Iqtisodiyot
Naqd pul muomalasiga cheklovlar: bu qanchalik samarali?
Katta summadagi oldi-berdilarni faqat bank orqali amalga oshirish talabi – iqtisodiyotni oqartirish yo‘llaridan biri, lekin shuning o‘zi yetarli emas: sabablarga e’tibor qaratish va tadbirkor nima uchun qora bozorda ishlayapti degan savolga javob kerak, deydi Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov. Bank va to‘lov tizimlarining komissiyalari sabab odamlarni ulkan xarajatlar kutadi, deydi u.
2026 yildan boshlab tadbirkorlik sohasidagi o‘yin qoidalarida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi.
1 apreldan avtomobil (ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan) va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi hamda 25 mln so‘mdan yuqori har qanday xaridlar (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno) faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilishi talabi qo‘yilmoqda.
Benzin, metan, propan, dizel quyish shoxobchalari va elektromobillarni zaryadlash stansiyalarida ham faqat naqdsiz to‘lash mumkin bo‘ladi. Plastik kartasi bo‘lmagan odam qonuniy ravishda alkogol va tamaki mahsulotlari sotib ololmaydi. Xuddi shunday, kommunal to‘lovlar va davlat xizmatlari uchun to‘lovlar ham faqat naqdsiz shaklda qabul qilinadi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, omborda uzoq turib qolgan import mahsulotlar soliq tekshiruviga asos bo‘lishi mumkin. Shu sanadan e’tiboran ko‘chmas mulk obektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.
Bu yangi qoidalar tadbirkorlar uchun nimani anglatadi? Qaysi normalar qo‘shimcha majburiyatlarni keltirib chiqaradi?
Kun.uz muxbiri shu kabi savollar yuzasidan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bilan suhbatlashdi.
Ko‘chmas mulk oldi-sotdisida aylanib o‘tish bo‘laveradi
— (2025 yil 10 dekabrda qabul qilingan PF-246) farmonda yashirin iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan ko‘p tadbirlar belgilangan. Bundan birinchisi – aynan naqdsiz to‘lovlarni majburiy qilib qo‘yish. Bunda rasmiy maqsad naqd pulni yo‘qotish, naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish bo‘lsa, asl strategik maqsad – qora bozorning oldini olish.
Eng katta ta’sir choralaridan bittasi – 25 mln so‘mdan yuqori savdo munosabatlari naqdsiz amalga oshirilishi kerak. 26 mln so‘mlik mebel sotib olsangiz ham yo shartnoma qilib, yoki plastik karta orqali to‘lov qilishingiz shart bo‘ladi. Katta ta’sir choralaridan yana biri – ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisi ham naqdsiz hisob-kitob qilinadi.
Ko‘chmas mulk bilan munozarali holatlar ko‘p tilga olinadi. Mas’ullarning izohlashicha, 100 ming dollarga uy oldi-sotdi qilinganda notariusda 100 mln so‘m qilib ko‘rsatishadi, mobodo tomonlar kelisholmay qolsa, uyni qaytaradigan odam 100 ming dollar so‘raydi, sotgan odam esa “100 mln so‘m olganman” deb turadi. Maqsad – shu nizoni yo‘q qilish deb aytilgan bo‘lsa-da, aslida pul oqimini, daromadlarni nazorat qilish masalasi turibdi.
Bu yerda yana bir masala bor: shu paytgacha odamlar qanday qilib notariusda 100 mln so‘m ko‘rsatib, aslida uyni 100 ming dollarga sotgan bo‘lsa, buni yana davom ettiradi. 100 mln so‘m bankdan o‘tadi, qolgan pul naqd dollarda oldi-berdi bo‘ladi. Ya’ni agar sababini o‘rganib, yechim qilinmasa, ko‘chmas mulk savdosidagi qora bozorni bu yo‘l bilan oqqa olib o‘tib bo‘lmaydi.
Yechimlar sabablarga qaratilishi kerak
— 25 mln so‘mdan yuqori oldi-sotdilarga kelsak. Qora bozorda yurgan, “kargolar” orqali kirib kelgan tovarlar xohlasangiz ham oqqa o‘tmaydi – nazorat kuchaymasa. 100 foiz naqdsiz qilasiz degan taqdirda ham, oqqa o‘tmaydi.
