Sport
«MYu» «Tottenhem»ga qarshi, Italiyada derbi, «Barselona»da yana qiyin safar. Kun o‘yinlari anonsi
Bu yil hisobidan terma jamoalarga ajratilgan so‘nggi tanaffus oldidan klublar o‘rtasidagi chempionatlarda muhim tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Angliyada so‘nggi yillarning eng muvaffaqiyatli va eng muvaffaqiyatsiz top-klublari o‘zaro bahslashsa, Italiyada Spaletti Turin derbisida sinovdan o‘tadi. Fransiyada ham juda qiziqarli o‘yin bor. Xullas bu safar ham zerikmaymiz.
TOTTeNHEM – MANCheSTeR YuNAYTeD (8 noyabr, 17:30)
Turnir jadvalida qo‘shni bo‘lib turgan bu ikki jamoada qiziq o‘xshash jihati bor. “Tottenhem” oxirgi paytlarda o‘z maydonida juda yomon natijalar qayd etayotgan bo‘lsa, “Manchester Yunayted”ning safar o‘yinlari shunaqa. Londonliklar so‘nggi bir yilda APL doirasida o‘tkazgan 20 uy uchrashuvining atigi 3 tasini o‘z foydasiga hal qilgan xolos. Ushbu mavsumni “Byornli” ustidan 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan boshlagan Tomas Frank jamoasi keyingi o‘yinlarda yuta olmadi. Hatto autsayder “Vulverhempton” ham Londondan ochko olib ketishga muvaffaq bo‘ldi. “Manchester Yunayted”ning bir yildagi safar o‘yinlari ham deyarli shunaqa ko‘rsatkich – atigi 4 g‘alaba. Ya’ni kim yutishidan qat’i nazar qonuniyatga ters nimadir bo‘ladi.
Boshqa seriya ham bor – “Tottenhem” so‘nggi yillarda “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘zaro o‘yinlarda ancha muvaffaqiyatli. 2022/2023 mavsumida boshida Erik ten Xag boshchiligida “MYu” “Old Trafford”da 2:0 hisobida ustun kelgan va bu hozircha “qizil iblislarning” oxirgi g‘alabasi bo‘lib turibdi. Ayniqsa o‘tgan mavsumda “Tottenhem” chin ma’noda “MYu”ning kriptonitiga aylanib oldi. APL doirasida har ikki o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan “Tottenhem” ham Liga kubogida raqibini musobaqadan chiqarib yubordi, ham Yevropa Ligasi finalida 1:0 hisobida yutib, Amorim jamoasini ham sovrinsiz, ham Chempionlar Ligasisiz qoldirdi.
Darvoqe, Chempionlar Ligasidagi ishtirok bu o‘yinda mezbonlarga halaqit berishi mumkin. Chunki yevrokuboklarsiz qolgan “Manchester Yunayted” haftada bir rejimida jismoniy tomondan yaxshiroq ko‘rinishini mumkin. “Tottenhem” garchi yirik g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, hafta o‘rtasida “Kopangagen” bilan o‘ynagani mazkur uchrashuv uchun tayyorgarlik muddatini qisqartirgani tabiiy.
Albatta, o‘yinlarning ko‘proq ekani jarohatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. “Tottenhem” mavsumni Kulushevski, Meddison kabi yetakchilarsiz boshlagan bo‘lsa, endi bugungi liderlarni ham boy bermoqda. Xususan Muhammad Kudusning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Undan tashqari, Bissuma, Solanke, Bergval kabi asosiy tarkib futbolchilarida ham jarohatlar bor. Lekin Romeroning qaytgani yaxshi xabar, zero uning van der Veyn bilan juftligi ancha ishonchli sanaladi. O‘tgan mavsumning muvaffaqiyatli tugashida ham, “MYu”ga qarshi kechgan uch bahsda “Tottenhem” o‘z darvozasini daxlsiz saqlashida ham bu juftlikning mehnati katta. Mehmonlar safida esa Kobi Maynu maydonga tusha olmaydi. U mashg‘ulotlarda kichik jarohat olgani aytilmoqda. Mashg‘ulotlarga qaytgan Lisandro Martines esa katta ehtimol bilan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng o‘yinlarda ishtirok etishni boshlasa kerak.
