Mahalliy
Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?
Issiq kunlar chekinib, havo salqinlashgan sayin odatlar ham o‘zgaradi. Kun qisqaradi, tomorqadagi yumushlar ozayadi, kun bo‘yi eshik oldida turgan ketmon, belkurak va chelaklar o‘z joyiga qaytariladi. Ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar ham endi ko‘chaga kamroq chiqa boshlaydi. Shunda siz uyingizda ortiqcha narsalar ko‘payganini sezasiz.
Va yana fasl almashishi bilan barchamiz shkaflar va javonlarni ko‘zdan kechiramiz. Kiyilmaydigan kiyimlar, ishlatilmaydigan idishlar, yillar davomida «bir kun kerak bo‘lib qolar» degan umidda saqlanayotgan buyumlar…
Bularning hammasi senga hali ham kerakmi?
Uyda tartib o‘rnatish bo‘yicha bir necha kitob yozgan yaponiyalik yozuvchi Mari Kondo aynan shu savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning falsafasida uyni tartibga keltirish shunchaki buyumlarni saralash emas. U har bir narsani qo‘lga olib, «Bu menga quvonch bag‘ishlaydimi?» deb so‘rashni taklif qiladi.
Savol oddiydek ko‘rinadi, ammo javob berish juda qiyin. Chunki biz buyumlarni shunchaki buyum bo‘lgani uchun saqlamaymiz. Masalan bir ko‘ylagingiz bor, uch yildan beri unutilgan, lekin qizingizning to‘yida kiyilgani uchun o‘sha kunni eslatib turadi. Darz ketgan idish-chi, ha u onangizdan yodgorlik, dastasi qimirlab qolgan chovgum u buvingizni eslatadi, anavi rangi uringan sumkani tutgingiz kelmaydi, ammo u birinchi maoshga olingan, bularning hech birini tashlashga ko‘z qiymaydi.
Shunday qilib, uyimizda buyumlar emas, o‘tmishimizning mayda parchalari yig‘ilib boradi. Biz ularni tashlashdan qo‘rqamiz. Go‘yo buyumni chiqarib yuborsak, u bilan bog‘liq xotira ham yo‘qolib ketadigandek.
Aslida-chi?
Ehtimol, shuning uchun ham uyni tartibga keltirish ba’zan kutilganidan og‘ir kechadi. «Bir kun kerak bo‘lib qolar» degan ehtiyotkorlik buyumlar bilan xayrlasha olmaslikning eng qulay niqobiga aylanadi.
Buyum arzimas bo‘lishi mumkin, ammo unga bog‘langan ma’no arzimas emasdek… Shuning uchun uyni bir kunda tubdan o‘zgartirishga urinish shart emas. Avval bitta tokchadagi narsalarga razm solishning o‘zi yetarli. Kiyimlarni, kitoblarni, mayda-chuydalarni bir joyga to‘plab ko‘rish ham qiziq tajriba, odam qancha narsasi borligini emas, qancha ortiqcha yukni saqlab yurganini anglaydi.
Mari Kondo buyumlar bilan xayrlashayotganda ularga minnatdorchilik bildirish kerakligini aytadi. Bu kimgadir ortiqcha marosimdek tuyuladi, ammo ortida oddiy haqiqat bor: sizdan ketayotgan narsa hayotingizda bir vaqtlar kerak bo‘lgan. Uni qo‘yib yuborish o‘sha davrni inkor qilish degani emas. «Sen o‘z vazifangni bajarding» deb qo‘yishning o‘zi kifoya.
Yana bir gap. Biz uyda bo‘sh joy qoldirishdan qo‘rqamiz. Bo‘sh tokcha, bo‘sh devor yoki burchak xuddi «nimadir yetishmayapti» deganday tuyulaveradi. Shunga darhol uni to‘ldirishga shoshilamiz. Go‘yo uy to‘la bo‘lsagina hayot ham to‘kisdek.
Aslida esa ba’zan insonga yana bir buyum emas, bir oz bo‘shliq kerak bo‘ladi. Kreslo yonidagi ochiq joy, kitob qo‘yilmagan tokcha, hech narsa turmaydigan stol… Faqat siz o‘tirib, bemalol nafas oladigan joy. Ehtimol, uydagi eng qimmat narsa aynan shu egallanmagan hudud.
Kuz shuning uchun ham go‘zal fasl. Daraxtlar bargini to‘kadi va buni yo‘qotish emas, fasl almashinishi deb qabul qiladi. Inson esa ko‘pincha voz kechishni yo‘qotish deb biladi, biz ham kuz bargini to‘kkandek eski narsalardan qutilsak, ehtimol yangi buyumlarga yo‘l ochilar…
Balki biz kuzdan har bir narsani abadiy ushlab turish shart emasligini o‘rganarmiz…
Bugun bitta javonni ochib ko‘ring. Undagi har bir narsani qo‘lingizga oling-da, o‘zingizdan so‘rang: «Men buni hali ham xohlab saqlayapmanmi yoki shunchaki tashlashga qo‘rqyapmanmi?»
Javob, ehtimol, buyum haqida emas… Sizning hozirgi hayotingiz, bugungi kuningiz haqida bo‘ladi.