Ko‘p hollarda tadbirkorlarda, deylik, buxgalteriya bo‘yicha 2 mlrd so‘mlik qoldig‘i bor. Tekshiruv kelganda aslida o‘sha summa bo‘lmasligi mumkin. Tovarni tarqatib bo‘lishgan, naqd pul boshqa “oborot”da aylanib turibdi. Tekshiruv riski yuzaga kelganda, ko‘pchilik naqdga sotdim deb kassaga urib qo‘yadi. Naqdga sotsa, pulni topshirish ixtiyoriy. Tovarni naqdga sotib yuborib, pulni keyin qora bozorda aylantirayotgan holatlarning oldini olish uchun ham naqdsiz hisob-kitoblar talabi qo‘yilyapti. 1 mlrd so‘mlik tovarni naqdga sotdim deb bemalol urishardi, endi bunday bo‘lmaydi, chunki to‘lov naqdsiz amalga oshirilishi kerak.
Berkitaman degan odam baribir aylanib o‘taveradi. Faqat cheklovlar bilan qora bozorni oqqa olib o‘tish imkonsiz. Albatta, bu instrumentlardan bittasi, ammo birgina instrument yetarli emas. Nima uchun qorada ishlayapti, degan savolga javob izlash kerak bo‘ladi. Oqibatlar bilan emas, sabablar bilan ishlash kerak. Naqdsiz to‘lovlarga o‘tish oqibat bilan kurashish hisoblanadi.
Kiberxavfsizlik va komission xarajatlar
— Biz shu qaror loyihasi muhokama qilinayotganda kiberxavfsizlik masalasini kim zimmasiga oladi, degan savolni o‘rtaga tashlaganmiz – hech kim mas’uliyat olmagan. Kartadagi pullarni bitta haker o‘tirib olib o‘g‘irlamaydi, bank ichida ham ularning hamtovoqlari bo‘ladi. Oddiy misol, kartaga 100 mln so‘m dividend tushirsak, ertasigayoq chet eldan qo‘ng‘iroqlar boshlandi. Ko‘tarsangiz, firibgarlar “kartangizga hujum bo‘lgan ekan, sizni himoya qilishimiz kerak” deb gap boshlaydi. Kartada kichik summalar bo‘lganda telefonlar bo‘lmaydi, lekin bugun pul tushsa, bugun telefon qilishadi. Demak, kimdir ularga xabar beradi… Maqsad to‘g‘ri, ammo kafolatini kim oladi?
Ikkinchi masala – bank komissiyalari. Faqat ko‘chmas mulk emas, avtomobillar oldi-sotdisi ham naqdsiz bo‘lishi kerak. Bu juda katta pul bank orqali aylanadi degani. Agar bank buni bepul qilib beraman desa, muammo yo‘q, lekin hali biror bank bunaqa qilishiga ko‘zim yetmaydi. Yirik xaridlarda notarius xarajatlaridan tashqari bankka yana kamida 20–25 million to‘lash kerak bo‘ladi: pulni kartaga kiritish va kartadagi pulni boshqa odamning kartasiga o‘tkazish – komission xarajatlarni keltirib chiqaradi.
Import oziq-ovqatlar masalasi
— Farmonga ko‘ra, import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari 9 oy davomida sotilmasa (go‘sht va meva-sabzavotlar uchun bu muddat 3 oy), bu holat sayyor soliq tekshiruviga asos bo‘ladi. Deylik, yil boshida 10 mlrd so‘mlik tovar olib kelib qo‘ydi. Ko‘p hollarda tadbirkor tovarni ushlab turmaydi, distribyutsiya orqali tarqatib yuboradi, undan keyin qolgan naqd pul qora bozorda ishlashga xizmat qiladi. Bu narsaning inkassatsiyasini ko‘rsatsa, pulni keyingi oborotga chiqarishi kerak, bu esa sotib qo‘yilgan narsani rasman ko‘rsatsak, QQS to‘lashimizga to‘g‘ri keladi degani. Shu narsadan qochilayotgan holatlar ko‘p. Ombordagi mahsulotlar allaqachon sotilgan, ammo puli inkassatsiya qilinmagan bo‘ladi.
