Sport
«Nasaf» «Andijon»ni mag‘lub etib, O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi
Qarshi klubi tarixda to‘rtinchi marta nufuzli sovrinni qo‘lga kiritdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi uchun bahsda amaldagi chempion, Qarshining «Nasaf» klubi va kubok sohibi «Andijon» o‘zaro bellashdi.
Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida 13 mingdan ortiq tomoshabin qarshisida o‘tgan o‘yin taqdirini yagona gol hal qildi.
72-daqiqada bosh hakam Ilgiz Tantashev andijonliklar darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Husayn Norchayev bu imkoniyatdan unumli foydalandi – 1:0. Bu natija o‘yin oxiriga qadar o‘zgarmadi.
Shu tariqa, «Nasaf» o‘z tarixida 4-marta O‘zbekiston Superkubogiga ega chiqdi. Bu o‘zbek futbolidagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Superkubogida «Paxtakor» va «Lokomotiv» 2 martadan, «Bunyodkor» va «Navbahor» 1 martadan g‘alaba qozongan.
O‘zbekiston Superkubogi-2025
Toshkent, 27 may, «Bunyodkor» stadioni
NASAF (Qarshi) – Andijon 1:0
Gol: Husayn Norchayev 72 (pen)
NASAF: Abduvohid Ne’matov, Alibek Davronov, G‘olib G‘aybullayev, Akmal Mozgovoy, Dragan Cheran (Zafarmurod Abdirahmatov, 90), Sharof Muhitdinov (Sherzod Nasrullayev, 65), Husayn Norchayev, Stefan Cholovich (Rubin Hebay, 65),Shuhrat Muhammadiyev (Igor Golban, 90), Oybek Bozorov, Umarbek Eshmurodov.
ANDIJON: Valijon Rahimov, Islombek Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Altin Kreziu (Damin Temirov, 75), Ilhomjon Abdug‘aniyev (Mirzad Mexanovich, 75), Islam Mashukov (Rustam Turdimurodov, 73), Usmonali Ismonaliyev, Doniyor Abdumannopov, Muhammadkarim Toirov, Luka Uskokovich, Bektemir Abdumannonov.
Ogohlantirish: Akmal Mozgovoy (24), Usmonali Ismonaliyev (71)
Sport
O‘zbekistonning yosh taekvondochilari jahon chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi
Yosinbek Odilov, Asadbek Samandarov va Mohidil O‘ktamjonova O‘zbekistonga oltin medallarni keltirdi.
Toshkentda 12-17 aprel kunlari Taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati o‘tkazildi.
Nufuzli musobaqada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Dastlabki oltin medalga -48 kg vazn toifasida Yosinbek Odilov ega chiqdi. U finalda o‘monlik Dovud Al-Yusufiyni mag‘lub etdi.
-51 kg vazn toifasida Asadbek Samandarov finalda tunislik Malik Mukroniy ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
-63 kg vazn toifasida Mohidil O‘ktamjonova finalda italiyalik Sofiya Frassikani yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, -68 kg vazn toifasida Ayubxon Nabiyev, +78 kg vazn toifasida Alisher Pak kumush medalga sazovor bo‘ldi.
-45 kg vazn toifasida Shohjahon Xolmurodov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Sport
Eron futbol klublari sulh fonida legionerlarni qaytara boshladi
Eron klublari mashg‘ulotlarni qayta boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda va legionerlarni yig‘inlarga chaqirmoqda.
Eurasia Football xabariga ko‘ra, Eron chempionatida ishtirok etayotgan kamida ikki nafar xorijlik futbolchiga mamlakatga qaytish va o‘z jamoasiga qo‘shilish taklifi bilan rasmiy xatlar yuborilgan. Hujjatlarda qayd etilishicha, yaqinda o‘t ochishni to‘xtatish va vaziyat asta-sekin barqarorlashgandan so‘ng, klublar mavsumga tayyorgarlikni qayta boshladilar.