Mahalliy
Toshkentda o‘quvchilar davomatini nazorat qiluvchi SI tizimi ish boshladi
Toshkentda o‘quvchilar davomatini nazorat qiluvchi SI Davomat tizimini joriy etish boshlandi. Tizim smart kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning darslarda ishtirokini qayd etadi.
Ayni paytda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu maktablarga jami 446 ta smart kamera o‘rnatilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Tajriba natijalariga ko‘ra, tizimni poytaxtdagi boshqa umumta’lim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Tizimning ishlash mexanizmlari 17-sentyabr kuni Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida muhokama qilindi. O‘quvchi uzrli sababsiz dars qoldirgan taqdirda, uning ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Bu haqdagi ma’lumot avtomatik ravishda maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham yetkaziladi.
SI Davomat tizimi ERP Maktab hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingan. Qayd etilishicha, bu kasalligi sababli darsga kelmagan o‘quvchilarni uzrli sababsiz dars qoldirganlardan ajratish imkonini beradi. Tizim ma’lumotlari asosida maktablarni davomat ko‘rsatkichlariga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratish rejalashtirilgan.
Mahalliy
Bolaning maktabdagi baholari va davomatini my.gov.uz orqali kuzatish imkoni yaratildi
Endilikda ota-onalar my.gov.uz portali orqali umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olayotgan farzandining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hamda ta’lim muassasasi haqidagi batafsil ma’lumotlarni masofadan turib olishlari mumkin.
Yangi qulaylikka ko‘ra, yagoni portal foydalanuvchilari farzandining har bir fan bo‘yicha joriy baholari, o‘rtacha ko‘rsatkichlari hamda sinfga oid va umumiy baholar statistikasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, ta’lim muassasasining nomi, aniq manzili, maktabdagi o‘quvchilar va faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni kabi boshqa muhim ma’lumotlarni ham onlayn tarzda ko‘rish mumkin.
Ushbu xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga kirib, shaxsiy kabinetdagi “Mening oilam” bo‘limiga o‘tish hamda farzand haqidagi ma’lumotlar yon tomonida joylashgan “Maktab ma’lumotlari” tugmasini tanlash kifoya qiladi.
Ma’lum qilinishicha, tez orada mazkur portalda farzandlarning maktabdagi davomati to‘g‘risida real vaqt rejimida xabar berish imkoniyati ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan tanishdi.
Bu dargohda 260 nafardan ziyod iqtidorli o‘g‘il-qiz ta’lim olishni boshladi.
O‘quv jarayonida STEM yo‘nalishiga — matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar bu fanlarni chuqur o‘zlashtirish barobarida loyihalar ustida ishlaydilar, bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmasini hosil qilib, mustaqil tadqiqotlar olib boradilar. Xorijiy tillardan ingliz va xitoy tillari kuchaytirilgan tartibda o‘qitiladi.
Shu bilan birga, o‘quv dasturining salmoqli hamda muhim qismi ona tili, O‘zbekiston tarixi, adabiyoti va madaniyatiga ajratilgan.
“Yoshlarga zamonaviy ta’lim berib, kelajagi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochar ekanmiz, ayni paytda ularga vatan tuyg‘usi, o‘zligi va milliy madaniyati bilan bog‘liqlikni doimiy singdirib borish zarur — menimcha, ta’limda eng to‘g‘ri yondashuv shu”, deya ta’kidlaydi Saida Mirziyoyeva.
Mahalliy
«U yoqqa va orqaga» yoxud chirog‘i o‘chmaydigan uy
Qishlog‘imizda eski uy buzildi. Bir paytlar o‘n nafar farzandning shovqini eshitilib turgan bu hovlidagi xonalar endi boshqatdan quriladigan bo‘ldi…
Yangi uy qurildi, kichkina oshxona va yerto‘lagina yangilanmadi. Lekin qizig‘i shundaki, o‘sha uy hali ham o‘sha uydek. Ota-onalar o‘tib ketganiga qaramay farzandlar tez-tez shu yerga yig‘iladi.
Uy degani aslida nima? Devorlarmi, hovlimi, xonalarmi? Agar uy faqat shulardan iborat bo‘lsa, eski uy buzilganda hammasi tugashi kerak edi, ammo hovlida hayot davom etmoqda.
Chunki uyni uy qiladigan narsa unda kimlar yashagani, kimlar ulg‘aygani, kimlar ketgani va eng muhimi yana kimlar unga qaytib kelayotgani ekan.
Rahmatli uy egasi ushoqqina xola bu uyning qurilish tarixini bot-bot eslashni yaxshi ko‘rardi: «cholim kechqurun loy qorib qo‘yardi, men esa u kishi ishdan qaytgunicha g‘isht quyardim…»
Keyin oila qanday kattargan bo‘lsa, uy ham shunday kengaygan. Bolalarning ovozi, janjali, kulgisi, bemorligi, mehmondorchilik, to‘y, hammasi shu hovlida o‘tgan.