YuVeNTUS – TORINO (8 noyabr, 22:00)
“Yuventus” Tudorni iste’foga chiqargach, vaqtinchalik murabbiy yordamida “Udineze”ni, keyin esa Spaletti bilan “Kremoneze”ni mag‘lubiyatga uchratdi. “Sporting”ga qarshi durang biroz aldamchi bo‘lishi mumkin, zero bu o‘yinda “Yuventus” 18 dan oshiq zarba bergan va 9 marta to‘p darvozaga aniq yetib bordi ham. Rui Sulvining ishonchli o‘yini va turinlik hujumchilarning omadsizligi evaziga 1:1 hisobi saqlanib qolindi. Shunday bo‘lsa-da, jamoa o‘yinida muammolar hali to‘liq hal bo‘lmaganini ham ta’kidlash lozim. Shunchaki murabbiy almashishi orqali keladigan pozitiv kayfiyat saqlanib turibdi va futbolchilar avvalgiga nisbatan ko‘proq harakat qilayotgandek tuyulmoqda. Odatda, bunday vaziyatlarda muvaffaqiyatli seriya yordamida turnir jadvalida jiddiy ko‘tarilish yaxshi turtki bo‘ladi. Aks holda jamoa yana eski kayfiyatga qaytib qolishi hech gap emas.
“Torino”ga qarshi o‘yin mana shunday ijobiy seriyani davom ettirish uchun yaxshi. Ham derbi, demak futbolchi va muxlislarni alohida chog‘lantirish ehtiyoji yo‘q. Ham o‘yin “Yuventus”ning uy stadionida bo‘lib o‘tadi.
O‘z navbatida “Torino” ham anoyi raqib emas. Ayni Baroni shogirdlarining mag‘lubiyatsiz seriyasi besh uchrashuvga yetdi. Raqiblar orasida “Latsio”, “Napoli”, “Bolonya” kabi kuchli raqiblar bo‘lgani, “Torino” hatto amaldagi chempion ustidan g‘alaba qozongani ham mezbonlarga oson bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, garchi “Torino” ayniqsa o‘z maydonidagi bahslarda “Yuventus”ga munosib qarshilik ko‘rsatib kelsa-da, odatda mehmon sifatida natijalar yoxshi emas. Xususan “Yuventus” mezbon bo‘lgan oxirgi 15 derbining 12 tasini o‘z foydasiga hal qilgan. Uch uchrashuv esa durang bilan yakunlangan.
“Yuventus” tarkibidagi yo‘qotishlarga kelsak, Gleyson Bremer uzoq muddatga safdan chiqqani ma’lum. Shuningdek, Kabay “Vilyareal”ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yinida jarohat olgandi. U endi terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng maydonga qaytsa kerak. Mehmonlar safida deyarli yo‘qotishlar yo‘q. Faqat bosh murabbiy Marko Baroni qizil kartochka olgani sababli derbida maydon chetida bo‘lmaydi.
MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL (9 noyabr, 21:30)
“Liverpul” bir necha mag‘lubiyatlar bilan davom etgan inqirozdan so‘ng chiqib olgandek. So‘nggi turda “Aston Villa”, Chempionlar Ligasida esa “Real” mag‘lub etildi. Har ikki g‘alaba ham juda ishonchli va yirik hisobda yakunlanishi mumkinligini ham e’tirof etish kerak. Ammo boshqa tarafdan, bu o‘yinlarda raqiblar “Liverpul” uchun aslida qulay bo‘lgan uslubda to‘p surganini ham unutmaslik kerak. “Liverpul”ning qator mag‘lubiyatlariga asosiy sabablardan biri raqiblarning uzun paslar bilan o‘ynagani, ko‘proq ikkinchi to‘plar, o‘tish lahzalari muhim darajaga chiqqanini ham unutmaslik kerak. Balkim bir paytlar Yurgen Klopp uchun bu ayni muddao bo‘lardi, ammo Arne Slot o‘yinlarni nazorat qilishga intiladi. O‘tgan mavsumdagi chempionlikning asosiy poydevori aynan mana shu qadriyat bo‘lgandi.
“Manchester Siti” esa avvalgi Pep jamoalaridan farq qiladi. Aynan moslashuvchanligi bilan. Masalan Manchester derbisida jamoa qarshi hujumda o‘ynab yirik g‘alabaga erishdi. “Arsenal”ga qarshi o‘yinda butun vaqtni himoyalanib o‘tkazdi. Ba’zi o‘yinlarda esa aksincha, ko‘proq to‘pni nazorat qiladigan va chiziqlar orasida o‘ynaydigan jamoani, ya’ni eski “Manchester Siti”ni ko‘ryapmiz. Xo‘sh, o‘z maydonida, g‘alaba uchun o‘ynashidan kelib chiqsak, Pep Gvardiola birinchi raqamda o‘ynashni tanlaydimi yoki qo‘shnilari kabi uslubni tanlaydimi? Xoland bilan ikkinchi uslub ham ancha samarali bo‘lishi mumkinligini sezgandirsiz? “Liverpul” va “Manchester Siti” o‘yinida manchesterliklar vertikalroq o‘yinni tanlaydi, desak, bir necha yil oldin ishonish juda qiyin bo‘lardi. Buning ustiga murabbiy “Liverpul”da almashgan, “Manchester Siti”da emas.