«Barcha o‘yinchilarimiz va xodimlarimizning xavfsizligi va farovonligi bizning eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz va qaytishingizga xavfsiz va professional muhit yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni ta’minlash uchun tegishli organlar bilan muvofiqlashtirmoqdamiz», deyiladi futbolchiga yo‘llangan xatda.
Shu bilan birga, ichki chempionatni davom ettirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Eron futbol federatsiyasi va klublar rahbariyati musobaqani muddatidan oldin yakunlash yoki uni qayta boshlash variantini ko‘rib chiqmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qaror aprel oyining oxirigacha qabul qilinishi mumkin.
Mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi fonida xalqaro turnirlarni boykot qilish ehtimoli haqidagi bayonotlar ham yangradi. Xususan, rasmiylar jahon chempionatida ishtirok etishdan bosh tortish, klublar va terma jamoalarning bir qator mamlakatlarga chiqishini cheklash haqida gapirishni boshladi. Biroq bu masalalar bo‘yicha rasmiy qarorlar qabul qilinmadi. Shu tariqa, «Traktor» Saudiya Arabistonida Osiyo Chempionlar ligasi pley-off o‘yinini o‘tkazdi, terma jamoa esa yozda Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshladi.
Ayni paytda Eron klublari ro‘yxatida 40 nafar legioner, jumladan, besh nafar o‘zbekistonlik (Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Rustam Ashurmatov, Odil Hamrobekov, Igor Sergeyev), ikki nafar tojikistonlik va bir nafar qirg‘izistonlik futbolchi bor. Harbiy qarama-qarshilik boshlanganidan so‘ng, xorijiy o‘yinchilar mamlakatni shoshilinch ravishda, ko‘pincha Turkiya va Ozarboyjon bilan chegaralar orqali tark etgan.
Sport
Javohir Sindarov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi
Kiprda o‘tkazilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi Nomzodlar turniri g‘olibi prezident tomonidan taqdirlandi.
Kiprda o‘tkazilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi Nomzodlar turnirida g‘alaba qozongan Javohir Sindarov prezident farmoniga ko‘ra, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.
«O‘zining yuksak intellektual salohiyati va professional mahoratini yaqqol namoyon etib, dunyoning eng kuchli grossmeysterlari orasida rekord natijalar ko‘rsatgani va muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sindarov Javohir Sanjarbekovich «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlansin», deyiladi farmonda.
Eslatib o‘tamiz, 20 yoshli grossmeyster Kiprda o‘tkazilgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi Nomzodlar turnirida g‘alaba qozonib, shaxmat toji uchun hindistonlik Gukesh Dommaraju bilan kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritgan edi.
Sport
O‘zbekistonda «shaxmat mafiyasi» qanday yaratildi?
O‘zbekiston jahon shaxmatidagi bunday ustunlikka qanday qilib erishdi? Shaxmatga ixtisoslashgan «e2e4» kanali ushbu savolga javob izlab ko‘rdi.
O‘ttiz sakkiz million aholiga ega mamlakat 2022-yildan beri gigantlar uddalay olmagan ishni qilmoqda. Ular shunchaki olimpiadani yutibgina qolmay, konveyer kabi vunderkindlarni yetishtiradigan tizimni yaratdilar. Bugun biz bu tizimni ipidan ignasigacha ko‘rib chiqamiz. Uch qahramon, uch taqdir, bir maqsad – shaxmat toji!
Agar O‘zbekistonning bugungi oltin avlodini tasodif deb o‘ylasangiz, qattiq adashasiz. Buni tushunish uchun o‘tmishni bilish kerak. O‘zbekistonda 2004-yili aqlbovar qilmas voqea yuz berdi. Toshkentlik Rustam Qosimjonov ismli yosh yigitga hech kim jiddiy qaramagan edi, ammo u Tripolidagi jahon chempionatiga borib, g‘olib bo‘ldi. Bu G‘arb uchun shok holat edi. O‘shanda bu boshqa hech qachon takrorlanmaydigan bir martalik chaqnash, yagona holatdek tuyulgandi. Ammo o‘sha paytda O‘zbekiston hukumati haqiqiy shaxmat saltanatini qurishga qat’iy qaror qildi.