«Imoratni ota qurar, bolasi davron surar» degan gapni eshitganmisiz? Bu menga oddiy gapdek tuyulgandi: ota uy quradi, bola esa o‘sha uyda yashaydi. Keyin tushundim, uy faqat yashash uchun qurilmaydi. «Uyimning chirog‘ini yoqib o‘tir bolam», yoki onaning «hech qayoqqa bormayman shu uyda cholimning chirog‘ini yoqib o‘tiraman», degan gaplarni ham eshitganmiz. Keyinchalik bildimki, uyning chirog‘i men o‘ylagandan ham kattaroq ma’noga ega ekan…
Yaqinda «Aeon» nashrida Konsuelo Araosning «Hech qachon tugamaydigan uy» maqolasini o‘qib qoldim.
Konsuelo Araosni tadqiqotlari Santyagoning shahar chekkalarida uy qurishning asta-sekin, avloddan-avlodga o‘tib keladigan va hech qachon to‘liq tugamaydigan usuliga e’tibor qaratishga undaydi. U bu izlanishlari orqali uy qurish orqali yashash san’ati haqidagi tajribani ko‘radi.
Maqolada odamlar o‘z qo‘llari bilan yillar davomida qurib keladigan uylar haqida so‘z boradi: oila o‘zgaradi uy ham o‘zgaradi, bola tug‘iladi xona qo‘shiladi, imkoniyat paydo bo‘ladi devor ko‘tariladi, pul tugaydi qurilish to‘xtaydi, keyin yana davom etadi. Araosning bu fikrga kelishida Viktoriyaning uyi muhim o‘rin tutadi.
Viktoriya Araosning oilasida xizmatkor bo‘lib ishlagan. Ayol uyi haqida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Uy uning hazillarida, shikoyatlarida, xotiralarida ham bor edi. Go‘yo uy uning hayotidan alohida narsa emas, hayotining o‘zi edi. Bir paytlar uning uyida to‘rt avlod birga yashagan. Uy esa ular bilan birga o‘sgan. Hovliga xona qo‘shilgan, ustidan yana xona qurilgan, devorlar ta’mirlangan, oshxonaning poli yangilangan…
Bu uy qurilishi uchun bir kuni bitta qop sement olingan, boshqa kuni ikki dona shifer, yana bir kuni bolor taxlangan. Bular aslida mayda qurilish ishlaridek ko‘rinadi va bizga ham begona emas. Xuddi bizdagidek, pul bo‘lsa qurilish davom etgan, pul bo‘lmasa to‘xtagan, keyin yana boshlangan. Shu tariqa uy bir marta qurilib, keyin o‘zgarishsiz qolmagan. U oilaning hayot yo‘li bilan birga o‘sib borgan. Shu ma’noda unga hech qachon «oxirgi g‘isht» qo‘yilmagan.
Eshigi ochiq uy
Viktoriyaning qizlaridan biri ijara uyga chiqib ketadi. U bu qarorini boshqalar uchun joy bo‘shatish bilan bog‘laydi. Ammo bir gapi Araos uchun muhim: «Muammo bo‘lsa, boradigan yagona joying — onangning uyi. Masalan meni erim uydan chiqarib yuborsa, shu yerga qaytib kelaman, chunki ota-onang sen uchun eshikni har doim ochib qo‘yishini bilasan».
Uy shu yerda boshqa ma’noga ega bo‘ladi, u faqat yashash joyi emas, u qaytish imkoniyati. Lekin Araos bu uyni romantiklashtirmaydi, eshigi hech qachon yopilmaydigan uy ba’zan odamga juda torlik qilishi mumkin. Viktoriya oilasi bilan birga yashagan yillarni «juda tiqilib yashagandik» deb eslaydi. Bunday tig‘izlik shaxsiy hayot va erkinlikni cheklashi mumkin. Demak, uy bir vaqtning o‘zida panoh ham, o‘z kamchiliklariga ega ham. Ammo bitmagan uyning bir ustunligi bor: hayot o‘zgarsa, uning o‘zi ham o‘zgarishi mumkin, xona qo‘shiladi, devor suriladi, ayvon kattalashadi… Viktoriyaning hali qurilmagan terrasa va bog‘ haqidagi orzulari ham shundan darak beradi, uy bitmagan, shuning uchun kelajak orzulari uchun joy qolgan.
Araos tadqiqotida yana bir kichik epizod bor. Viktoriya hovlisini o‘rash uchun kuyovidan bir-ikki qop sement so‘raydi. U esa yer uning nomida emasligini aytib, qurilish uchun hech narsa berolmasligini bildirgan. Viktoriya uchun bu oddiy qurilish materiali haqidagi rad javobi emas edi. Araos buni juda aniq ifodalaydi: «Sementni yashirish — munosabatni yashirish». Chunki uy qurilayotganda kimdir sement olib beradi, kimdir hashar qiladi, kimdir bolor taklif qiladi, kimdir qarz beradi va bugun berilgan yordam ertaga qaytariladi. Shuning uchun uyning qurilish tarixi — oilaning munosabatlar tarixi degan qarashni ifodalaydi muallif o‘z maqolasida.
Demak, devorlar orasida yaqinlik va masofa, yordam va rad etish, bog‘liqlik va mustaqillik ham shakllanadi. Bu munosabatni biz o‘zimizdagi, tom yopish lo‘mboz, hashar an’anasida ham ko‘rishimiz mumkin.
