Iqtisodiyot
Namangan – biznes uchun katta maydon
Namangan respublikamiz hududlari orasida iqtisodiy strukturasi rivojlanayotgan viloyat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Aholi gavjum, tabiatan mo‘’tadil iqlimga ega viloyatda so‘nggi yillarda iqtisodiy tarmoqlar: tadbirkorlik va kichik biznes, ishlab chiqarish hamda sanoatning turli jabhalari taraqqiy etmoqda.
«O‘zmilliybank»AJ Matbuot xizmati tashabbusi bilan Namangan viloyati bo‘ylab tashkil etilgan Press-turda mazkur moliya muassasasi hamkorligida kengayib borayotgan hamda yangi ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati o‘rganildi.
Ta’kidlash joiz, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish — iqtisodiy jabhadagi islohotlar va ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar ko‘lami bilan bevosita bog‘liq. Viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb etish barobarida, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash jadal o‘zlashtirilib, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini tobora ko‘paytirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bunda yirik ishlab chiqaruvchilar va kichik biznes sub’yektlarining istiqbolli loyihalari davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ijrosi uchun zarur shart-sharoit yaratib berilishi ulkan samara bermoqda.
Xususan, «IDEAL TEKSTIL ORZU» MChJ ga qarashli korxonasi hududdagi yirik tekstil fabrikalaridan biri hisoblanadi. Korxonada mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, MDH hamda Italiya, Germaniya davlatlariga buyurtma asosida mahsulot jo‘natadi.
Mavsumga xos tekstil mahsulotlar ishlab chiqaradigan sexda ayni paytda 300 ga yaqin ish o‘rni mavjud.
-Korxonamiz faoliyatini 2018 yilda boshlagan. O‘zmilliybank bilan hamkorlik esa 2024 yilning boshida start oldi, -deydi ish yurituvchi Abdulaziz Hasanov.- Biz bankdan 781 ming AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit oldik. Natijada xorijga 200 ming AQSh dollari miqdorida mahsulotlarni eksport qildik. Ichki bozorga esa 2 mlrd. so‘mdan ortiq mahsulotlarni chiqardik.
Tekstil fabrikasida asosan buyurtma asosida mahsulot tayyorlanadi. Bolalar, kattalar uchun mo‘ljallangan mavsumga mos kiyimlardan tashqari, turli tashkilotlarning maxsus ish formalari ham aynan shu tekstil korxonasi xodimlarining mehnati mahsulidir.
– Bu sexga ishga kirganimga hali ko‘p bo‘lmadi, – deydi Oygul Bahromova. – Ammo shu qisqa vaqt davomida jamoamiz ikkinchi oilamga aylanib ulgurdi. Bu yerda ish rejimi, xodimlar uchun sharoit, marshrut xizmati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois ishimiz unumli va buyurtmalarni o‘z vaqtida bajaramiz.
Korxonaning tikuv bo‘limi, asosan, xotin-qizlardan iborat. Mahsulotlarni andozaga tayyorlash, bichish va dazmollash qismida esa yosh mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi.
– Bugun tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishda nafaqat xorij, shuningdek, mahalliy bozorda ham raqobat kuchli. Bunda eng katta yutuq sifat hisoblanadi. Shu bois jarayonda ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish hamda bozorda o‘z o‘rnimizni mustahkamlash maqsadida uskuna va texnikalarimizni yangilab, takomillpaashtirib boramiz. Xususan, bu borada Xitoy hamda Germaniya texnologiyalaridan foydalanamiz, – deydi biz bilan suhbatda Abdulaziz Hasanov.
Press-turning keyingi lokatsiyasi jamoat transportida yo‘lovchi tashish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektida davom etdi. Tadbirkor O‘zmilliybankdan «Brutto shartnomasi» asosida 30 ta avtobus uchun 31,5 mlrd so‘mlik kredit olgan. Umumiy loyiha qiymati esa 45, 1 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur muassasasada yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan 150 ta avtobus mavjud bo‘lib, 6 yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi.
– Yangi avtobuslarimiz ishga tushgunga qadar 4 yo‘nalishda faoliyat yuritardik, endi avtobuslarimizning yo‘nalishi 6 taga yetdi, – deydi MChJ ish boshqaruvchisi Ma’rufjon Sirojiddinov. – Ishchilarimiz soni esa 70 taga ko‘paydi. Chunki har bir avtobus uchun kuniga 2 ta haydovchi smena asosida yo‘nalishga chiqadi. Haydovchilarimiz uchun yangi avtobusning afzalligi salonning kengligi, o‘rindiqlarning ko‘pligi hamda transport boshqaruvining zamonaviy ekanligidir.
Yo‘nalishga chiqqan avtobuslar yo‘lovchilar uchun ham juda qulay. Har qanday mavsum uchun sovutish va isitish moslamalarining mavjudligi, o‘rindiq va tutqichlarning yetarliligi hamda imkoniyati cheklanganlar uchun ham maxsus panduslar borligi jamoat transporti xizmatida yangicha imidj yaratmoqda.
Press-tur ishtirokchilari «O‘zmilliybank»AJning moliyaviy ko‘magidan foydalanib kelayotgan mijozlari bilan tanishuvning birinchi kunidagi manzillar shulardan iborat bo‘ldi. Press-turning ikkinchi kuni dasturidan viloyatdagi zargarlik yo‘nalishidagi loyihalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati hamda BXMda yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmatlar o‘rin olgan.
Iqtisodiyot
Kimlar foyda solig‘ini ikki barobar kam to‘lashi mumkin?
Soliq kodeksining 337-moddasiga muvofiq, foyda solig‘i to‘lovchilarining ayrim toifasi belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqiga ega.
Ushbu imtiyoz 2022-yil 1-sentyabrdan keyin joriy soliq davrida jami daromadi ilk bor 10 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilarga beriladi.
Pasaytirilgan stavka joriy soliq davrida hamda undan keyingi soliq davri mobaynida amal qiladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun pasaytirilgan stavka qo‘llanilayotgan davrlarda soliq to‘lovchining jami daromadi 100 mlrd so‘mdan oshmasligi shart. Agar ushbu chegaradan oshib ketilsa, pasaytirilgan stavkani qo‘llash huquqi bekor bo‘ladi.
Mazkur imtiyoz yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovchilari va aksiz solig‘i to‘lovchilariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, soliq to‘lovchi tugatilayotgan hollarda yoki imtiyoz olish maqsadida bir nechta tadbirkorlik subyekti o‘rtasida daromad sun’iy ravishda bo‘lingani aniqlansa, pasaytirilgan stavkadan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Mazkur tartib Soliq kodeksining 337-moddasida belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik subyektlarini halol soliq to‘lash va biznesni qonuniy kengaytirishga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
Dunyodan5 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
-
Jamiyat3 days agoXalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
-
Jamiyat5 days agoJazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
-
Jamiyat3 days agoPoytaxtda qalbaki valuta savdosi fosh etildi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
-
Jamiyat2 days agoMehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