Toshkentda davlat rahbari tashabbusi bilan respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar shaxmat maktabi ochiladi. Bu oddiy to‘garak emas, elektron doskalar, kompyuterlar va dunyoning istalgan raqibi bilan onlayn o‘yinlar o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lgan yuzlab o‘rinli saroy edi.
2017-yili FIDE bu maktabni mintaqadagi eng yaxshisi deb tan oladi. «Bu sport emas, davlat siyosati», — deya ta’riflagan edi Rossiya shaxmat federatsiyasi prezidenti Andrey Filatov maktabga tashrifidan so‘ng. Yevropada shaxmat boy ota-onalarning farzandlari uchun shunchaki xobbiga aylanib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonda istalgan mahalladan chiqqan bolakayni bu intellekt maskaniga yetaklab kelishadi. U yerda ovqatlantirishadi, mashq qildirishadi va buning hammasi bepul. Mana, poydevor. Endi esa bu poydevor qanday natijalarga asos bo‘lganini ko‘ring.
Nodirbek Abdusattorov. U eng kattasi va hozirgi kunda eng sovrindori. 8 yoshida maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempioni. 17 yoshida esa haqiqiy tarix yaratadi: rapid bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib chiqadi. Yarim finalda u bir necha yildan so‘ng shaxmat toji uchun kurashadigan Yan Nepomnyashiyni mag‘lub etadi. Eng muhimi, guruhda u Magnus Karlsenni ham dog‘da qoldiradi. O‘shanda shaxmat olami hayratda qolgandi. Kim bu o‘zbek yigiti?!
Javohir Sindarov. Da’vogarlar turnirida barcha nomdor raqiblarini ko‘rdim demasdan, jahon chempionligi sari shahdam qadam tashlayotgan yigit.
Nodirbek Yoqubboyev. Uni ko‘pincha uchlikdagi ortiqcha shaxmatchi deb atashadi, ammo bu noto‘g‘ri, chunki aynan Yoqubboyev bu jamoadagi favoritlarning bosh kushandasi. Bosiq, sovuqqon, hissiyotlarga berilmaydi. Reytingda u, to‘g‘ri, biroz pastroqda, lekin bu uning kuchsiz ekanini anglatmaydi.
Aynan shu uchlik 2022-yili imkonsiz tuyulgan ishni amalga oshirgan jamoaning asosiy o‘zagiga aylanishgandi.
2022-yil avgust. Hindiston, Chennay, 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi. 188 jamoa, jahon darajasidagi yulduzlar. O‘zbekiston – turnirdagi eng yosh terma jamoa. O‘rtacha yosh – 19. Ularning juda bo‘lsa o‘nlikdan joy egallashini bashorat qilishadi, undan ortig‘ini emas. Lekin ular nima qilishadi? Butun turnir davomida birorta ham o‘yinda yutqazishmaydi! Sakkizta g‘alaba, uchta durang va haqli chempionlik!
Prezident Shavkat Mirziyoyev ularga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, shunday deydi: «Sizlar – bizning eng katta boyligimiz, xalqimizning oltin fondisiz».
Keling, bir narsani qayd etib qo‘yaylik: hech kim jiddiy qabul qilmagan jamoa barcha favoritlarni mag‘lub etdi. Ammo raqiblar uchun eng dahshatlisi hali oldinda, chunki bu tasodif emas, bu faqat boshlanishi edi.
2025-yil. Jahon kubogi. Sayyoramizning 206 nafar eng kuchli shaxmatchisi jamlangan. Biz qanday manzaraga guvoh bo‘lyapmiz? Yarim finalda O‘zbekistonning ikki vakili: Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev da’vogarlar turniriga ulardan qaysi biri borishini hal qilishyapti!
«Bu aqlbovar qilmas holat. Bir mamlakatdan, bir shahardan chiqqan ikki yigit butun jahon elitasini turnirdan chiqarib yubordi», – deya izoh berishgandi ekspertlar jonli efirda. Yarim finalda Sindarov kuchliroq chiqdi. Finalda uni xitoylik tajribali Vey I kutib turardi, biroq u ham Sindarovni to‘xtata olmaydi.