Chempionlar Ligasida har ikki jamoa ham maydonga tushdi, ammo “Liverpul” o‘z o‘yinini bir kun oldin o‘tkazgani qo‘shimcha ustunlik bersa kerak. Ammo boshqa tarafdan “Real”ga qarshi o‘yin ham jismonan, ham emotsional jihatdan ancha ko‘p kuch talab qilganini ham unutmaslik lozim. “Manchester Siti” “Borussiya”ga qarshi o‘yin taqdirini deyarli birinchi taymdayoq hal qilib bo‘lgandi. Buning ustiga ayni damda manchesterliklar safida maydonga tushishi mumkin bo‘lgan futbolchilar ko‘proq ekani, “Liverpul”da esa aksincha, ko‘p futbolchilar yaxshi sport formasida emas, ham jarohatlanganlar ko‘proq ekanini ta’kidlash kerak.
Aniq o‘ynay olmaydiganlar ichida mezbonlardan Rodri va Kovachich xolos. “Liverpul” esa Frimpong, Alison Beker hamda Aleksandr Isaklarning yordamidan foydalana olmaydi.
Jamoalar tur oldidan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turganidan kelib chiqsak, bu o‘yin g‘olibi 2-o‘rinni va “Arsenal”ning asosiy ta’qibchisi rolini naqd qilib oladi.
LION – PSJ (10 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)
Parijliklar yozda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finaligacha borgach, mavsumoldi tayyorgarliklar ko‘ngildagidek bo‘lmasligi tabiiy edi, ammo Fransiya chempionati “PSJ” uchun shunaqaki, bemalol mavsum davomida tayyorgarlik va rasmiy o‘yinlarni birlashtirishi mumkin, zero Enrike jamoasi uchun haqiqiy mavsum bahordan boshlanadi.
Rostan ham shunday bo‘lyapti. Ayni paytda “PSJ” peshqadam bo‘lsa-da, juda ko‘p jamoalar yaqindan ta’qibda ekani, aksariyat o‘yinlarda jamoa qiynalayotgani sizni aldab qo‘ymasin – “PSJ”da hammasi joyida. Shunchaki, Enrike bir qator eksperimentlar qilyapti va bu muhim pallalarda qo‘l kelishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, Enrikening xudi shundan munosabati o‘tgan mavsumda ham kuzatilgan. Bir nechta vingerlar va ularning o‘zaro almashinuvi yordamida samarali uslubni murabbiy sinay boshlagan, ilk o‘yinlarda, ayniqsa, Chempionlar Ligasida u pand berib, jamoa qiyin holatga tushib qolgandi ham. Lekin keyinchalik reja ishlay boshlagach, “PSJ” Yevropaning eng kuchli jamoasiga aylandi.
Hozir ham Enrike ba’zi g‘oyalarni sinab ko‘rmoqda. Hatto bir paytda 6 nafar hujumkor futbolchi bilan asosiy tarkibni tuzgan paytlari bo‘ldi. Ha, hozircha bu tushunarsiz, lekin o‘tgan yilga nisbatan farq bor. Enrikega bo‘lgan ishonch kuchli va bosim kamaygan. Murabbiy nimanidir biladi va albatta o‘xshaydi degan fikr ustivor.
Albatta, Fransiyada “PSJ”dan boshqa qiziqarli jamoalar ko‘p va ulardan biri “Lion” hisoblanadi. Jamoa aslida o‘tgan yili Yevropa Ligasi kashfiyoti bo‘lishi mumkin edi, ammo “Old Trafford”dagi drama lionliklarni yarim yo‘lda to‘xtatib qolganini eslaysiz. Keyin esa jamoaning bankrotligi bilan bog‘liq xabarlar ko‘paydi, xayriyatki, hammasi “Lion” va muxlislari uchun ko‘ngildagidek yakunlandi. Ayni paytda “Lion” Fransiya chempionatida “PSJ”dan atigi 4 ochko kam jamg‘argan holda kuchli oltilikdan joy olgan. Yevropa Ligasida ham ishlar yomon emas, so‘nggi turda Betisdagi mag‘lubiyatdan oldingi uch o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgandi. Jamoa tarkibidagi Taliafiko, Xatebur, Tolisso, Gezzal kabi tajribali futbolchilarni har qanday raqib bilan cho‘chitish qiyin.