Bundan tashqari, mevalar masalasi bor: deylik, banan olib kelinsa, 1 oyda o‘z xususiyatini yo‘qota boshlaydi. Olib kelgach sotib yuborib, yil oxirigacha ham sotilmadi deb ko‘rsatadigan tadbirkorlar ham bor. Umuman, mevalarda shunday qilishadi, noyabr–dekabrlarda yana olib kelmoqchi bo‘lsa, pul inkassatsiya qilinadi, ungacha pul qora bozorda aylantiriladi. Shunga aslida meva va go‘sht mahsulotlari tez eskirgani uchun 3 oy, qolgan oziq-ovqat mahsulotlari 9 oygacha sotilmay omborda tursa, sayyor soliq tekshiruvi o‘tkaziladi.
Bu yangi qoida toza ishlayotgan tadbirkorlarni xavotirga solmaydi. Sayyor tekshiruv paytida tovar haqiqatan ham haligacha omborda turgan bo‘lsa, muammo yo‘q. Yo‘q bo‘lsa, keyin jarima qilinadi. Ham soliq to‘laydi.
Ko‘chmas mulk va qurilish materiallariga soliq – “bozor qiymati” asosida
— Shu paytgacha Soliq kodeksining 248-moddasi ishlatib kelindi, tovarlar bozor bahosidan past narxda sotilsa, bozor narxini qo‘llash mumkin, deyilgan edi. Bu hamma tovarlarga emas, bepul berilgan va ayirboshlangan tovarlar uchun edi. Amaliyotda tekshiruvchilar bu normaga to‘g‘ri kelmasa, tadbirkorlarga sotgan mahsulotini bozor narxida hisoblab, milliardlab soliq hisoblab kelishdi.
Bu normaning qanchalik riski bor edi desangiz, u korrupsiya uchun yaxshi xizmat qildi. Bozor narxining aniq tartibi yo‘q. Bu farmon bo‘yicha aniq tartib chiqishi mumkin, ammo shunda ham bu soliqlarning aniqlilik prinsipiga to‘g‘ri kelmaydi. Bozor narxidan arzon narxga sotib qo‘ysa, tadbirkor necha puldan soliq to‘layman degan narsani aniq bilishi kerak. Deylik, men biror qurilish materialini 10 so‘mdan olib kelib, 20 so‘mdan sotdim. Bozor narxi qancha: 30 so‘mmi, 40 so‘mmi yoki 45 so‘mmi? Agar 40 so‘m deb belgilamasam, kim bozor narxini 50 so‘m deb belgilamasligiga kafolat beradi? Bu aholiga qimmatroq mahsulot sotishga targ‘ibotmi? Shu kungacha bozor narxini qo‘llash yaxshilikka xizmat qilmadi.
Ko‘chmas mulk masalasida noaniqlik bor. Nima bozor narxiga ko‘ra hisoblanadi: mol-mulk solig‘imi yoki mulkni sotishmi? Bu talab yuridik shaxsga taalluqlimi yoki jismoniy shaxsgami? Agar jismoniy shaxsga bo‘lsa, u xohlagan puliga sotmaydimi degan savol bor. Bu bo‘yicha ko‘p mavhumliklar bor.
Prezident huzuridagi kengashda bu masalani muhokama qilayotganimizda “yangi uylarning kvadratini 1 mln so‘mdan qilib sotayotgan quruvchi kompaniyalar bor, bu normani o‘shalarga qo‘llaymiz” deyishgan edi. Lekin matnni o‘qisangiz, ko‘chmas mulkka soliq solish maqsadida bozor narxida hisoblayman, deyilyapti.
Yangi uylarning ham har xili bor: pishgan g‘ishtdan qurilayotganlari, penoblokdan qilinayotganlari bor, qora suvoqdan chiqarib topshirilayotganlari yoki “korobka” topshiriladiganlari bor, ta’miri bilan beriladiganlari bor… Shahar markazi yoki chekkasi – joylashuviga qarab ham narx farqlanadi. Bir joyda ta’miri bilan metr kvadrati 1000 dollar bo‘lsa, boshqa joyda “korobka” holida 400 dollar turibdi. Qaysi biri bozor narxi degan narsaga aniqlik kiritilmasa, doimiy munozaraga olib keluvchi, natijada korrupsiyani keltirib chiqaradigan masalaga aylanadi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot19 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