Javohir Sindarov shaxmat tarixidagi Jahon kubogining eng yosh g‘olibi. O‘sha paytda u bor-yo‘g‘i 19 yoshda edi va u 2026-yilgi da’vogarlar turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Ayni damda u ushbu turnirda muddatidan oldin g‘alaba qozonib, Gukesh bilan jang qilishga tayyorlanayapti. Qolganlar-chi? Nodirbek Yoqubboyev elitada. Abdusattorov-chi? Ha, u Jahon kubogidan erta chiqib ketdi, ammo darhol London Chess Classic superturnirida 7 imkoniyatdan 6,5 ochko to‘plab, g‘olib bo‘ldi. Bu tendensiyani his qilyapsizmi?
Kimdir bitta turnirda yutib, soyaga chekinayotgan bir paytda, o‘zbeklar shunchaki o‘rin almashishmoqda. Bugun Sindarov qirol, ertaga Abdusattorov, indinga Yoqubboyev. Bu jamoa emas, bu haqiqiy «shaxmat mafiyasi». Albatta, bu yaxshi ma’noda. Mamlakat ichidagi raqobat shu qadar kuchliki, ularning bo‘shashishga haqlari yo‘q.
Xo‘sh, nega O‘zbekiston maktabi eng yaxshisi? Chunki davlat har bir bola uchun ochiq bo‘lgan jahon darajasidagi infratuzilmani yaratib qo‘ygan. Shuningdek, o‘zbekistonliklar g‘alabalarga juda tashna. Ular juda uzoq vaqt soyada bo‘lishdi va hozir bu yigitlar butun dunyoga isbotlashni xohlashadi: biz ruslardan yomon emasmiz, biz hindlardan yomon emasmiz, biz hammadan yaxshiroqmiz. Albatta, yuqorida nomi tilga olingan uchlikning muvaffaqiyatlari butun mamlakat darajasini ko‘tarmoqda. Shaxmatga yangi bolalar kirib kelmoqda. Qancha ko‘p bola o‘ynasa, shuncha ko‘p kuchli shaxmatchilar yetishib chiqadi.
Shuningdek, bu borada xarakter ham muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonliklar yulduz shaxmatchilardan qo‘rqishmaydi. Karlsen, Firuzja, Fabi – bular ular uchun shunchaki nomlar. Doskada barcha donalar bir teriladi va barchaning imkoniyati teng. O‘zbek shaxmatchilari buni yaxshi tushunishadi. Da’vogarlar turniri Sindarov hozirda yaqqol favoritlardan biri ekanini isbotladi. Ammo, men esa sizga bundan ham ko‘prog‘ini ayta olaman: katta ehtimol bilan, kelajakdagi jahon chempioni aynan u bo‘ladi.
Sport
«Arsenal» va Avstriya termasi sobiq futbolchisi fojiali tarzda vafot etdi
«Arsenal» va «Yuventus» ning sobiq darvozaboni Aleksandr Manninger poyezd halokatida vafot etdi.
Avstriya terma jamoasining sobiq darvozaboni Aleksandr Manninger 16-aprel kuni ertalab poyezd halokatida vafot etdi. Tutto Mercato Web xabariga ko‘ra, baxtsiz hodisa mahalliy vaqt bilan soat 8:40 atrofida Avstriyaning Nussdorf am Haunsberg shahridagi nazoratsiz temir yo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 48 yoshli sobiq darvozabonning mashinasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaqinlashib kelayotgan poyezd oldida kesishmani kesib o‘tgan. Poyezd mashinani bir necha metrgacha sudrab borgan.
Mashinist va taxminan 25 yo‘lovchi jarohat olmagan.
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz blokadasi bilan bog‘liq tahdidli so‘zlarni aytdi
-
Sport5 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
-
Jamiyat5 days agoEski shaharning yangi Zarqaynari – turizm ko‘chasidan reportaj
