Sport
norveglar Angliyaning goli nohaq urilganini aytmoqda
Bellinghemning birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda urgan javob goli atrofida mojaroli holat yuzaga keldi. FIFA izoh berdi.
Angliya milliy jamoasi jahon chempionati 1/4 finalida katta qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, Norvegiya to‘sig‘idan o‘ta oldi. Shu bilan birga, Tomas Tuxel jamoasi o‘yinning asosiy vaqtida urgan yagona gol bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Birinchi bo‘lim oxirida norveglar darvozaboni Eryan Nyuland to‘pni darvozadan o‘yinga kiritdi. Fox Spors kanalida berilgan takroriy kadrga ko‘ra, havoda to‘p yo‘l-yo‘lakay «o‘rgimchak kamera» (Spidercam) kabeliga tegib ketgan, shundan keyin darhol pastga sho‘ng‘igan.
Shundan keyin uni Anderson egallab olib, Gordonga uzatgan, u esa jarima maydoniga yaqinlashib, Bellinghemni golli pas bilan ta’minlagan.
Qoidaga ko‘ra, agar to‘p o‘yin paytida tashqi jismga tegsa, uchrashuv to‘xtatilishi va bahsli to‘p bilan qayta boshlanishi kerak. «O‘rgimchak kamera» ham tashqi jism hisoblanadi.
Sobiq hakam Mark Klattenburg Fox efirida bularning barchasi golga olib kelgan epizodning bir qismi ekani va shu tufayli bu vaziyat videotakrorda ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lganini aytdi.
Ammo VAR vaziyatga aralasha olmasdi. Chunki tezkor videohakamlar tizimi faqat hujum fazasini tekshirish vakolatiga ega. Bu faza esa Angliya to‘pni egallab olgan soniyadan boshlanadi – undan oldingi jarayonni qamrab olmaydi.
Shu boshlanish nuqtasi sabab, golni bekor qilish vakolati faqat maydondagi hakamlarning qaroriga bog‘liq bo‘lib qolgandi. O‘yinni boshqargan hakam Kleman Tyurpen golni hisobladi va Angliya tanaffusga 1:1 hisobida yo‘l oldi.
FIFA esa to‘pdagi datchik sim bilan aloqani qayd etmaganini ma’lum qilib, bayonot berdi:
«Angliyaning Norvegiyaga qarshi o‘yinida 45+2-daqiqada urgan golidan oldin, havoda to‘p harakatlanayotgan paytda sensorli to‘p ma’lumotlarida to‘pning «yurak urishi» grafigida hech qanday yuqori cho‘qqi (peak) qayd etilmadi. Shuning uchun to‘pning stadion tepasidagi simga tegib, uning harakat yo‘nalishini o‘zgartirganini tasdiqlaydigan hech qanday dalil yo‘q».
Before England’s goal in minute 45+2 against Norway, the sensor in the Connected Ball showed no peak in the ‘heartbeat of the ball’ when in the air, and therefore no evidence that the ball touched the overhead wire and changed the movement of the ball. pic.twitter.com/gYf9ukfveT
— FIFA Media (@fifamedia) July 11, 2026
Ya’ni, sensor ma’lumotlariga ko‘ra, to‘p yuqoridagi simga tegmagan va gol bekor qilinishiga asos bo‘ladigan dalil aniqlanmagan.
Gap 500 Gs chastotali harakat sensori haqida ketmoqda, u harakatlarni o‘qiydi va har 2 millisekundda ma’lumotlarni yangilaydi. Texnologiya zarba lahzasini qayd etishga va gollar hamda ofsaydlarni avtomatik aniqlash tizimining ishlashiga yordam beradi.
JCh-2026 pley-offida ushbu texnologiya Portugaliya va Xorvatiya o‘yinida – xorvatlarning 90+13-daqiqada urilgan goli bekor qilingan epizodda katta sahnaga chiqqandi.
Ammo bu safar u to‘pga teginishni qayd etmadi.
Efirdan so‘ng Fox Spors infografika orqali to‘pning uchish trayektoriyasini ko‘rsatdi.
Quyida esa BBC grafikasi: unda to‘p simga tegishi uning harakat trayektoriyasini qanday o‘zgartirgani ko‘rsatilgan. Dastlabki marshrut – qizilda. To‘p simga tekkach, oq chiziqda ko‘rsatilgan yo‘nalishda harakatlangan va inlizlarga kelib tushgan.
Lekin bulardan ham aniq xulosaga kelish qiyin. Yaqqol ta’sirni payqab bo‘lmaydi.
To‘p yo‘nalishi o‘zgarishiga shamol sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin, ammo qizig‘i shundaki, norvegiyalik futbolchilar va murabbiylar sinxron tarzda to‘p aynan kamera simiga tegib ketganini ayta boshlashdi, buni esa oldindan rejalashtirib bo‘lmasdi.
Norvegiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Stole Solbakken bu borada tanaffus vaqtida hakamga e’tiroz bildirgan. U goldan keyin shunchalik g‘azablandiki, shishani otib yubordi va o‘z yordamchilaridan biriga zarar yetkazishiga sal qoldi.
«Nima bo‘lganini hamma ko‘rdi. To‘p to‘ppa-to‘g‘ri pastga sho‘ng‘idi. U yerda trosga tegish bor edi. Chip hech narsa ko‘rsatmadimi? Ammo to‘p osmondan pastga uchib tushdi. Uning [to‘p kamera simiga] tegib ketgani aniq, bu g‘alati bo‘ldi», – dedi Solbakken o‘yindan so‘ng.
Erling Holandning otasi Alf-Inge esa norveglarning hakamga munosabatini quyidagicha ifodaladi: «Bellinghem va referidan ajoyib ish».
Sobiq ingliz hakami Grem Skott esa vaziyatni quyidagicha baholadi:
– Maydondagi hakamlar bunday teginishni faqat to‘p trayektoriyasi keskin o‘zgargandagina payqagan bo‘lardi. Agar jamoalardan biri yaqqol yutqiziqli pozitsiyada bo‘lsa, VAR aralashish huquqiga ega edi, ammo bu aniq qoidabuzarlik bo‘lishi kerak. Qat’iy qilib aytganda, bu yerda «tashqaridan aralashuv»ni ko‘rish mumkin, bu o‘yinni to‘xtatishni va to‘pni oldirgan jamoaga qaytarishni talab qiladi. Biroq, amalda jismoniy kontakt uchun aniq dalillar kerak. Agar to‘p qog‘oz stakanchaga yoki maysazordagi mayda jismga tegsa va bunda epizodga ta’sir bo‘lmasa, o‘yin to‘xtatilmaydi. Va VAR har qanday holatda ham hujum fazasini tahlil qilishda qush parvozi balandligidan rakursni o‘rganishi dargumon edi. Videoarbitr futbolchilarning hujum boshlanishidagi harakatlariga e’tibor qaratdi. VAR hakamlariga qo‘yiladigan umumiy talabni hisobga olsak, ularda vaziyatga chuqur kirishga sabab yo‘q edi: ulardan gol mutlaqo toza ko‘ringan joyda juda mayda tafsilotlarga berilmaslik va yo‘q joydan muammo yaratishga urinib, o‘yinni cho‘zib yubormaslik talab etiladi.
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
Sport
Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.
«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.
Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.
Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi.
Sport
Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi
Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.
«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.
Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.
Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.
-
Siyosat3 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat3 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Siyosat2 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