Uy ko‘tarilib bo‘lgach, tom yopish vaqti keladi. Bu ishni bir oila yolg‘iz bajarmaydi. Qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlar chaqiriladi. Ertalab hovliga odamlar yig‘iladi. Kimdir lo‘mboz tayyorlaydi, kimdir uni uzatadi, kimdir tomda ishlaydi, yana kimdir hashardagilarga ovqat pishiradi. Tom shu tariqa odamlar ishtiroki bilan yopiladi.
Uy qurilishi qachon tugallanadi?
Shu yerda Araos «tugallangan», «doimiy» uy g‘oyasiga murojaat qiladi. Chilida 1980-yillardan boshlab davlat ijtimoiy uy-joy dasturlarida oilaga tayyor uy berish g‘oyasi shakllanadi: devorlari bor, xonalari belgilangan, maydoni ma’lum. Xuddi bizda hozir juda ommalashgan va ehtiyojga aylangan uylardek, masalan, sizga 60 kvadrat metrli uy berildi. Endi, mana shu 60 kvadrat metrga sig‘ishingiz kerak. Muammo ham shu «endi»dan boshlanadi. Chunki uy qurilish nuqtai nazaridan tugallangan bo‘lishi mumkin, ammo unga ko‘chib kiradigan oilaning hayoti endi boshlanadi. Davlat uyni qurganda oilaning bugungi holatini ko‘radi: necha kishi bor, qancha xona kerak, qancha maydon ajratish mumkin.
Ammo oila ertangi kunini ham shu belgilangan hududga sig‘dirishi kerak. Bola tug‘iladi, ulg‘ayadi, turmush quradi, kimdir ishi yurishmay uyga qaytib keladi va bir muddat ota-onasi bilan yashaydi, kimdir ajrashib, farzandlari bilan yana uyiga qaytib keladi yoki qarib qolgan ota-onaga qarash kerak bo‘ladi. Bir paytlar bolaga mo‘ljallangan xonaga endi katta odam joylashishi mumkin. Mehmonxona yotoqxonaga aylanadi. Oshxonani kattartirish kerak, hovli bo‘lsa, unga yana bir xona qo‘shishga urinishadi, lekin uyning o‘lchami o‘zgarmaydi. Shu yerda «tugallangan uy» tushunchasining cheklanganligi ko‘rinadi. Uy tugallangan: devori bor, tomi bor, eshigi bor, xonalari bor. Ammo oila nuqtai nazaridan u hali o‘sishi kerak.
Shu yerda Araos Martin Xaydeggerning «Qurish,yashash, o‘ylash» essesiga murojaat qiladi. Xaydegger urushdan keyingi uy-joy tanqisligi haqida yozar ekan, odatiy tasavvurni teskari qo‘yadi: biz yashash uchun uy qurmaymiz, biz yashaganimiz uchun quramiz.
Bu fikr har bir o‘zbek oilasining hayotida aniq o‘z ifodasini topadi: farzandlar tug‘ilgani uchun xona qo‘shiladi, kimdir ketgani uchun joy bo‘shaydi, kimdir qaytgani uchun eshik ochiladi, ya’ni yashashning o‘zi uyni qurishda davom etadi.
Uysiz odamlar va odamsiz uylar
Bu fikr Araosni yana uy-joy inqiroziga olib qaytadi. Ma’lumotlarga qaraganda dunyo bo‘ylab 2,8 milliarddan ortiq odam, ya’ni dunyo aholisining 35 foizi uy-joyga ega emas. Ijara haqi ish haqidan tezroq o‘smoqda, yoshlar uchun uy sotib olish qiyinlashmoqda, ayrim shaharlarda esa uy odam yashaydigan joydan ko‘ra investitsiya vositasiga aylanib bormoqda. Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar barqaror uy-joy topish uchun kurashayotgan bir paytda, ko‘plab uylar bo‘sh yoki to‘liq foydalanilmay turibdi.
Ayrim shaharlarda investorlar uchun qurilgan ko‘p qavatli uylarning derazalari kechasi ham qorong‘i. Ba’zi joylarda esa butun boshli tuman odamlar kelib yashashini kutib turadi.
Shu yerda paradoks paydo bo‘ladi: odamlarsiz uylar va uysiz odamlar. Agar muammo faqat uylar yetishmasligida bo‘lsa, bo‘sh turgan uylar bor ekan, nega odamlar hanuz uysiz? Chunki zamonaviy ko‘chmas mulk bozorida uy yashash joyidan boshqa narsaga ham aylanishi mumkin, degan fikrni ilgari suradi muallif. Uni sotib olish, qayta sotish, ijaraga berish, investitsiya sifatida saqlash mumkin. Unda odam yashamasa ham, iqtisodiy qiymati saqlanishi yoki oshib borishi mumkin. Masalan O‘zbekistonda ham shaharlarda bir odamning bir necha uyi bor va hech qachon o‘zi yashamaydi, ijaraga beriladi. Demak bunday holatda uy «uy» emas, ya’ni uning vazifasi yashash emas, qiymat saqlash.
