Connect with us

Sport

JCh kundaligi. Yana fantastik o‘ynagan Jud, yana qiynalgan Argentina va Emboloda ahmoqona qizil

Published

on


1/4 final o‘yinlari yakunlandi.

Futbol bo‘yicha jahon chempionati chorakfinal bosqichida qolgan ikki o‘yinda ham jamoalar asosiy vaqtda masalani hal qila olishmadi. Overtaymlarda esa Angliya Norvegiyani (1:1, 2:1), Argentina Shveytsariyani (1:1, 3:1) mag‘lub etdi. Endi turnir hal qiluvchi bosqichga o‘tdi.

Stadionlar tashqarisida ham turnirga aloqador voqealar yetarlicha bo‘lmoqda: hujumchi Haminton Kampas ijtimoiy tarmoqlardagi heytlar tufayli Kolumbiyaga qaytishga qo‘rqmoqda, Tibo Kurtua esa Belgiya milliy jamoasidagi faoliyatida tanaffus qildi.

Argentinaliklar muxlislarini qiynashda davom etmoqda

Argentina – Shveytsariya 3:1

Gollar: Makallister, 10 (1:0). Ndoy, 67 (1:1). Alvares, 112 (2:1). L. Martines, 120+1 (3:1)

Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 106), Talyafiko (Gonsales, 78), Molina (Montiel, 85), Paredes (Lopes, 110), Fernandes (Almada, 91), Makallister, de Paul (L. Martines, 85), Alvares, Messi

Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Eray Jyemert, 90), Zakariyo (Yashari, 96), Froyler (Vargas, 115), Jaka, Rider (Muhaym, 86), Ndoy (Vidmer, 86), Sou (Amduni, 86), Embolo

Ogohlantirishlar: Almada, 97. L. Martines, 98. Lopes, 114 – Embolo, 44

Chetlatish: Embolo, 72 (ikkinchi sariq)

Jahon chempionati startiga qadar Argentina va Shveytsariya o‘yini kim favorit bo‘lishi savol tug‘dirmasdi. Ammo amalda barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi – «Albiseleste» pley-off bosqichini shu qadar asabiy o‘tkazmoqdaki, ushbu jamoa Murat Yakinning yaxshi shakllangan jamoaga qarshi qanday harakat qilishi borasida qandaydir prognoz berib bo‘lmasdi. Faqat navbatdagi drama ro‘y berishini taxmin qilish mumkin edi.

Kutilmalarga ters o‘laroq, Lotin Amerikasi vakillari o‘yinni xotirjam boshladi va 10-daqiqadayoq burchak zarbasidan keyin Aleksis Makallister hisobni ochdi. Unga ushbu turnirning asosiy qahramonlaridan biri Lionel Messi assistentlik qildi.

Argentina qariyb bir soat mobaynida hisobdagi ustunlikni saqlab turdi va ikkinchi golni urishga ham yaqinroq keldi. Ammo Lionel Skaloni bu safar ham muxlislarini oxirgi daqiqalarga qadar hayajonda o‘tirishga majbur qildi – ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida shveysariyaliklar muvozanatni tiklashdi. Himoyachi Dan Ndoy chap qanotdan jarima maydoniga bostirib kirdi va kuchli zarbasi bilan Emiliano Martinesni ojiz qoldirdi.

Ammo yevropaliklar jamoasi muxlislarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. 69-daqiqada o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborgan g‘alati voqea ro‘y berdi: avvaliga bosh hakam argentinaliklar yarimhimoyachisi Paredes tomonidan fol ishlatilganini qayd etib, unga sariq kartochka ko‘rsatdi. Ammo yangi qoidalar bo‘yicha vaziyatga VAR aralashdi va hakamni monitor qarshisiga chorladi.

Vaziyatni ko‘rib chiqqanidan keyin hakam Brelyu Embolo simulyatsiya ishlatgan deb topdi va Paredesning kartochkasini bekor qilib, shveysariyalik hujumchiga sariq kartochka ko‘rsatdi, uning uchun bu o‘yindagi ikkinchi sariq kartochka bo‘ldi va u jamoasini qiyin ahvolda qoldirib, maydonni tark etdi.

Holbuki, agar hakam o‘shanda Paredesga sariq kartochka ko‘rsatmaganida, videohakamlar vaziyatga aralashmagan bo‘lardi.

Shveytsariya ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay, o‘yinning asosiy vaqtida durang hisobni ushlab qoldi. Ammo ekstra-taymlarda Argentina son jihatdan ustunlikdan foydalandi – 112-daqiqada Hulian Alvares chap qanotdan aylanma zarbasi bilan g‘alaba golni urdi. Shveytsariyaliklar so‘nggi daqiqalarda to‘liq kuch bilan oldinga o‘tib ketganida esa Lautaro Martines yakuniy hisobni o‘rnatdi. Argentinaliklar yana bir marta o‘z muxlislarini azobladi, ammo baribir yarimfinalga yo‘l oldi.