Afsuski, “PSJ”ga qarshi o‘yinda bir qator asosiy futbolchilar “Lion”ga yordam bera olishmaydi. Ayniqsa Malik Fofana. 20 yoshli belgiyalik hujumchi o‘tgan mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘lgan va bir qator ingliz top klublari nazariga tushgandi. Hatto “Liverpul” qiziqish bildirib, muzokaralar olib borgan. “Strasbur”ga qarshi o‘yinda Malik jarohat olgan va yana kamida ikki oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Undan tashqari mezbonlar safida Mangalya va Nuamada ham jarohatlar bor. Shuningdek, “Lion”ning birato‘la ikki futbolchisi avvalgi o‘yinlardagi qizil kartochkalar tufayli diskvalifikatsiyaga ega – Abner va Xatebur.
“PSJ”da ham yo‘qotishlar bor. “Bavariya”ga (1:2) qarshi o‘yinda parijliklarning uch futbolchisi jarohat oldi – Dembele, Xakimi va Mendesh. Shuningdek Dezeri Due ham avvalgi uchrashuvda shikastlangandi.
SeLTA – BARSeLONA (10 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)
Yaqinda “Selta”ning ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunti qiziq post qo‘ydi. Qachonki jamoa beshta qatorasiga g‘alaba qozonsagina sochini oldirishni va’da berib mashhur bo‘lib ketgan “Manchester Yunayted” muxlisining kal holatdagi rasmini qo‘yib – “agar “Selta” muxlisi bo‘lganingda” deb yozishdi. Sababi, payshanba oqshomida Zagrebdagi g‘alaba vigoliklar uchun qatorasiga beshinchisi edi.
Ammo bu bilan “Selta”ning La Ligadagi holati zo‘r bo‘lib ketdi, deyishdan yiroqmiz. Chunki aslida jamoa mavsumni juda yomon boshlagan, yuqorida eslangan g‘alabali seriyadan oldingi 11 o‘yinda atigi bitta g‘alaba bor edi xolos. Shuningdek, besh g‘alabaning atigi ikkitasi La Liga uchrashuvi, qolgani Yevropa Ligasi va Ispaniya kubogidagi o‘yinlarga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsa ham aytish kerakki, “Selta” doim kurashadigan, osonlikcha ochko bermaydigan jamoa – Ispaniya chempionatidagi 7 o‘yin natijasi 1:1 bilan tugaganining o‘ziyoq “Selta”ning ancha noqulay raqib ekanini ko‘rsatadi.
Jumladan “Barselona” uchun ham. Vigoda o‘tgan oxirgi to‘rt safarining atigi bittasida “Barselona” minimal g‘alabaga erishgan bo‘lsa, ikki marta jangovor durang qayd etilgan. Kataloniyadagi oxirgi bahs ham esingizda bo‘lsa kerak – mehmonlar 3:1 hisobida oldinga chiqib olgan, yakunda mezbonlar 90+8 daqiqada penaltidan urilgan gol evaziga 4:3 hisobida g‘alabani ilib ketgan edi.
Umuman olganda barcha musobaqalardagi oxirgi uch safar o‘yinida g‘alaba qozona olmayotgan, hatto “Bryugge” maydonida arang mag‘lubiyatdan qutulib qolgan “Barselona” uchun “Selta” ancha og‘ir safar bo‘lishi kutilmoqda.”Real” bilan oradagi farq 5 ochkoni tashkil qilyapti, demak Flik shogirdlari bu o‘yinda g‘alaba qozonishi shart. Aks holda nafaqat “Real” o‘zib ketadi, ortdan kelayotgan “Vilyareal” va “Atletiko” yetib olishi mumkin.
Buning ustiga “Barselona” jarohatlardan aziyat chekishda davom etmoqda. Gavi, Pedri, Rafinyadan tashqari Erik Garsiyaning ham ushbu uchrashuvda qatnashishi so‘roq ostida. Olmo, Levandovski kabi futbolchilarning tiklanganiga ham yetarli vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hali yaxshi sport formasida emas va Flik yana oldinda Reshford – Ferran – Yamal uchligiga suyansa kerak. Mezbonlar tarkibida Radu, Alvares va Ruyedalar o‘ynay olishmaydi.
Har ikki jamoa ham hafta o‘rtasida yevrokuboklarda safar o‘yinlarini o‘tkazishdi. Faqat “Barselona” chorshanba oqshomida, “Selta” esa payshanba kuni maydonga tushdi. “Selta” bu o‘yinni uyda o‘tkazishini ham e’tiborga olsak, bu borada imkoniyatlar deyarli teng.
BOShQA O‘YINLAR
8 noyabr. Union – BAVARIYa (19:30), Hamburg – BORUSSIYa D (19:30), MARSeL – Brest (21:00), ATLeTIKO – Levante (22:30), Parma – MILAN (9 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45), CheLSI – Vulverhempton (9 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)
9 noyabr. ASTON VILLA – Bornmut (19:00), Rayo Valekano – ReAL (20:15), ROMA – Udineze (22:00)
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot17 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