Shuning uchun Araos o‘zini o‘zi qurgan uylarni zamonaviy ko‘chmas mulk bilan yonma-yon qo‘yadi: bir tomonda, loyihalashtirilgan, hisob-kitob qilingan, moliyalashtirilgan va bozorga chiqarilgan uy, ikkinchi tomonda egasi puli topganda xona, ayvon, devor qo‘shib boradigan uy.
Qaysi biri zamonaviyroq, albatta, birinchi uy. Ammo savol boshqa: qaysi biri bizga uyning aslida nima ekanini yaxshiroq ko‘rsatadi? Odamlar tayyor uyga kirgach ham uni o‘z hayotiga moslaydi: mehmonxona yotoqxonaga aylanadi, bolaning xonasi keyinchalik ishxona bo‘ladi, devor buziladi, yangi devor ko‘tariladi, kimdir ketadi, kimdir qaytib keladi.
Bu yerda yana bir narsaga e’tibor qaratish kerak, muallif o‘z-o‘zidan qurilgan uylarga alohida e’tibor qaratmayapti, maqtamayapti. Uyni yillab qurish yashashning oson ko‘rinishi emas. Pul yetmasligi, qurilishning to‘xtab qolishi, bir necha oilaning bir hovliga sig‘ishi, shaxsiy hududning yo‘qolishi — bularning hammasi haqiqiy muammolar.
Viktoriyaning «hammamiz tiqilib yashagandik» degan gaplarini eslab ko‘ring, demak qurilishi tugamaydigan uy muammosiz hayot va’da qilmaydi. Lekin u boshqa narsani beradi: uyni hayotga moslashtirish imkonini, ya’ni cheklangan imkoniyatlar ichida ham odam o‘z hayotiga mos makon yaratish mumkinligiga ishora.
Maqolada Roza ismli ayolning bo‘sh yerdan uy qurgani haqidagi hikoyasi ham keltiriladi. Viktoriyaning uyi bor edi va u oila bilan birga o‘zgarib bordi, Rozada esa faqat tepalik bor, hatto boshqalar xohlamagan yer.
«Men har kuni bu yerga kelib, ozgina yer tozalardim, — deydi u Araosga. — Keyin erim ishdan qaytgach, kelib, yana biroz ish qilardi». Ha uylar shunday quriladi: oz-ozdan, avval yer tozalanadi, chegara belgilanadi, keyin kichik boshpana paydo bo‘ladi.
Xaydeggerning «San’at asarining kelib chiqishi»dagi grek ibodatxonasi haqidagi fikri shu yerda esga tushadi. Ibodatxona misoli bu yerda me’morchilikdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Ma’bud shunchaki bir joyni egallamaydi, u atrofida hayot barpo qiladi: uning atrofida tug‘ilish va o‘lim, baraka va falokat, g‘alaba va mag‘lubiyat o‘z ma’nosini topadi. Ya’ni qurilish orqali shunchaki bino emas, ma’noli makon paydo bo‘ladi. Agar Roza o‘sha tepalikda uy qurmaganida u yerda tug‘ilish va o‘lim ham bo‘lmasdi.
O‘zbek uylariga qaraganda ham bu fikrni ko‘rish mumkin. Quruq yerda bir xonadon qad rostlashi bilan u joy shunchaki geografik nuqta bo‘lib qolmaydi. Hovliga suv sepiladi, tandir quriladi, oila-a’zolari bog‘da mehnat qiladi, bola tug‘iladi, keksalar qariydi. Keyin uning atrofida yana bir uy, keyin yana biri paydo bo‘ladi. Yo‘llar, qo‘shnichilik, mahalla shakllanadi, keyin butun bir qishloq paydo bo‘ladi.
O‘zbek qishlog‘ida hasharning o‘zi ham buni ko‘rsatadi: bir odamning uy qurilishida butun mahalla ishtirok etadi. Bunda ko‘rinadiki, uy faqat oila uchun makon emas, u odamlarni bir-biriga bog‘laydigan dunyoni ham barpo etadi. Demak, dunyo ham qaysidir ma’noda uylardan quriladi.
Arosning essesida Fransuz faylasufi Gaston Bashlyar uyni «bizning dunyodagi burchagimiz», hatto «birinchi koinotimiz» degan fikri ham yodga olindi. Bolalik, xavfsizlik, yolg‘izlik, yaqinlar, qaytish istagi, bularning barchasi, avvalo uyda shakllanadi. Bu qarashlar o‘zbek dunyoqarashi va milliy borlig‘imizga shunchalik tabiiy singib ketganki, biz uchun uy shunchaki pishiq g‘isht va loydan ko‘tarilgan inshoot emas. Bizning tafakkurimizda «Ota hovli» yoki «Ona uyi», bu insonning ma’naviy ildizi, ruhiy uyg‘unlik va dunyoni anglashning ilk nuqtasidir.
Biz uchun uy tushunchasi eng avvalo «hovli», «ostona» va «xonadon» obrazlarida namoyon bo‘ladi. Inson dunyoga kelib, ilk bor olamning kengligini, «o‘ziniki» va «begona»ning chegarasini aynan ostona orqali his etadi.