Juddan master-klass

Bu jahon chempionatiga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlagan Norvegiya milliy jamoasini bu turnirda barcha yoqtirib qolgandi, lekin endi dunyo har o‘yindan keyin «eshkak eshish» marosimini uyushtiruvchi futbolchilar va muxlislarni ko‘rmaydi. O‘yindan oldingi aksar progozlarda ham Angliya skandinavlarning tarixiy safariga yakun yasashi taxmin qilinayotgandi – tarkiblar darajasi o‘rtasida farq katta edi.

Kuchlar nisbatiga qaramay, o‘yinning boshini jamoalar teng o‘tkazishdi. Bo‘lim oxirida esa norveglar faollasha boshladi va birinchi bo‘lib gol urishdi. Braziliya bilan o‘yinda burilish yasagan va bu turnirda ilk bor boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan 22 yoshli Andreas Shelderup yana o‘zini ko‘rsatdi: u Edegordan pas qabul qilib olib, o‘tkir burchakda turganiga qaramay, ajoyib zarba yo‘lladi.

Tanaffusgacha norveglarda gol urish uchun yana imkoniyatlar bo‘ldi, ammo hujum vakillarida realizatsiya bo‘yicha muammolar yuzaga keldi. Keyin esa inglizlar nima uchun o‘yindan oldin favorit deb ko‘rilganini isbotlashdi – birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Jud Bellinghem jarima maydoni ichida bir necha himoyachini ortda qoldirib, hisobni tenglashtirdi.

«Real» yarimhimoyachisi ushbu turnirni juda yuqori sur’atda o‘tkazmoqda – u guruh bosqichida ikkita gol urgandi, keyin esa 1/8 finalda o‘z dubli bilan Meksika ustidan g‘alaba keltirdi (3:2). Bu o‘yinda ham katta sahnaga chiqib, qo‘shimcha bo‘limlar boshida ikkinchi golini (turnirdagi oltinchi) urib, o‘yin taqdirini hal qildi. Norvegiya javob qaytara olmadi va turnirdagi ishtirokini yakunladi.

JCh ishtirokchisi vafot etdi

JAR milliy jamoasi futbolchisi, 2026 yilgi jahon chempionatida uchta o‘yin o‘tkazgan Jyeyden Adams o‘z uyidan jonsiz holda topildi. Bu qayg‘uli voqea haqida dastlab SoccerLaduma nashri xabar tarqatdi. Keyin Janubiy Afrika futbolchilari kasaba uyushmasi bu ma’lumotni tasdiqadi.

Jurnalist Nuxu Adams va boshqa qator manbalarga ko‘ra, 25 yoshli futbolchi so‘nggi vaqtlarda depressiyadan aziyat chekkan va katta ehtimol bilan, o‘z joniga qasd qilgan. Adamsning ruhiy holatiga turnir vaqtida buvisi vafot etgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda JAR JCh pley-offiga chiqqanidan keyin olingan video tarqalgan: unda kiyim almashtirish xonasida butun jamoa muvaffaqiyatni bayram qilayotgani, Jyeyden esa bir chetda qayg‘uli alpozda o‘tirgani aks etgan. Shu bilan birga, oila vakili Brendin Jonsonning aytishicha, Adamsda ruhiy muammolar bo‘lmagan.

«Men u bilan payshanba kuni gaplashgandim, u optimistik kayfiyatda edi va yangi mavsumga tayyorlanayotgandi. U vaqtni behuda sarflamas, uyda oilasi bilan birga edi. Shuning uchun hozir so‘z topolmayapman», – deya uning so‘zlarini keltiradi SoccerLaduma.

Holand Peruni zabt etmoqda

Jahon chempionatidagi yorqin ishtiroki tufayli Erling Holandning mashhurligi yanada ortdi. Ushbu norvegiyalik hujumchining yuqori darajadagi sport formasi ayniqsa peruliklarda katta taassurot qoldirgan – u yerda endi yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga «Manchester Siti» forvadi sharafi ism qo‘yilmoqda.

Milliy identifikatsiya reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, allaqachon 468 nafar chaqaloqqa Holand ismi berilgan, yana 91 nafari – Erling Holand deb ataladi. Bu bolalarning aksari JCh-2026 startidan keyin tug‘ilgan. Norvegiya Braziliyani yengib, turnir chorakfinaliga chiqqanidan keyin bunday ism qo‘yish yanada ko‘paygan.

