bera olmasdan barchasini bo‘ynimga olaman, faqat qiynamanglar, urmanglar, dedim. Agar shunaqa demasam Farhod Qorayev meni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ygan bo‘lardi”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Jabrlanuvchi Shomuhammad Shotursunov ham ko‘rsatmasida o‘ziga nisbatan jismoniy qiynoq qo‘llanganini, “zajigalka” bilan jinsiy a’zosini kuydirishganini ma’lum qilgan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil 16 maydagi hukmi bilan Farhod Qorayev, Bahrom Shonazarov, Karimjon Mirzaboyev Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan aybli deb topilgan. Farhod Qorayev va Karimjon Mirzaboyevga 5 yil 1 oydan, Bahrom Shonazarovga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, hukm bilan Mirhoshim Kutepetdinov 12 yil 6 oy hamda qalbaki valuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq epizod bo‘yicha 5 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jamiyat
Toshkentda IIO bo‘linma boshlig‘i jinoyatda gumonlanib qo‘lga olindi
Shayxontohur tumanida ishlovchi xodim firibgarlik bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ijobiy hal qilish evaziga tadbirkordan 7 ming dollar talab qilgan. U o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Toshkent shahrida ichki ishlar xodimi tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB TQX jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan firibgarlik bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini o‘zining mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni aytgan. Buning evaziga 7 ming dollar talab qilgan.
Shuningdek, tadbirkorga tegishli restoranda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida mazkur muassasa ishchisining kuyish jarohati olganligi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun 500 dollar so‘ragan.
Shu tariqa, bo‘linma boshlig‘i ikki holat bo‘yicha 7,5 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan 2,5 ming dollarini olgan vaqtida DXX, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi va Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
Mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqand va Namangan viloyatlarida pora talab qilgan profilaktika inspektorlari qo‘lga olingandi.
Jamiyat
Firibgarlar sud organlari nomidan SMS yubormoqda
Sud organlari fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. So‘nggi vaqtlarda sudlar nomidan yuborilayotgan soxta SMS-xabarlar orqali shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish va fuqarolarni firibgarlik domiga tortish holatlari kuzatilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayrim shaxslar sud organlari nomidan SMS-xabarlar tarqatib, fuqarolarni shubhali havolalarga o‘tishga undamoqda. Bu kabi xabarlar orqali shaxsiy ma’lumotlar, bank kartalari rekvizitlari va boshqa maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish maqsad qilingan bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan sud organlari sud ishlariga oid barcha rasmiy xabarlar endilikda faqat «SUD» nomidan yuborilishini ma’lum qildi.
Fuqarolardan noma’lum havolalarga kirmaslik, shaxsiy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga taqdim etmaslik hamda faqat rasmiy manbalar orqali olingan axborotlarga ishonish so‘ralmoqda.
Sudlar shubhali xabarlar kelib tushgan taqdirda ularga javob qaytarmaslik va havolalarni ochmaslikni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Endi jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi emas, himoyachining fikri bilan birga kiritiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksi hamda «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Asosiy yangiliklardan biri jinoyat ishini sudga yuborish tartibi bilan bog‘liq.
Loyihaga ko‘ra, endilikda jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining rasmiy fikri bilan birga kiritiladi.
Qonun loyihasida himoyachilarning protsessual huquqlarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Unga muvofiq, dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin advokatga besh sutka ichida «himoya fikri»ni taqdim etish huquqi beriladi.
Ta’kidlanishicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar sud muhokamalarida haqiqiy tortishuv muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Sudya ishni ko‘rishdan avval nafaqat ayblov tomonining, balki himoya tomonining ham asoslangan pozitsiyasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Muhokamalar yakunlari bo‘yicha mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Jamiyat
Chirchiq bo‘yida yangi ishbilarmonlik va dam olish hududi tashkil etiladi
Toshkent shahrida Chirchiq daryosi bo‘ylab zamonaviy ishbilarmonlik, turar joy va dam olish hududlarini o‘z ichiga olgan «Daryo bo‘yi Business City» loyihasi taqdim etildi. Loyiha poytaxt infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun qulay shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan.
Bektemir tumanida bo‘lib o‘tgan taqdimotda Chirchiq daryosining 24 kilometrlik qismi bo‘ylab hududni kompleks rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini ikki tomonlama obodonlashtirish, zamonaviy turar joy majmualari va ishbilarmonlik markazlarini barpo etish, jamoat maskanlari hamda transport va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Timur Butunbayev, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov, tumanlar hokimlari, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda loyiha va pudrat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, taqdimot davomida Toshkent shahrida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar shaharning ekologik holatini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish va aholi uchun yangi rekreatsion maskanlar yaratishga xizmat qiladi.
«Daryo bo‘yi Business City» loyihasi sohilbo‘yi hududlarining salohiyatini to‘liq ishga solish, yangi turar joy va ishbilarmonlik hududlarini mavjud infratuzilma bilan uyg‘unlashtirish hamda poytaxt aholisi va mehmonlari uchun yanada jozibador muhit yaratishni maqsad qilgan.
Taqdimot yakunida loyihaviy yechimlar batafsil tahlil qilinib, aholi qulayligi, xavfsizlik, ekologik barqarorlik va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan konsepsiyani yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Jamiyat
Yoqilg‘i narxi oshdi, ammo bu asossiz tariflar uchun bahona emas
Raqobat qo‘mitasi yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishi monopol va tabiiy monopol korxonalar tomonidan mahsulot va xizmatlar narxlarini iqtisodiy asoslanmagan tarzda ko‘tarish uchun sabab bo‘la olmasligini ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan boshlab yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari 10 foizga oshirilgani ayrim mahsulot va xizmatlar tannarxiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq bu holat monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlarini asossiz ravishda oshirish uchun asos bo‘lmaydi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ustun mavqega ega korxonalar faoliyati, jumladan ular qo‘llayotgan narxlar doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan monopol va tabiiy monopol mahsulotlar tannarxida yoqilg‘i-energetika resurslarining ulushi hamda ular narxining oshishi mahsulot qiymatiga qay darajada ta’sir qilishi oldindan tahlil qilingan. Ilgari mahsulot va xizmatlar narxlarini haqiqiy xarajatlarga nisbatan yuqori shakllantirgan ayrim korxonalarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ham qo‘llangan.
Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopol korxonalarni narx belgilashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, har qanday asossiz narx oshirish holatlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlari iqtisodiy jihatdan asoslantirilmasdan oshirilgani aniqlansa, qonunchilikda belgilangan moliyaviy jarimalar va boshqa ta’sir choralari qo‘llanishi mumkin.
Qo‘mita bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini bildirdi.
-
Iqtisodiyot4 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan5 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Jamiyat4 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot4 days agoMevalar nega qimmat?
-
Iqtisodiyot5 days ago
Qaysi hududlar aholisi eng ko‘p keshbekka ega bo‘ldi?
-
Jamiyat4 days agoToshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
-
Jamiyat4 days agoAQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