Bashlyar uyni «xotiralar solingan sandiqqa»ga o‘xshatadi. Turmushimizda bu xotiralar uyning devorlarida, ayvonning ustunlarida, yopilgan issiq non hidida va supada yashaydi.
Araos o‘zini-o‘zi quradigan uylarga shu nuqtai nazardan qaraydi. Unda uni qurgan odamlarning mehnati, kutgan umidlari, boshidan kechirgan qiyinchiliklari, qarindoshligi, janjali, yarashuvi va qaytishlari jamlanadi. Biz qurgan va yashayotgan uyimiz shu tarzda bizda dunyodagi o‘rnimizni ko‘rsatadi.
Maqolani bir necha marta qayta-qayta o‘qidim. Va shu asnoda bir necha bor ota uyimga «bordim». Tolkinning mashhur «Xobbit» qissasida bosh qahramon Bilbo Beggins o‘zining shinam va tinch uyini tashlab, xavf-xatarlarga to‘la uzoq sayohatga chiqqani yodimga tushdi. U ajdarholar, sehrli o‘rmonlar va dahshatli janglar labirintidan o‘tadi. Ammo u qayerda bo‘lmasin, qanday katta boylik yoki donishmandlikka erishmasin, uning qalbini faqat birgina ip — o‘z uyiga bo‘lgan sog‘inch bog‘lab turardi. Dunyo kezgan Xobbit baribir ortga qaytadi va faqat o‘z xonadoniga qadam qo‘yganidagina haqiqiy xotirjamlikni topadi. Uning butun sayohati kundaligiga yozganidek, «U yoqqa va ortga», ya’ni uyni qayta kashf etish yo‘li edi. Maqolani qayta o‘qish asnosida men ham uyni qayta kashf etdim. Balki shuning uchun ham biz umrimizni dunyoni o‘zimizga uyga aylantirishga urinib o‘tkazarmiz. Oxir-oqibat tarqoq sarguzashtlarimizga ma’no bag‘ishlaydigan, o‘zimizni anglaydigan va aynan shu yerga tegishli ekanimizni his qiladigan joyga qaytamiz. Uyga…
Barno Sultonova
Mahalliy
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
Yana do‘mbiramni qo‘limga oldim!
Kitob emas, bir laqqa cho‘g‘ni qo‘limga oldim.
Bundan yuz yil oldin tushunib-tushunmay, «Bu qandaycheykin kitob ekan-a, buginani shoir degani yozdimikin, yozg‘uchi degani yozdimikin: bir qarasang hikoya, yana qarasang achchiq ichakdek chuvalashib yotgan she’r, boshqa yoqdan qarasang nafas olmay xirgoyi qilinadigan qo‘shiqqa o‘xshab ketadi ekanmi?» — deb o‘ylab qolgan o‘sha eski kitobni qo‘limga oldim.
Menginada do‘mbira bormidi deysizmi, qayda deysiz?!
Burungi zamonlarda «Alpomish»ni», «Kuntug‘mish»ni, «Ravshanxon»ni, «Avazxon»ni va hakozo o‘zbek halqi dostonlarini bo‘zlab-bo‘zlab aytib jurgan, jilab-jilab aytib jurgan momoginamning almisoqdan qolgan, yuz asrlardan buyon jimmgina devorga ilinib turgan, gung-soqov do‘mbirasini qo‘limga oldim.
Men do‘mbira chertishni bilarmidim, deysiz?
Bir ikkida doston kuylab jurippidim, deysiz?
Qayda-yo qayda, bir gapini eplab gapirolmagan, katta bo‘lsam qo‘shiq aytgich bo‘laman deb, so‘g‘in olomon oldida ovozi chiqmay boz qaltiragan, qo‘shiq o‘rniga echki ma’raganday tovush chiqargich bo‘lgan bir rasvoi olam doston aytolarmidi, deysiz?
Deysiz, deysiz, to‘g‘ri deysiz!
Aytayin, ishoning-ishonmang bu kuylagich kitob meniyam kuylatdi!
Do‘mbira chertishgayam o‘rgatti!
Jilashgayam o‘rgatdi…
Jilab-jilab do‘mbira chertdim.
Qizil qirg‘in zamonidagi minglab o‘zbek xotinlari singari yonib-yonib do‘mbira chertdim.
Daraxtlarga surinib-surinib, devorlarga urinib-urinib,
Chirsillab-chirsillab, gurillab-gurillab do‘mbira chertdim.
Paxta dalalarida butifos jutib jon berayotgan bolalardek o‘g‘jib-o‘g‘jib do‘mbira chertdim.
Jigarlarim sitilib-sitilib, zahar zardobim bo‘g‘zimga tiqilib-tiqilib do‘mbira chertdim.
O‘ynab qo‘yay Tog‘ay Murodning halq dardini xalq tilida so‘ylagan, o‘zida xalq ichiga, dehqonlar orasiga borib, ular bilan yelkama-yelka mehnat-mashaqqat chekib qog‘oz qoralagan «Otamizdan qolgan dalalar»da do‘mbiramni chalib o‘ynab qo‘yay!
Men-da, katta momom bo‘zlab ketgan, enam (onam) so‘ylab bergan «Enaginamdan qolgan dalalar» kuyiga o‘ynab qo‘yay!