Hozirda Peruda 3402 kishining ismi Messi deb ataladi, shundan 292 nafariga to‘liq Lionel Messi deb nom qo‘yilgan. Yana 1185 kishi Krishtianu Ronaldu sharafiga nomlangan.

Kurtua charchadi

Belgiya milliy jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua chorakfinalda Ispaniyaga qarshi kechgan o‘yinni (1:2) jarohat tufayli oxirigacha davom ettira olmadi, uning o‘rniga tushirilgan darvozabon Lammens yo‘l qo‘ygan xato esa milliy jamoa turnirni tark etishiga sabab bo‘ldi. Shundan keyin 34 yoshli futbolchi milliy jamoadagi ishtirokida tanaffus qilish niyatini ma’lum qildi.

«Milliy jamoadagi kelajagimga kelsak – ko‘ramiz. Men tanaffus qilib, Millatlar Ligasini o‘tkazib yuborishim mumkin, chunki bu eng muhim turnir emas», – deya uning so‘zlarini keltiradi The Athletic.

Bundan tashqari, Kurtua Ispaniya bilan o‘yin uning milliy jamoa safidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qolishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

«Keyin Yevropa chempionati saralash bosqichiga qaytarman. Ammo oxir-oqibat qaror federatsiyada qoladi. Agar yo‘q bo‘lsa, bugungi o‘yin men uchun oxirgisi bo‘lib qolishi mumkin», – deya xulosa qiladi Tibo.

Kolumbiyacha ehtiroslar

Kolumbiya milliy jamoasi hujumchisi Haminton Kampas 1/8 finalda Shveytsariyaga qarshi o‘yinda (0:0, penaltilar seriyasida 3:4) qulay imkoniyatdan foydalanmagani tufayli nafratli reaksiyalar to‘lqiniga duch keldi. Endi ushbu futbolchi vataniga qaytishga cho‘chimoqda.

«Mening Kolumbiyam, iltimos, o‘zaro hurmatni hech qachon unutma. Biz voqealarga turlicha qarashimiz, hafsalamiz pir bo‘lishi yoki xafa bo‘lishimiz mumkin, ammo hech qanday ehtiros nafrat va qo‘rquvda yashashni oqlamaydi. Butun Kolumbiyaga faqat bir narsani aytishim mumkin: men ham turnirni tark etganimizdan azob chekyapman. Biz ham kurashni davom ettirishni orzu qilgandik», – deya yozgan u ijtimoiy tarmoqda.

Bu postdan keyin ko‘pchilik 1994 yilgi mundialdan keyin kolumbiyalik himoyachi Andres Eskobar bilan ro‘y bergan fojiani yodga oldi: o‘shanda Kolumbiya guruh bosqichidayoq ishtirokini yakunlagan, Eskobar esa AQSh bilan o‘yinda (1:2) o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ygandi. 1994 yil 2 iyulda, o‘sha o‘yindan bir necha kun o‘tib Eskobarni Medelindagi kafe oldidagi avtoturargohda otib ketishadi. Killer unga qarata olti bor o‘q uzgan va har safar tepkini bosganidan keyin «Gol!» deya hayqirgan.

Infantino qo‘llovni yo‘qotmoqda

AQSh milliy jamoasi forvardi Falorin Balogunning diskvalifikatsiyasi Donald Trampning qo‘ng‘irog‘idan keyin bir yil muddatga kechiktirilishi bilan bog‘liq keys FIFA prezidenti Janni Infantinoning nufuziga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.

The Times ma’lumotiga ko‘ra, bungacha ushbu shveysariyalik mulozim lavozimiga qayta saylanishi tarafdori bo‘lgan mamlakatlardan bir qanchasi endi pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkin. Shunga qaramay, u keyingi saylovda ham g‘alaba qozonishi ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda.

«Infantinoning ta’sir doirasi qisqarmoqda, hozir u yakkalanib qolgan – u real hokimiyatni yo‘qotgan prezident bo‘ladi», – deya futbol doiralaridagi yuqori martabali manbaning so‘zlarini keltiradi nashr.

Katta ehtimol bilan, u endi klublar o‘rtasidagi jahon chempionati formatini kengaytirishga yoki turnirni har ikki yilda bir marta o‘tkazish rejasini amalga oshirishga erisha olmaydi. Shuningdek, 2031 yilda oxirgi muddati tugagandan so‘ng unga yana o‘z nomzodini qo‘yishga imkon beradigan FIFA nizomiga o‘zgartirish kiritilishi deyarli istisno qilingan.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi

Published

on


Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.

«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.

Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.

Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.

Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi

Published

on


Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.

«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.

Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi

Published

on


Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.

Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.