Mahalliy
Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?
Issiq kunlar chekinib, havo salqinlashgan sayin odatlar ham o‘zgaradi. Kun qisqaradi, tomorqadagi yumushlar ozayadi, kun bo‘yi eshik oldida turgan ketmon, belkurak va chelaklar o‘z joyiga qaytariladi. Ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar ham endi ko‘chaga kamroq chiqa boshlaydi. Shunda siz uyingizda ortiqcha narsalar ko‘payganini sezasiz.
Va yana fasl almashishi bilan barchamiz shkaflar va javonlarni ko‘zdan kechiramiz. Kiyilmaydigan kiyimlar, ishlatilmaydigan idishlar, yillar davomida «bir kun kerak bo‘lib qolar» degan umidda saqlanayotgan buyumlar…
Bularning hammasi senga hali ham kerakmi?
Uyda tartib o‘rnatish bo‘yicha bir necha kitob yozgan yaponiyalik yozuvchi Mari Kondo aynan shu savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning falsafasida uyni tartibga keltirish shunchaki buyumlarni saralash emas. U har bir narsani qo‘lga olib, «Bu menga quvonch bag‘ishlaydimi?» deb so‘rashni taklif qiladi.
Savol oddiydek ko‘rinadi, ammo javob berish juda qiyin. Chunki biz buyumlarni shunchaki buyum bo‘lgani uchun saqlamaymiz. Masalan bir ko‘ylagingiz bor, uch yildan beri unutilgan, lekin qizingizning to‘yida kiyilgani uchun o‘sha kunni eslatib turadi. Darz ketgan idish-chi, ha u onangizdan yodgorlik, dastasi qimirlab qolgan chovgum u buvingizni eslatadi, anavi rangi uringan sumkani tutgingiz kelmaydi, ammo u birinchi maoshga olingan, bularning hech birini tashlashga ko‘z qiymaydi.
Shunday qilib, uyimizda buyumlar emas, o‘tmishimizning mayda parchalari yig‘ilib boradi. Biz ularni tashlashdan qo‘rqamiz. Go‘yo buyumni chiqarib yuborsak, u bilan bog‘liq xotira ham yo‘qolib ketadigandek.
Aslida-chi?
Ehtimol, shuning uchun ham uyni tartibga keltirish ba’zan kutilganidan og‘ir kechadi. «Bir kun kerak bo‘lib qolar» degan ehtiyotkorlik buyumlar bilan xayrlasha olmaslikning eng qulay niqobiga aylanadi.
Buyum arzimas bo‘lishi mumkin, ammo unga bog‘langan ma’no arzimas emasdek… Shuning uchun uyni bir kunda tubdan o‘zgartirishga urinish shart emas. Avval bitta tokchadagi narsalarga razm solishning o‘zi yetarli. Kiyimlarni, kitoblarni, mayda-chuydalarni bir joyga to‘plab ko‘rish ham qiziq tajriba, odam qancha narsasi borligini emas, qancha ortiqcha yukni saqlab yurganini anglaydi.
Mari Kondo buyumlar bilan xayrlashayotganda ularga minnatdorchilik bildirish kerakligini aytadi. Bu kimgadir ortiqcha marosimdek tuyuladi, ammo ortida oddiy haqiqat bor: sizdan ketayotgan narsa hayotingizda bir vaqtlar kerak bo‘lgan. Uni qo‘yib yuborish o‘sha davrni inkor qilish degani emas. «Sen o‘z vazifangni bajarding» deb qo‘yishning o‘zi kifoya.
Yana bir gap. Biz uyda bo‘sh joy qoldirishdan qo‘rqamiz. Bo‘sh tokcha, bo‘sh devor yoki burchak xuddi «nimadir yetishmayapti» deganday tuyulaveradi. Shunga darhol uni to‘ldirishga shoshilamiz. Go‘yo uy to‘la bo‘lsagina hayot ham to‘kisdek.
Aslida esa ba’zan insonga yana bir buyum emas, bir oz bo‘shliq kerak bo‘ladi. Kreslo yonidagi ochiq joy, kitob qo‘yilmagan tokcha, hech narsa turmaydigan stol… Faqat siz o‘tirib, bemalol nafas oladigan joy. Ehtimol, uydagi eng qimmat narsa aynan shu egallanmagan hudud.
Kuz shuning uchun ham go‘zal fasl. Daraxtlar bargini to‘kadi va buni yo‘qotish emas, fasl almashinishi deb qabul qiladi. Inson esa ko‘pincha voz kechishni yo‘qotish deb biladi, biz ham kuz bargini to‘kkandek eski narsalardan qutilsak, ehtimol yangi buyumlarga yo‘l ochilar…
Balki biz kuzdan har bir narsani abadiy ushlab turish shart emasligini o‘rganarmiz…
Bugun bitta javonni ochib ko‘ring. Undagi har bir narsani qo‘lingizga oling-da, o‘zingizdan so‘rang: «Men buni hali ham xohlab saqlayapmanmi yoki shunchaki tashlashga qo‘rqyapmanmi?»
Javob, ehtimol, buyum haqida emas… Sizning hozirgi hayotingiz, bugungi kuningiz haqida bo‘ladi.