Chirpirak-chirpirak, sallona-sallona o‘ynab qo‘yay!
O‘ynayman-da, qo‘limga tushgan soqov do‘mbira ham chidayolmay ohu-fig‘on chekib kuylab yuborgach…
Rostini aytadigan bo‘lsam kitoblarni kamdan-kam holatlarda qayta o‘qiyman. Bir kitobni qayta o‘qidimmi, demak bu asar yurakkinamdan joy olgan. Inson sifatida dardlarimni bir qalqitib olgan, ijodkor sifatida asarni o‘qib bo‘lgach «Qalaming, ijodinga tasanno!» — deb xitob ettirgan. Sezib turganingizdek shundayin «Oltin ro‘yxat»imda «Otamdan qolgan dalalar» yastanib yotibdi va oxir-oqibat qo‘limga do‘mbirasini tutqazib qo‘ygan Tog‘ay Murod meni kuylatib-kuylatib, o‘ynatib-o‘ynatib, yig‘latib-yig‘latib so‘ngida yozishga majbur etdi.
Do‘mbiramni enamga (onam) tutdim: so‘ylashicha, katta momom (katta enam — onamning onalari) ayni qizil sho‘ro bosqini va xalqimiz boshiga ne ko‘rguliklarni solgan, umumlashtirish, balki qullashtirish davrida yashab o‘tganlar. Momom qizil bosqin degani bormi, qirg‘in urush orti fronti-yu, odam zotini tutdek to‘kkan ocharchilik yillari bormi barchasini boshidan o‘tkazgan. Oq yuzli, uzun bo‘yli sarviqomat, bilakdek ikki o‘rim timqora sochlari taqimini o‘pib turadigan momomning ruhiyati va albatta tabiati ham qiyofasi kabi go‘zal bo‘lgan. Nozik qomati egilib–egilib, qalin sunbul sochlari ro‘mol ostida sho‘ralab-sho‘ralab go‘zal yoshlik damlarini paxta dalalarida javlon urib o‘tkazgan. Uyi ham dala, to‘yi ham, yotog‘i, beshigi ham dala bo‘lgan. Selitrali ariqda cho‘milib, butifos nomli atir bilan iforlanib olgan. Chaqaloqlari chumchuq boladek tut shoxida ulg‘ayib, oyoqlagach tut tanasiga zanjirlanib (oyog‘i yoki belidan arqonlab qo‘yilgan) dala tuprog‘idan taomlanib, es kirgach to‘ppa- to‘g‘ri momomning dalasiga o‘tib ketaverishgan. Ana o‘sha, momom dalalarida bizning Dehqonqul otalarimiz, Dehqonqulova enalarimiz o‘sib-ulg‘aygan. Ularni suyagi tugul, ruhi paxtada qotgan. Paxta deb tili chiqqan, paxta deb tongi otgan, paxta deb kuni botgan…
Momoginam, 40 yoshiga borib-bormay qarib qolgan momom, kasalliklar oqibatida dalasiga chiqolmay qolgan. Ana undan keyin uyidan bolalar bog‘chasi ochib berishib, Dehqonqulovalarning uch yoshgacha bo‘lgan churvaqalariga, ya’ni bo‘lajak dehqonqulvachchalarga enagalik qila boshlagan. Yashash joylari «Karl Marks», «Chkalov», «Quybeshev», «Lenin», «Kalinin» va hakozo, xullasi kalom kazo-kazo makonlar, chor atrofi dala, chor atrofi paxta, chor atrofi zahar (allambalo zahar dorilar), chor atrofi… Mana shundayin, dalasida ko‘z ochib, dalasida qon tuflab-tuflab jon bergan momoginam! O‘rniga o‘rin enaginam qolgan va albatta an’anani davom ettirgan. «Ko‘zimni ochib ko‘rganim paxta, terganim paxta bo‘lgan» – deydi enam. «Kunlik 250 kilogrammgacha paxta terganman», — deydi enajonim! Boshqa hech gap aytmaydi. Tez-tez yotib qoladi; voh jonim-a demaydi, voh jigarim-a demaydi. Jiim bo‘ladi…
Shu joyiga kelganimda talabalik davrimda kech kuzda suv quyib yuborilgan paxta dalasi, chekimga tushgan loy egat boshida turgandek hayron to‘xtab qoldim. Xo‘sh, tuzuk-quruq yozib-yozmay ne uchun yana bor to‘xtab qolding deng?! Axir, o‘sha tushlarda ko‘riladigan, dilda-yu tilda ochiladigan lo‘ppi-lo‘ppi paxtaoy haqidagi o‘zbek halqi mehnat-mashaqqat, yo‘g‘-ey, baxt-saodatga yetaklovchi qo‘shiqlarini kuylagan odamlarni o‘zidan eshitmasam, yana qaydan topaman!? Aniq eslayman, tong bo‘zarmasidan paxta dalasiga keta turib kuylashgani va hattoki o‘sha qo‘shiqni ham aytib bergan edi. Menda enamnikidek havas qilarli xotira qayda deysiz, momoginalarim dalalaridek changi chiqib yotipdi bu es degan jonivorniyam. Xullasi kalom, ufqqa tutashib ketgan kungaboqar dalalariga tikilganimcha, do‘mbiramni yana enaginamga yo‘llayman. Endi enam boshidan kechirganlarini huddi doston aytgandek aytib beraveradi. Ayniqsa, menga eng keraklisi, traktor pritsepiga (tirkama) zichlashib olishib, qaydasan navbatdagi paxta dalasi deya kuylab ketadigan ashulasini xuddi baxshilardek ritm bilan xirgoyi qila boshlaydi:
Yordamchi qizman keldim terimga.
Plan to‘lmasdan o‘rgilay, qaytmayman uyga.
To‘lsin planim, O‘zbekistonim!
Plandan oshsin O‘zbekistonim!
O, yordamchi qizlar esini tanib-tanimay, avvaliga paxta terishni ham, etak ko‘tarishni ham epini qilisholmay (bola bo‘lishgan axir) yig‘lab-yig‘lab, bora-bora kuylab-kuylab, changi chiqqan, zaharli dorilardan bo‘kkan dalalarda zahar-zaqqum yutib-yutib, o‘g‘jib-o‘g‘jib paxta deganini paxtasini chiqarib terib tashlashgan. Dehqonqullar hamda Dehqonqulovalar to‘dasi qachon uyiga qaytib maktabiga borishgan deysiz? Albatta, o‘zlari o‘ylab topishgan ashulasida aytishganidek, plan to‘lmasidan turib, toki g‘o‘zalar qor bilan qoplanib terimni iloji qolmagunicha o‘lishga ham ruxsat berilmagan. Qo‘llariga tayoq olishib qorlarni qoqib-qoqib, qo‘l-oyoqlari tarashadek qotib muzlagan chanoqlarni terishgan. Mana endi jim turolmaydi, do‘mbira so‘ylatadi enaginamni: «Sho‘rosi o‘lsin-a, paxtaginasi qurisin-a! Mana qara oyoq-qo‘llarim shishib ustixonlarim mayshayib ketdi, ichginamni to‘kdi bu paxta!» – deydi. «Menginani xudo asragan bolam, ne-ne erkak-ayollar, bolaginalar jimgina qirilib ketdi. Onaginam, opa-ukalarimni bevaqt olib ketdi!» — deydi ko‘zlarida yosh g‘iltillab.
– Omon-omon zamonlarda yashayapsilar, noshukr bo‘lmanglar! — deydi,
– O‘zinga shukr! — deydi enaginam. Bir chuqur uh tortadi-da, omonat do‘mbiram, onaginasini do‘mbirasini menga tutqazib, yana jim qoladi. Do‘mbirasi qurmag‘ur ham dardlarini aytmasa yorilib ketadigandek, og‘iz juftlab menga mo‘ltiraydi…
Tog‘ sayriga keta turib sho‘x qo‘shiqqa jo‘r bo‘layotgan farzandlarimga, keyin mashina oynasidan lip-lip o‘tayotgan enamdan qolgan dalalarga tikilaman. Onda-sonda ko‘rinish berib qolmasa, paxta dalalari deyarli uchramaydi. Ona vatanini qo‘riqlayotgan askarlardek tik, qator turishib lippillayotgan mevali daraxtlar, uzumbog‘lar, poliz dalalari ko‘zga tashlanadi. O‘zlari bilganicha gurkirab yotishgandek, odam zoti ko‘rinmaydi. Eheheye, «Enamdan qolgan dalalaar! Momoginalarimdan qolgan dalalar nega jimsiz, nega kuylamayapsiiz!?» – deb hayqirgim keladi. Dalalar miq etishmaydi.
Dalalar jiim qolishadi. Men-da jim qolaman. Ammo, bu jimlik endi og‘riqqa emas, taskinga aylanadi. Ko‘zlagan so‘lim go‘shamizga yetib borgunimizcha jiim ketsamda yayrab boraman, balki qarama-qarshi hislarim o‘rtasida sarson boraman. Sezib turaman, baribir yuragimni bir chetida momoginam ko‘zlaridan yosh oqizib-oqizib o‘tiraveradi. Har ziyoratiga borganimda enaginam jimgina jilmayib turaveradi.
– Enamdan qolgan dalalar do‘mbiramizni berchi! — deyman.
– Qani, jiim turmasdan bir kuylaylikchi! — deyman. Enamni dalalari-da o‘ziga tortgan — jiim qoladi.
Ammo, do‘mbira degich sayroqi jim turolmaydi. «Vooh! – deydi do‘mbiram, «Dardingni olaay!» — deydi do‘mbiram.
Do‘mbiramni yana qo‘limga olaman…
Mastura Aburahim qizi
P.S: Terim qo‘shig‘i 1960-1970-yillarda paxta terimida qatnashgan terimchi bilan og‘zaki suhbatdan yozib olindi.
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Sport4 days agoButunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Jamiyat4 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti qarorgohida tantanali kutib olindi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston — Koreya biznes forumidagi asosiy fikrlari
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi
-
Jamiyat5 days ago
Markaziy Osiyoning xalqaro ayol media-mutaxassislari Toshkentda to‘plandi
